background
logotype

Go'zal tadbir

Bir shoir xotinlardan kulib she’r yozgandi. Podshoh saroyidagi xotinlar, vazir, hakim va boylarning xotinlari juda ham achchiqlanib, o‘z qo‘llari bilan u bechora shoirga jazo bermoqchi bo‘ldilar. Bu niyatlarini podshohga arz qilib, shoirni darhol saroyga keltirishni talab qildilar.
Podshoh qabul qilib, shoirni zudlik bilan o‘z huzuriga keltirdi. Uni yechintirdi va qo‘liga bir tayoq olib xotinlarga:
— Shoirni mana shu tayoq bilan urib o‘ch oling, faqat bir shartim bor, orangizda kim xunuk, badbashara bo‘lsa, eng avval o‘sha xotin tayoq bilan urib o‘ch olishni boshlab berishi kerak,— dedi. Biroz vaqt kutdi, xotinlardan churq etgan tovush chiqmadi, biror xotin ham xunuk, badbashara degan nomga ega bo‘lishni istamadi.
Keyin podshoh tabassum bilan shoirga:
— Hech bir xotin birinchi bo‘lib tayoq urib, o‘zini xunuk deb ko‘rsatishni istamaydi. Tur endi, kiyimlaringni kiyib uyingta ketaver,—deb shoirni jo‘natib yubordi. Shunday qilib, podshoh go‘zal tadbir soyasida shoirni xotinlar hujumidan qutqazdi.

Bayt:
Aql elidan mushkul ish oson bo‘lur,
Yo‘q esa odam balolarga qolur.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.