background
logotype

Moturidiy pandnomasi

 BIRINCHI BOB
  
- Xudoga takya qilmoq kerak. Nimani xohlasang U beradi. 
- Uni asra, U ham seni asraydi.
- U berganni hech kim tortib ololmaydi.
- Unga kim itoat etsa, hamma unga farmonbardor bo‘ladi. 
- Kimdakim Undan qo‘rqsa, boshqalar sendan qo‘rqishadi. 

Shayx Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy taxminan 870 yili hozirgi Samarqand viloyatining Moturid qishlog‘ida tug‘ilib, 975 yili vafot etgan. U Samarqandning Chokardiza qabristoniga dafn etilgan. Moturidiy xususiy muallimlarda, so‘ngra esa Samar¬qand madrasalarida tahsil ko‘rgan. Olim umr bo‘yi Samarqand madrasalarida mudarrislik qilgan. Moturidiy  “Kitob – at tavhid”, “Kitob al-usul”, “Ta’vilot al Qur’on” (Qur’on tafsiri) singari o‘nlab ilmiy-nazariy asarlar, “Pandnoma” asarining muallifidir. Buyuk olimning islom ta’limoti sofligini asrashda xizmati katta. Navoiy “Nasoyim-ul-muhabbat”da Moturidiyning ruhiy-ilohiy qudrati haqida alohida hikoyat keltirgan. Uning “Pandnoma”si X asr pandnomasining eng yaxshi namunalaridan bo‘lib, kitobxonni ilm o‘rganishga, kasb egallashga, yaxshi xulq egasi, insonparvar, shirinsuxan, saxovatpesha bo‘lishga undaydi.
Quyida ushbu asardan tarjimani e’tiboringizga havola etamiz. 


- Tavhidni umring sarmoyasi deb bil.
- Dunyoparast bo‘lma, Xudoning dushmanini sevgan bo‘lasan.
- Chin e’tiqod bezavol ganjdir.
- Martabani sabrdan izla. 
- Qurolingni ilmdan yasa.
- Saxovatpesha bo‘l.
- Faqirlikni faxr bil.
- Oxirat yo‘l ozuqasini taqvodon ko‘zla.
- Oxirat yo‘lini taqvodan qur.
- Ibodatdan shodlik ista.
- Rostgo‘ylikda kamol izla.
- O‘limni aslo unutma.
- Shodlikni ibodatdan ko‘zla. 
- Haq hukmiga rozi bo‘l.
- Farishtalar, Rasuli akram va Alloh kitobini hurmat qil.
- Haq so‘zini imon bil.
- Yaxshilar bilan do‘stlash.
- O‘zingdan qochib Haqqa yetgin.
- Halolni-halol, haromni-harom bilishga o‘rgan. 
- Dushmanga ozor berma, ammo qo‘lingdan kelsa mahv et.
- Xorlik istasang xiyonatchi bo‘l.
- Be’manilardan hazar qil.
- Nodonni tirik sanama.
- Sabrli bo‘l, murodingga yetasan. 
- Har bir ishda hamkor izla.
- O‘zlikni anglashni buyuk xislat bil.
- Donishingni xor qilma.
- Kam gapir, oz yeginu kam uxla.
- Xilofkorlikdan qoch, Allohdan noumid bo‘lma. 

IKKINCHI BOB

- Taqvoni qo‘rqmas askar bil.
- Dono ko‘ringan nodondan hazar qil.
- Ilmda hammadan kamtar bo‘l.
- O‘rgan va o‘zgalarga o‘rgatgin.
- Eshitmagan narsang haqida gapirma.
- Birovga haddan tashqari tanbeh ham berma, behudaga maqtama ham.
- Qulog‘ing bilan eshitganingni mahkam tut.
- Rost gapiru o‘zgalarning aybini kovlama.
- So‘ramasalar javob berma, aytmagan joyga borma.
- Xarid qilinmaydigan narsani sotma.
- Olinmaydigan narsani sotma.
- Kaltak yemayin desang, begunohga qo‘l ko‘tarma.
- Yaxshilikni jondan izla.
- O‘zgalar qalbini ovlamoqchi bo‘lsang, yaxshilik qilishga odatlan.
- Baloni takobirlik natijasi bil. 
- Qalbingni hasad o‘ti bilan kuydirma.
- Balodan ibrat ol.
- Hamisha sir asrovchi bo‘l.
- Jafopesha bo‘lma.
- Me’yori bilan yegin, nizomi bilan gapirgin. 
- Xushxulq va beozor bo‘l.
- Tavfiqni Xudoning fazilati bil. 
- Kishilarga qattiq gapiruvchi bo‘lma.
- Boylikni iqbol bil, uni xarj etmaslikni esa badbaxtlik bil. 

UCHINCHI BOB

- Har kimning nonini yeya berma, ammo  hammaga non yedir.
- Molu davlat orqasidan yuguruvchi bo‘lma.
- Haq xikmatini ilmingdan afzal bil.
- Ilmingni ehtiyot qil. 
- Alloh hikmatini o‘z bilimingdan yuksak bil.
- O‘zingni ta’rif etishdan saqlan.
- Hamisha Alloh shukronasida bo‘l.
- Jonni omonat bil.
- Allohni hamisha berguvchi, deb bil.
- Umringni inoyat bil.
- Tadbirni taqdir bilan bog‘la. 
- Sog‘likni g‘animat bil.
- Oxiri ziyon keltiradigan foydaning atrofida o‘ralashma.
- Ajalni hech qachon faromush qilma.
- Ilm o‘rganishdan aslo tinchima.
- Kalondahanlik qilma.
- Nasiyani mol deb bilma.
- Martabayu izzatni ilmdan izla.
- Shahvat asiri bo‘lma.
- Afv etmoqni hech kimdan darig‘ tutma.
- Rost yo‘lda yengiltaklik qilma.
- Sulhning iloji bo‘lmasa, jang¬dan qochma.
- Dushmanni haqir bilma.
- Do‘sting ming bo‘lsa ham kam.
- Har qanday dushmandan ehtiyot bo‘l.
- Sendan qo‘rqqandan sen ham qo‘rq.
- Dushmaningning dushmani bilan do‘st tutin.
- Do‘stlaringning do‘stlari orasida bo‘l.
- Do‘stingning dushmanidan g‘ofil bo‘lma. 
- Rahmsizga shafqat qilma.
- Nokasdan qarz olma.
- Ajdodlaring qadrini e’zozla.
- Johil zohidga inonma.
- Omonatga xiyonat qilguvchi bo‘lma.
- Sinamagan odam bilan safarga chiqma.
- Hirsu xusumatni najosat bil.
- O‘z misqolingni o‘zgalar botmonidan afzal bil.
- Odamlarning oldida nima desang, orqasidan ham o‘shani gapir.
- Birovning moliga muhtoj ekansan, bilgilki, uning qulisan.

TO‘RTINCHI BOB
 
- Behudalikni ofatlarning boshi bil.
- Birovning minnatini ko‘taru, minnat qilguvchi bo‘lma.
- Tilingni hamisha dashnomdan tiygil.
- Hojat chiqarishni buyuk ish deb bil.
- Yaxshilik qilganingni aytib yurguvchi bo‘lma.
- Yomonlikni ofatlarning boshi, deb bil.
- Yomonlarga yordamlashma.
- Do‘stlaringni yomonlaguvchi bo‘lma.
- Yomonlarni o‘zingga yo‘latma.
- Dushmaning bilan inoqlashgan do‘stdan qo‘rq.
- O‘zgalar g‘amidan xursand bo‘lma.
- Senga ishi tushgan odamni ranjitma.
- Tuhmat bor joydan qoch.
- Ota xatosi uchun tanbeh berma.
- Sultonga gustohlik qilma. 
- Darvesh qardoshingni shod tut.
- G‘amgusor bo‘ladigangagina dardingni ayt.
- Sharobu taomni kam ye, ko‘pini o‘zgaga ber—esin.
- Xalq bilan shunday yashaki, ular hamisha sen bilan bo‘lishsin.
- Shuhratmandlikda o‘zingdan ketma.
- Birovlarning g‘amidan shodlanuvchi bo‘lma.

BESHINCHI BOB

- Orzu-umid farzandi bo‘l.
- Oila a’zolari haqqini unutma.
- Qalbingni din bilan dono  qil.
- Odamlar sendan umidvor bo‘lib yashasin.
- Martaba, boylikka erishgach, o‘zliging unutma.
- Davlat paytida balandhimmat bo‘l.
- Og‘ir kunlarda sabr-bardoshli bo‘l.
- Oz dardni ko‘p bil.
- Boylikka erishgach, himmatbaland bo‘l.
- Saxovatda va’daxilof bo‘lma.
- Diyonatda bardam va mustahkam bo‘l.
- O‘zingni orzular daryosiga g‘arq etma.
- Nodondan yiroq yurishga intilgin.
- Baxillik bilan martaba qozonolmaysan.
- To‘g‘ri yo‘lni ochguvchi ilmdir.
- G‘amg‘usoringga g‘amingni ayt.
- Hech kimga haqorat ko‘zi bilan boqma.
- Xalq bilan bir tan, bir jon bo‘l.
- Nokas va bedinga non berma.
- Mehmonga sertakalluf bo‘lma.
- Ahdu paymonda sobit bo‘l.
- Yomon tanishingni uyga yo‘latma.
- Molingni noo‘rin va bekorga sarflama.  
- Hayot tajribasidan rizq izla.

OLTINCHI BOB

- Dono suhbati har ikki jahon uchun foydalidir.
- Haq rizoligi bilan kun kechir.
- Payg‘ambarlarni hamisha tirik bil.
- Va’daga vafoni saxovat bil. 
- Umring lazzatini yaxshilar suhbatidan ko‘zla.
- Umid rishtasini hargiz uzma.
- Baxildan yaxshilik kutma.
- To‘g‘ri yo‘lning kalitini ilm deb bil. 
- Umringni sahroda o‘tkazma.
- Qalblar do‘stligini xomushlikdan izla. 
- Hamma bilan oshno bo‘lishga intil.
- Janjallashgan qarindoshlarni yarashtirishga intil.
- O‘g‘irlik moldan ulush olma.
- Hech kimga haqorat ko‘zi bilan boqma.
- Ayollardan ustun bo‘lishga intilma.
- Go‘daklarga nasihat qilma.
- Nodon bemorni davolama.
- Mast yigitga nasihat qilma.
- Do‘stlar aybini o‘z vaqtida ayt.
- Siringni do‘stdan ham, dushmandan ham pinhon tut.
- Dono suhbatini har ikki jahon uchun foyda deb bil.
- Har ishni maslahat bilan qil.

YETTINCHI BOB

- O‘tganga, to‘kilganga va ketganga afsuslanma.
- O‘zingga hamjins va hammaslak do‘st tanla.
- Hamma bilan yarashib yashashga intil.
- Berahm odamlarni do‘st qatoriga kiritma.
- Sog‘liqni hayot garovi bil.
- Toshbag‘irlar bilan hamsuhbat bo‘lma.
- Ikkiyuzlamachidan vafo kutma.
- O‘z yukingni o‘zgalarga oshiradigan bo‘lma,
ammo o‘zgalar yukini ko‘targuvchi bo‘l.
- Manfaatsiz tiriklik o‘lim bilan barobar.
- Ko‘p gapirmoqni gunoh bil.
- Hojatingni Allohdan tila va ista.
- Do‘stlaring xatosini aytib turgin. 
- O‘zgalar moliga mehr qo‘yma.
- Do‘stingni hamisha esda tut.
- Xizmatkorni urushga yuborma.
- Aytilmagan joyga borma.
- Nodon do‘stga ishonma, chunki suvga suyansang g‘arq bo‘lasan. 
- Yaxshilarning tirigini ham, o‘ligini ham ziyorat qil.
- Qo‘rqoqlikni o‘limdan og‘ir bil.
- O‘zingdan keksalarni ulug‘ bil.
- Tiriklik haqiqatini sog‘likda, deb bil.
- Hech kimning sirtiga qarab baho berma, aldanasan.
- Maqsadsiz hayot bilan o‘limni birday bil.
- Tilingga ehtiyot bo‘l.
- Hammadan yaxshi so‘z o‘rganishga intil.
- Hasadgo‘y do‘stdan parhez qil.
- Dushman bilan sulh tuzishga intil.
- Sabrni maqsadga yetish vositasi bil.
- Nizomsiz lashkar lashkar emas.
- Qurolsiz jasurni nodon bil.
- Yurt obodligini tilasang, ochiqqo‘l bo‘l.
- Qalbing pokiza bo‘lsa, murodga yetasan.
- Nifoq ilmsizlik belgisidir.
- Ranjni osoyishtalik vositasi bil.
- Shariatni tan deb o‘yla,
  Tariqatni qalb, deb angla,
  Haqiqatni esa, jon deb tanigin.

SAKKIZINCHI BOB 

- Yaxshiligingni el bilsin desang, yomonlarga ta’na qilma.
- Yomon so‘zga quloq tutma. 
- O‘zingdan yoshi kattalarni ulug‘ sana. 
- Til saqlashni umr salomatligi bil.
- Yaxshi so‘zni hammadan tinglashga odatlan.
- Bu jahon manfaati uchun jahonni sotma.
- O‘zingga nimani xohlasang, Haq bandalariga ham o‘shani ista.
- Dorini sog‘ paytingda ich.
- Uzoqdan bo‘lsa ham ilm o‘rganish payida bo‘l. 
- Hasadchi do‘stdan parhez qil.
- O‘tmish hayotingni o‘z imoming bil.
- Johil amirdan hazar qil. Undan keladigan oz siylovni ko‘p bil.

TO‘QQIZINCHI BOB

- Maqsadga yetish yo‘lini sabrda bil.
- Nasihatga quloq tutmaydigan lashkar — lashkar emas.
- Itoatsiz raiyat — raiyat emas.
- Qurolsiz shijoat nodonlikdir.
- Yurting obodligini istasang, xalqingni himoya qil.
- Mulkning nizomli rivojlangan bo‘lishini istasang, xoliq va xalqning xursandligini ko‘zla.
- Buyuklarning kichiklarga xizmatini kichik bil,
   Kichiklarning buyuklarga xizmatini buyuk bil. 
- Yengiltaklikni xorlik va devonalik bil.
- Hashamdorlik, baxillik va hasadni tanang, moling, martabang uchun zahar bil.
- G‘ofil amirni amir sanama.
- Hiradmand(donishmand)lar suhbatini ko‘zla.
- Jahon ko‘rgan kishilarni nadim qil.
- Olam obodligini karamu adolatda bil.
- Qalbingni pok tutsang, murodga yetasan.
- Maqtanchoqlik qilma, birov seni maqtasa, undan faxr¬lanma.   
- Nifoqni ilmsizlik oqibati, deb bil.
- O‘z aybingni ko‘rguvchi bo‘l.
- O‘zingni ta’madan yiroq tut.
- Ranjni osoyishtalik natijasi bil.
- Zahmat oqibatini shodlik, deb bil.

O‘NINCHI BOB

- Hamisha aziz bo‘lay desang, xorlik bilan hunar o‘rgan.
- Baloni sadaqa bilan daf et.
- Hurmatni boylikdan afzal bil.
- Takabburlarni dev sana.
- Dono do‘st nasihatini qabul et.
- Nojins suhbatidan parhez qil.
- Hoyu havas otashini o‘ldir.
- Jangda balandovoz bo‘l. 
- Yaxshi so‘zni aziz tut. 
- Hammaning o‘zingga dushman bo‘lishini istasang, takabbur bo‘l.
- Yomon ko‘zdan qo‘rq.
- Dinni ilm bilan asra.
- Agar xalqning do‘st bo‘lishini istasang, boylikni dushman bil.
- Tinchlik istasang, hech kimga yomonlik qilma.
- Ulug‘lik istasang, iftixordan qoch.
- Duoni quroldan afzal bil.
- Umidni ganjdan ortiq bil.
- Shunga intilginki, o‘limdan so‘ng ham tirik yurgin.
- Alloh xohlamagan hamma narsani botil sana.
- Ozorning yo‘lini ehson bilan to‘s. 

Forsiydan Hamidjon Homidiy tarjimasi.

 

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.