background
logotype

Shakar o‘rniga tuproq yeganlar

Tuproq yeyishga o‘rganib qolgan odam kunlarning birida bozorga chiqdi. Bir do‘konga kirib ikki kilo shakar olmoqchi bo‘ldi. Savdogar hiylakor odam edi. Tarozi toshi o‘rniga, tuproqdan foydalanardi.
Savdogar:
— Mening tarozimning toshi tuproqdan..Shakar olish niyating bo‘lsa, sabr qil, men tosh topayin, dedi.
Haligi kishi tarozidagi to‘p to‘p tuproqlarni ko‘rishi bilan joni kirdi. U uchun tuproq shakardan ham totli, qiymatliroq edi.
Savdogarga:
— Zarur ishim bor.Shakar olishim shart, toshing nima bo‘lsa ham farqi yo‘q, dedi.
Savdogar unga:
— Juda yaxshi... Modomiki sen olmoqchi ekansan, aytganingdek bo‘lsin,  deya ikki kilocha tuproqni tarozisining bir pallasiga qo‘ydi. Boshqa pallasiga shakar qo‘yish uchun omborga chiqdi. Shunda haligi kishi savdogarning yo‘qligidan foydalanib, tarozining bir pallasida turgan tuproqlarni yeya boshladi. Savdogar buni ko‘z qiri bilan ko‘rib turar, ko‘proq yeyishi uchun go‘yo o‘zini shakar solayotgandek qilib ko‘rsatib ko‘proq vaqt o‘tkazdi. O’zicha:
— Ey yuzi sarg‘aygan... ol ol, yana ye. Tuprog‘imni» kamaytiryapsan, menga hech narsa qilmaydi. Sen tarozidagi tuproqdan qancha ko‘p yesang, shakarni shuncha kam olasan. Ko‘rinishdan meni aldayapsan, aslida esa aldangan sensan. Sen o‘z o‘zingni yeydigan bir ahmoqsan,  deb pichirlardi.

Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”sidan

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.