background
logotype

Otajon, menga 10 dollar berib turing...

Bir kishi ishdan horib, jig‘ibiyroni chiqqan holda yarim kechasi uyiga keldi. Eshik ostonasida 5 yasharlik o‘g‘li uni kutib turardi.
— Ota, sizdan bir narsani so‘rasam maylimi? — savol berdi bola.
— Mayli, nimani so‘ramoqchisan?
— Otajon, bir soatda qancha pul topasiz?
— Bu sening ishing emas. Nimaga buni so‘rayapsan?
— Shunchaki bilgim kelyapti. Iltimos, aytaqoling! Bir soatda qancha pul topasiz?
— Shunchalik bilging kelayotgan ekan, mayli, aytaqolay. 20 dollar topaman.
— Eh, — dedi bola boshini xam qilib va bir zum o‘tmay yana so‘ray boshladi:
— Otajon, menga 10 dollar qarz berib tura olasizmi?
Otaning qoshi uyildi.
— Mendan qancha pul topishimni so‘rashdan maqsading biror bir ahmoqona o‘yinchoq yoki shunga o‘xshash bema’ni narsalarni sotib olish bo‘lsa, ovora bo‘lma. Tur, xonangga borib uxla! Men kun bo‘yi uzoq va qattiq mehnat qilaman. Bunaqa behuda maynavozchiliklarga vaqtim ham, toqatim ham yo‘q.
Bolakay xonasi tomon ohista qadam tashladi va eshikni sekingina yopdi.
Bolasining qilig‘i otaning ensasini qotira boshladi.
“Pul undirish uchun bunday savollar berishga qanday haddi sig‘di ekan?” — o‘ylardi u. Biror soatlardan so‘ng hovuridan tushdi.
“O‘z bolamga biroz qattiqqo‘llik qilib yubormadimmikan?” — deya o‘yga tola boshladi. “Ehtimol o‘g‘lim o‘sha 10 dollarga chinakamiga muhtoj bo‘lib qolgandir. Axir bunchalik tez-tez pul so‘rab turmasdi-ku!”
Ota o‘g‘lining xonasi tarafga yurdi va eshikni ochib past ovozda so‘radi:
— Uyg‘oqmisan, o‘g‘lim?
— Ha, uyg‘oqman — javob berdi bola.
— O‘ylab qarasam, boya senga biroz nohaqlik qilgan ekanman, — dedi ota, — Kun bo‘yi to‘plab yurgan alamimni sendan olibman. Mana senga 10 dollar.
Bolaning chehrasi yorishdi va otasining qarshisiga o‘tirib xursandligidan qichqirdi: "Voy, otajon, rahmat sizga!"
Bola yostig‘ining tagiga qo‘lini tiqib ozroq mayda pullarni chiqarib oldi. O‘g‘lida pul borligini ko‘rib, otaning yanada jahli chiqa boshladi. Bola pullarni jamlab sanadi-da, otasiga nazar soldi.
— Shuncha puling bor ekan, nega yana mendan so‘raysan? — ovozini ko‘tardi ota.
—Chunki o‘zimdagi yetarli emas edi. Hozir esa to‘ppa-to‘g‘ri bo‘ldi, — javob berdi bola, — Ota, mana menda 20 dollar pul bor. Bir soatingizni sotib ola qolay. Bu vaqtni men bilan o‘tkazing!..

Muslim Buxoriy tayyorladi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.