background
logotype

Omonatga xiyonat

Kunlardan bir kun bir kishi o‘ralgan, muhrlangan bir xaltachani do‘stining huzuriga keltirib:
— Do‘stim, men safarga chiqib ketayotibman, ichida ming oltin bo‘lgan shu xaltachani senga omonat topshiraman, safardan qaytib kelganimdan so‘ng ola-man,—deb xaltachani topshirdi va o‘sha kun safarga chiqib ketdi. Safari uzoq vaqtga cho‘zildi.
Do‘sti omonatga xiyonat qilib, xaltachaning bir tomonini so‘kdi, oltinlarni olib, tangalar bilan to‘lg‘izdi, so‘kilgan joyini hech bilinmaydigan qilib tikib qo‘ydi. Oradan o‘n yil o‘tgandan keyin omonat egasi safardan qaytib kelib, do‘stidan qo‘ygan omonatini talab qildi. Do‘sti xaltachani chiqarib berdi. Omonat egasi xaltachani ochib, tangalarni ko‘rgach, hayron bo‘lib do‘stidan:
— Xalta ichidagi oltinlarim qani?—deb so‘ragandi, do‘sti inkor qilib: «Xaltachaga nima solib qo‘ygan bo‘lsang, shunday turibdi, qarab ko‘r, bosgan muhring ham buzilmagan, tag‘in nima da’vo qilasan»,— dedi. Omonat egasi xaltachani olib shahar qozisiniig huzuriga borib voqeani bayon qildi. Qozi juda aqlli va tadbirli odam edi. U darhol xiyonatchi do‘stni chaqirib olib, omonat egasining shikoyatini aytdi. Xiyonatchi do‘st inkor etishda davom qildi.
— Omonat qo‘yganingga necha yil bo‘ldi?— deb so‘ragan edi, u kishi omonat qilib topshirganiga o‘n yil bo‘lganini aytdi.
Qozi hamma tangalarning bosilgan yillariga ko‘z tashladi. Tangalarning bosilganiga ikki-uch yildan ortiq bo‘lmagan edi. Qozi xiyonatchi do‘stga tangalar-ning bosilgan yillarini ko‘rsatgan edi, u sharmanda bo‘lib, qilgan aybiga iqror bo‘lishga majbur bo‘ldi. Tadbirli, farosatli qozi oltinlarni xiyonatchidan olib egasiga topshirdi.
Qozining buyrug‘i bilan xiyonatchini eshakka teskari mindirdilar. «Omonatga xiyonat qilgan kishining jazosi shunday bo‘ladi?» deb qichqirib, shahar, ko‘cha va bozorlarni aylantirdilar.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.