background
logotype

Chjan Chao. “Teran uyqu soyalari” kitobidan

http://ziyouz.uz/images/chjan_chao.jpgShaklu shamoyili va mazmuni sodda, ammo ayni shu soddaligi bois maftunkor hikmatlar hayot haqida, do‘stlik, ayol, tabiat, turmush chizgilari, qadimiy xitoy falsafasiga oid naqllar va tushunchalar haqida. Ularning muallifi yozuvchi Chjan Chao 1650 yilda Sin sulolasi davrida Anxuey viloyatida tug‘ilgan. O‘z davrida unchalik mashhur bo‘lmagan bu faylasuf adib o‘z yozuvlaridek sodda hayot kechirgan. Deyarli biron bir mahkamada ishlamagan. Umrining asosiy qismini tabiatni va insonni kuzatish bilan o‘tkazgan. Uning biron bir asari o‘sha davrda 10 yil mobaynida 10000 kitob asosida saralanib tartib berilgan va Sin sulolasi davrining adabiyoti, tarixi, falsafasi, ilm-fani va san’atining qomusi bo‘lmish 36381 jilddan iborat o‘ziga xos majmua — «Siku tsyuanshu» to‘plamiga kiritilmagan ham. Ammo, oradan yillar o‘tib, aniqrog‘i 20 asrga kelib, uning yozuvlari dunyoga tarqala boshladi. Ushbu hikmatlar (ikki-uchtasidan bo‘lak) tarjimasi (asosan ayollarga bag‘ishlangan yozuvlar) 30 yilcha avval «Saodat» jurnalida chop etilgan edi.

• Agar sizning yolg‘iz bir yaqin do‘stingiz bo‘lsa, qismatingizdan nolimang. Siz yolg‘iz emassiz, siz tufayli esa dunyoda bitta yolg‘iz odam soni kamayadi.
• Kimki, ayolni xuddi chechaklarni sevgandek suysa, u o‘z his-tuyg‘ulari osmonida yuksaklarda parvoz etajak. Kimki, chechaklarni xuddi ayollarni suygandek sevsa, u o‘z his-hayajonlari ummonining eng yangi-yangi to‘lqinlarini kashf etajak.
• Go‘zal ayol chiroyli chechakdan so‘zlar mohiyatini anglashi bilan ustundir. Chiroyli chechak go‘zal ayoldan o‘zining ifor manbai bo‘lishi bilan afzaldir. Ularni bir-biri bilan kelishtirish g‘oyat mushkul, shu sababdai ifor manbaidan har bir so‘zingni anglaydigan suhbatdosh a’loroqdir.
• O‘n beshdan yigirma yoshgacha bo‘lgan qizlarning deyarli barchasi maftunkor ovoz egasidirlar, ammo ularni ko‘zdan kechirsangiz o‘sha zahoti, ularning qay biri barno-yu, qay biri xunukligini ilg‘ab olasiz. Demak, eshitish bilan ko‘rishning farqi bor ekan-da.
• Go‘zal joriyangiz bo‘lganidan, sizni tushunadigan xotiningiz bo‘lgani a’loroqdir, oltin tog‘larga ega bo‘lguncha, ko‘ngil farog‘atingiz bo‘lgani afzaldir.
• Ayollar o‘z go‘zalliklari bilan erkaklardan ustundir, Qushlar orasida esa narlari mokiyonlaridan go‘zalroqdir. Hayvonlar o‘rtasida esa bu farq deyarli sezilmaydi.
• Qanchalik go‘zal deb hisoblamang, ayolni pardozdan keyin tomosha kilishingiz ma’qul.
• Agar she’r va sharob bo‘lmaganda, tog‘laru ummonlar jonsiz bir ijod bo‘lardi. Agar go‘zal ayollar bo‘lmaganda, gullaru oy shunchaki bir buyumdan farq qilmasdi. Salohiyatli,boz ustiga kelishgan shoir yoki go‘zalliqda tengi yo‘k, shu bilan barobar katta iste’dod egasi bo‘lgan ayol hech kachon qarib kolguncha umr surmaydi, Yaratgan Egam ularni oldinroq o‘z huzuriga chaqiradi.Chunki bunday odamlar nafaqat o‘z zamonasining, shu bilan birga o‘tgan-ketgan , bor va kelajak zamonlarning ham boyligidir. Aynan shu sababdan ham Yaratgan Egamiz ularni tirik odamlar orasida uzoq qolishlariga yo‘l qo‘ymaydi.
• Rohib o‘zini sharobdan uzoq tutishi shart emas, ammo u o‘zini mayda ikir-chikirdan saqlashi lozim. Ayol adabiyotning o‘ta bilimdoni bo‘lishi shart emas, ammo u nozik did egasi bo‘lishi shart.
• Ehtirosli kishi ayollarni sevishi tabiiy, ammo ayollarni sevganlarning hammasi ham ehtirosli emas. Go‘zal ayolning qismati hamisha baxstsizdir, ammo, qismati baxtsiz ayollarning hammasi ham go‘zal emas. Iste’dodli shoir sharobni sevishi tabiiy, ammo sharobga uch bo‘lgan kishi hammavaqt iste’dodli shoir emas.
• Chinakam go‘zal ayol zohiran gulu chechakka monand; ovozi qush nag‘masiga, ruhi sovuq oyga, qomati nozik shamshodtolga, badani yangi qorga o‘xshaydi; muqomi jilg‘aga qiyos, yuragi — zavqli qo‘shiqday…
• Falak musiqasining bosh mavzusi bahordir. Kuz esa bahorning o‘zgacha talqinidir.
• Ko‘z o‘zini ko‘ra olmaydi, burun o‘zini hidlay olmaydi, til o‘z mazasini bila olmaydi, barmoq o‘ziga barmoq tegiza olmaydi, faqatgina quloq o‘zini eshita oladi.
• Butun bir dalani shudgor qilishga yetarli kuchim bor, ammo kulbam oldida bog‘ o‘stirishni ma’qul ko‘raman. O‘rmondagi bor qurigan shox-shabbani yig‘ishga yetarli darmonim bor, ammo ostonam oldidagi o‘tlarni yulib tashlashning o‘zi menga yetarli.
• Gul bor joyda, albatta, kapalak bor. Jilg‘asiz tog‘ yo‘q. Mamir*siz toshni topolmaysiz. Hovuz borki, balchig‘i bor. Daraxt borki, yaprog‘i bor. Xuddi shunday kamchiliksiz odam ham yo‘q.
• Minoraga chiqib yuksak tog‘larni tomosha qilish qanday maroqli. Qal’a devorida turib, yog‘ayotgan qorni kuzatish qanchalar zavqli. Yoniq shamchiroq oldida o‘tirib, oyga boqish ham maroqli. Qayiqda suzib, tumanni kuzatish qanday yaxshi. Oydin kechada sohibjamolga mahliyo bo‘lish dilning rohati.
• Kitob yig‘ish qiyin ish emas, kitobni varaqlash qiyin. Kitobni varaqlash qiyin emas, uni mutolaa qilish qiyin. Kitob mutolaa qilish qiyin emas, o‘qiganingdan xulosa qilish qiyin. O‘qiganingdan xulosa qilish qiyin emas, o‘qiganingni yodingda saqlash qiyin
____________
* Mamir — mox.

Xurshid Davron tarjimalari

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.