background
logotype

Uyg‘ur xalq maqollari (60)

Uyg‘urlar ― Sharqiy Turkiston ― Xitoyning Sinszyan-Uyg‘ur muxtor rayonining tub joy aholisi. Umumiy soni 10 mln. kishiga yaqin. Ular Xitoyda (taxminan 9 mln.), Qozog‘iston (225 ming, 2009), Qirg‘iziston (60 ming), O‘zbekiston (50 ming), Turkiya (40 ming), Saudiya Arabistoni (30 ming), shuningdek, Hindiston, Afg‘oniston va Pokistonda yashaydi. Uyg‘ur tilida so‘zlashadi. Dindorlari, asosan, sunniy musulmonlar.


• O‘zga yurtni ko‘rmaguncha, o‘z yurtingning go‘zalligini his etolmaysan.
• Dushmaning sichqondek tuyulsa-da, senda sherning kuchi bo‘lsin.
• So‘z tosh emas, lekin boshni yoradi.
• Dangasaning doim vaqti yo‘q.
• Odam guldan nozik, toshdan qattiq.
• Laylini ko‘rish uchun Majnunning ko‘zi kerak.
• Quloq ko‘zdan avval sevadi.
• Och itga suyak tashlasang, to‘q it ham angillaydi.
• Bahorda yeyilgan nonning kekirigi kuzda chiqadi.
• Kuyov farzand bo‘lmaydi, kuldan devor bo‘lmaydi.
• Qozon bir dumalab qopqog‘ini topdi.
• Qarindoshlik bir soatlik quvonch va bir kunlik qayg‘uda bilinadi.
• Olmani ko‘rishi bilan tishi qamashadi.
• Bir novdadan mingta meva yetishadi.
• Shamolsiz daraxt qimirlamaydi.
• Shaytonga yo‘liqishdan qo‘rqib, Iblisga tutildi.
• Qarg‘a aytadi: "Mening bolalarim oppoq!"
• Bir taomda ikki qo‘yning kallasi qaynamaydi.
• Ikki yarim ― bir butun.
• Uzun ko‘ylak bilan oyoq chalinar, uzun gap aqlni chalg‘itar.
• Qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit.
• Bola yig‘lamasa, onasi emizmaydi.
• Yiqilsang ham tuyadan yiqil.
• To‘g‘rining o‘qi nishonga tegadi.
• Har bir omadsizlik ― omadga yo‘l.
• Otangga qanday g‘amxo‘rlik qilsang, bolang ham senga shunday g‘amxo‘rlik qiladi.
• Miltiq yo‘qligida kiyik uchrab qoladi.
• Iymonsiz qarindoshdan iymonli qo‘shni afzal.
• Haqiqat ortidagi zarardan yolg‘on ortidagi foyda afzal.
• Har bir rahbardan katta rahbar bor.
• Traktordan umid qilib, otdan yuz o‘girma.
• Zulm ko‘rmasdan yaxshilikning qadriga yetmaysan.
• Suzishni bilmasang, suvga tushma.
• Achchiqni totmaguncha shirinni bilolmaysan.
• Yuzi chiroyli ― go‘zal emas, qalbi pok ― go‘zal.
• Xato otmaydigan ovchi yo‘q, adashmaydigan dono yo‘q.
• Yolg‘onchining uyi yonsa, hech kim ishonmaydi.
• Hazillashsang ham o‘ylab gapir.
• Kimdir to‘qlikdan sakraydi, kimdir ― ochlikdan.
• Yaxshi odamdan yomon tug‘iladi, yomon odamdan yaxshi tug‘iladi.
• Tayoq bilan faqat tana og‘riydi, yomon so‘z bilan ― qalb.
• Onasini ko‘rib, qizini ol.
• Sotqin do‘st qaytib do‘st bo‘lolmaydi.
• Kirishdan oldin chiqishni o‘yla.
• Qurishdan oldin buzish kerak.
• Tuyada o‘tirib, qo‘ydan yashirinolmaysan.
• Aytilgan so‘z ― otilgan o‘q.
• Mol doim egasiga o‘xshaydi.
• Ko‘rga tun va kun barobar.
• Daraxt qattiq, lekin uni yumshoq qurt teshadi.
• Labi yumshoq buzoq o‘nta sigirni emadi.
• Tinch yursang ― ko‘p yashaysan.
• Har gulning o‘z isi bor.
• Yolg‘onchining doim guvohlari bor.
• Besh barmoq barobar emas.
• Devorning qulog‘i bor.
• Ilon chaqqan arqondan ham qo‘rqar.
• Dunyoni suv bossa, o‘rdakka ne g‘am?
• Yomon bilan yashagandan yaxshi bilan o‘lgan afzal.
• Til qilichdan o‘tkir.

D.Tojialiyev tarjimalari

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.