background
logotype

Jasur yigit

Ilk bahor. Tog‘lardan erigan qor suvlari pastga shiddat bilan oqib tushardi. Nahr ko‘prigining o‘rtasida bo‘lgan kichkina bir uy ichida ko‘prik qorovuli va uning shahardan ko‘rgani kelgan xotini, ikkita bolasi suhbatlashib o‘tirishardi.
Shu payt har tomondan:
— Qorovul, tezroq bo‘l, o‘zingni va oilangni halokatdan qutqaz!—degan tovushlar eshitildi. Sel va to‘lqinlar ko‘prikdan oshib, qorovul uyi va atrofini yemira boshladi, ko‘prik silkinardi. Qorovul darrov uychasining tomiga chiqib olib:
— Bizga yordam qiling, yordam!— deb qichqirdi. Bir qari chol:
— Ularning  halok bo‘lishlariga ozgina vaqt qoldi. Uycha ag‘anay deb turibdi, nega qarab turibmiz? Bir jasur yigit bormi axir?—deb faryod qildi. Boshqa qishloqdan kelgan bir yigit qari cholning so‘zlarini eshitgach, otilib o‘rtaga chiqdi.
Jasur yigit nahr qirg‘og‘idagi kichkina bir qayiqchaga o‘tirib, shiddat bilan oqib turgan suvda ko‘p mashaqqatlar chekib uychaning yoniga yetib keldi. Avval qorovulning ikki bolasini qayiqchaga o‘tqizib mashaqqatlar bilan ularni sohilga sog‘-salomat yetkizdi. So‘ngra yana ko‘p mashaqqat tortib, borib qorovul va uning xotinini olib keldi.
Hamma haddan ziyod shodlanib, olijanob, jasur yigitni olqishlab minnatdorchilik izhor qildilar. Qari chol va kampirlar ko‘zlaridan shodlik yoshlarini to‘kdilar, jasur yigitga tahsinlar o‘qidilar.
O’sha yerdagi mo‘‘tabar bir odam jasur yigitni mukofotlamoqchi bo‘lib:
— Rahmat, olijanob yigit, qilgan odamgarchiliging, yaxshi xizmating uchun, mana bu mukofotimni qabul qil,— deb uning qo‘liga pul uzatdi.
Jasur yigit mukofotni qabul qilmay:
— Iltifotingizga rahmat, men mukofot olish uchun emas, vijdon amri bilan, insoniy vazifamni ado etdim, buni pulga sotmayman. Menga beradigan shu pullaringizni qorovulga bersangiz, men juda ham hursand bo‘laman, chunki u ro‘zg‘ordagi hamma narsalarini boy berdi, yordamga muhtojdir,—deb hamma bilan xayrlashib, o‘z qishlog‘iga jo‘nadi. Hamma u yigitga qoyil qoldi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.