background
logotype

Matonat egasi — zanji

Ta’lim-tarbiya olimlaridan Hofiz Umar Somiy aytadi:
— O’n sakkizinchi asrda Afrikadan Yevropaga qaytgan bir olim o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan ayanchli bir voqeani shunday hikoya qiladi:
— Bir zolim mustamlakachining qo‘l ostida bo‘lgan zanjilardan bir qanchasi jabr-zulmga toqat qila olmay, qochib ketishga majbur bo‘lgandilar, lekin bu bechoralarni tutib olib vahshiy mustamlakachining huzuriga keltirdilar. Bunday qochoqlarning jazosi dor yog‘ochi edi. Shuning uchun bu bechoralar ham osib o‘ldirishga hukm etildilar. Jallodlik vazifasini bajaruvchi odam uzoq bir yerga ketgani sababli jon olishga xaris bo‘lgan bu oq tanli mustamlakachi qo‘lga tushgan qochoq zanjilarga shunday taklif qildi:
— Ichingizdan qaysi biringiz boshqa sheriklarini osishga rozi bo‘lsa, men uni o‘limdan qutqazaman.
Demakki, ichlaridan faqat orqadoshlarini osishga rozi bo‘lganga, ya’ni eng razil, murdorlariga hayot kabi qimmatli ne’mat va’da etgandi. Faqat bu va’daga iltifot qilgan zanji topildimi? Hechda, terilari qora, faqat dillari sof va pok bo‘lgan insonlarning hammasi bu nafratli, jirkanch taklifni rad qildilar, bittasi ham manfur taklifni qabul qilishga rozi bo‘lmadi.
U vaqt mal’un mustamlakachi juda ham g‘azablanib, sodiq, itoatgo‘y zanji xizmatchisini chaqirib:
— Darrov dor ipini hozirla, bularning hammasini os, rad qilsang, seni ham bular bilan birga ostiraman,— dedi.
Bechora itoatgo‘y zanjining ko‘nglida oliy bir fikr paydo bo‘ldi. Toshyurakli vahshiy hojasi mustamlakachiga:
— Ijozat bering, darrov hozirlanib kelib, bularning hammasini osaman,— dedi.
Xojasi ijozat bergach, panaroq joyga chekildi. Bir oz vaqtdan keyin xojasi yoniga keldi, bir qo‘lining barmoqlari kesilgandi, shirillab qon oqib tushardi. Haligi pana joyda u qo‘l barmoqlarini bolta bilan kesib tushirgan, marhamatsizlarga bir buyuklik misolini ko‘rsatishni istagandi. Bu fidokor zanji zolim mustamlakachi hojasiga qarab:
— Ey xojam, endi men orqali bu gunohsiz orqadoshlarimni ostirish qo‘lingdan kela oladimi?— dedi va yerga yiqilib hushidan ketdi.

Bayt:
Har ko‘ngilkim bo‘lsa poku beg‘ubor,
G’ayb naqshi unda bo‘lgay oshkor.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.