background
logotype

Van Shoujen

VAN SHOUJEN
(taxallusi YANMIN)
(1472-1529)


Xitoylik faylasuf, siyosatdon va harb ilmi bilimdoni Van Shoujen Yuyyao muzofotida tug‘ilib o‘sdi. Uning otasi Van Xua ziyoli oiladan bo‘lib, xizmat pog‘onalaridan tez yuqorilab borgan. Van Shoujen to‘rt yoshigacha gapirolmagan. Bir budda rohibi bolakayni ko‘rib: «Yaxshi bola ekan. Faqat, afsuski, uning taqdiri zohirida shundoqqina ayon bo‘lib turibdi», — deydi. Rohib aftidan faylasuf Lao-tszining: «Bilguvchi gapirmaydi», — degan mashhur naqliga ishora qilgandi. Bu so‘zni eshitgan bobosi bolaning ismini Shoujen (insonparvarlik himoyachisi) deb o‘zgartiradi. Ajabki, shundan so‘ng Shoujen gapira boshlaydi.
Shoujen o‘n yoshidan boshlab she’rlar yozgan. Bu she’rlar faqatgina adabiy nuqtai nazardan emas, balki falsafiy mazmuni bilan ham diqqatni jalb etardi.
Shoujen 12 yoshida onasidan yetim qoladi. 16 yoshida uylanadi. 1489 yilda Van Shoujen faylasuf Chuj Si izdoshi Lou Lyan (1422-1491) bilan tanishadi va undan tahsil oladi.
1493-1499 yillar orasida Van Shoujen daotsizm, buddaviylik va Konfutsiyning mumtoz falsafasini qunt bilan o‘rganadi. Ayni paytda badiiy ijod va harb ilmi sirlarini o‘rganishga ham vaqt ajratadi.
1499 yilda Van Shoujen tszin shi darajasi uchun imtihon topshirib, imperator saroyi mansabdorlari orasidan o‘rin oladi. Xizmat vazifalarining ketma-ket o‘zgarishi tufayli mamlakat bo‘ylab tinimsiz kezishlar yosh Shoujenning salomatligiga salbiy ta’sir o‘tkazadi. 1502 yilda u imperatorning ruxsati bilan davolanish uchun tug‘ilgan go‘shasiga qaytib keladi. U Chjetszyan muzofoti hududida joylashgan tog‘ bag‘riga — Yanmin g‘ori yaqiniga boshpana qurib yashay boshlaydi. Shu bois uni Yanmin-tszi deb atay boshlaydilar (ya’ni, faylasuf Yanmin). «Yanmin» so‘zi «quyosh nuri» degan ma’noni anglatadi. Shuningdek, inson jismidagi muhim quvvat rishtalaridan biri ham ana shu nom bilan ataladi.
1504 yilda Van Yanmin Pekinga qaytadi va Shandun muzofotiga hokim qilib tayinlanadi.
1505 yilda Xitoy taxtiga 15 yoshli Xouchjao o‘tirgach, bir guruh saroy a’yonlari qatori Van Yanmin ham quvg‘inga uchraydi. Quvg‘in yillari faylasuf uchun juda katta hayotiy maktab vazifasini o‘taydi. U ruhan kamolga yetib, dunyoviy ilmlarning o‘tkir bilimdoniga aylanadi. Faylasuf ayni shu kezlarda «bilim va harakatning birligi» haqidagi g‘oyat muhim tamoyilni ishlab chiqadi.
1509 yilda Van Yanmin quvg‘indan qaytadi va Guychjou muzofotining poytaxti Guyyanda falsafadan dars bera boshlaydi.
Buyuk faylasuf 1529 yilning 9 yanvarida betoblikdan vafot etadi.


* * *
Bilim harakatdadir.

* * *
Tabiiy bilim nima? U haqiqat va yolg‘onni ajratuvchi, o‘ylamasdan, o‘rganmasdan bilguvchi qalbdir.

* * *
Qalb — tabiat, tabiat esa qoida.

* * *
Haqiqiy quvonch donolikda kamolga yetgan zotlar va oddiy odamlarga xosdir. Biroq bu ne’matga ega bo‘lgan oddiy odamlarning o‘zlari bundan bexabar bo‘ladilar.

* * *
Bilim — harakatni boshqaruvchi asosiy fikr. Harakat esa ilmning amaliy manbai. Bilim — harakat ibtidosi, harakat — bilim intihosidir.

* * *
Bilim harakatdadir. Buning isbotini quyidagi holatlar zanjiri orqali ko‘rish mumkin.
Taomning ta’mi yaxshi yoki yomonligini bilish uchun uni og‘izga solib, chaynab ko‘rmoq zarur. Taomdan tatib ko‘rmay turib, unga baho berib bo‘ladimi? Yo‘lning ravon yoki noravonligini aniqlash uchun o‘sha yo‘lni bosib o‘tishingiz kerak. Yo‘lni borib ko‘rmasdan uning qandayligini aytish mumkinmi? Kamondan o‘q otish uchun nayzani joylab, yoyni tarang tortish va nishonga olib, qo‘yib yuborish talab etiladi. Kitob o‘qib ilm olmoq uchun esa qo‘lga qalam tutib, yozmoq joiz. Olamda hech bir ilm yo‘qki, u harakatsiz o‘rganilsa. Shu bois ilmga va oliy qoidalarga harakatsiz yetishib bo‘lmaydi.

* * *
Fikr va so‘z amaliyotga yo‘naltirilganda ularning har ikkisi ham moddiyatga — narsaga aylanadi.

* * *
Buyumlar, voqealar, qoidalar, adolat va ezgulik dildan tashqarida qololmaydi.

* * *
Bir kuni Van Yanmin shahar ko‘chalarida aylanib yurganda do‘stlaridan biri qoyalarda barq urgan gullarga ishora qilib, undan so‘radi:
— Olamda hech narsa dildan tashqarida mavjud bo‘lolmaydi, deysan. Ammo mana bu qoya bag‘ridagi gullar o‘zidan o‘zi o‘sadi va quriydi. Qani ayt-chi, bu gul bilan mening qalbim o‘rtasida qanday bog‘liqlik bo‘lishi mumkin?
Van Yanmin do‘stiga shunday javob qaytardi:
— Gullarga qaramasingdan avval ular ham, sening qalbing ham osoyishta edi. Gullarga ko‘zing tushgan oni esa sen ularning rangini qalbing ila anglading. Shundan ko‘rinib turibdiki, gullar sening qalbingdan tashqarida qololmaydi.

* * *
Narsalarning mohiyatini anglash qalbdagi, fikrdagi va ilmdagi narsalarning mohiyatini anglash demakdir.

* * *
Shogirdlaridan biri Van Yanmindan so‘radi:
— Ba’zi odamlar tunda ruhlar, shayton va ajinadan qo‘rqishadi. Shunday paytlarda nima qilish kerak?
Van Yanmin dedi:
— Kunduz kuni adolat zaxirasini yaratolmagan odamning qalbida qoniqmaslik hissi paydo bo‘ladi. Bu tuyg‘u o‘z navbatida qo‘rquvni yetaklab keladi. Kundalik amallar aql chirog‘i bilan yoritilar ekan, hech qanday qo‘rquvga o‘rin qolmaydi.
Shunda shogirdlaridan yana biri savol berdi:
— Bezarar ins-jinslardan qo‘rqmasa ham bo‘ladi. Ammo makkorlari kim yaxshi, kim yomonligini ajratib o‘tirmaydi. Shu bois odamlar qo‘rquvdan qutulolmaydilar.
Faylasuf bu savolga shunday javob qaytardi:
— Yaxshi odamlarga qutqu solishga qurbi yetadigan bitta ham yovuz kuch yo‘qdir. Eng qo‘rqinchlisi — qalbning makkorlik illatiga mubtalo bo‘lishi. Ana shuning o‘ziyoq insonga qutqu soladi. Agar inson ayol go‘zalligiga o‘ch bo‘lsa, ishqivozlik vasvasasini paydo qiluvchi kuchlar, agar boylikka ruju qo‘ysa, manfaatparastlik va ta’magirlik vasvasasini uyg‘otuvchi kuchlar, agar u bo‘lar-bo‘lmasga g‘azablanaversa, darg‘azablik vasvasasini hosil qilguvchi kuchlar, agar arzimagan narsadan ham qo‘rquvga tushaversa, qo‘rqoqlik vasvasasining uyg‘otuvchi kuchlar ta’siri ostida bo‘ladi.

* * *
Van Yanmindan do‘sti so‘radi:
— Kitob o‘qigandan so‘ng hech narsa yodda qolmasa nima qilmoq kerak?
Van Yanmin dedi:
— Uni tushunmoq kerak, yodlash shart emas. Tushunmoq zaruriyati ham ikkinchi darajali narsa. Eng avvallo kitobning asosiy mohiyatini anglamoq joiz.

* * *
Qaramoqlik va ko‘rmaslik, tinglamoqlik va eshitmaslik, yemoqlik va ta’m bilmaslik... Ta’mni bilish uchun inson yuragida yeyish istagi bo‘lishi joiz. Tanovulni istagan yurak bu — fikr, boshqacha aytganda, harakat ibtidosidir.

* * *
Inson qalbi — osmon kabi tubsiz.

* * *
Komil inson har bir odamning komil bo‘lishi uchun qayg‘uradi.

* * *
Inson tabiati aslida oliy fazilatlar majmuasidir. Uning tabiati o‘z ibtidosida zarracha yovuzlikdan ham xoli bo‘lgan.

* * *
Biz biror ilmni imkoniyatimiz va mavqeimiz darajasida o‘rganib, nihoyasiga yetkazamiz.

* * *
Oliy ezgulik — qalbning asl mohiyati. Zero, hatto uchiga chiqqan qaroqchi ham talonchilik qilmaslik kerakligini yaxshi anglaydi. U o‘zini o‘g‘ri deb atashlaridan orlanadi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.