background
logotype

Kitiylik Zenon

KITIYLIK ZENON
(Miloddan avvalgi 346-264 yillar)


Qadimiy yunon faylasufi Zenon ko‘hna Kiprning to‘qqiz asosiy shaharlaridan biri bo‘lmish Kitiy shahrida tug‘ilib o‘sdi. Uning otasi Mnasey savdogarlik bilan shug‘ullangan. Zenon kiniklardan biri — faylasuf Kratetdan va Megar maktabining namoyandalari Stilpon va Diodordan, keyinroq Aflotunning izdoshi Polemondan tahsil oldi.
Zenon yoqimsiz tashqi qiyofaga ega bo‘lgan. Manbalarda yozilishicha, uning bo‘yni qiyshiq, o‘zi esa o‘ta oriq va novcha bo‘lib, oyoqlari gavdasiga nisbatan yo‘g‘onroq edi. U o‘zining notavon va majruh qiyofasidan doimo uyalib yashagan. Faylasufning sinchkov chehrasi, jiddiy nigohi va ajinlar kesib o‘tgan manglayi har qanday odamning diqqatini tortardi. U doimo xomush qiyofada yurar, chehrasidan achchiq istehzo arimasdi. U doimo odamlardan o‘zini olib qochar, loaqal bir tomondan bo‘lsa-da, odamlardan xoli qolish uchun ko‘chadagi o‘rindiqning ham eng chekka qismiga borib o‘tirardi.
Zenon falsafaning nozik jihatlari haqida o‘zicha tasavvurga ega edi. U Kafisiy ismli naychining imkon boricha qattiqroq ovoz bilan kuy chalishga urinayotgan shogirdi yelkasiga qoqib: «Ezgulik kuchda emas, balki kuch ezgulikdadir», degani haqidagi voqeani so‘zlab berishini xush ko‘rardi.
Zenon alohida bir teran zakovat egasi edi. Uning asarlaridan bizgacha faqat sarlavhalaru qo‘lyozmalar parchalarigina yetib kelgan. U falsafa faniga birinchi bo‘lib «katalepsis» (tushuncha) atamasini olib kirib, olamni ikki asosiy nuqtai nazardan anglash g‘oyasini ishlab chiqdi va ularni quyidagicha atadi:
1. Bizning hukmimizdagi narsalar.
2. Hukmimizdan tashqaridagi narsalar.
Zenon falsafiy qarashlarga oydinlik kiritishda noma’lum narsalarni aslida ma’lum, ammo tushunarsiz narsalar vositasida tushuntirish usulidan foydalandi.
Masalan, u vaqtning mohiyatini shunday tushuntiradi:
Vaqt — harakatning masofasidir.
Zenon g‘ayrioddiy tarzda hayotdan ko‘z yumgan. Bir kuni u qoqilib, yerga yiqiladi-da, bu holni yuqoridan yuborilgan ogohlantirish va chaqiruv deb hisoblaydi hamda o‘sha zahoti o‘zini o‘zi bo‘g‘ib o‘ldiradi.

* * *
«Donishmanddan o‘zga hech kim hech narsani bilmaydi», deb yozgandi Zenon. U o‘zining bu fikrini harakat orqali tushuntirgan. Ya’ni, barmoqlari yozilgan qo‘liga ishora qilib: «Bu timsol alomati» deydi. Keyin barmoqlarini sal bukib, shunday deydi: «Bu rizolik alomati», nihoyat barmoqlarini musht qilib tugib: «Bu esa anglash alomati» deydi va o‘zining bu o‘xshatmasiga katalepsis deb nom beradi. So‘ngra chap qo‘lini uzatib, o‘ng mushtini qattiq siqib: «Mana bu donishmanddan o‘zga hech kim erisholmaydigan bilimdir», — deb so‘zini tugatadi.

* * *
Falsafani tirik mavjudotga qiyoslash mumkin, — deb yozadi Zenon. — Chunonchi, suyaklar va asab tizimi mantiq ilmi bo‘lsa, et axloq ta’limotidir. Jon esa tabiiyot (fizika)dir. Falsafani yana tuxumga ham o‘xshatish mumkin: po‘sti — mantiq, ichidagi oq suyuqlik qatlami — axloq, o‘rtadagi sarig‘i esa — tabiiyot. Falsafa ilmini yaxshi muhofazalangan va aql bilan boshqariladigan bir shaharga ham qiyoslamoq o‘rinli bo‘lur edi.

* * *
Hech bir yovuzlik hurmatga sazovor bo‘lolmaydi. Yovuzlik — bizda qudrat, yuksalish, ezgulik tuyg‘ulari uyg‘onishiga bir to‘siq, xolos.

* * *
Xudo mangudir. U olamdagi har bir narsani jamiki moddiyat vositasida yaratgan.

* * *
Bizning ruhimizga ko‘plab tasavvurlar jo etilgan.

* * *
Jon sakkiz qismdan tarkib topgan. Uning besh qismi ko‘rish, eshitish, hid bilish, ta’m bilish va sezish hislaridan iboratdir. Oltinchisi — ovoz, yettinchisi — nasl qoldirish qismlari bo‘lib, sakkizinchisi esa boshqaruvchi qism deb ataladi. Bu qism xuddi sakkizoyoq singari qolgan yetti qismini boshqaradi va ulardan foydalanadi.

* * *
Tabiat bilan totuvlikda yashamoqlik, ezgulik bilan yakdil bo‘lmoqlik demakdir.

* * *
Biz tashqi olamni tuyg‘ularimiz ila qabul etib, aqlimiz ila anglashga qodirmiz.

* * *
So‘z buyumlarni belgilash uchun odamlar o‘zaro kelishib qabul qilgan ifoda bo‘lmay, so‘zlarning o‘zi buyumlar va buyumlarning tabiatiga ko‘ra belgilangandir.

* * *
Erkinlik — donishmandlargina yetishishi mumkin bo‘lgan bir holat. Qolganlar uchun esa u noma’lum va yetib bo‘lmas manzildir.

* * *
Manmanlikdan ortiq adabsizlik bo‘lmaydi.

* * *
Ilm egallash asnosidagi eng keraksiz narsa dimog‘dorlik, eng zarur narsa esa vaqtdir.

* * *
Do‘st bizning ikkinchi «men»imizdir.

* * *
Bir ezma odamga Zenon shunday degan ekan: «Bizga ko‘proq eshitib, kamroq so‘zlash uchun ikkita quloq va bittagina og‘iz ato etilgan».

* * *
Faylasuf o‘z nutqini aqli bilan bezab so‘zlamog‘i joizdir.

* * *
Falsafa turli-tuman mevali daraxtlar bilan to‘liq bog‘ga o‘xshaydi. Mantiq bu bog‘ning devori bo‘lsa, tabiiyot (fizika) uning daraxtlari, axloq esa pishib yetilgan mevalaridir.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.