background
logotype

Qozoq xalq maqollari (62)

Qozoqlar — turkiy xalq, Qozog‘iston Respublikasining asosiy aholisi (10,7 mln., 2012). Shuningdek, Xitoy (1,4 mln., 2010), O‘zbekiston (800 ming kishi), Rossiya (647 ming, 2002), Mo‘g‘uliston (101 ming), Turkmaniston (40 ming kishi), Qirg‘iziston (32 ming kishi), va boshqa mamlakatlarda yashaydi. Umumiy soni 14 mln.ga yaqin. Qozoq tilida so‘zlashadi. Dindorlari — sunniy musulmonlar.


• Bolta bilan chopilgan daraxt qayta o‘sib chiqadi, qilich yaralagan jarohat bitadi, lekin til yetkazgan yara tuzalmaydi va uning davosi yo‘q.
• Boshi og‘rimaganning Xudo bilan nima ishi bor?
• Kimdir ochlikdan sakraydi, kimdir — to‘qlikdan.
• Agar yomondan yaxshi tug‘ilsa, uning o‘xshashi yo‘q, yaxshidan yomon tug‘ilsa, uning davosi yo‘q.
• Yomon odamga yaxshilik qilsang — mensimaydi, yaxshi odamga yomonlik qilsang — unutmaydi.
• Ko‘z ko‘radi, yuz uyaladi.
• Yomonliksiz xayr yo‘q, xayrsiz yomonlik yo‘q.
• Kasallik botmonlab kirib, misqollab chiqadi.
• Ko‘rning yo‘ldoshi bo‘lsang bir ko‘zingni yumib ol.
• Biz olti birodar edik, o‘ldik, o‘ldik, yettita bo‘ldik.
• Tanish joyda insonni, notanish joyda kiyimini hurmat qiladilar.
• Bir qozonga ikki qo‘y sig‘maydi.
• O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha, o‘z yurtingda qashshoq bo‘l.
• Muloyimlikni qo‘rs insondan o‘rgan.
• Otilgan o‘q orqaga qaytmaydi.
• Erkaklar ko‘p joyda o‘tin, xotinlar ko‘p joyda suv tanqis bo‘ladi.
• Bersang — olasan, eksang — yig‘asan.
• Bir poy etikka ikki oyoq sig‘maydi.
• Bolali uy — bozor, bolasiz uy — mozor.
• Qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit.
• Do‘stlar ikkita, dushman sakkizta.
• Ozg‘in sigirni boqsang og‘zi burning moy bo‘ladi, ozg‘in odamni boqsang og‘zi burning qon bo‘ladi.
• «Asal, asal» deganing bilan og‘zing shirin bo‘lib qolmaydi.
• Otangni hurmat qilsang, o‘g‘lingni ham sev, xo‘jayinni hurmat qilsang, uning itini ham boq.
• Toychoq bir kun ot bo‘ladi.
• Bir kun tuz yegan joyingga qirq kun salom ber.
• Ko‘p yashagan emas, ko‘p ko‘rgan ko‘p biladi.
• Bir otadan tug‘ilgan farzandlar har xil.
• Sassiq og‘izdan xunuk so‘zlar chiqadi.
• Bir dona dondan ovqat pishirib bo‘lmaydi.
• Burgut qarisa sichqon tutarkan.
• Itlar yo‘q joyda cho‘chqalar uvillaydi.
• Cho‘pon ko‘p bo‘lsa qo‘ylar harom o‘ladi.
• Qanot — uchishda, dum — qo‘nishda.
• Yaqinlariga yordam bermaydiganlarning qo‘li sinsin.
• O‘zi yiqilgan bola yig‘lamaydi.
• Tinch yurgan uzoqqa boradi.
• Aravaning oldi qayerga yursa, orqasi ham o‘sha yerga yuradi.
• Yaxshi odamning oti oriqlamaydi.
• O‘g‘lim, senga aytaman, kelinim, sen eshit.
• O‘zingni kuchli sanama, sendan kuchlilar ham bor.
• Olovsiz tutun bo‘lmaydi.
• So‘z kuyugi olov kuyugidan kuchli.
• Uzumni eslash bilan og‘zing totli bo‘lib qolmaydi.
• Mingta it yegandan, mayli, bitta bo‘ri yesin.
• Ho‘kizning dog‘i tashida, yomonning dog‘i ichida.
• G‘ozning o‘limi — qarg‘alar uchun bayram.
• Tig‘ yarasi bitadi, til yarasi bitmaydi.
• Bugungi tuxum ertangi tovuqdan afzal.
• Onaning ko‘ngli bolada, bolaning ko‘ngli dashtda.
• Ko‘r tovuqqa hamma narsa don bo‘lib tuyuladi.
• So‘zdan so‘z tug‘iladi.
• Shamning yorug‘i o‘ziga tushmaydi, odamning yaxshiligini yaqinlari bilmaydi.
• So‘z yaxshi, agar u qisqa bo‘lsa.
• It ham o‘z yerida qahramon.
• It hurar, bo‘ri o‘tar.
• Ko‘p yashagandan emas, ko‘p ko‘rgandan maslahat ol.
• Yo‘qolgan pichoqning sopi oltin.
• Bo‘ydoqning aqli uning ko‘zida.
• Yomon qarindoshdan yaxshi dushman afzal.
• Yaxshi odamning qadri u o‘lganda bilinadi.
• Qozonga solganing qoshiqqa chiqadi.

D.Tojialiyev tarjimalari

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.