background
logotype

Mo-tszi

MO-SZI (MO DI)
(Miloddan avvalgi 480
(taxminan) -400 yillar)


Qadimiy Xitoy faylasufi Mo-tszi mayda mulkdor oilasida tug‘ildi. U g‘ildiraklar va qurollar uchun so‘loq yasovchi mohir usta bo‘lgan. Konfutsiy ta’limotini chuqur o‘rgangan. U xitoy falsafasiga birinchi bo‘lib GU (sabab) va LEY (tur) darajalari tushunchasini olib kirdi hamda asoslab berdi.
Mo-tszi qarashlari uning shogirdlari tomonidan to‘plangan «Mo-tszi» kitobida jamlangan. Mo-tszining zamondoshlariga ta’siri shunchalar kuchli bo‘lganki, u xuddi Konfutsiy kabi shuhrat qozongan.

* * *
Odamzot endigina paydo bo‘lgan qadim zamonlarda insonlar jazo nima ekanligini bilishmas, adolatni har kim o‘zicha tushunardi. Adolat haqida o‘nta odam o‘n xil o‘ylar va har biri o‘zicha haq edi. Oqibatda odamlar o‘rtasida kuchli adovat paydo bo‘ldi. Tartibsizlik va o‘zaro adovatning sababi boshboshdoqlik ekanini anglagan odamlar oralaridan eng adolatli va dono kishini hukmdorlikka tanlab olishdi va uni Samo farzandi, deb e’lon qilishdi.

* * *
Mo-tszining shogirdi Pen Sin ustoziga dedi:
— O’tmishni bilish mumkin, ammo kelajakda nimalar yuz berishini avvaldan bilib bo‘lmaydi.
Mo-tszi shogirdiga javoban shunday dedi:
— Faraz qilginki, yuz li uzoqlikda yashovchi yaqin kishilaring boshiga og‘ir kulfat tushdi. Vaziyat shundayki, bir kunda ularning hayot-mamoti hal bo‘ladi. Agar sen ana shu bir kun ichida ularning qoshiga yetib borolsang, tirik qoladilar, aks holda halokatga mahkum bo‘ladilar. Qarshingda esa manzilga eltuvchi ikki arava turibdi. Aravalardan biri o‘ta mustahkam va baquvvat otlar qo‘shilgan, ikkinchisining esa g‘ildiraklari singan va bir juft oriq ot qo‘shilgan. Qani, ayt-chi, sen qay birini tanlaysan?
— Albatta, baquvvat aravani tanlayman-da! — dedi shogird o‘ylab o‘tirmay.
Shunda Mo-tszi istehzo bilan dedi:
— Xo‘sh, unda nima sababdan kelajakni oldindan ko‘rib bo‘lmaydi, deyapsan?

* * *
Insonlar o‘rtasidagi o‘zaro mehr-muhabbat o‘zgalar mulkiga, xonadoniga xuddi o‘ziniki kabi munosabatda bo‘lib, har bir kishini o‘zini tushungandek tushunishga o‘rgatadi.

* * *
Odamlar orasida o‘ta noyob fazilatlari tufayli hayotdan ko‘z yumganlar ko‘proq uchraydi. Chunki haddan ortiq yukni asrash doimo ranju alam chekishga sabab bo‘ladi. Zotan, baland daraxtga eng avval bolta uradilar, ohu va toshbaqaning yirigini ham darrov qo‘lga tushiradilar, katta ilonni esa birinchi bo‘lib mahv etadilar.

* * *
Devor qanday tiklanadi? Buning uchun har kim qo‘lidan kelgan ishni bajaradi: kimdir g‘isht teradi, boshqa bir odam loy tashib turadi, yana birov g‘ishtning bir tekis terilishini o‘lchab boradi. Shu taxlit devor qurib bitkaziladi. Adolat poydevori ham shu yo‘sinda tiklanadi. Bu yo‘lda fikrlay olishga layoqati bo‘lganlar, mayli fikrlasinlar. Tarixiy kitoblarni bayon eta oluvchilar esa tarixiy kitoblarni talqin etaversinlar, qo‘lidan boshqa ish keladiganlar, shu xizmatlarini bajaraversinlar. Ana shunda adolat yo‘lidagi barcha ishlar albatta amalga oshiriladi.

* * *
Mo-Szi yana quyidagi fikrlarni olg‘a suradi: «Samo adolatni sevadi. Adolatsizlikdan esa nafratlanadi. U insonlar bir-birini sevib, bir-biriga doimo yordam berishini tilaydi».

* * *
Donishmandlarni davlat ishlariga ko‘proq jalb etib, martabalarini oshirmoq, ularning badavlat va e’tiborli bo‘lishlarini, amaldorlar ustidan nazorat o‘rnatishlarini ta’minlamoq joizdir.

* * *
Mamlakatning butun boyligi jam etilganda ham qimmati jihatidan donishmandlar va davlat ishiga jalb etilgan zakovat sohiblariga tenglasholmaydi.

* * *
Kambag‘allik — mamlakatdagi tartibsizliklar ildizi.

* * *
Insonga baho berishda uning niyatlari majmuini va harakatlari natijasini ko‘rib chiqish kerak.

* * *
Dono hukmdor xalqqa foyda keltirmaydigan xarajatlardan voz kechadi.

* * *
Hukmdorlar haqiqatni tik aytadigan mulozimlarga ega bo‘lmog‘i zarur.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.