background
logotype

David Yum

DAVID YUM
(1711-1776)


Ingliz faylasufi, psixolog olim va muarrix David Yum Shotlandiya poytaxti Edinburg shahrida, uncha boy bo‘lmagan dvoryan oilasida dunyoga keldi. Uning otasi huquqshunos bo‘lgan. David Yum Edinburg universiteti va Lya-Flesh nomli farang kollejida tahsil oldi. U kollejda ilk marta Rene Dekartning ilmiy qarashlari bilan tanishdi.
David Yum birinchi bo‘lib «sabab»ning mohiyatini hodisa va tushuncha sifatida jiddiy o‘rganishga kirishdi. Uning bu boradagi mulohaza va xulosalari falsafa fanining asosiy yutuqlaridan biriga aylandi.
Faylasufning quyidagi asarlari ma’lum: «Inson tabiatiga doir mulohazalar» (1739), «Ta’b me’yori haqida» (1739-1740), «Axloqiy va siyosiy ocherklar» (1741-1742), «Ruhning barhayotligi xususida», «Tabiiy din haqida so‘zlashuv (dialog)» (1751).


* * *
O’z xulosalari uchun doimo uzr so‘rash va har bir alohida san’at, har bir alohida fan oldida o‘zini hadeb oqlayverish zaruriyati falsafa uchun ma’lum darajada haqoratdir. Bu hol podshohning o‘z fuqarolari tomonidan davlatga xiyonatda ayblanishiga o‘xshaydi.

* * *
Shu narsa haqiqatki, odamlar insoniyat tafakkuridan mutlaqo chetdagi muammolar, masalan, olamlarning yaralishi, aqliy olamning yoki ruhlar saltanatining tuzilishi xususidagi muammolarni muhokama qilish asnosida bekorga bahslashadilar va hech qachon aniq xulosaga kelolmaydilar.

* * *
Aqlga uquv, taassurot va g‘oyalardan o‘zga hech narsa berilmagan.

* * *
Har bir hodisa bir-biridan uzoq va xolis. Bir hodisaning ketidan ikkinchisi yuz beradi. Lekin biz hech qachon ularning orasidagi bog‘liqlikni seza olmaymiz. Bu ularning bir-biriga qo‘shilib ketgani, lekin hech qachon o‘zaro bog‘liq bo‘lmasligini anglatadi.

* * *
Sabab uchun bitta eng zarur narsa bor. Bu – oqibatga ega bo‘lmoqlik.

* * *
Biz jasorat deb ataydigan ruhiy ko‘tarinkilik va ulug‘vorlik belgisi sifatida qabul qilib, zavqlanadigan narsa xotirjamlik va qat’iylikka asoslangan g‘urur hamda o‘zini hurmat qilish demakdir.

* * *
O’zi haqida uzoq gapiradigan odamning maqtanchoqlikka chap berishi mushkul.

* * *
Olijanoblikdan mahrum botirlik va izzattalablik insonni faqat zolimga yoki qaroqchiga aylantirishi mumkin. 

* * *
Rahmdillikka muhabbat va nafislik, ichiqoralikka esa dushmanlik va g‘azab omixta bo‘ladi.

* * *
Xudbinlik adolat qoidalarini tug‘diradi va bu qoidalarga amal qilishning eng birinchi sababi hisoblanadi.

* * *
Garchi tabiiy qobiliyat va axloqiy sifatlarning darajasi bir xil bo‘lsa-da, ular o‘rtasida bir farq bor. Tabiiy qobiliyatni sun’iy ta’sir etish yo‘li bilan deyarli o‘zgartirib bo‘lmaydi. Axloqiy sifatlar yoki uning oqibati natijasida yuzaga keladigan amallarni esa mukofot va jazo, rag‘bat yoki inkor vositasida o‘zgartirish mumkin.

* * *
Sevgi – o‘zga odamga baxt tilashdan o‘zga narsa emas.

* * *
Hayotni aql emas, odat boshqaradi.

* * *
Insonning hayoti tasodiflarga qanchalik boy bo‘lsa, u xurofotga shunchalik chuqur beriladi.

* * *
Odamlarda atrofdagilarni o‘ziga o‘xshatish hamda boshqalarda o‘ziga yaqin va tanish bo‘lgan, o‘zi bevosita anglaydigan sifatlarni ko‘rishga moyillik mavjuddir.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.