background
logotype

Shoh G’oziy adolati

Shoh G’oziy qahrining garmseli bir qaysar boshoqni barbod etgani, adolatining suvi esa o‘sha boshoq bitgan buzuq ekinzorni obod qilgani

Saodatli Shoh G’oziy podshohlik toji uchun kurashib, taxt talashib yurgan vaqtda - yonida yuz, ikki yuzcha odam bilan ko‘chib yurar, goh Xorazm yerida bo‘lardi, goh Adoqda. Otgan o‘qlari dushman yuragini qon qilib, tig‘i yov boshini uchirar edi. O’zi asli zotida loyiq bo‘lgani uchun Xudo unga oxiri hukmdorlikni berdi. Xalqqa u adolat eshigini ochib qo‘ydi. Taxtga chiqib o‘ltirdi-yu, adolat ko‘rsata boshladi. Imoratlar qurib, vayronalarni tuzatdi, zulmni adolat yo‘li bilan bartaraf etdi. Bid’at va fisq-fujur ahllari yo‘qolib, shariat adolatining qo‘lini kuchaytirdi.
Bir kuni u aylanish uchun chiqqan edi. Shunda bir devona kampir uning etagidan maxkam tutdi. Nolayu afg‘on chekib, oh tortib, u dedi:
- Ey, shariatpanoh shoh! Agar adolat bilan ish ko‘riladigan bo‘lsa, men sen bilan shariat bo‘yicha da’volashaman. Shart shuki, jahling chiqmaydi, savollarimga shariat maxkamasi - qozixonada javob ber.
Shoh javob berdi:
- Agar sen jonimni talab qilsang ham, agar talabing shar’iy bo‘lsa, aybimga jonim bilan iqrorman.
Shu aytilgan gap bo‘yicha kelishdilar, islom qozisining xuzuriga bordilar. Ular bir-biriga yonma-yon o‘ltirishdi; atrofdagi odamlar xayajon bilan turardilar. Ikkisi go‘yo katta ma’rakada Zol bilan Rustam turganday edi, ularning boshida esa butun olam to‘plangandek. Qariya dedi:
- Shoh qazoqlik qilib ko‘chib yurarkan, tig‘ solib, har yoqqa askar tortardi. Men tulning birgina jigarim bor edi, u jigarim ekinzorining yagona boshog‘i edi. U bog‘imda bitgan qomati raso sarv, yana to‘g‘rirog‘i, qurigan shoxirnning mevasi edi. Shoh qilichi bilan ko‘ksimni yorib, jigarporamni xalok etdi. U tig‘i bilan jigarimni kesib, jigarim qonini yerga oqizdi.
Qozi aytdi:
- Hukmimga shubha bo‘lmasligi uchun ikkita guvoh olib kel. U javob berdi:
- Agar ikki guvoh kerak bo‘lsa: bular - shohning o‘z adolati va insofidir.
Shunday qilib, yaxshi niyatli podshoh aybiga iqror bo‘ldi. Adolat dargohining odami bo‘lgan qozi xun puli to‘lash kerakligi yoki qasos olish haqida hukm chiqardi. Shoh dedi;
- Shariat shunday hukm qilgan ekan, payg‘ambar shariatining hukmiga jonimni fido qilaman.
U qiyiq bilan bo‘ynini maxkam bog‘ladi; katta hamyonning esa og‘zini bo‘shatdi. Kampirning qo‘liga qo‘rqmasdan tig‘ berdi, bu tomonga esa oltin, kumushlarni to‘kib qo‘ydi. So‘ng, u dedi:
- Qasos olaman desang, mana, boshim; maqsading tirikchilikka pul olish bo‘lsa, mana, pul. O’g‘lingni o‘ldirish haqida buyruq berganimda, boshqa ilojim qolmagan edi. Mana, nima qilsang qil, ixtiyor senda!
Shohning adolat va zo‘r insof ko‘rsatishi tig‘ni g‘amgin kampirning tishlaridek o‘tmaslashtirdi. U uzr so‘rab shohning oyog‘iga yiqildi va dedi:
- Ey yulduzlarcha askarga ega bo‘lgan podshoh! Agar bolam sening yo‘lingda qurbon bo‘lgan bo‘lsa, men qariya ham senga jonimni berishga tayyorman. Agar seni iztirobga solgan bo‘lsam, yaxshilikcha kechir, men yengildim.

Alisher Navoiyning «Hayrat ul-abror» dostonidan

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.