background
logotype

O‘zbek va jahon adabiyotining eng sara asarlarini aniqlaymiz

“Hurriyat” gazetasi 1999 yil 12-18 may sonida XX asr o‘zbek va jahon adabiyotining eng yaxshi asarlarini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rov natijalari e’lon qilingan edi. Ushbu an’anani davom ettirgan holda Ziyouz portali ziyolilar o‘rtasida so‘rov o‘tkazishga kirishmoqda.

Portalda chop etilgan kitob, badiiy asar va turli mavzudagi maqolalar yuzasidan har kuni o‘nlab maktublar olamiz. Mushtariylarimiz orasida mutolaa borasida maslahat so‘raydiganlari ham talaygina. Shu bois asosiy auditoriyasi yoshlar bo‘lgan portalda ziyolilarning tavsiyalarini berib borish ayni muddaodir.

Fikr va ijod ahliga to‘rt savol bilan murojaat etamiz:

  1. Sizningcha, jahon adabiyotining eng sara 10 ta kitobi qaysi?
  2. Jahon adabiyotining eng sara 10 ta hikoyasi sifatida qaysi asarlarni e’tirof etasiz?
  3. O‘zbek adabiyotining eng sara 10 ta kitobi ro‘yxatiga qaysi nashrlarni kiritgan bo‘lardingiz?
  4. O‘zbek adabiyotidagi eng o‘qishli 10 ta hikoya qaysi?

So‘rovnomada olimlar, shoiru adiblar hamda kitobga oshufta ziyolilar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Ishtirokchilar savollar bo‘yicha o‘z talqinlarini ham havola qilishlari mumkin.

Eng qadimgi davrdan hozirgi zamon adabiyotigacha tanlangan asarlar o‘ntadan oshib ketsa, qo‘shimcha ro‘yxat ilova qilinishi mumkin. Sanoqqa qo‘shilgan asarlar haqida muxtasar ma’lumot berib o‘tilsa, nur ustiga nur bo‘lar edi. So‘rovnoma ishtirokchisining roziligiga ko‘ra, eng yaxshi deya e’tirof etilgan asarlar, umuman, mutolaa madaniyati haqida 20-25 daqiqali videorolik suratga olinib, mushtariylar hukmiga havola qilinadi.

So‘rovnoma javoblari Ziyouz portali va hamkor saytlarda chop etiladi. Pirovardida eng ko‘p zikr etilgan asarlar reytingi tuziladi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.