background
logotype

Mansurxon Toirov. Zehnimiz chaqinlari

• Eshikning borligi, bu — undan hamma ham kiraverishi mumkin degani emas.

• Sassiq alaf ham gul. Uning ham oshiqlari bor.

• Chiqindilar ichida nimani ko‘rsak ko‘raylik, ammo... beshikni emas!

• To‘ng‘iz quvsa qochgan ma’qul.

• Yer me’yorini bilib bir tekisda harakatlangani uchun ham milliard yillardan beri harakatdan to‘xtamayapti.

• Ko‘p farzandli bo‘lish asl baxt ekanini o‘z vaqtida bilganimda edi...

• Umrim bo‘yi avliyolarni uchratdimmi yoki yo‘qmi – bilmadim, lekin avliyolikka davogarlarni juda ko‘p ko‘rdim.

• Pulni harom deyayotganlarning ko‘pchiligi uni boshining tagiga qo‘yib yotadi.

• Fikrlashdan to‘xtagan kunim qariligim boshlanadi.

• Muhabbatdan boshqa hech narsaning eshigini uch martadan ortiq taqillatmang.

• Yaxshi kitob – beg‘araz ustoz.

• O‘qigan kitobingizdan bir jumla bo‘lsa ham yozib qo‘ying.

• Zahar ham, g‘azab ham o‘z o‘rnida kerak.

• Isbotingiz bo‘lmasa, hech narsaga shubha bilan qaramang.

• Ertaklarni o‘qib turing, yoshligingizga qaytasiz.

• Aql va vijdon yolg‘on gapirmaydi.

• O‘zingizdan kechirim so‘rashni ham biling.

• O‘zingizni kechira bilishni ham o‘rganing.

• Insonni hayvondan til emas, nomus va vijdon farqlaydi.

• Insoniyat qachonlardir o‘zini albatta anglaydi.

• Barcha dardlar ichida bedavosi hasaddir.

• Ota qadrdonlarini ziyorat qilish – otaning ziyoratiga teng.

• Do‘st ham, dushman ham borligiga ishoning.

• Muhabbatni hisobga olmasa, so‘zdan kuchli narsa yo‘q.

• Hech qachon hech kimga sig‘inmang.

• Otaman, onaman, farzandman deyishga hamma ham haqli bo‘lavermaydi.

• Mehrli odamlarga havas qiling.

• Do‘stlarim – tayanchim, dushmanlarim – quvvatim.

• Yo‘lga chiqishning o‘zi – yarim masofani o‘tmoqdir.

• Kelinlik libosi bo‘lmasa, qanday kuch qizlarni begona ostonaga yetaklab kirgan bo‘lur edi?

• Chin muhabbatda u sizniki emas, siz uniki bo‘lasiz.

• Kim nimaga zor bo‘lsa, shu haqda ko‘proq gapiradi.

• Afsus, ko‘pincha tuhmat g‘olib keladi.

• Oltin zanglamaydi, lekin pachaqlanadi. Undan turli shakldagi bezaklar yasash mumkin.

• Menga baxt-saodatga yetaklaydigan haqiqatnigina bering.

• Yaxshilik urug‘ini ko‘p sepdim, lekin onda-sonda bitta-yarimtasigina meva bergandek bo‘ldi.

• Yaxshilik urug‘ining mingdan biri nihol bersa, yomonlik urug‘ining har biri minglab nihol beradi.

• Ko‘plab do‘stlarim dushmanga aylanganini ko‘rdim, ammo birorta dushmanim do‘stga aylanmadi.

• Nimani astoydil niyat qilib intilsangiz, shunga albatta erishasiz.

• Eng yaqin do‘st ham, eng katta dushman ham faqat yolg‘iz o‘zingiz.

• Insonni inson qilgan mehnat emas, muhabbatdir.

• Men havas qiladigan odamlar juda ko‘p va har kuni ularning safiga yana bir talayi qo‘shilib boradi.

• Ba’zan bilim ojiz bo‘lgan hollarda o‘qituvchilarimni eslab qo‘yaman.

• Biror masala bo‘yicha kim bilandir tortishganda o‘zimni dono sezaman, qolgan paytlarda esa nodon.

• Mehr kunda, g‘azab kunida kerak.

• Boshiga kulfat tushgan odamning maslahat so‘ragani – yordam so‘ragani.

• Otangiz ko‘rsatgan yo‘lga ham o‘ylab qadam qo‘ying.

• Bitta gugurt qutisi har xil ko‘rinishi mumkin. Bu unga qaysi tomonidan qarashimizga bog‘liq.

• Yosh bola yosh boladek, katta odam katta odamdek bo‘lsin. Aksincha bo‘lsa, undan g‘alati narsa yo‘q.

• Hech kim menchalik sevmagan, degan xulosaga kelmaguningcha chin muhabbatga erishmagan bo‘lasiz.

• Muhabbatga yengil qarashdan ortiq yengiltaklik bo‘lmasa kerak.

• Eng katta yutuqlarim odamlarga bo‘lgan ishonchim va ishonchsizligim natijasi. Eng katta omadsizliklarim ham odamlarga ishonchim va ishonchsizligim oqibatidir.

• Ba’zan men odamlarni tanimay qolaman, ba’zan odamlar meni tanimay qolishadi, ba’zan o‘zimni o‘zim tanimay qolaman.

• Agar o‘zim qarashib yubormasam, hech kim meni yo‘lga sola olmagan bo‘lar edi...

• Birinchi bo‘lib, astoydil salom berish lazzatini begona qila ko‘rmang.

• Qudalar qadrdoning hisoblanadi, lekin yo‘lingiz tushib qolsa ham qudanikiga kira bermang!

• Agar biror kimsada qasdingiz bo‘lsa, menga ayting: soatlab hol-ahvol so‘rab tinka-mador quritadigan o‘ta sergap tanishim bor, shunga ro‘para qilib qo‘yaman.

• Eshik o‘zingizniki bo‘lsa ham, g‘ijirlagani yoqmaydi.

• Tegirmon toshining og‘ir ekanligini bilish uchun tegirmonchi bo‘lish shart emas.

• Bitmaydigan ishning o‘zi yo‘q, lekin qachon bitishi noma’lum.

• Haqiqat kimga yumshoq, kimga qattiq.

• Har qanday so‘z fikrning, har qanday ish fikr va so‘zning ko‘lankasi.

• Har qanday yaxshi fikrdan ham yaxshiroq fikrlar bo‘ladi.

• Insonni cheksiz ilm ummoni o‘rab turadi. Uni ko‘ra bilish kera, buning uchun uni bilimga aylantirish kerak.

• Aniq dalilingiz bo‘lmasa, hech narsani inkor etmang.

• Yaxshi, yomon olim bo‘ladi. Ahmoq olim ham bo‘ladi.

• Ikki og‘iz gapini eshitmay turib, kishiga baho bermang.

• Ro‘parangizda inson turganini hech qachon unutmang.

• Muhabbat olami eshigi hech kimga qulflangan emas, lekin ushbu eshikni o‘zingiz ochishingiz kerak bo‘ladi.

• Hech kim o‘zingizga o‘xshamaydi. Hattoki o‘zingiz ham kechagi o‘zingizga o‘xshamaysiz.

• Go‘zallikni sezgan kuningizdan boshlab insonlikki qadam qo‘ygan bo‘lasiz.

• Men o‘zimning kim ekanligimni bilishga butun umrimni bag‘ishladim.

• Oppoq ko‘ylak hammaga ham yarashadigan kun albatta bo‘ladi.

• Umrim o‘tib borgan sari fikrim navqironlashib borganiga guvohman.

• Ota kelar oshiqib, rizqni boshlab eshikdan.

• Soylardan bahra olib daryolar paydo bo‘lur.

• Muvaffaqiyatga erishish uchun eng avvalo o‘zingiznini ayamang.

• Ham rejalik bo‘ling, ham himmatli.

• Sariyog‘ buzilsa, tuz sepiladi, tuz buzilsa, nima sepiladi?

• To‘yning katta-kichigi bo‘lmaydi. To‘yga qilingan sarf-xarajatning katta-kichigi bo‘ladi.

• Oyni etak bilan yopib bo‘lmaganidek, chiroyni ham yashirib bo‘lmaydi.

• Bolalaringiz tarbiyasidan ko‘ra nabiralar tarbiyasiga vaqtingiz ko‘proq bo‘ladi.

• Befarosat odamga so‘z bilan uqtirolmagan bo‘lmagan fikringizni farosatli odamga ozgina ishora bilan yetkazish mumkin.

• Bir oz illat aralashgan po‘lat po‘lat emas.

• Odamning soddasi bo‘lmaydi, sodda ko‘rinishdagi odamlar bo‘ladi.

• Do‘stim yo‘q desangiz, do‘stingiz bo‘lmaydi, tinchim yo‘q desangiz tinchingiz bo‘lmaydi, hech narsam yo‘q desangiz hech narsangiz bo‘lmaydi.

• Bu dunyo misoli jannat hamda do‘zax o‘rtasidagi qilko‘prik, goho unisiga, goho bunisiga tushib ketay deysiz.

• Oltinning ham sifat darajasi bo‘ladi.

• Kattalar urishganida yoki yomon muomalada bo‘lganida yosh bolalarning kek saqlamasligiga qoyil qolaman. Bu ular qalblarining nihoyatda sof va sog‘lomligidan bo‘lsa kerak. Qaniydi bizlar ham shunday bo‘lsak...

• Ozga qanoat qilgan odamning ko‘pga qanoat qilmay qolgani kishini hayratga soladi.

• Yer dumaloq ekanini hamma biladi, lekin Yer dumaloq emasligini hamma ko‘radi.

• Barcha yaxshiliklar muhabbatdandir.

• O‘g‘rining millati bo‘lmaydi.

• Odamning ko‘nglini topish qiyin, yo‘qotish oson.

• Insoniyatni mardlik va go‘zallik taraqqiyot tomon boshlaydi.

• Yerdan topasan, yerga qarab yur, ammo hamisha tepangga qarashni ham unutma.

• Mushtumi baquvvatni emas, yuragi baquvvatni mard deydilar.

• Suqrotning so‘zini aytish uchun Suqrot bo‘lish shart emas.

• Ba’zi bir kuyovlar – o‘g‘il, ba’zi o‘g‘illar yov bo‘ladi.

• Butun olamning yaxshiligiyu yomonligi kichkina bir qalbga joy bo‘lganiga hayron qolasiz.

• Vijdon bor bo‘lsa, u faqat... sof bo‘ladi.

• Bilinki, eng ishonchli do‘st ham, eng xavfli dushman ham – o‘zingizsiz.

• Mol ulashib hech kimga yetkaza olmaysiz, shirin so‘zingiz esa hammaga yetadi.

• Quvonmoqchi bo‘lsangiz, bolalaringizga boqing, yanayam quvonishni istasangiz — nabiralaringizga!

• Odamga eng yarashiqli libos — odob libosidir.

• Xaqiqatdan buyukroq narsani ko‘rsating!

• Xotin, bola-chaqa sizga qanchalar yaqin. Ota-ona, aka-uka, opa-singillarni ham aynan shu qarich bilan o‘lchab turing: shunda ular ham sizga naqadar qadrli ekanini bilasiz.

• Qo‘shningiz kim ekanini bilmoqchi bo‘lsangiz, uyingizni ta’mirlashni boshlang!

• Hech kimning yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lmaganingizga imoningiz komilmi?

• Ko‘zyoshining ta’mi bir xil bo‘lgani bilan sabablari boshqa-boshqa.

• Keraksiz haqiqatlar ham bo‘ladi. Ularni bilish faqat baxtsizlik keltiradi.

• Go‘zallik doim baxt keltiravermaydi, hatto ko‘pincha baxtsizlikka sabab bo‘ladi, lekin go‘zal bo‘lmoq... qanchalar yaxshi.

• Katta yo‘l turganda xilvat so‘qmoqlarga faqat sevishganlar va "qorabotir"lar qayriladi.

• Evoh, necha marta do‘st deb dushmanning etagidan, dushman deb do‘stning yoqasidan tutdim!

• Chig‘atoy qabristoni — yurtimning yaxshi-yomon tarixi...

• Yoqtirmagan kishingizning yonida bo‘lgandan tegirmon toshining tagida bo‘lgan yaxshiroq.

• Tuflisi po‘rim odam oyog‘iga ko‘p tikiladi.

• It hurar — karvon o‘tar. Hurayotgan it sizniki, karvon begonaniki bo‘lsa ham!

• Tavba, menga va oilamga g‘ayirligi bor odamlarni ham uyimdagi ziyofatga taklif qilgim kelaveradi!

• Bandasi u yoqda tursin, Ollohdan ham nimani so‘ramog‘u qanday so‘ramoqning yo‘l-yo‘rig‘i bor.

• Olam g‘am-g‘ussaga limmo-lim. Hamdardlar esa yakkam-dukkam. Biroq tomoshabin ko‘pligi ajablanarli. Bu manzara sherlar ohu podasidan bir ohuni g‘ajiyotganida, boshqalari navbatini kutib tomosha qilishiga o‘xshaydi.

• Osh-ovqatdan o‘zini va bola-chaqasini sirgan odam pulini yig‘ib-yig‘ib dori-darmonga sarf qiladi yoki tabibga olib borib beradi.

• Birovni orqasidan yomonlash qiyin emas, maqtash qiyin.

• Ko‘pchilik birlashsa, qudratli kuchga aylanadi, albatta, lekin bu hali haqiqat degani emas.

• Sevganmisiz, loaqal oshiqlarning ko‘zini ko‘rganmisiz?

• Sevaylik! Sevilmasak... shoir bo‘larmiz.

• Kishi ba’zan dallollarga ham zor bo‘ladi.

• Evoh, qancha-qancha yaxshi odamni yomon deb bilamiz. Qancha-qancha yomon odamni esa yaxshi deb. Gunohi — yanglishganning gardaniga!..

• Ko‘rsatgan yo‘lingiz uzunmi-qisqami, menga baribir — adashtirib qo‘ymasangiz bo‘lgani.

• Yo‘qsillar do‘st-dushmanning oldida sir boy bermaslik uchun yuzlarini shapatilab, qizartirib yuradi. Davlatmandlar esa xadeb yo‘qlikdan, yetishmovchilikdan, qimmatchilikdan shikoyat qilgani qiziq!

• Eshikning borligi, bu — undan hamma ham kiraverishi mumkin degani emas.

• Oshiq-moshiqlar faqat eshik-romlarnigina emas, butun dunyoni ham ushlab turadi.

• Ovga chiqqanning ov bo‘lish ehtimoli ham bor.

• Hech narsadan ko‘rqmaydigan odam bo‘lmaydi, hech narsadan uyalmaydigan odam bo‘ladi.

• Tushingizda bo‘lsa ham, birovning narsasini olgan bo‘lsangiz, qaytarib bering!

• Ba’zi odamlar buzuq taroziga o‘xshaydi. Nimani bo‘lsa ham, o‘lchab, baholab tashlayveradi, lekin biror marta haqiqatga yaqin kelolmaydi.

• Odamning "po‘kagi"yam suvda cho‘kadi.

• Katta yo‘ldan katta-kichik arava yuraveradi, lekin kichik yo‘ldan katta arava yura olmaydi.

• Majbur bo‘lsa, it mushukni yelkasida olib yuradi.

• Supra yozilgan uyda albatta dasturxon ham yoziladi.

• Dushmanlar qurshovida bo‘lsangiz, jannat — do‘zax; do‘stlar qurshovida bo‘lsangiz, do‘zax — jannatmasmikan? Yana... O‘zing kechir, Ollohim!

• Har kimning oxiratini bersin. Oxirat esa shu dunyodan boshlanadi...

• Maslahat so‘raganga maslahat bermaslik yordam bermayman, deyishlik bilan barobar.

• Yaxshi yomonni farqini bilgan kuningdan boshlab donoliging boshlanadi.

• Muhabbatda tildan ko‘ra qalblar ko‘proq gaplashadi.

• Hech kimga siringni, ahmoqqa fikringni aytma.

• Do‘l ham, nur ham osmondan yog‘adi.

• Ollohga ibodat qilmoqchi bo‘lsangu sajdangda kimnidir yo‘lini to‘sadigan bo‘lsang ibodat joyingni o‘zgartir.

• Iblis kibrga ketgunicha olamda faqat yaxshilik hukmronlik qilgan, demak kibr yomonlikning bosh mezonidir. Kibrdan saqlanaylik.

• Menga quyoshning doimo nur sochib turganidan ko‘ra bahordagi kabi goh bulut ortiga yashirinib goho mo‘ralagani ko‘proq yoqadi.

• Arximed jahongir bo‘lish uchun Iskandar kabi sarson bo‘lib olam kezmagan.

• To‘nka axir bir kun chiriydi, ado bo‘ladi va odamlar undan qutilishadi.

• Haroratning sovug‘i suyakkacha, turqning sovug‘i yurakkacha yetib boradi.

• Pulni harom deyayotganlarning ko‘pchiligi uni boshining tagiga qo‘yib yotadi.

• Barcha jonzotlarning nimasidir odamzodda aks etgan.

• Gurungni qizdirishga yuz dono kamlik qiladi, bir ahmoq ko‘plik qiladi.

• Yurak uryapdi degani qalb bor degani emas.

• Odamlarga o‘rinli yo‘talib bo‘lsa ham yaxshilik qil.

• Ba’zan dono odam ham mushtlashadi, chunki unda ham musht bor – adolatli musht.

• Maqola, she’r, hikmat yozish uchun qog‘oz-qalamdan bo‘lak yana nimadir kerak.

• Eng oson narsa dushman topish, eng qiyin narsa do‘st topish. Shuning uchun uyingni poyini emas to‘rini do‘stinga ber.

• Eng katta erkinlik yovvoyi hayvonlar va hashoratlardadir. Agarda shu demokratiya bo‘lsa menga bunday demokratiya mutlaqo kerak emas.

• Gavharni topgan emas, gavharning o‘zi aziz.

• Yo‘lga chiqqaningda tog‘ cho‘qqilari emas, jarliklari xavfli.

• Tabiatni naqadar go‘zal ekanini sezish uchun unga ma’shuqasiga yetishgan oshiq ko‘zi bilan boqing.

• Bulut bulutga ergashadi.

• Quyosh sharqdan emas ota yurtdan chiqadi.

• Daraxt ildizi bilan yerni, bargi bilan quyoshni emadi.

• Ba’zi odamlar supurgiga o‘xshaydi. Yoshligida muloyim, qartayganida tekan joyini timdalaydigan bo‘ladi.

• Muhabbat quchoqqa sig‘maydi.

• Ajab, qanchadan-qancha tabiblar bu olamni o‘zlari davolayotgan bemorlaridan oldin tark etishadi.

• Yigit kishiga yetmish ikki hunar ham oz, lekin bitta hunarni puxta, qoyilmaqom qilib egallab olsang xizmatinga yetmish ikkita yetmish ikki hunarli paxlavon, zabardast yigitlar har kuni tayyor turadigan zamon keldi.

Mansurxon Toirov,

fizika-matematika fanlari doktori, professor

Hikmatlar “Tafakkur” jurnali, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Vatanparvar”, “Ma’rifat”, gazetalari sahifalaridan saralab olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.