background
logotype

Majnunning Laylisi

Podshohlardan biri Majnunning ishq ko‘yida dali devona bo‘lib, cho‘llarda sarson kezishidan Layliga ko‘p qiziqar edi. Laylini topib, huzuriga keltirishlarini buyurdi. Laylini shoh huzuriga keltirdilar. Podshoh  Layliga razm solarkan  qorachadan kelgan,  sirtdan oddiy kanizakdan farqi yo‘q bir oddiy qizni ko‘rdi. Shunda u Layliga qarab: 
-Majnunni ishqing-la devona qilib, tog‘larda, cho‘llarda sarson etgan
Layli senmisan? Ajabo, go‘zallikda seni boshqalardan hech bir ortiq joying yo‘q. Oddiy bir ayoldan ham farqing bilinmaydi. Shunday ekan, qanday qilib Majnun ko‘yingda devona bo‘ldi?
Layli hech ikkilanmay javob berdi:
-Podshohim, boshqa gapirmang. Chunki siz Majnun emassiz. Mendagi
go‘zalliklarni ko‘ra olishingiz uchun sizga Majnunning ko‘zlari kerak bo‘lur,– dedi. 
Podshoh bu mantiqli so‘zlar qarshisida taslim bo‘lib, sukutda qoldi.   

Jaloliddin Rumiyning "Masnaviy"sidan

 

Sharh


“Layli va Majnun”  Islom adabiyotidagi eng mashhur ishq qissasidir. Arabcha, Forscha, Turkcha va boshqa musulmon o‘lka tillarida manzum va mashhur bo‘lib yozilgan. Bashariy ishqdan ilohiy ishqqa o‘tishning, sof muhabbatning eng yuqori ramzi bo‘lgan bu qissa hamma  zamonda  zavq bilan hikoya qilinadi. Unda “Layli, Layli” – deyilishida Mavlononing go‘zal bir ibrati bordir. 
Hikoyatning qisqacha ma’nosi: Najid cho‘llarida Bani Amir qabilasidan  Qays va Layli bolalikdan bir-birlarini sevishardi. Buni sezgan Laylining otasi qizini maktabdan chiqarib oladi. Qays esa mahbubasini ko‘rolmay aqlu hushidan ayrilib cho‘lu biyobonga  ketadi. Bir qancha vaqtdan so‘ng “majnun” (devona) sifatida tanila boshlaydi. 
Qaysning otasi o‘g‘lining dardini anglab Layli oilasiga qizni so‘rab boradi ammo, Qays majnun, ya’ni telba deb  Laylini unga bermaydilar. So‘ngra  Qaysning  tuzalishi uchun otasi uni Ka’baga  olib boradi. Lekin Qays, dardining ko‘payishi va ishqining ortishi uchun duo qiladi. Uning duosi qabul bo‘lib, ota chorasiz qoladi. Majnun esa cho‘llarda yovvoyi hayvonlar bilan do‘stlashadi. U o‘tli she’rlar yoza boshlaydi. 
Navfal ismli bir arabiy uning she’rlarini o‘qiydi. Nihoyatda ta’sirlangan  Navfal,  Laylining otasidan Majnun uchun qizning qo‘lini so‘raydi. U qabiladoshlarini yig‘ib, Laylining qabilasi bilan muzokaraga boradi. Majnun Laylini shunchalik qattiq sevadiki, unga oid hech bir narsaga ziyon kelishini istamas va Laylining qabilasi tortishuvda g‘olib kelishini tilab duo qiladi. Navfal yengiladi. Faqat bu mag‘lubiyatni o‘ziga olmay, yana qayta jangga kirishadi. Bu safar g‘olib keladi, ammo Majnunning duolarini eshitgach, Navfal niyatidan qaytadi. Keyin Laylini Ibn Salom ismli odamga turmushga beradilar. Layli esa Majnunning ishqida sodiq qolish uchun bir yolg‘on uydirma qilib, xojasini o‘zidan yiroq tutishga harakat qiladi. Shu payt odamning tutqanoq kasali qo‘zib, shu yerda jon beradi. Ozod bo‘lgan Layli Majnunni izlab uydan chiqib ketadi. Cho‘lda uni topsa-da, endi  Majnun uni tanimas edi. Diydor ko‘rishmoqqa  holi  yo‘qligini bildiradi. Chunki u butun borliq bilan aloqasini uzib, ma’naviy bir ishq bilan sarhush holda sayr qilardi. 
Layli umidsiz bir holda yerga yiqiladi va qayg‘u ichida jon taslim qiladi. Bundan xabar topgan  Majnun Laylining mozoriga borib yiqiladi. Va u yerda o‘zining o‘limi uchun Allohga yolvoradi. Nolalari qabul bo‘lib so‘nggi nafasida “Layli!.. Layli...” deya jon beradi. Sevgilisi bilan jannatga kiradilar. 


Sharh


Mavlono hikoyatni eslatib bir nuqtaga diqqatimizni qaratishni istaydi. Savdosi ila Majnun aqlini o‘g‘irlagan Laylining tashqi go‘zalligi boshqalardan ustun emas edi. Qaysning majnunligi  undagi ichki go‘zallikni ko‘ra olishidadir. Bu xil go‘zallik har ko‘zga ko‘rinmaydi. Uni faqat Majnunning ko‘zi bilan qaray olgan farqiga yetadi. Layliga Majnunning ko‘zi bilan qaray olmagani uchun ham podshoh undagi go‘zallikni ko‘rmadi.  
Shubhasiz, tashqi go‘zallik ham Allohning bir lutfidir (inoyati), u ham azizdir. Mutanosib bir vujudda, har kimga go‘zal ko‘ringan bir ishga sohib bo‘lmoq xush bir ishdir, bu kabilar hali ham diqqatga sazovordir. Ammo faqat tashqi go‘zallik yetmaydi va vaqt o‘tishi bilan u yo‘qoladi. Asl bebaho bo‘lgan ichki go‘zallik – ma’naviy yetuklikdir. Bir hadisda shunday keladi: “Alloh sizning suratlaringizga, ya’ni tashqi ko‘rinishingizga boqmas, faqat qalblaringizga boqar”. (Muslim,33). Ya’ni qalbingizni, axloqingizni, ichki tuyg‘ularingizning mayin va mukammal bo‘lishiga qaraydi va unga baho beradi. 
Bundan tashqari tashqi go‘zallik va moddiy unsurlar, e’tiborni tortuvchi narsadir. Biriga xush ko‘ringan, boshqasiga yoqmasligi mumkin. Bugun yoqtirgan bir turdan boshqasiga o‘zgaramiz. Bularning barini birlashtirgan kuch – sevgidir. Sevgi tuyg‘ularning eng quvvatlisidir. Sevganimizning har bir ishi bizga xush keladi.  Me’yorga  ko‘ra chirkin sanalgan kimsa oshiqning nazdida eng go‘zaldir. Oshiqning ko‘zi butun ayblarga nisbatan berkiladi. 
Ishqning har bir turi ahamiyatlidir.  Chunki u qalbga tomon  moddiy olam tashqarisidan eshiklar ochadi. Bu eshiklar insonni boshqa (ma’naviy) olamga yetaklaydi. Agar u  ilohiy huzurga ulashtirsa, bu qalb  yaxshidir, u ulug‘ yo‘ldadir. Bizning madaniyatimizda devona va majnunlarga izzat-ikrom ko‘rsatiladi. 
Hikoyatdagi podshohning Majnunni ne sababdan tushuna olmaganini  Mavlononing quyidagi  so‘zlaridan bilib olamiz:
“Oshiqi chist/ Oshiqlik nadir?” 
“Men bo‘l-da bil!” 
Ya’ni, derki: “Ishq da’voga o‘xshaydi; jafo chekmoq ham shohidga. Guvohing bo‘lmasa, da’vo qilolmaysan!.” 
Mavlono aynan ishqqa urg‘u berib: “Ishq, kimsaga niyozi va ehtiyoji bo‘lmagan Allohning vasflaridandir. Undan boshqasiga oshiq bo‘lmoq –  o‘tkinchi bir havasdir. Chunki majoziy ishq, oltinlar bilan bezangan go‘zallikdir. Ko‘rinishi nurdir, faqat ichi tumandir. Nur ketib tuman yuzaga chiqdimi, majoziy ishq darrov soviydi, muzlab qoladi”.


Turk tilidan Kavsar tarjimasi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.