background
logotype

Turonlik buyuk donishmand

Abdulloh ibn al-Marvaziy (milodiy 739-798 y) nafaqat mashhur muhaddis, balki iymon-e’tiqodi, axloq-odobi, hojatbarorligi bilan ham nom qozongan benazir alloma edi.

U Marv shahrida tavallud topadi. Sharqning ko‘zga ko‘ringan ilmiy-diniy markazlari — Bog‘dod, Basra, Makka, Madina, Balx, Buxoro, Samarqand, Qarshi shaharlarida bo‘lib, to‘rt mingga yaqin olimlardan saboq oladi, hadislar to‘playdi, mingga yaqin tobe’inlar va taba’a tobe’inlardan hadislar rivoyat qiladi.

Alisher Navoiy hazratlari o‘zining «Nasoim ul-muhabbat» asarida Abdulla ibn al-Muborak haqida chuqur ehtirom bilan so‘z yuritib, «Oni ulamoning shahashohi der emishlar», degan fikrni aytadi. So‘yi Olloyor hazratlari esa «Sabot ul-ojizin» asarida ul zotga alohida bob bag‘ishlaydi. Shuningdek, misrlik, suriyalik, saudiyalik bir qator zamonaviy olimlar ham Abdulloh ibn al-Muborak hayoti, ilmiy-ma’naviy merosi bilan qiziqib, qiziqarli tadqiqotlar e’lon qildilar. Yaqinda shunday tadqiqotlardan biri suriyalik olim Muhammad Usmon Jamolning «Ibdulloh ibn al-Muborak» nomli risolasi tarix fanlari doktori, taniqli tarjimon Ubaydulla Uvatov tomonidan ona tilimizga o‘girilib, «Buyuk donishmand» nomi bilan nashr qilindi.

Shu o‘rinda buyuk allomaga aloqador yana muhim bir ma’lumotni keltirishni lozim topdik.

Abdulloh ibn al-Muborak 798 yilda 63 yoshida Iroqning Hiyt degan shaharchasida vafot etgan edi. Sohibqiron Amir Temur bobomiz olis arablar zamonida dafn etilgan turonzamin farzandi xokidan keltirib, Qarshi shahri yaqinidagi Xo‘ja Muborak qishlog‘ida ramziy maqbara barpo etgan edi. Istiqlol sharofati bilan mazkur maqbara qayta ta’mirlanib, obod ziyoratgohga aylantirildi.

Quyida «Buyuk donishmand» risolasida keltirilgan Abdulloh ibn al-Muborak haqidagi rivoyatlar bilan tanishasiz.

 

Ibn Muborakning dunyoga kelishi

Ibn Muborakning to‘liq ismi-shariflari Abdulloh ibn al-Muborak ibn Vozih al-Hanzaliy at-Tamimiy Abu Abdurahmon al-Marvaziy bo‘lib, taba’a tobe’in (Payg‘ambarimiz sahobalarini ko‘rgan odamlarni ko‘rgan)lardan hisoblanadi. Ba’zi manbalarda Abdulloh ibn Muborakning onasi — xorazmlik, otasi — turkiylardan bo‘lgan deb qayd etiladi.

Rivoyat qilishlaricha, Abdullohning otasi Muborak bir boyning bog‘ida ko‘p yillar bog‘bon bo‘lib xizmat qilgan ekan. Bir kuni bog‘ egasi kelib unga:

— Men shirin anor yemoqchiman, olib chiq, — debdi. Muborak unga anor keltirib beribdi. Xo‘jayin anorni yeb ko‘rsa, nordon ekan. Jahli chiqibdi-da:

— Men senga shirin anor olib kel dedim-ku, sen esa nordonidan olib kelding. Bor, menga shirin anor keltir! — debdi. Shunda Muborak borib boshqasini keltiribdi. Boy yeb ko‘rsa, u ham nordon ekan. Boy darg‘azab bo‘lib, uchinchi marta yuboribdi, bu safar ham nordon chiqibdi. Shunda xo‘jayin hayron bo‘lib:

— Nima, sen shirin bilan achchiqni farqlayolmaysanmi? — deb so‘rabdi.

— Farqlayman, ammo anorlarning qaysi biri shirin, qaysi biri nordon ekanini bilmayman-da, — debdi Muborak.

— Nega bilmaysan?

— Men shu paytgacha bu bog‘da pishgan anordan tatib ko‘rmadim...

— Nima uchun, — qiziqib so‘rabdi boy.

— Chunki bu bog‘ sizniki, sizdan beruxsat bog‘ning mevalaridan yeyishim o‘g‘irlik-ku, axir, — deb javob beribdi Muborak. Bog‘ egasi so‘rab-surishtirsa, haqiqatdan ham bu yigit hali biron marta bu bog‘ning mevasidan tatib ko‘rmagan ekan. Shundan so‘ng xo‘jayinning bog‘bon yigitga hurmat-e’tibori oshibdi.

Xo‘jayinning bir qizi bo‘lib, o‘sha paytlarda sovchilar kelib turgan edi. Boy bog‘bonning aql-zakovatli, halol-pokiza, taqvodor yigit ekanligini bilgani uchun undan maslahat so‘rabdi:

—    Ey Muborak, qizimni kimga bersam ekan?

Shunda Muborak debdi:

—    Xo‘jayin, johiliya davrida (islom dinidan oldingi davr) odamlar qizi bor xonadonning shonu-shuhratiga qiziqib uylanar edi. Hozirda ham ayrimlar mol-dunyoga, boshqa birovlar husni-jamoliga qarab uylanadi. Vaholanki, dini islomda qizning dinu diyonatiga, aql-farosatiga qarab uylanish tavsiya etiladi.

Bog‘bonning bu taxlit mulohazalari boyga juda yoqib tushibdi, kechqurun uyiga borib, dasturxon atrofida o‘tirganida Muborak haqida iliq fikrlar aytibdi va “qani endi shunday aqlli, xudojo‘y, pokdomon yigit kuyoving bo‘lsa...” deb orzu qilibdi. Tez orada esa uning orzusi amalga oshib, bog‘bon yigit Muborak unga kuyov bo‘libdi. Vaqti-soati kelib bu xonadonda Abdulloh ibn Muborak dunyoga keladi...

 

“Yig‘laganimning boisi...”

Abdulloh ibn Muborak safarlarda o‘z hamrohlarga har doim yaxshiliklar qilar, hojatlarini chiqarar, odamlarni hidoyatga va irshodga boshlashda butun jiddu jahdini sarflar edi. Basharti, qaysi bir hamrohini noto‘g‘ri yo‘ldan qaytarib, to‘g‘ri yo‘lga (hidoyatga) boshlay olmasa, qattiq ezilib, afsus-nadomatlar chekardi.

Bir gal safarga chiqqanida, badxulq, tarbiya ko‘rmagan bir odam unga hamroh bo‘lib qoldi. Bu odam o‘zini har xil kuyga solib, munofiqlik qilib, Ibn al-Muborakka ancha aziyat yetkazdi. Qachonki u manziliga yetib, karvondan ajrab ketgan chog‘ida Ibn al-Muborak bir chekkaga chiqib yig‘lay boshladi. Shunda karvondagilar Ibn al-Muborakdan buning sababini so‘radilar.

—    To‘g‘ri, aslida biz undan qutulganimiz uchun quvonishimiz kerak, negaki, u kela-kelguncha menga ham, karvondagi boshqa yo‘lovchilarga ham ozor berib keldi. Hayhot, biz undan qutildig-u, ammo u o‘zining yomon qiliqlaridan qutila olmadi, uyiga yetib borgach, bola-chaqasiga ham, qo‘ni-qo‘shnilariga ham yana ozor berib yashayveradi. Men shunga yig‘layapman...

 

Ibn al-Muborakni bilasanmi?

Ahmad ibn Sinon shunday hikoya qiladi:

Ilm olish yo‘lidagi harakatlarining dastlabki paytlari Ibn al-Muborak hadis va fiqh ilmlari bo‘yicha atoqli olim Hammod ibn Zaydning huzuriga keladi. Suhbatlashib o‘tirib, atoqli olim yigitning ilmi va iqtidori, iste’dodining noyobligidan hayratlanib so‘radi:

—    Siz qaysi yurtdan bo‘lasiz?

—    Xurosondanman, ustoz, — deb javob berdi Abdulloh.

—    Hammod ibn Zaydning Xurosonda shogirdlari ko‘p edi, qolaversa, u ko‘pgina xurosonlik olimlarni ham tanirdi. Shuning uchun do‘stlariyu shogirdlaridan yangi xabar eshitamanmi, degan niyatda:

—    Xurosonning qaeridansiz, ey yigit? — deb so‘radi.

—    Marvdanman.

Buni eshitib Hammod ibn Zayd bir qo‘zg‘alib oldi. Zero, Marv — mashhur olimu ulamolar, ilm sohiblarining yurti-da.

—    Tabarruk tuproqdan ekansiz. Marv — dunyo shaharlari orasida “shohi jahon” deb nom olgan. Bu shaharda Abdulloh ibn al-Muborak ismli yosh ulamo yetishib chiqqanini yaqinda gap qilishgan edi. G‘oyat iqtidorli, ilmli emish. Siz Ibn al-Muborakni bilurmisiz?

—    Ha, bilurman, — dedi Abdulloh biroz ajablanib.

Hammod ibn Zayd hayajonlanib ketdi. Axir, marvlik mashhur yosh ulamo haqida so‘nggi yangiliklarni shahar ahliga yetkazishning imkoni paydo bo‘lyapti-da...

—    Xo‘sh, ayting-chi, yigit, hozir Abdulloh ibn al-Muborak nima ish qilyapti?

—    Abdullohmi? U hozir siz bilan gaplashib o‘tiribdi.

Bu gapni eshitgan Hammod ibn Zayd o‘rnidan turib, kelgan mehmon bilan qaytadan quchoqlashib ko‘rishdi, hol-ahvol so‘rashdi. Ikki o‘rtada g‘oyat samimiy munosabat qaror topdi.

Mashriqu Mag‘rib faqihi Abdulloh ibn Sinon hikoya qiladi: Zamonasining ulug‘ allomalari Al-Fuzayl, Sufyon as-Savriy hamda boshqa ustozu-mashoyixlar Makkada, Masjid-ul haramda suhbat qurib o‘tirgan edilar. Shu payt yon tomondan kelayotgan Ibn al-Muborak ko‘rinib qoldi. Uni ko‘rgan Sufyon as-Savriy:

—    Bu odam ahli Mashriqdan, — dedi.

Shunda al-Fuzayl qo‘shimcha qilib:

—    Bu odam Mashriq va Mag‘rib hamda ularning o‘rtasidagi hududlardan, — dedi kamoli ehtirom bilan.

 

Hovli emas, qo‘shni olyapsizlar

Alloma Al-Xorazmiyning “Mufiyd al-ulum” (“Ilmlar foydasi”) nomli asarida keltirilishicha, Abdulloh ibn al-Muborakning bir yahudiy qo‘shnisi bo‘lib, u bir kuni hovlisini sotish harakatiga tushib qolibdi. Xaridorlar kelib, hovlining narxini so‘rashsa, yahudiy “ikki ming dinor”, deb javob beribdi. Shunda xaridorlar ajablanib:

— Vo ajabo, hovlining o‘zi ming dinor turadi-ku, namuncha narxini osmonga ko‘tarmasang, — deb hayron bo‘lishibdi. Shunda yahudiy:

— Gaplaringiz rost, hovlimning asl narxi — ming dinor. Ammo mening kim bilan qo‘shni turishimni bilasizmi? Men — Abdulloh ibn al-Muborakning qo‘shnisiman-a! Shunday qo‘shni sharafiga hovlimning narxini yana ming dinorga ko‘tardim, — degan ekan.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 17-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.