background
logotype

Chju Si

CHJU SI
(1130-1200)


Xitoylik faylasuf Chju Si (laqabi Yuan xuey, umrining so‘nggi yillarida Chju Xuy-an taxallusini olgan) Xuychjou viloyatining Yuan tumanida tug‘ilib o‘sdi. U juda ko‘p kitob o‘qish asnosida Konfutsiy va uning izdoshlari tomonidan bitilgan barcha mumtoz qonunlarni qunt bilan o‘rgandi. Tabiiyot ilmining bilimdoni bo‘lib yetishdi.
Chju Si hayotining ko‘p qismini davlat xizmatiga bag‘ishladi. Avval Chjangchjou viloyatining hokimi, so‘ngroq Szyanlin muzofotining hukmdori bo‘ldi. Shuning bilan bir qatorda imperator farmoyishlarini yozish bilan shug‘ullandi.
1196 yilda Chju Si hasadgo‘ylik, ig‘vo, tubanlik va saroy «o‘yin»larining qurboni bo‘ldi. Natijada ishdan chetlatildi va ilm dargohlarida uning ta’limotini o‘rganish man etildi.
O’limidan bir yil oldin Chju Si oqlandi va avvalgi lavozimiga qaytishiga ijozat berildi. Lekin faylasuf avvalgi xizmatiga qaytishni istamadi.


* * *
Avval bilim, so‘ngra harakat.

* * *
Faqat ikki narsa mavjud: oliy qoidani anglamoq va uni hayotga tadbiq etmoq.

* * *
Chju Si qarashlarining asosini tashkil etuvchi umumiy tushunchalar: «Li» — narsalarning paydo bo‘lish asosini belgilovchi, ayni vaqtda xatti-harakat me’yorlari, asoslari va oliy qonun-qoidani mujassam etuvchi — qonun-tafakkur.
«Si» — besh qismdan iborat borliq: daraxt, olov, ma’dan, suv, yer.
«Taytszi» — «buyuk sarhad». Unga faqat savqi tabiiy (intuitsiya) orqali yetishish mumkin.
«Jen» — insonparvarlik.
«I» — burch.
«Chji» — donishmandlik.

* * *
Falak va zamon paydo bo‘lmasidan avval faqat oliy qoida hukm surgan. So‘ngra zarralar yaratilgan.

* * *
Oliy qoida va zarralar — bir-biriga o‘xshamaydigan ikki narsa. Ammo ular o‘zaro shunday qorishib ketganki, bir-biridan aslo ajratib bo‘lmaydi.

* * *
Oliy qoida yagona bo‘lsa-da, ammo turli tarzda tarqaladi. Masalan, buni shunga qiyoslash mumkin: osmondagi Oy bitta. Lekin u ko‘llar va daryolarda aks etishi natijasida behisob Oy paydo bo‘ladi. Shuningdek, suvda ko‘ringan har bir aksda Oyning qaysidir bir qismi emas, balki yaxlit shakli namoyon bo‘ladi. Shu bois o‘n ming — birga, bir esa o‘n mingga tengdir.

* * *
Bir-biriga qarama-qarshi hodisalarning har biri bir-birini keltirib chiqaradi. Zero, Sharq G’arbga qarshi, Janub Shimolga qarshi joylashgan. Biror narsa yoki hodisa yo‘qki, shu qoidaga bo‘ysunmasa.

* * *
Olamda oliy qoidaga bo‘ysunmaydigan narsa yo‘q. Masalan, bug‘doy, guruch, kanop, tariq doimo muayyan bir muddatda ekiladi va yig‘ib-terib olinadi.

* * *
Oliy qoidalar yurakda yashaydi. Yurak o‘n minglab oliy qoidani qamrab oladi va ana shu o‘n ming oliy qoida birgina yurakda jo bo‘ladi.

* * *
Ko‘zsiz oyoqlar yurolmagani va oyoqlar ko‘zsiz ko‘rolmagani kabi bilim va harakat ham mudom bir-biriga muhtoj.

* * *
Barcha harakatlar oliy qoida o‘zlashtirilgandan so‘ng amalga oshadi. Chunki oliy qoidani tushunmay turib biror ishni amalga oshirib bo‘lmaydi.

* * *
Bilib turib harakat qilmaslik bilimsizlik demakdir.

* * *
Inson yuragi bitta. Agar bu yurakda oliy Samoviy qoida saqlanib qolsa, insoniy xohish-istaklar g‘oyib bo‘ladi. Aksincha, insoniy xohish-istaklar g‘olib kelsa, oliy Samoviy qoida halok bo‘ladi. Olimu fuzalolar yurakdagi insoniy xohish-istaklarni butkul yo‘qotib, uning o‘rniga oliy Samoviy qoidani mangu jo etmoqlari joiz. Eng oliy darajadagi komil donishmandlarning minglab dono so‘zlari insonlarga oliy Samoviy qoidani tushunib, tizginsiz xohish-istaklarni bartaraf etishni o‘rgatadi.

* * *
Agar inson: «Peshonamga shunday yozilgan» desa-yu, borib omonat devorning tagiga turib olsa va devor qulab uni bosib qolsa, buni taqdirga to‘nkab bo‘lmaydi. Inson har bir ishning amalga oshishi yo‘lida kuchi yetgancha, imkoni boricha harakat qilgandan keyingina taqdir haqida gapirishga haqli.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.