background
logotype

Ahmoqning sevgisi

O’rmonda ayiqni katta bir bo‘g‘ma ilon bo‘g‘ar, belidan o‘rab olib siqardi. Ayiq esa jon holatda baqirardi. Shu payt o‘tib ketayotgan o‘tinchi ayiq holini ko‘rdi va tezlik bilan qilichini chiqarib, ilonni ikkiga bo‘lib tashladi. Shunday qilib, o‘tinchi ayiqni o‘limdan qutqarib qoldi.
Ayiq endi o‘tinchining orqasidan qolmas, o‘ziga qilingan yaxhlikka javoban o‘tinchi bilan bo‘lishni, unga xizmat qilishni istardi. O’tinchi ayiqqa necha marta orqasidan yurmaslikni aytsa ham, ayiq ahdidan voz kechmas, sodiq bir itdek uyining eshigi oldida
uni kutardi. Buni ko‘rgan qo‘ni qo‘shni o‘tinchiga:
— Ey baraka topgur, ayiqning do‘stligiga ishonib bo‘lmaydi. Ahmoqning do‘stligi dushmanliqtan battardir. Hamjinslaring qolib, ayiqqa ishonma. Uni daf qil, ketsin...  dedilar. O’tinchi o‘zicha: "Meni ayiqtan qizg‘anishyapti, mening baquvvat yordamchim borligiga hasad qilishyapti. Har holda, bir birlari bilan kelishib olib ayiqtan meni sovutmoqchi bular", deya o‘ylab ularning gaplariga quloq solmadi.
O’tinchi bir kuni ayiq bilan birga o‘rmonga o‘tin kesishga ketdi. Biroz ishlagach, o‘tinchi dam olish uchun daraxt soyasiga yotdi. Ayiquning yonida qo‘riqchilik qila boshladi. Bir mahal xira pashsha kelib o‘tinchining yuziga qo‘ndi. Ayiq do‘stiga yaxshilik qilish uchun pashshani quvladi, lekin pashsha o‘tinchining yuziga qayta qo‘ndi, ayiq uni yana quvladi. Pashsha havoda bir doira chizib uchgandan so‘ng yana o‘tinchining yuziga qo‘ndi. Ayiq qancha urinmasin pashsha o‘tinchidan aslo uzoqlashmasdi. Ayiqning jaxdi chiqti. "Pashshani o‘ldirishdan boshqa chora yo‘q", deb o‘yladi va yugurib borib kattakon bir toshni olib, pashshani o‘ldirish uchun bor kuchi bilan o‘tinchining yuziga otdi. Tosh o‘tinchining yuzini majaqlab yubordi...

Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.