background
logotype

Syun-tszi

SYUN-SZI
(Taxminan miloddan avvalgi 313-235 yillar)


Qadimiy Xitoy faylasufi Syun-tszi Chjao xoqonligida dunyoga keldi. Miloddan avvalgi 266 yilda Chjaoni tark etib, Sin saltanatiga jo‘nadi va bu yerda xoqon Chjao-van hamda uning bosh vaziri Suy bilan hamsuhbat bo‘ldi.
Miloddan avvalgi 264 yili faylasuf Si xoqonligiga kelib, «Szisya» akademiyasida dars bera boshlaydi va tez orada saltanatdagi eng ko‘zga ko‘ringan a’yonlar qatoridan joy olib, olimlarga boshchilik qiladi.
O’ta mustaqillikka va fikrlarini ochiq-oydin aytishga odatlangani bois Syun-tszi 255 yilda tuhmatga uchraydi. Natijada Si xoqonligidan Chu saltanatiga qarab yo‘l oladi va bu yerda Lanlin tumaniga hokim qilib tayinlanadi.
Miloddan avvalgi 250 yilda Syun-tszi vazifasidan ozod etiladi va Chjao xonligiga qaytib boradi. Oradan ko‘p o‘tmay u Chu xoqonligi Lanlin viloyati hokimligi vazifasiga qayta tiklanadi.
Miloddan avvalgi 238 yili faylasufning homiysi bo‘lmish Chun-shen viloyatining hukmdoriga suiqasd qilinadi. Syun-tszi noiloj davlat xizmatidan ketadi. U Lanlin viloyatida muqim qolib, shogirdlari bilan birgalikda «Syun-tszi» deb nomlangan asarini yozishga kirishadi.
Hukmdorlaru vazirlar bilan dadil muloqotda bo‘lib, o‘z fikrini tap tortmay ayta olgan Syun-tszi hayotini qashshoqlik va faqirlikda o‘tkazadi... Zamondoshlari uning falsafiy salohiyatini munosib qadrlay olmaydilar. U hayotdan shu tariqa ko‘z yumadi.


* * *
O’tmishga sajda qilmang, kelajak uchun g‘am chekmang va tashvishli xayollarga berilmang! Kezi kelganda, fursatni qo‘ldan bermay ishga kirishing!.. — deb yozadi Syun-tszi.

* * *
Men kun bo‘yi o‘y surdim-u, ammo hatto eng qisqa fursatli tahsilchalik naf ololmadim. Oyog‘imning uchida ko‘tarilib, uzoqlarga ko‘z tikdim. Biroq yuksaklikdan yaqqol namoyon bo‘lguvchi sarhadlarni ko‘rolmadim. Chunonchi, baland joyga chiqib qo‘l silkigancha biror kimsani chaqirganingizda qo‘lingiz uzayib ketmasa-da, o‘sha odam uni uzoqdan ko‘ra oladi. Tovushingizni shamolning yo‘nalishiga moslab qichqirganingizda, bundan tovushingiz kuchayib qolmasa-da, tinglovchilar sizni aniq eshitadilar. Otlar qo‘shilgan aravaga tushganingizda oyoqlaringiz chopag‘on bo‘lib qolmaydi. Biroq siz bir necha ming chaqirim masofani qisqa fursatda bosib o‘tasiz. Qayiqda ketayotganingizda suzish borasidagi mahoratingiz oshmasa-da, katta va kichik daryolarni bemalol suzib o‘tasiz. Xulosa shuki, mukammal, komil inson dunyoga kelganda go‘yo o‘zgalardan farq qilmaydigandek tuyuladi. Ammo u qachon va qanday narsaga tayanishni yaxshi bilishi bilan boshqalardan ajralib turadi.

* * *
Inson baquvvatlik borasida ho‘kizdan ojizlik qilib, chopqirlikda otdan ortda qolsa-da, bu jonivorlarning har ikkisini o‘z izmiga bo‘ysundirib, ishlata biladi. Buning boisi nimada? Chunki insonlar ho‘kiz va otdan farqli o‘laroq hamjihatlikda yashash iqtidoriga egadirlar. Xo‘sh, insonlar nimaning evaziga hamjihatlikda yashaydilar? Buning siri insonlar o‘rtasidagi vazifalarning o‘zaro taqsimlanishidadir. Xo‘sh, bu taqsimlanish nimaning evaziga amalga oshiriladi? U burch tuyg‘usi evaziga amalga oshiriladi.

* * *
Ming yil avval yuz bergan narsalar albatta takrorlanadi. Bu takrorlanish doimiylikdir.

* * *
Ibtido intihodir, ayni vaqtda intiho ibtidodir. Bu holat na boshi va na oxiri bo‘lmagan aylanaga o‘xshaydi. Agar u buzilsa, Koinot halokatga uchraydi.

* * *
Dehqon o‘zining bor kuch-quvvatini ekin-tikin ishlariga safarbar etgani bilan dalalarga hokim bo‘lib qololmaydi. Savdogar bor g‘ayratini oldi-sotdi ishlariga bag‘ishlasa-da, bozorning hukmdoriga aylanolmaydi. Hunarmand bor kuchini turli asbob-uskunalar yasashga qaratsa-da, ishlab chiqarishni idora qilolmaydi. Biroq shunday odamlar borki, ular biz tilga olgan kasblarning bittasini ham egallamagan bo‘lishlariga qaramay, dehqonlarni ham, savdogarlar va hunarmandlarni ham boshqara oladilar. Buning boisi shundaki, ular butun diqqat-e’tiborlarini buyumlarga emas, dao ta’limotiga qaratadilar. O’z diqqat-e’tiborini buyumlarga jalb etgan odam faqatgina bir turkum narsalarni boshqara oladi. O’z diqqatini daoga qarata olgan odam esa bir vaqtning o‘zida barcha darajadagi narsalarni boshqarishga qodir bo‘ladi. Komil inson butun diqqatini dao falsafasiga qaratadi va shu asnoda buyumlarni tadqiq etadi.

* * *
Qalbning tabiiy tuyg‘ular ila haqiqatni yolg‘ondan ajrata olishimizga ko‘maklashuvi o‘ylash deb ataladi.

* * *
Qalb tananing sohibi va donolikning hokimidir. U tanaga buyruq beradi.

* * *
Inson qalbini idishdagi suvga qiyoslash mumkin. Idishdagi suv harakatsiz, tinch turganda loyqalar tubiga cho‘kadi va suv tiniqlashadi. Bu suvdagi aksingizda qoshlaringizni, kipriklaringizni va hatto yuzingizdagi ajinlarni ham ko‘rishingiz mumkin. Ammo salgina epkin esib, idishdagi suv chayqalsa, tubidagi loyqa cho‘kindi harakatga keladi. Natijada suv xiralashadi. Endi bu suvga tikilib, hech nimani ajratib bo‘lmaydi. Inson qalbi ham shunday. Tamoyillar yordamida to‘g‘ri yo‘naltirilib, xotirjamlik va osudalik ko‘magida tarbiyalangan qalbni hech bir narsa to‘g‘ri yo‘ldan ozdirolmaydi. Ana shunda inson qalbi yaxshi-yomonni ajratib, mujmal narsalarni bilmoqlikka qodir bo‘ladi.

* * *
Qalbi bezovta inson taom qanchalar lazzatli bo‘lmasin, uning ta’mini sezmaydi, qanchalar yoqimli bo‘lmasin, qo‘ng‘iroq jarangini his etolmaydi, ko‘zlari ajoyib naqshlar bilan bezalgan libosni ko‘rib tursa-da, bu go‘zallikdan zavq ololmaydi.
Agar inson qalbi osuda va shod bo‘lsa, gullar odatdagidek maftunkorlik kasb etmasa ham ko‘zi quvnayveradi, ohanglar odatdagidek yoqimli jaranglamasa-da, dili orom olaveradi.

* * *
Agar biror narsa barchaga baravar taqsim etilsa, hammaga yetmay qolishi mumkin. Bordi-yu, hokimiyat tepasidagilarning mavqei tenglashtirilsa, hamjihatlik barham topadi. Agar hamma teppa-teng bo‘lsa, mehnat qiladigan odam qolmaydi. Toki osmon va yer mavjud ekan, yuqoridagilar va quyidagilar o‘rtasidagi farq ham yo‘qolmaydi.

* * *
Hukmdorlar badavlat va saxiy bo‘lmasalar, mamlakatni idora etolmaydilar.

* * *
Xalqning daromadini qiyib, boz ustiga borini tortib olgandan ko‘ra, avval daromad qilish imkoniyatini yaratib, so‘ng uning bir qismini olgan a’lodir.

* * *
«Bobokalonlarimiz odamlar ustidan hukmronlik qiluvchi zot xushsurat va go‘zal libosli bo‘lmasa, xalqni hamjihatlikda ushlab turolmasligini yaxshi bilganlar», — deb yozadi faylasuf.

* * *
Syun-tszi donolikni to‘rt toifaga ajratadi.
1. Xizmatkorning donoligi: chaqqonlik, topqirlik, aql-farosat bilan yo‘g‘rilgan, ammo izchillikdan xoli nutq; hech kimga keragi bo‘lmagan ilm bilan shug‘ullanish; haqiqat va yolg‘on bilan hisoblashishni istamaslik.
2. Quv odamning donoligi: ikkiyuzlamachilik, muomalaning barcha tamoyillarini buzish; har bir ishda xatoga yo‘l qo‘yish.
3. Ma’rifatli odamning donoligi: oz, to‘g‘ri va qisqa so‘zlash, fikrlarni misoli ipga tizgandek tartib bilan bayon etish; o‘zini tuta bilish.
4. Komil insonning donoligi: nutqdagi izchillik, birorta hodisaning sabablari xususida bir necha kunlab mushohada yuritish, ularga har taraflama yondashish va shuning barobarida izchillikni saqlab qolish.

* * *
Davlat boshqaruvini qay tarzda amalga oshirmoq kerak? — degan savolga Syun-tszi shunday javob beradi:
— Buning uchun dono va iste’dodli odamlarning kimligi va mavqeidan qat’i nazar, yuqori lavozimlarga ko‘tarib, dangasa va iqtidorsiz kishilarni vazifasidan chetlatish lozim.

* * *
Chaqaloqlar hamma yerda bir xil yig‘lashadi. Katta bo‘lganlarida esa turli qiliqlar qilishadi. Bu — tarbiyaning oqibati.

* * *
Haddan ortiq shafqatsizlik qilganlar muvaffaqiyatsizlikka uchraydilar, o‘ta muloyimlik esa seni zanjirband etadi.

* * *
Faqat o‘z shaxsiy manfaati haqida qayg‘urib, burchni unutmoqlik o‘taketgan pastkashlikdir.

* * *
Naql qilishlaricha, hukmdorni qayiqqa, xalqni suvga qiyoslash mumkin. Suv qayiqni olib yurishi ham, to‘ntarib yuborishi ham mumkin, — deb yozgandi Syun-tszi.

* * *
Har bir inson nimanidir to‘g‘ri, deb hisoblaydi. Bu holat donoga ham, ahmoqqa ham birdek tegishli. Biroq ular to‘g‘ri deb topgan narsalar bir-biriga o‘xshamaydi. Dono bilan ahmoq o‘rtasidagi farq ana shundadir.

* * *
Komil inson tekshirib bo‘lmaydigan so‘zlarga, ilgari uchramagan harakatlarga va fikrlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘ladi.

* * *
Hukmdorning qudratli, shavkatli bo‘lishi, mamlakatda osoyishtalik o‘rnatishi va zaiflik, xavf-xatar, sharmandalikdan yiroq turishining eng oson yo‘li qanday? — degan savolga Syun-tszi shunday javob beradi:
— Buning uchun hukmdor o‘ziga munosib vazir tanlay bilmog‘i lozim.

* * *
Orxideya guli o‘ziga yarasha xushbo‘y. Agar u peshobga botirib olinsa, komil inson unga yaqin yo‘lolmaydi. Oddiy odamlar esa uni chakkalariga taqmaydilar.
Bu hol orxideya gulining hidi bilan emas, balki u botirib olingan peshobning jirkanchligi bilan izohlanadi. Shu bois komil inson pokiza joyda yashab, ilmli kishilar bilan do‘stlashadi, shu yo‘l bilan o‘zini yolg‘on va pastkashlikdan ihotalab, rostgo‘y va to‘g‘ri odamlar bilan yaqinlashadi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.