background
logotype

Jubron Xalil. Hikmatli hikoyatlar

O‘zlikni anglash

Bir kishi so‘radi:
— Inson o‘zini qanday anglaydi?
Donishmand javob berdi:
— Kunduzlar va kechalarning sirlarini qalbingiz yolg‘izlikda, osudalikda anglaydi.
Quloqlaringiz esa, qalbingiz bilib olgan narsani eshitishni xohlaydi.
Chunki siz xayolan bilgan narsalaringizni so‘zlar vositasida ham bilishni istaysiz.
Tushda ko‘rgan chashmalaringizga qo‘l tekkizib ko‘rishni xohlaysiz.
Bu tilagingiz yaxshi.
Dilingiz chashmasi qaynab-toshib, tashqariga chiqishni, hayot dengiziga jildirab, kuylab oqishni xohlaydi.
Ana shunda nigohingizga qalbingizning tubsiz teranliklari, ulardagi xazinalar ochiladi.
Ammo siz u noyob bilim xazinalarini aql tarozusi bilan tortib, qanchalar boyligini o‘lchab ko‘rishga urinmang.
Chunki u xazinalar nihoyasiz, tubsiz dengizdir.
Ana shunda “Bor haqi¬qatni bildim”, deb o‘ylamang. Aytingki: “Menga haqiqat pardasi ochildi”.
“Qalbim yo‘lini, qayoqqa borayotganini ko‘rdim”, demang. Yaxshisi: “Ruhimga ko‘zim tushdi”, deng.
Negaki, ruhingiz turli yo‘llardan borishi mumkin.
Ruh faqat bir yo‘ldan yurmaydi, u qamishga o‘xshab o‘smaydi.
Ruh nilufarga o‘xshab ochiladi, gulbarglari har tomon sochiladi.
 
Do‘stlik haqida

Yosh yigit so‘radi:
— Yo, ustoz, do‘stlik nimadur?
Donishmand javob berdi:
— Sizning do‘stingiz orzularingiz ushalishidir.
Chin do‘st — ekinzor dala. Siz bu dalaga mehr bilan urug‘ sepasiz va hosil yetishganda mamnunlik bilan yig‘ib olasiz.
Do‘stingiz — dasturxoningiz va o‘chog‘ingizdir.
Chunki siz tashnaligingizda do‘st oldiga kelasiz va uning huzurida orom topasiz.
 
So‘zlar

Bir adabiyotchi olim so‘radi:
— Yo, ustoz, so‘z nimadur?
Donishmand javob berdi:
— Fikr-o‘ylaringiz ichingizga sig‘may ketganida so‘zga aylanadi.
Qalbingiz yolg‘izlikdan zerikkanida uning hayoti tilga ko‘chadi va ovoz uni yolg‘izlikdan qutqaradi.
Ammo so‘zlar ko‘pligi fikrni chalajon qiladi.
Fikrni uchqur qush, deydilar. Ha, u so‘zlarning qafasida yaxshi qanot yozib ucholmaydi.
Ba’zilaringiz yolg‘iz qolishdan qo‘rqib, so‘zamol, sergap do‘stlarni izlaysiz.
Shundaylar borki, suhbat chog‘ida o‘zlari bilmagan holda haqiqatni ochib qo‘yadilar.
Ba’zilar esa haqiqatni dilida yashirib, tiliga chiqarmaydilar.
Bundaylarning qalbida ruh sukunatda yashaydi.
Do‘stlar yo‘l yoqasida, bozormaydonda uchrashdimi, bari bir, tilingiz dilingiz bilan hamohang bo‘lsin.
Do‘stlikda qalblar haqiqatni topadilar.
 
Vaqt nima?

Falakiyotchi olim so‘radi:
— Vaqt nimadir, ayo ustoz?
Donishmand javob berdi:
— Siz nihoyasiz va o‘lchab bo‘lmas vaqtni o‘lchashga urinasiz.
Siz soatlarga va yil fasllariga qarab yashashni xohlaysiz va hatto ko‘nglingizni ham vaqtga bo‘ysundirishni xohlaysiz.
Siz vaqtdan jilg‘a, soy yasab, qirg‘og‘ida o‘tirib uni kuzatishni xohlaysiz.

* * *

Ammo sizdagi bevaqtlik hayotning bevaqtligini anglaydi va biladiki:
— Kechagi kun bugunning xotirasi, ertangi kun esa — bugunning orzusidir.
Dilingiz kuylayotgan va fikrlayotgan ekan, demak, siz ilk bor yuduzlar osmonga sochilgan ilk lahzalarda yashayotgan bo‘lasiz.
Orangizda mehr-muhabbat o‘lchovsizligini tushunmaydiganlar bormi?
Mehr-muhabbat o‘lchovsiz bo‘lsa ham u vujudingizning hamma tarafida emas, balki mehvarida, qalbingizda yashaydi.
Vaqt ham sevgi kabi, bo‘linmaydi va o‘lchanmaydi.
 
Rohat-farog‘at nima?

Shaharga yilda bir marta keladigan, uzlatda — xilvatda yashaydigan darvesh so‘radi:
— Rohat-farog‘at nima?
Donishmand javob berdi:
— Rohat-farog‘at — hurriyat qo‘shig‘idir, ammo hurriyatning o‘zi emas.
Bu — tilaklaringiz gulidir. Ammo mevasi emas.
Bu — Arshi a’loga chorlovchi teranlikdir.
Bu — qafasdagi asira qush, u endi qanot qoqib uchmoqqa intiladi.
Ha, bu hurriyat qo‘shig‘idir, uni siz chin dildan kuylaysiz, ammo kuylash lazzatiga berilib, dilingizni yo‘qotmang.
Orangizda rohat-farog‘atda yashashni istaydigan yoshlar bor, siz ularga ta’na, dashnom bermang, rohat-farog‘atni izlayverishsin. Ammo uni topish uchun boshqa yaxshi ishlarni qiladilar. Ildiz qidirayotgan odam xazina topib olganini eshitganmisiz?
 
* * *

Orangizda ba’zi qariya¬lar borki, ular yoshligida rohat-farog‘at topganlarini eslasalar, xijolat bo‘ladilar.
Xijolat chekish ham yaxshi fazilat.
Gar xijolat chekishdan yupanch olsalar — bu ham yaxshi.
 
* * *

Orangizda shundaylar ham borki, rohat izlash uchun yoshlari o‘tib qolgan. Eslash uchun esa hali keksaymagan. Bu odamlar rohat izlamaydilar ham, rohatni eslamaydilar ham, ruhlari ozor topmasligi uchun barcha rohatlardan o‘zlarini tiyadilar.
Ammo ularning ana shu parhezkorligi ham rohat-farog‘at keltiradi.
Shu odamlar ildiz topish uchun qo‘llari titrab, yerni kavlaganida xazina topib olgan kishilardir.
Ammo ayting-chi, ruhga kim ozor beradi?
Bulbul — kecha sukunatiga, yaltiroq kapalak yulduzlarga ozor bera oladimi?
Sizdagi alanga va tutun shamolga ozor bera oladimi?
Yoki sizningcha, ruh bir ko‘lmakmi edi, uni tayoq bilan turtib, chayqaltirsangiz?
 
* * *

Rohat-farog‘atdan o‘zingizni tiyar ekansiz, unga ehtiyojingizni vujudingiz ichiga yashirasiz.
Kim biladi, bugun topmasangiz, erta bir kuni huzur-halovat toparsiz?
Hatto sizning vujudingiz o‘ziga nima va’da qilinganini, nimaga haqli ekanini yaxshi biladi. Uni alday olmaysiz.
Vujudingiz esa — ruhingiz setoridur.
Bu setorni nozik ma¬yin kuylatish ham, qo‘pol tovushlar chiqarish ham sizning qo‘lingizdadir.
 
* * *

Dilingizda hayron bo‘lyapsiz: “Huzur-halovatning yaxshi jihati qaysi, yomon jihati qaysi?” deb.
Bog‘ingizga borib, qarang. Bolari uchun gullardan bol yig‘ish — huzur-halovatdir.
Gul uchun ham asalariga bol berish — huzur-halovatdir.
Zero, asalari uchun lazzat olish va lazzat berish — hayotiy ehtiyojdur. Vajd va hol — shudir.
Ahli jamoa — rohat, farog‘at topish uchun gulga va bolariga o‘xshab yashang¬lar.
 
Ruschadan Mahkam Mahmud tarjimasi
“Kitob dunyosi” gazetasidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.