background
logotype

Marhamatli Ayyub va o’g’ri

Marhamatli Ayyubning bezori o‘g‘ri egriligini tuzatgani...

Bir kecha hurmatli Ayyub Ilohiy sirlar kayfidan mast bo‘lib, toat-ibodat qilib, sham’dek ko‘zidan yoshlar to‘kib o‘ltirar edi. U durdek ko‘z yoshi dengiziga g‘arq bo‘lib, kuyib-yonishda sham’ga qo‘ldosh edi. Xilvatda bir burchakni o‘ziga maskan qilgan, go‘yo bir qutichaning ichidan eng toza dur o‘rin olgandek edi.

Shu kecha bir kisavur uning uyiga laxm kovlay boshladi. Kechasi bilan u yer ostini o‘yib, yo‘l qilib chiqqanda, uyda bir odarnning boshini ko‘rdi. Ayyub ham buni tushunib, indamadi; ibodatda davom etib, buni o‘ziga olmadi. O’g‘ri esa o‘sha teshikning ichidan chiqib, uydan nima topsa, hammasini to‘plab, qanchasini ko‘tara oladigan bo‘lsa, mo‘ljallab, orqasiga maxkam tang‘ib bog‘ladi. Laxmga kirmoqchi bo‘lgan edi, teshik kichkina, yuk esa juda ham katta bo‘lganidan unga sig‘madi. «Inining torligidan xafa sichqon dumiga g‘alvirni ham boylab olibdi» (degan gap bor). Uning qiynalib qolganini ko‘rib, Ayyub o‘rnidan turdi-da, eshikni ochib, unga yo‘lni ko‘rsatdi.

- Yuking katta bo‘lib ketibdi, teshiging esa kichik. Yo‘ldan chiqa qol, mana, eshik ochiq.

U qancha gumrohlik ko‘rsatgan bo‘lsa, shayx unga shu xilda yo‘l ko‘rsatdi. Kishi birovga shu xilda yo‘l ko‘rsatgandan keyin, u bunday yo‘ldan chetga chiqishi mumkinmi?!

Bu ahvol o‘g‘rini ojiz qilib qo‘ydi, og‘ir yuk esa qaddini bukdi. Vujudini bir o‘t yondirib dard berib, bundan lojuvard osmonning ham isitmasi chiqib ketdi. Yelkasidagi yukni shu o‘tga tashlab, o‘z vujudining yukini ham kuydirishga tayyor edi. Bu ranju malolatdan muztar bo‘ldi, xijolat uni xasdek o‘rtantirdi. Na’ra tortib, seldek ko‘z yoshi to‘kdi; shayxning oyog‘iga boshini fido qildi. Shayxning yaxshiligi, gunohini afv etgani tilini lol etdi, marhamatining yuki esa jismini bexol qildi.

Shayx marhamat qilib, uning ko‘zidagi yoshini artdi, lutf ko‘rsatib, boshini yerdan ko‘tardi. Uning dardu ahvolini tushunib, faqirlik xirqasini kiyishni tavsiya etdi. Tasavvuf yo‘li o‘z o‘ti bilan uning jonini kuydirib, undan biron nishon ham qo‘ymagandek edi. Uning butun borlig‘i xasdek shu o‘tda kuydi. U shu o‘tdan ko‘p yorug‘lik topdi. Kamolot egasi uni shunday parvarish qilib, bir afv bilan shuncha narsaga ega bo‘la oldi.

Alisher Navoiyning «Hayrat ul-abror» dostonidan

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.