background
logotype

Sidqiy Xondayliqiy (1884-1934)

http://ziyouz.com/images/stories/sidqiy.jpgAtoqli shoir, xattot va tarjimon Sirojiddin Maxdum Mirzohidoxund o‘g‘li Sidqiy 1884 yili hozirgi Bo‘stonliq tumani Xondayliq qishlog‘ida tug‘ilgan. Arab, fors tillarini o‘rgangan. Xattotlikka qiziqqan, zamonasining mashhur qilqalami Muhammad Shohmurod kotib (1850— 1922)ga shogird tushgan. Sidqiy tosh yo‘nib, unga ishlov berish, turli bezaklar tushirish, suratlar ishlash, muhr yasash bilan ham shug‘ullangan. Ayni paytda she’r mashq qilgan.

Shoir sifatida shakllanishida Kamiyning xizmati katta bo‘lgan. U boshliq adabiy davralarda faol ishtirok etgan. Ilk she’rlarini «Shuhrat», «Shevan» (nola, fig‘on) taxalluslari bilan yozgan («Tuhfai Shavkat», 1913; «Savg‘oti Shavkat», 1914 — to‘plamlar). Keyinroq barcha asarlarini Sidqiy Xondayliqiy taxallusi bilan chop ettirgan. Lirik she’rlarida mumtoz adabiyotimizdagi hayotiy, insoniy muhabbat, odamiylik singari yaxshi an’analarni davom ettirgan. Poetik merosining salmoqli qismini hajviyot va ijtimoiy she’rlar tashkil qiladi. Ijtimoiy-siyosiy she’rlari esa davrning muhim voqealariga bag‘ishlangan («Muhoraba», «Yashasun yoshlar», «Toza hurriyat» va b.). Mardikorlik voqealari haqida asarlar yozgan [«Rabo(t)chilar namoyishi». «Rabo(t)chilar kelishi», 1917].

Sidqiy Xondayliqiyning «Rusiya inqilobi» dostoni (1917, mart) Rusiya inqilobi voqealarini keng epik planda tasvir etuvchi dastlabki asar. Dostonning hajmi 1502 misra. Shundan 72 misrasi fors-tojik tilida, qolgani o‘zbekchada yozilgan. Voqealar 23 fevral — inqilobning birinchi kuni tasviridan boshlanadi, so‘ng kunma-kun beriladi. Sidqiy Xondayliqiy Fevral inqilobini quchoq ochib qarshi olsada, uning natijalaridan qanoatlanmagan. Doston inqilobdan keyingi sharoitni jiddiy va atroflicha tahlil etish, barchani birlikka, hamjihatlikka chorlash bilan yakun topgan. Bu g‘oya «Umidi ittifoq» (1918) tarji’bandida davom etadi.

Sidqiy Xondayliqiy «Tazkirai imomi A’zam», «Sad irshodi mulla Sidqiy Xondayliqiy» («Mulla Sidqiy Xondayliqiyning yuz nasihati»), «Mezoni shariat» (1915, 1917, 1992), «Zarbulmasali Sidqiy», «Holoti Sidqiy» kabi nasriy asarlar ham yozgan. Ularning ko‘pchiligi diniy-axloqiy mavzuda.

«Hikoyai latifa», «Bahrom va malikai Gulandom», «Ajoyib ul-maxluqot», «O‘g‘ri va qozi», «Bo‘ston» (Sa’diy) kabi asarlarni tarjima qilgan. Sidqiy Xondayliqiy ko‘chirgan devon, bayoz va risolalar, yasagan muhrlari nusxalari, toshlavhalar hamda chizgan To‘ychi Hofiz va Tavallo suratlari xususiy va davlat kutubxonalarida, shuningdek, 20 dan ortiq bosma va qo‘lyozma asarlari O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.