background
logotype

Iogann Fixte

IOGANN GOTTLIB FIXTE
(1762-1814)


Fixte Germaniyaning Rammenau shahrida istiqomat qiluvchi kambag‘al hunarmand oilasida dunyoga kelgan. U tasodif tufayligina savod chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Miltits ismli baron undagi qobiliyatni sezib, homiylik qilgan.
1774 yilda Fixte Shulpfortdagi maktabga boradi. Biroq baxtga qarshi shu yili uning homiysi hayotdan ko‘z yumadi. Fixte muhtojlik tufayli o‘qishni tashlashga majbur bo‘ladi va xonadonlarda muallimlik qila boshlaydi. Shu bilan birga Leyptsig, Yen, Vittenberg shahrida ilohiyot va huquqdan ma’ruzalar tinglaydi.
1790 yilda bir talabaga Kant falsafasidan ta’lim berish asnosida kutilmaganda o‘zining ham fikri tiniqlashib, qarashlari o‘zgaradi. Taqdirni qarangki, ko‘p fursat o‘tmay, Fixte Kant bilan uchrashib unga o‘zining «Yangilikning atroflicha tanqidi» deb nomlangan ilk asarini taqdim etishga muvaffaq bo‘ladi. Kant esa kutilmaganda yosh muxlisiga xayrixohlik ko‘rsatib, bu asarni nashr etish uchun tavsiyanoma beradi hamda Dantsigda xonadon o‘qituvchisi bo‘lib ishga joylashishida yordam ko‘rsatadi.
Kantning tavsiyasi bilan chop etilgan asari Fixtega katta shuhrat keltiradi. 1794 yilda u Yen universitetining professori bo‘ladi. Bu lavozimga Fixte o‘sha vaqtda Sakson Veymar gertsogligida vazir bo‘lib ishlayotgan Gyotening tavsiyasiga ko‘ra o‘tkazilgan edi. 1798 yilda Fixte o‘zini asossiz ravishda g‘oyaviy o‘zboshimchalikda ayblaganlarga norozilik sifatida universitetni tark etadi. 1810 yilda u Berlinda yangi tashkil etilgan Oliy maktabning birinchi rektori etib saylanadi.
Fixte 1814 yili ichterlama xastaligi tufayli vafot etdi. Uning qabriga o‘rnatilgan yodgorlikka injildan olingan quyidagi go‘zal so‘zlar bitilgan: «Ustozlar samo yoritgichi kabi yog‘du sochaveradilar, ezgulik yo‘lini ko‘rsatuvchilar yulduzlarga o‘xshab mudom va mangu charaqlab turaveradilar».
Faylasufning hayoti haqida uning o‘g‘li Immanuil German Fixte o‘z xotiralarida yozib qoldirgan.
Fixtening to‘la asarlari to‘plami 8 jilddan iborat bo‘lib, undan quyidagi asarlar o‘rin olgan:
«Axloqiylik haqidagi ta’limot tizimi» (1794), «Olimning vazifalari to‘g‘risida ma’ruzalar» (1794), «Umumiy ilmi donish asoslari» (1794-1795), «Ilmi donish yoki falsafa deb ataluvchi tushuncha to‘g‘risida», «Tilga qobiliyat va tilning kelib chiqishi to‘g‘risida» (1795), «Tabiiy huquqning ilmi donish tamoyillariga muvofiq asoslari» (1797), «Keng ommaga eng yangi falsafaning asl mohiyati haqidagi quyosh kabi yorqin xabar» (1800), «Yopiq savdo davlati» (1800), «Yangi falsafiy tamoyillarning ilmi donish nuqtai nazaridan tarixi va tanqidi» (1830).
Fixtening qarashlari o‘ziga xos va favqulodda sermahsuldir. Uning fikricha, Alloh yaratgan olam ichra yana bir olam – inson olami mavjud. Uni inson yaratgan. Aslini olganda bizni o‘rab turgan olamda odamlar qo‘li bilan yaratilgan narsalar bisyor. Ular zamondoshlarimiz, ajdodlarimiz mahsulidir. Biz bu mahsullarni so‘zda ifoda etamiz, fikrlar vositasida o‘ylaymiz. Ajdodlardan meros qolgan muammolarni muhokama qilamiz. Ular nom qo‘ygan va oydinlashtirgan narsalarni ko‘ramiz. Ular qoldirgan turmush tarzi asosida yashaymiz. Inson oyog‘i yetmagan go‘shasi yo‘q tabiatning qo‘ynida kun kechiramiz. Hamma narsaning tarxi buzilgan, hamma narsaga ta’sir o‘tkazilgan, hamma narsa o‘zgartirilgan. Fixte ana shunday xulosalar bilan olamni o‘rganish va anglashdagi yangicha, dadil tashabbuslarga yo‘l ochib berdi.

* * *
Inson o‘zi burchli bo‘lgan hamma ishni bajarishga qodir.

* * *
O’zimdan tashqaridagi narsalarni o‘zgartirolmaganim uchun o‘zimdagilarni o‘zgartirishga qaror qildim. Falsafaga, aynan Kant falsafasiga o‘zimni urdim.

* * *
Harakat qilmoq! Harakat qilmoq! Biz shuning uchun mavjudmiz.
* * *
O’z-o‘zingni idrok et, atrofingni o‘rab turgan hamma narsadan nigohingni uz va botiningga boq. Bu falsafaning o‘z shogirdiga qo‘yadigan birinchi talabidir. Bunda gap sendan tashqaridagi emas, balki faqat sendagi narsalar haqida boryapti.

* * *
Har qanday voqelik ta’sirchanlikdir, hamma ta’sirchanlik voqelikdir.

* * *
Tabiat odamlarni erkinlik, ya’ni faoliyat uchun yaratdi.
* * *
Biz bilganimiz uchun harakat qilmaymiz, balki harakat uchun yaratilganimiz tufayli bilamiz.

* * *
Inson zotiga mansub odamlar bir-birlariga o‘xshamaydilar. Ularning o‘xshash tomoni bitta. U ham bo‘lsa, barchaning pirovard maqsadi – mukammallik.

* * *
… Va mana, vaqt oqimida qachonlardir mavjud bo‘lgan ilmning siniq parchalari suzib yuribdi. Siz ularning bebaho ekanini eshitgansiz. Qurbingiz yetganicha ilm siniqlarini bu oqimdan tutib olasiz-da, qiziquvchilarga ko‘rsatasiz. Siz bu bo‘laklarni sindirib, ezib yoki bexosdan shaklini buzib yubormaslik uchun va beshikast holda avlodlaringizga, avlodlaringiz esa o‘z avlodlariga qoldirishi uchun, ular esa o‘z navbatida qiziquvchan nasllarga ko‘rsatishi uchun asrab-avaylaysiz. Goho ularni silab-siypab tozalaysiz.
Men sizning  huzuringizda paydo bo‘ldim. Va siz lutf ko‘rsatib, meni o‘zingizga do‘st sanadingiz. Siz menga do‘stlarcha yordam ko‘rsatishga urindingiz. Ko‘nglingiz meni rom etishni, ogohlantirishni, maslahat berishni tilardi… Siz avvaliga men bayon etgan narsalarni tarix, Kant oqimidagi bo‘laklar deb hisobladingiz. Va ularni o‘zingizdagi kollektsiyalar bilan taqqoslashga jazm etdingiz. Bundan hech bir ish chiqmagach, ularni hayotiy tajriba oqimidagi parchalar deb hisobladingiz. Men ne demay, qanday dalillar bilan ishontirishga urinmay va qanchalar tantanavor ta’kidlamay, qay yo‘sinda qarshilik ko‘rsatmay, baribir, siz mening ilmiy qoidalarimni tajribaviy qoidalarga, mushohadalarimni idrok mahsuliga, falsafamni psixologiyaga tenglashtirishdan voz kechmadingiz…
… Shunday qilib, siz kollektsiyangizdagi har biri o‘zicha mavjud bo‘lgan bo‘laklarni bir butun deb hisobladingiz. Har birini alohida holda xotirada saqlash mumkin deb o‘yladingiz. Biroq bu alohida parchalar siz qamrab olgan holatda biri ikkinchisiga to‘g‘ri kelmas, yopishmasdi. Shunda shovqin ko‘tardingiz: «Ziddiyat!» Bunday holat sizda izchil sun’iy bayon to‘g‘risida hech qanday tushunchaning yo‘qligi, sizga faqat donolar hikmatlarini jamlashgina ma’lumligi tufayli ro‘y berdi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.