background
logotype

Mark Avreliy

MARK AVRELIY
ANTONIN
(121-180)


Qadimgi yunon faylasufi Mark Avreliy Antonin Rimda dunyoga keldi. 17 yoshga to‘lganda qarindoshi va mamlakat imperatori Antoniy Piy uni o‘g‘il qilib oladi. Mark Avreliy saroyda mamlakatni idora etish, notiqlik san’atiga doir bilimlarni o‘rganadi. 161-180 yillarda u Rimni idora etadi. Faylasuf sifatida Seneka ta’limotini davom ettiradi.
Mark Avreliy o‘zini o‘zi boshqarishning hadisini olgandi. Qayg‘uli va shodiyona kunlarda uning chehrasida biron o‘zgarish sezilmasdi.


* * *
Hamma narsa o‘zgarishga mahkum. Jumladan, sen o‘zing ham doimiy o‘zgarish va qisman o‘lim jarayonini boshingdan kechirasan. Butun olam ham shunga mahkum.

* * *
Uzluksiz vaqt oqimi doimo mangulikning hadsiz navqironligidan xabar beradi.

* * *
Hamma narsa bir-biriga chatishib ketgan. Hamma yerda ilohiy uzviylik mavjud. Barcha narsalar umumiy tartib-qoidalar asosida birlashib, aynan bir olamni bezashga xizmat qiladi.

* * *
Inson umrini belgilovchi vaqt lahzaga teng. Uning mohiyati mangu harakatdir. Sezgi noaniqlik, qalb beqarorlik, taqdir sirlilik demakdir. Shon-shuhrat esa ishonchsiz narsa. Hayot kurash va sargardonlik demakdir.

* * *
Hozir ro‘y berayotgan narsalar avval ham bo‘lib o‘tganini doimo yodingda tut. Xuddi shu narsalar kelajakda ham qaytarilishi esingdan chiqmasin. Ular mangu qaytarilaveradi, faqat ijrochilar — odamlar o‘zgaradi, xolos.

* * *
Hamma narsaning o‘tkinchiligini va butun moddiyat mangu harakatlanuvchi oqim ekanligini, shuningdek, yuz bergan va kelgusida ro‘y berajak barcha narsalar — minginchi almashinuv, mangu o‘zgarishlar zanjiri ekanligini unutmang!

* * *
Hech bir narsa mustahkam emas. Oldinda ham, ortda ham jamiki narsani domiga tortuvchi cheksizlik hukmron. Shu bois manmanlikka berilish yoki o‘zini o‘tga-cho‘qqa urib, ko‘zyosh to‘kish ahmoqlikdir.

* * *
O’zgalarning qalbida nimalar ro‘y berayotganiga beparvolik bilan qaragani tufayli baxtsiz bo‘lgan odamlarni ko‘rsatish qiyin. Ammo o‘z qalbiga quloq tutmagan, uni nazorat qilolmaganlarning baxtsizlikka uchrashi muqarrardir.

* * *
Boshingga qanday ish tushmasin — hammasi avvaldan taqdiringga yozib qo‘yilgan. Zero, chigal sabablar ibtidodanoq sening mavjudligingni shu ishlarga bog‘lab turadi.

* * *
Har bir narsaga yuzaki nazar tashlab quvonishdan saqlaning.

* * *
Biror narsa haqida so‘zlashayotganingizda, fikr yuritayotganingizda va biror ishni bajarish chog‘ingizda o‘zingizni har bir lahza hayotingizning so‘nggi oni bo‘lishi mumkindek tuting.

* * *
Eng uzoq umrning eng qisqa umrdan sira farqi yo‘q. Hech kim o‘tmishdan ham, kelajakdan ham ajrala olmaydi.

* * *
Sharoit sendan nimani talab qilsa, shuni bajar. Aflotun respublikasini tuzaman deb behuda urinma. Olg‘a bosgan birgina qadamingdan ham shod bo‘l. Kim insonlarning fikrlash tarzini o‘zgartirishga qodir? Bunday o‘zgarishlarsiz qullik, ohu nola va munofiqlik bilan bo‘yin egishdan o‘zga narsaga erishib bo‘lmaydi.

* * *
Mark Avreliy hayotining so‘nggi kunlarida: «Tez orada sen hamma narsani unutasan va o‘z navbatida seni ham hamma yodidan chiqaradi», — deb yozib qoldirgan.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.