background
logotype

Fridrix Gegel

GEORG VILGELM FRIDRIX GEGEL
(1770-1831)


Nemis faylasufi Gegel Vyurtemberg knyazligining poytaxti Shtutgart shahrida tug‘ilgan. Uning otasi xazinaxona kotibi bo‘lib xizmat qilgan. 
Gegel to‘liq universitet ta’limini olgan. 
Ilohiyotshunoslik fanlari nomzodi va falsafa magistri darajasiga ega bo‘lgan. 1793 yildan 1800 yilgacha xonadonlarda muallimlik va tarbiyachilik qilgan. 1801 yilda Yen shahriga keladi va mahalliy universitetda falsafadan dars beradi.
Gegel Arastu zamonidan buyon yashab kelayotgan mantiq ilmi an’analarini birinchilardan bo‘lib qayta ko‘rib chiqdi hamda falsafa tarixidagi eng dadil tamoyilni ilgari surdi. Uning mazmuni shunday: «Qarama-qarshilik – haqiqat mezoni. Qarama-qarshilikning yo‘qligi esa –xatolar mezoni».
Gegel 61 yoshida to‘satdan vaboga chalinib hayotdan ko‘z yumdi.
Gegelning quyidagi asarlari ma’lum: «Xalq dini va nasroniylik» (1793), «Fixte va Shelling tizimlari o‘rtasidagi tafovut» (1801), «Mantiq ilmi» (1812-1816), «Falsafiy ilmlar qomusi» (1817), «Huquq falsafasi asoslari» (1821), «Huquq falsafasi» (1826).
Gegelning shogirdlari tomonidan uning ma’ruzalari, rejalari, qoralamalari hamda chizgilari orasidan tanlab olingan asarlari quyidagicha nomlanadi: «Falsafa tarixiga oid ma’ruzalar», «Tarix falsafasiga doir ma’ruzalar», «Estetikaga oid ma’ruzalar», «Diniy falsafaga doir ma’ruzalar».


* * *
Falsafa va din umumiy mazmun, ehtiyoj va manfaatlarga egadir.

* * *
Din umuman inson ongining eng yuksak va so‘nggi sohasidir. U shunday sohaki, inson unga mutlaq haqiqat olamiga kirgan kabi qadam qo‘yadi. 

* * *
Teran aql va ajoyib fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan odamlar ko‘pincha yomon o‘yinchi bo‘lib chiqadilar. Bu ularni o‘yinlar qiziqtirmasligi bilan emas, balki ularning fikrlash qobiliyati hayotning qoidalarini qo‘llash hadisini yaxshi egallamagani bilan izohlanadi.

* * *
O’qib bilmoq boshqalarning fikri to‘g‘ri ekanligini tushunmoqdir.

* * *
Harakat inson qiyofasini ochib beruvchi eng aniq vositadir. Inson qanday harakat qilsa, o‘shandaydir.

* * *
Dunyoga aql ko‘zi bilan boqqan odamga dunyo ham oqilona qaraydi.

* * *
Nutq hayratlanarli darajada qudratli vositadir. Ammo undan foydalanish uchun aql sohibi bo‘lish lozim.

* * *
Erkin odam hasadgo‘ylik qilmaydi, u buyuklik va yuksaklikni sidqidildan tan oladi hamda ularning mavjudligidan quvonadi.

* * *
Chin xushmuomalalikka aynan burch sifatida qaramoq joiz. Umuman, biz o‘zgalarga iltifotli bo‘lmog‘imiz kerak.

* * *
Insonning burchlari to‘rt turga bo‘linadi.
1) O’z oldidagi burchi. 2) Oilasi oldidagi burchi. 3) Davlat oldidagi burchi. 4) O’zga odamlar oldidagi burchi.

* * *
Or-nomus tamoyillarining asosiy qoidalaridan biri shundan iboratki, har bir odam kim bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z xatti-harakati bilan o‘zgalar undan ustun bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi joiz.

* * *
Inson o‘ziga xo‘jayin bo‘lmas ekan, tabiatga ham egalik qilolmaydi.

* * *
Inson bilim tufayligina barhayotdir. Bilim, tafakkur inson hayoti, barhayotligi negizidir.

* * *
Shiddat bilan tanazzulga yaqinlashib borayotgan xalqning taqdirini faqat dahogina saqlab qolishi mumkin.

* * *
Haqiqatga qalb ko‘zi bilan boqmoq joiz. Tandagi ko‘z bilan uni ko‘rib bo‘lmaydi.

* * *
O’rni kelganda haqiqatni aytmaslik yaxshi emas. Bu narsa o‘zingni ham, o‘zgalarni ham tahqirlash demakdir.  Biroq layoqat yoki huquq bo‘lmaganda haqiqatni aytmagan ma’qul.

* * *
Oqilona maqsadga erishish uchun intiluvchi tirishqoq odamga irodaviy qudrat qanchalar zarur bo‘lsa, qaysarlik shunchalar nomaqbuldir.

* * *
Men ko‘plab ajoyib fanlarni bilaman, ammo falsafadan ajoyibrog‘ini topolmadim.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.