background
logotype

Bemor kanizak

Qadim  zamonda bir podshoh bor edi. U odamlari  bilan ovga chiqarkan, yo‘lda ketayotib bir qizni uchratdi va shu zahoti oshiq bo‘ldi. Odatga ko‘ra, qizning mahrini berib, uni saroyga keltirdi. Ammo tez orada u  go‘zal  xastalandi. Kundan-kunga so‘lib borardi. Mana man degan tabiblar joriya dardiga davo topa olmadilar. Podshoh bu holdan  juda qayg‘uga botdi, kunlab chora  izladi;  u yoqqa bordi, bu yoqqa bordi bo‘lmadi. Oxiri bir masjidga kirdi va  qo‘l ochib duo qildi. Sajdaga borib, yig‘ladi; mahbubasining tuzalishi uchun Allohga yolvordi.  Va nihoyat duolari  qabul bo‘lib, xushxulq bir hakimga yuzma-yuz keldi.  
    Hakim saroyga kelib, bemorga razm soldi, keyin yurak urishini tekshirib ko‘rdi. Kasallik alomatlariga qarab buning sababini qizdan so‘radi. “Boshqa hakimlarning ichkaridan xabarlari yo‘q,  shu sabab ularning butun aqlu hushi tashqarida” – dedi ohista.   Hakim hammasini tushundi, ammo buni podshohga aytmadi. Uning ahvolidan, ingrashidan bemorning ko‘ngli xastalangini fahmladi. Chunki hech bir dard, insonni ko‘ngil dardidek iztirobga sololmaydi.  
Hakim vaziyatni tushuntirib:
-    Podshohim, – dedi. Bir muddat hammani saroydan  uzoqlashtiring. Atrofda hech kim qolmasin; men bemor bilan yolg‘iz qolib, uning kasallik sabablarini aniqlay, keyin  shunga qarab bir chora-tadbir qo‘llayman. 
Podshohning amri bilan xona bo‘shatildi. Hakim bemorga yaqin kelib
o‘tirdi; yumshoq va totli bir ovoz bilan so‘ray boshladi: 
-    Qaerliksan? Ayt menga, chunki har mamlakat xalqining tabibi boshqa-boshqadir. Yurtingda yaqinlaringdan kim bor, kimga yaqinsan?– dedi. 
Hakim barmog‘ini qizning bilagiga qo‘ydi. Ham savolga tutib, ham uning qon tomir urishiga diqqatini qaratgandi.  Kanizak birma-bir boshidan o‘tganlarni aytib berdi. Hakim qizning bilagidan tutganicha: “U birovni eslaganida hayajonlanib, tomiri tez ursa, demakki sevgani, yuragiga tushib mum kabi eritgan yashirin xastalik  mana shu bo‘ladi” , – deb o‘ylardi.  
Qizdan  tug‘ilib o‘sgan yurti va u yerdagi do‘stlari haqida so‘radi. Biroq  tomirda o‘zgarish yuz bermadi. Shunda hakim: 
-    Tug‘ilgan joyingdan yana qaerlarga safar qilding? – deb so‘radi. 
Buning ustiga qiz bir shahar ismini aytib o‘tdi, ammo na yuzining rangida, na tomirida o‘zgarish ro‘y berdi. Bir ozdan so‘ng borgan joylari, shaharlari, ko‘rib tanishgan insonlari haqida bir-bir hikoya qildi. Lekin  ahvoli o‘zgarmadi. Toki u Samarqand nomini eshitar ekan, qizning yurak urishi tezlashdi. Yuzi, yonoqlari qizardi. Chunki u Samarqandda bir zargarga oshiq bo‘lgandi va undan ayrilgani iztirobidan kuyib yonayotgan edi. 
Buni sezgan hakim, zargar Samarqandning qaeridan, qaysi mahallasidan ekanligini so‘rab bildi. 
Hakim bemorning yonidan turib, to‘g‘ri  podshoh huzuriga bordi; unga vaziyatni tushuntirdi:
-    Bemor sog‘ayishi uchun  zargarni olib kelishdan boshqa
chora yo‘q, –  dedi. 
Buni eshitgan podshoh hakimning nasihatini bajonu dil  qabul qildi. Zargarni olib kelish uchun unga bir elchi yubordi. Elchi to‘g‘ri Samarqandga borib zargarni topdi va podshohning yuborgan hadyalarini taqdim etdi. Podshoh chaqirganini  aytarkan, zargar vaqt hayallamay yo‘lga tushib, podshoh saroyiga  yetib keldi.  
    Hakim saroyga kelgan zargarni  shoh huzuriga etdi. Podshoh zargarga iltifotlar ko‘rsatib, ehson ulashdi. Xazinasini unga tortiq etdi. 
Buning ustiga hakim:
-    Ey podshoh, u joriyani  zargarga nikohlab bergin, xastalikdan
butunlay tuzalsin, – dedi. 
Podshoh u oy yuzli go‘zalni o‘z qo‘li bilan zargarga berdi, olti oy murod olib murod berdilar. Shundan so‘ng qiz batamom tuzaldi.   

Jaloliddin Rumiyning "Masnaviy"sidan

 

Sharh


Sharhlarga ko‘ra bu hikoya bir insonning ahvolidan arz qiladi. Bunda inson ruhining ilohiy olamdan ayrilganidan so‘ng, zamon ichida qolgan katta mojarosi tilga olinadi.  
O’sha jism yaratilishidan ilgari “ruh” degan bir podshoh bor edi. Bu podshoh har ikki dunyo mulkining sultonidir. Uning yo‘li bu dunyoga tushishi bilan, orada “nafs” joriyasi degan aqlni o‘g‘irlatuvchi bir go‘zal ko‘rdi. Unga oshiq bo‘ldi va qul bo‘lar ahvolga tushdi. Qisqasi, dunyo havaslariga va dunyo ehtiroslariga ko‘milgan o‘z nafsining asiri holiga keldi. 
Podshoh bu joriyaga oshiq bo‘lib, katta boylik evaziga qizni oldi. 
Ammo shohning haqiqiy davlati ko‘ngil mulki bo‘lib, u boylik bilan egallagan go‘zallikni, hatto inkor etib bo‘lmas va abadiy go‘zalliklarni ham qo‘lda qilinishini unutgan edi. 
Ruhning vujudga kirib, uning rang va tan go‘zalligiga, ehtiyojlariga asir bo‘lishi, vujudning amrlariga yurib, o‘z to‘g‘ri yo‘lidan ayrilishi bemorlikka yo‘l ochib berdi. Bu hol istar-istamas  ruhga azob beradi. Uni iztirobga soladi. Iffatdan uzoq, faqat moddiy jism sevgisidan iborat muhabbatga ishq deyilmaydi. Bu esa insonni haqiqiy ishqqa yetkazmaydi. 
Kanizak hikoyasi, “Masnaviy”ning eng uzun qissalaridan biridir. Biz qisqartirib olgan bu hikoyatning butunlay boshqacha davomi bordir va u o‘zgacha voqea bilan yakun topadi. 


Turk tilidan Kavsar tarjimasi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.