background
logotype

Benjamin Franklin

BENJAMIN FRANKLIN
(1706-1790)


Amerikalik faylasuf olim, siyosatchi, diplomat va ixtirochi Benjamin Franklin ingliz muhojiri Jozef Franklin oilasidagi 17 farzandning sakkizinchisi edi. Uning otasi hunarmand bo‘lib, sovun va sham ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. Yosh Benjamin o‘zi mustaqil tahsil olgan. U birinchi bo‘lib tebranma o‘rindiqni ixtiro qilgan edi.
1746 yilda Benjamin tasodifan doktor Spensning «fizika xonasi mo‘‘jizalari» seansiga boradi. U yerda ilk bor elektr mashinasi bilan tanishadi va elektr tajribalariga qiziqib qoladi. 
1776 yilda u Farangistonga elchi sifatida jo‘natiladi. Benjamin Franklin Amerika Konstitutsiyasining mualliflaridan biri hamdir.
Shuni aytish joizki, insoniyat tarixidagi eng ajoyib va buyuk ixtirolardan biri hisoblanmish yashin qaytargichni ham Benjamin Franklin o‘ylab topgan. U elektr sohasidagi kashfiyotlari va boshqa ko‘plab amaliy yangiliklari bilan jahonga dong taratdi. Faylasuf sifatida esa insoniy munosabatlar muammosini tadqiq etib, ko‘plab foydali amaliy tavsiyanomalar yozib qoldirdi. «Vaqt – pul», — degan mashhur hikmatning muallifi ham Benjamin Franklindir («Yosh savdogar uchun maslahatlar» asarida). Uning eng mashhur asarlari quyidagilar: «Ozodlik va zaruriyat, huzur-halovat va iztirobga doir mulohazalar» (1725), «Boy bo‘lishni istovchilar uchun muhim maslahatlar», «Mo‘l-ko‘lchilikka yo‘l» (1758), «Hushtak», maktub-hikoya, (1779).
XVIII asr Amerikasi Benjamin Franklin kabi har tomonlama qobiliyatli va sermahsul odamni ko‘rmagan. Yozuvchi va noshir, olim va jamoat arbobi, diplomat va faylasuf Benjamin Franklinga vatandoshlari «Eng ilg‘or amerikaliklar orasidagi birinchi shaxs» deb baho berganlar. Benjamin Franklin 84 yoshida vafot etdi va butun Amerika xalqi 30 kun motam tutdi. Uning nomi insoniyat ko‘rki, ilm, ozodlik va Vatan uchun beqiyos xizmat ko‘rsatgan daho sifatida «Insoniyatning eng buyuk namoyandalari» ro‘yxatiga kiritilgan.


* * *
Deyl Karnegi shunday yozgandi: «Agar siz odamlar bilan qanday muomalada bo‘lish, o‘zingizni qanday boshqarish va qaysi yo‘l bilan fazilatlaringizni kamolga yetkazish haqida a’lo maslahatlar olishni istasangiz, Benjamin Franklinning tarjimai holini o‘qing… Benjamin o‘z xotiralarida o‘zidagi eng katta qusur – bahslashish odatini qanday qilib yo‘qotgani va Amerika tarixidagi eng bilimdon, adabli, farosatli odamga aylangani haqida hikoya qiladi…»

* * *
Ma’naviyatdan mahrum siyosatda qonunlar nima ham qila olardi?

* * *
O’ylaymanki, fikrlar haqida ularning ta’siri va natijasiga qarab hukm chiqarmoq kerak.

* * *
Hamma bilan xushmuomala, ko‘pchilik bilan dilkash, ayrimlar bilan esa betakalluf bo‘l.

* * *
Siz bahsga kirishib, qiziqqonlik bilan suhbatdoshingizning fikrlarini rad etishingiz va g‘olib chiqishingiz mumkin. Lekin bu g‘alaba hech qanday naf keltirmaydi. Chunki hech qachon siz bilan bahslashgan muxolifingizning xayrixohligiga erisholmaysiz.

* * *
Uch ko‘chish bir yong‘in bilan teng.

* * *
Dangasalik zangga o‘xshaydi. Narsalar ko‘p ishlash oqibatida emas, zangdan tezroq yemiriladi. 

* * *
Men asta-sekinlik bilan shunga ishonch hosil qildimki, insonlararo munosabatdagi samimiylik, haqiqatgo‘ylik va haqqoniylik hayotiy baxtga erishishda katta ahamiyatga ega.

* * *
Tajriba — qimmatli maktab. Lekin ahmoqlar uchun shundan o‘zga maktab bo‘lmasa nima qilish kerak?

* * *
Agar sen aql-zakovatga quloq tutmasang, u albatta qasos oladi.

* * *
Navbatdagi istaklarni qondirishdan ko‘ra, birinchisini yengish osonroqdir.

* * *
Ishlatiladigan kalit doimo yaltillab turadi. 

* * *
Shunday odamlar borki, diniy e’tiqodga ega bo‘la turib, juda notavonlar. Ular bu e’tiqoddan ham mahrum bo‘lsalar, nima qilarkinlar?

* * *
Biz uchun tabiat o‘z qonunlarini qanday qilib amalga oshirishini emas, balki shu qonunlarning o‘zini bilish muhimdir. Ya’ni, havoga irg‘itilgan chinni idishning yerga tushib sinishini bilish foydali. Lekin: «U qanday qilib yerga tushadi va nima uchun sinadi?» – degan savol ahmoqonadir. Albatta, bu savolga javob topish yoqimli. Ammo biz shusiz ham chinni idishni butun saqlab qola olamiz-ku!

HUSHTAK
(B.Franklinning Briton xonimga maktubi.
1779 yil 10 noyabr) 


Aziz do‘stim, chorshanba va shanba kuni yo‘llagan bir juft maktubingizni oldim. Bugun yana chorshanba. Avvalgisiga javob yozmaganim uchun maktub olishdan mahrum bo‘ldim. Biroq, garchi yalqov bo‘lsam-da va maktub bitishni xush ko‘rmasam-da, agar o‘zim javob yozmasam, boshqa hech qachon Sizning dilkash bitigingizni o‘qiy olmasligim yuzasidan cheksiz xavotir qo‘limga qalam tutishga majbur etdi. Shu bois janob B. ertaga Sizni yo‘qlab borish niyatida ekanligi to‘g‘risida iltifot ila ma’lum qilganda ham bu chorshanbani avvalgilari kabi Sizning dilkash davrangizda emas, Siz haqingizda o‘y surib o‘tkazishga: Sizga maktub bitish, nomalaringizni qayta-qayta o‘qib chiqishga ahd qildim.
Sizning jannat va u yerdagi hayot to‘g‘risidagi ta’rifingiz meni maftun etdi. Jannatga bu olamdan imkon qadar hamma yaxshi narsalarni olib o‘tishimiz kerakligi to‘g‘risidagi xulosangizni bag‘oyat ma’qullayman.
Fikrimcha, agar hushtaklar uchun haddan ortiq haq to‘lamaganimizda edi, hozirgidan ko‘ra ko‘proq narsalarga ega bo‘lishimiz, yovuzlikdan kamroq azob chekishimiz mumkin edi. Chunki biz duch keladigan baxtsiz odamlar, menimcha, ana shu ehtiyotsizlik tufayli saodatni boy berganlar.
Nimani nazarda tutayapti, deb so‘rarsiz? Siz hikoyalarni yoqtirasiz. Shu bois o‘zim to‘g‘rimdagi bir hikoyani so‘zlab bermoqchiman. Va buning uchun meni ma’zur tutgaysiz.
Yoshim yettida edi. Bayramlarning birida o‘rtoqlarim menga bir hovuch chaqa sovg‘a qilishdi. Men o‘sha zahoti o‘yinchoqlar do‘koniga ravona bo‘ldim. Yo‘lda ketayotganimda bir bolaning qo‘lidagi hushtakning sadosi hushimni o‘g‘irladi va do‘konga kirib bor pulimga hushtak sotib oldim. Keyin uyga qaytdim-da, sevinchim ichimga sig‘may quloqni qomatga keltirib hushtak chala boshladim.
Bundan uydagilarning achchig‘i chiqsa-da, men juda sarmast edim. Akalarim, opalarim, amakivachchalarim hushtakning bahosini surishtirib bilgach, uni o‘z narxidan to‘rt baravar qimmatga sotib olganimni, qolgan pulga qanday yaxshi narsalar sotib olishim mumkinligini aytib, ustimdan rosa kulishdi. Xo‘rligim kelib yig‘lab yubordim. Hushtak tufayli chekkan bu iztirobim, u keltirgan quvonch va lazzatdan ziyodroq edi.
Xotiramga muhrlanib qolgan bu voqea keyinchalik menga asqotdi. Biror bir nokerak buyumni sotib olish vasvasasiga uchraganimda, o‘zimga: «Hushtak uchun haddan ortiq haq to‘lama», — deyman-u, pulimni tejab qolaman.
Voyaga yetib katta hayot yo‘liga qadam qo‘yganimdan keyin odamlarning xatti-harakatlarini kuzata boshladim. Shunda hushtagi juda qimmatga tushayotgan ko‘plab odamlarni uchratdim.
O’zining qimmatli vaqtini, farog‘atini, erkini, marhamatini va ehtimol, yor-do‘stlarini qirol saroyidagi qabulda ishtirok etish sharafiga noyil bo‘lish yo‘lida qurbon qilayotgan o‘ta izzattalab odamni ko‘rganimda o‘z-o‘zimga: «Bu kishining hushtagi juda qimmatga tushdi-da», — deb qo‘yardim.
Shon-shuhratga ortiq darajada mukkasidan ketgan, doimiy ravishda siyosiy yugur-yugurlar bilan ovora bo‘lgan va e’tiborsizligi oqibatida kasb-korini o‘lda-jo‘lda qoldirgan kimsani ko‘rganimda esa: «Chindan ham uning hushtagi juda qimmatga tushdi», — deb qo‘yar edim.
Har qanday huzur-halovatdan, o‘zgalarga yaxshilik qilishdan, hamsoya hurmat-izzati, e’tiboridan va chin do‘stlik quvonchlaridan voz kechib, pul to‘plashni ixtiyor qilgan o‘taketgan xasis odamni ko‘rganimda: «Ey, baxtiqaro! Sening hushtaging naqadar qimmatga tushdi-ya», — derdim.
Hissiy lazzat, kayfu safo yo‘lida aqlini qurbon qilgan va salomatligiga putur yetkazgan shahvatparastni uchratganimda, derdim: «Sen adashayapsan, nazdingda lazzatdek tuyulayotgan narsa aslida bir darddir. Hushtaging juda qimmatga tushayapti!»
O’ziga oro berib, go‘zal liboslarga, chiroyli uylaru jihozlarga, foytunlarga mehr qo‘ygan, ammo ularga erishish uchun qo‘li kaltalik qilishi oqibatida qarzga botgan va umrini turmada nihoyalaganlarni ko‘rganimda: «U hushtak uchun katta, juda katta to‘lov to‘ladi», — derdim.
Xullasi kalom, men inson boshiga yog‘ilguvchi kulfatlarning ko‘p qismi odamlar narsalarning qimmatini to‘g‘ri baholay olmasliklaridan kelib chiqadi va ularning hushtagi juda qimmatga tushadi deb hisoblayman.
Ammo har holda bunday baxtiqarolarga shafqatli bo‘lishimiz lozim. Holbuki, bunday o‘ylab qarasam, g‘ururlanishga arzigulik aql-farosatim borligiga qaramay, men uchun ham qirol Jonning olmalari kabi yo‘ldan ozdiruvchi narsalar bor. Xayriyatki, ularni sotib olib bo‘lmaydi. Bordi-yu, ular kimoshdi savdosiga qo‘yilganda men bir lahzada bor-yo‘g‘imdan ayrilishim va yana bir marta hushtak uchun haddan ziyod to‘lab yuborganimni payqamay qolishim mumkin bo‘lur edi.
Ko‘rishguncha xayr, mening aziz do‘stim.
Kamoli ehtirom ila sodiq qulingizdan deb bilursiz.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.