background
logotype

Konfutsiy hikmatlari (2)

http://ziyouz.uz/images/confucius.jpg

1.1
Ustod aytibdir:
— Muttasil o‘qib, kamolga intilmoq shavqiga
Nima yetsin?
Olisdan so‘rab kelgan do‘st yuziga tushmish ko‘z zavqiga
Nima yetsin?
Birovga mashhur bo‘lmaganidan majhul bo‘lmagan er
Himmat egasi emasmi?

1.3
Ustodning so‘zikim:
— Bejama so‘z, chiroyli yuzdan
Himmat ko‘nglini uzgan.

1.16
Ustod aytibdir;
— Odamlar seni bilmasligini qo‘y,
O‘zing birovni bilmasligingdan kuy.

2.7
Szin so‘rabdiki:
— Hozirda farzandlik farzi bu —
Tuqqaningni to‘yg‘izmoq tarzi…
Ammo, ot ham, it ham qo‘ldan yeydi;
Farzandlik farzining farqi nimaki,
Himmat kilib, hurmat qilmasa?!

2.11
Ustod ta’biricha:
— Eskini e’zozlab, yangiga yetgan, —
Ilmda muallim o‘rniga o‘tgan.

2.15 Ustod aytibdirki:
— Mushohadasiz mutolaa — puch!
Mutolaasiz mushohada — yovuz kuch!

2.17
Ustod debdir:
— Yu!
Senga bilim o‘rgataymi? Kel,
Nimaniki bilsang, bilaman, deb bil,
Bilmagan narsangni bilmayman, degil;
Bilim — ayni tildan olingan hosil!

2.12
Oygun hokimi so‘rabdir:
— Elni itoatda saqlash sirini aytsang?
Ustod javob aylabdir:
— To‘g‘rini ko‘tarib, o‘g‘rini sursang,
El bo‘ysunadi;
Yo‘g‘-a,
O‘g‘rini ko‘tarib, to‘g‘rini sursang,
Eldan isyon unadi!..

2.23
Szichjan so‘rabdir:
— Yana o‘n pusht o‘tgach, zamonning nima kechishini bilib bo‘larmikin?
Ustod shunday javob aylabdir:
— In sulolasi Sya sulolasi rasmiga suyandi,
Nimani chiqarib, nimani ko‘shganligi o‘zingga ravshan.
Chjou sulolasi In sulolasi rasmiga suyandi,
Nimani chiqarib, nimani qo‘shganligi o‘zingga ravshan.
Chjou sulolasidan keyin kelajak
Yuzlab nasllar faslini ham bilsa bo‘ladi.

3.15
Ustod, ulug‘ bir ibodatxonaga kirib, ko‘zi tushgan narsani surishtiraverdi.
Kimdir kinoya qildi:
— Szoulikning o‘g‘li udumni biladi, degan bekor aytibdi.
U ibodatxonada har bir ikir-chikirni surishtirdi.
Bu gap qulog‘iga yetgan Ustod aytibdir:
— Udum ushbudir!

3.20
Ustod sharhlabdirkim:
«Kelin kutish» qo‘shig‘i
Sho‘x bo‘lib, shodlik ulashmaydi;
Qayg‘uli-yu,
ko‘ngilga mung ilashmaydi.

4.10
Ustod aytibdir:
— Ota-onangni tirik kuydirib, bedarak ketma;
Ketsang…
Manzil tut, muqim tur, nazardan yitma!

5.5
Birov aytibdiki:
— Yun himmati baland odam,
Ajabki gapga usta emas.
Ustod debdir:
— Bejama gapdan nima naf?!
Kishidan tulkitillilikni tilash —
Ko‘ngil uyida g‘ayirlik uyg‘otishdir.
Himmati balandni bilmadim, ammo,
Tili yog‘lidan dilim dog‘li!

6.20
Ustod aytibdir:
— Oqil oshiqni na bilsin?
Oshiq vosilni na bilsin?!

6.22
Fan Chi: — Bilim nima, deb so‘radi.
Ustod shunday javob berdi:
— Xalq yo‘lida haqni tiklash,
Insu jinsning hurmatini qilib, xizmatiga kirmaslik, —
Bilimdan muddao shul!
Fan Chi yana:— Himmat nima, deb so‘radi.
Ustod shunday javob berdi:
— Himmatning qiymati — zahmatdir,
Rahmat yog‘ishi — oqibat;
Himmatdan maqsad shul!

6.24
Szay Vo so‘radi:
— Himmatliga, quduqqa odam tushdi, desa, ketidan tushsinmi?
Ustod shunday javob berdi:
— Nega tushsin? Quduq boshiga borsa kifoya.
Himmatli adashadi,
Ammo, uni aldasholmaydi!

7.1
Ustod aytibdir:
— Men yaratuvchi emas, davomchiman,
O‘tmishni astoydil suyaman.
Laopin*ga tenglashishdan o‘zimni qanday tiyaman?!

7.2
Ustodning so‘zikim:
— So‘ngsiz o‘yga botib, yoddan toymaslik,
O‘qib to‘ymaslik,
Boshqalarni yo‘lga boshqarishni qo‘ymaslik, —
E voh, bu xislatdan uzlatdaman, egam!…

7.3
Ustod debdir:
— Yaxshilar do‘st bo‘lmasa,
O‘qishni xushlamasa, burch yo‘lin ushlamasa,
Qusurni rustlamasa, —
Anga azador boshim!..

7.7
Ustod ahdda aytibdir:
— Ta’limimdan birov olim bo‘ldi deb, aytmayman.
Ammo, halim bo‘lsin deb,
Bir parcha go‘shtni keltirishsa ham
Ta’lim berishdan qaytmayman!

7.8
Ustod so‘zidirkim:
— Kuymaganning ko‘zini ochma,
Hayratsizga o‘qish hayf!
Bitta burjni o‘lchab,
Qolgan uchtasidan mujda topmaganga
Bo‘lishma!..

7.20
Ustod debdir:
— Bilimni ona qornidan olib tushmaganman;
O‘tmish qonimda-yu, o‘qishdan to‘xtamasman!

7.22
Ustod aytibdir:
— Har uch o‘tkinchidan biri menga pirdir;
To‘g‘ridan qo‘l olaman.
Bukridan bukilmaslikni o‘rganaman.
Egridan uyalaman.

7.26
Ustod aytibdir:
— Odamning avliyosini uchratmadim;
Bir himmat egasini ko‘rganda ham
Muncha kuymasdim…
Kulfatni ulfat bilib,
Atayin
Yo‘qni bor, borni yo‘k qilsak, —
Tayin qolmasligi tayin!

8.9
Ustod aytibdir:
— Elni kuch bilan itoatga ko‘ndirsang ham,
Kuch bilan ilm otiga mindirolmaysan!

8.10
Ustod aytibdir:
— Qashshoq o‘ktam kelsa,
Qulga o‘t tekkani shul!
Eldan himmat ketsa,
Yurtga o‘t ketgani shul!

8.17
Ustod debdir:
— Yo‘lga kirolmasliging,
Jilov tutolmasligingni bilsang,—
Joningga o‘qish ora kiradi!

9.9
Ustod debdir:
— Ko‘kdan uzilsa ko‘ngil,
Suvdan kutmasam ko‘klik,—
O‘lganim o‘shal kundir!

9.14
Ustod yovvoyilar orasiga borib yashashni ixtiyor etdi.
Birov aytdiki:
— Bunga yo‘l qo‘ymaymiz! Ular yomon odamlar!
Ustod shunday debdir:
— Bu qanday gap?
O‘zing yaxshi bo‘lsang, yomon nima qilsin?

9.29
Ustodning aytishicha:
— Bilgan ikkilanmas,
Himmatli o‘pkalamas,
O‘ktam o‘mganlamas!

10.1
Ona qishlog‘iga yo‘li tushsa Konfutsiy…
Anqovu soqov bo‘lar edi!

11.12
Szi Lu ruhu arvohni rozi qilishdan so‘z ochdi.
Ustod aytdiki:
— Odamga yordam qilmagan,
Arvohga nima qilasan?
Anda so‘radi:
— O‘limni bilsak bo‘ladimi?
Ustod aytdi:
— Tirikni bilmagan,
O‘likni nima bilasan?! ,

11.16
Szigun so‘radi:
— Shin oqilmi, Shan?
Ustod aytdi:
— Shi chetlab o‘tadi, Shan yetmay qoladi.
Szigun yana so‘radi:
— Unda, Shi yaxshi ekan-da?
Ustod aytdi:
— Chetlagan, yetmagandan yaqin emishmi?!

11.20
Szichjan, yaxshining yo‘li qanday, deb so‘radi.
Ustod javob qildi:
— Yurgan yo‘ldan yurmaydi,
Oromgohni ko‘rmaydi!

12.3
Sima Nyu odillikdan so‘radi.
Ustod aytdi:
— Odilning tili og‘ir aylanadi.
Shogird kaytarib so‘radi:
— Qiynalib gapirgan odilga o‘tadimi?
Ustod aytdi:
— Qiyin ishda o‘yin ketmaydi!

12.7
Szigun davlatning davomiyligidan so‘radi.
Ustod aytdi:
— Oshing osha-tosha,
Lashkar mo‘l bo‘lib,
Eling e’tiqod qo‘ysa,—
Hukming muqimdir.
Szigun so‘radi:
Zarurat talab kilsa,
Bularning qay biridan kechay?
— Askardan kech! — dedi Ustod.
Szigun yana so‘radi:
— Boz zarurat talabi bilan,
Qolganlardan qay birining bahridan o‘tay?
Ustod javob berdi:
— Tomoqning bahridin o‘t!
O‘lim-qu, bor gap!
Ammo,
Elning nazaridan qolsang,
Davlating bo‘lg‘ay barbod!..

12.17
Szi Kantszi* davlat yuritishdan so‘radi.
Ustod aytdiki:
— Davlatni yuritish —
Illatni quritishdir.
O‘zingki, tozasan,
O‘zgani qutqazasan!
098
12.18
O‘g‘rilar jonidan to‘ydirgan Szi Kantszi Konfutsiydan maslahat so‘radi.
Ustod aytdiki:
—O‘zing tug‘dirmasang,
O‘g‘rilik go‘rda tug‘sinmi?!

12.19
Szi Kantszi Konfutsiydan davlat idorasini mustahkam tutishning yo‘lini so‘radi:
—Yo‘lni qo‘ldan qo‘ymaymiz desak,
Yo‘ldan ozganni ossak bo‘lmasmi?
Ustod aytdi:
—Hukmdor bo‘lsang,
Davlatni dorsiz idora qil; himmatga intil, iyarganni el bil;
Hukmdor himmati — elkin; elniki maysa,
Maysa epkinga egiladi!

12.21
Fan Chi Ustod hamrohligida
Yomg‘ir mehrobini tavof etayotib, aytdiki:
— Izn bersang, baland himmat, illatdan poklanish,
Adashganni aniqlashdan so‘rasam?
Ustod javob berdi:
— Yaxshi so‘rading.
Xirmonni o‘ylamay,
Mehnatdan tinmagan
Himmati baland emasmi?!
Boshqaga lat bermay,
Ichingdagi illatga o‘t ochmoq
Ayni poklanish emasmi?!
Oniy bir asabdan g‘azabing zabtiga olsa,
Adashmoq shu emasmi?!

12.22
Fan Chi himmatdan so‘radi.
Ustod aytdiki:
—Bu o‘zni ko‘yib, o‘zgani suymoqdir!
Fan Chi yana bilimdan so‘radi.
Ustod aytdiki:
— O‘zingni ham o‘zgani ham bilmoqdir. (…)

13.9
Vey xonligidan o‘tayotganlarida, foytun jilovi Jan Yu qo‘lida edi.
Ustod odamning ko‘pligidan hayratga keldi:
— O‘h-o‘, bu xalqning ko‘pligini!
Jan Yu so‘radi:
—Ko‘paygan ekan, xalqning haqiga nima qilish kerak?
—Boyitish kerak! — dedi Ustod.
— Boyidi ham deylik, yana nima qoladi?
— O‘qitish kerak! — dedi Ustod.

13.12
Ustod aytibdir:
— Hokimi hak topilsa,
Bir pusht o‘tmay, mutloq poklar tug‘iladi!

13.27
Ustod so‘zidirkim:
— Qat’iyatli,
Hamiyatli,
Kamgap bilan
Hamgap bo‘lsang,
Hamdard topdim, deyaver!

!4.29
Szigun odamga baho berishni xush ko‘radi.
Ustod aytdikim:
— Bu ish aqldan emas!
Har kim o‘rnida aziz,
Birov-birovdan kam emas!

14.30
Ustoz aytibdir:
— Birov bilmaganiga emas,
Qo‘limdan kelmaganiga kuyaman!..

14.34
Birov so‘rabdir:
— Yomonlikka yaxshilik qaytarsa,
Qanday bo‘larkin?
Ustod aytibdir:
—Unda, yaxshilikning haqi nima?
Yomonga g‘ayirlik qilma,
Xayrning haqi xayrdir!

14.41
Ustod so‘zidirkim:
— Udumni bilgan, ulusni biladi!

14.42
Szigun komillik yo‘lini so‘radi. Ustod aytdi:
— Himmatli bo‘l, hurmat qil!
Szigun taajjub-la so‘radi:
— Shu xalosmi?
Ustod aytdi:
— Ilmga intil, ergashtir!
Szigun yana so‘radi:
— Kifoyami?
Ustod aytdi:
— Ranj tort, elni tinchlantir!..

15.3
Ustod so‘radi:
— Si! Meni ko‘p o‘qiydi, qo‘p biladi, deysan-da?
Si aytdi:
—Esa-chi?
Ustod dedi:
— Holbuki, men faqat bir narsani — Haqni bilaman!

15.13
Ustod aytibdir:
— Himmatni sumbatdan
Qimmat bilganni topmadim.
Tamom! Bor umidim puchga chiqdi!..
Xo‘sh endi, hayotim?!.

15.22
Ustod aytibdir:
— Hamiyatli er qat’iyatli keladi.
Birovning yuzini yulmaydi,
Nomard bilan osh-qatiq ham bo‘lmaydi!..

15.27
Ustod debdirkim:
— Gapni ko‘p qalashtirma,
Donishmandni shoshirolmaysan.
Ikir-chikirni aralashtirmay,
Katta ishni amalga oshirolmaysan!

15.32
Ustod aytibdir:
— Yo‘lni to‘g‘ri tutsang, to‘q tutadi;
Yeyishning payiga tushsang,
Yo‘q etadi…

16.1
Ustod aytibdir:
— Boylik to‘g‘ri taqsimlansa,
Kambag‘al qaydan bo‘lsin?!
Boshi qovushgan el nega kam bo‘lsin?!
Yuqori-quyi tabaqa hamoqat bo‘lsa,
Taxtni kim to‘ntarsin?!

16.8
Ustod so‘zidirkim:
— Komil kishi uch narsadan tashvish tortadi:
Xudoning xohishi,
Avliyoning koyishi,
Ulug‘larning toyishidan!..

16.10
Ustod so‘zicha, himmat egasi to‘qqiz sifatni orzu qiladi:
— Ko‘zi o‘tkir, qumquloq bo‘lsa, yuzi kulib tursa,
harakatida barakat, ishi pishiq, lafzi toza bo‘lsa,
ikkilanganda so‘rashdan iymanmasa,
qahri qo‘ziganda oqibatini o‘ylasa,
ko‘nglida adolat oftobi bo‘lsa,
paytida foydani bilsa…

17.12
Ustod aytibdir:
— Kelbati bo‘lib,
Jur’ati bo‘lmagan kishi —
O‘rgimchak uya ko‘ygan
Devorning tirqishi!

17.14
Ustod aytibdir:
— Ko‘cha gapiga kuch berganning
Miyasi puch keladi!..

17.21
Ustod debdirkim:
— Bitta qorin g‘ami bilan
Qunni kech qilmoq og‘ir.
Hammaning ko‘ngli shu bo‘lsa,
Dunyo oxir bo‘pti, oxir!

17.24
Ustodning aytishicha:
—Xotin-xalaj bilan ishlash qiyin —
Yaqinlashsang, quloq osmay ko‘yadi;
Uzoq tursang, odamoviga yo‘yadi…

20.3
Ustod aytibdir:
— Odamning so‘zini bilmay,
O‘zini bilolmaysan.
Rusumini bilmay,
El orasiga kirolmaysan!
_______________
* Laopin — afsonaviy kohin.
* Szi Kantszi — Konfutsiyning shogirdlaridan, davlat amaldori.

Rus tilidan Sa’dulla Ahmad o‘girmasi

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.