background
logotype

Shukur Xolmirzayevning tafakkur olami

http://ziyouz.com/rasmlar/sh_xolm.jpgSerqirra ijodiy faoliyat egasi, millatimizning fidoyi yozuvchisi, haqiqatgo‘y adib Shukur Xolmirzayev roman, qissa, hikoya, drama singari janrlarda ko‘plab badiiy asarlardan tashqari ijod psixologiyasi, ijodkor shaxsiyati, adabiyot va jamiyat munosabati kabi masalalarga bag‘ishlab o‘nlab adabiy-tanqidiy maqolalar ham yozgan edi. Aslida, ijod psixologiyasi, ijodkor shaxsiyati hamda ular o‘rtasidagi ko‘zga ko‘rinmas, g‘oyatda nozik robita barcha zamonlarda bahsu munozaralarga sabab bo‘lib keladi. Qizig‘i, bu borada so‘nggi xulosani aytish imkonsizdir. Ayni chog‘da, Adabiyot haqida har kimning o‘z nuqtai nazari bo‘lishi ham tabiiy. Shu ma’noda bilimdon adib, chin ziyoli Shukur Xolmirzaevning adabiyot, ijod va hayot haqidagi fikrlari hech kimni befarq qoldirmaydi. Qolaversa, Shukur aka uchun adabiyot hayot kechirish vositasi emas, balki yashashning shakli ediki, So‘z san’atiga so‘ngsiz fidoyilik nafaqat o‘zbek, balki dunyo adabiy jarayonida ham kamyob hodisa sanaladi.
San’atsiz, adabiyotsiz yashashni tasavvur etolmaydigan qahramonlar talqini Shukur Xolmirzaevning so‘nggi davrda yozgan asarlarida bot-bot ko‘zga tashlanadi, binobarin, ushbu omil ham yoshi ulg‘ayib, hayotdagi aqidalari qat’iylashgan, xulosalari aniqlashgan muallifning maslagi haqidagi tasavvurimizni yanada boyitadi. Ijodkorlikning qismat, umr savdosi ekanini anglatuvchi ta’kid adibning adabiy-tanqidiy maqolalarini umumlashtirib turuvchi yagona mushtarak belgidir. Bu quyida e’tiboringizga havola etilayotgan, turli maqolalar, suhbatlardan olingan, adibning adabiy qarashlarini muxtasar ifodalaydigan fikrlarda ham yaqqol namoyon bo‘ladi.

* * *
...har bir asar ayricha bir dunyo bo‘lganidek, unga kirish yo‘llari ham o‘ziga xos bo‘ladi.

* * *
...adabiy jarayonni izchil kuzatib borish, lozim bo‘lganda, uning oldiga borish – juda ulug‘ fazilat. Eng zukko tanqidchilarga xos fazilatdir.

* * *
...hissiyot shunday olam ekanki, ba’zan uning tashqi belgilarini ko‘rish ham, eshitish ham, sezish ham mumkin bo‘lmagani holda, ularning jonli harakatda yarqillab aks etganinigina ko‘rib qolish mumkin.

* * *
...shaxsan men kitobxonni bir yoqqa torta bilgan, uning didiga mo‘ljallab – unga asarini nima qilib bo‘lsa ham yoqtirish maqsadida emas, o‘sha didni bir bahya bo‘lsa-da ko‘tarish niyatida ter to‘kkan yozuvchilarni sevaman. 
* * *
...Qodiriydagi dialoglarni shundoq sahnaga olib chiqib qo‘yish mumkin. Aktyorlar lazzatlanib ijro etishadi. Shundandirki, “O‘tgan kunlar” ekranga ko‘chirilganda, stsenarist yozuvchilar san’atkorning dialoglarini deyarli o‘zgartirmaganlar. Kino san’ati bilan proza san’atining o‘ziga xos xususiyatlaridan xabardor kishilar bu nechog‘lik tansiq hol ekaniga imon keltirishar!

* * *
...asarlarim ba’zilarga manzur bo‘lmagan esa-da, vaqtimning ko‘pi ana o‘sha asarlarni qanday yozish kerakligi ustida kechdi.

* * *
...ba’zida yaxshi odam bilan yomon odamni farqlash qiyin. Chunki ikkisi ham bir xilda gapiradi, go‘yo bir xil fikrlarni aytadi, boringki, bir xil ishni bajaradi. Ularni o‘z joyiga qo‘yib tasvirlash uchun yozuvchidan o‘ta sezgirlik talab etilib qolmay, uning ezgulik va yaxshilik haqidagi e’tiqodining avvalgisidan ham mustahkam bo‘lishi talab etilsa kerak.

* * *
...bugungi kun yozuvchisi, shubhasiz, faqat o‘z adabiyoti tajribalariga suyanib qalam tebratishi mumkin emas.

* * *
...muhabbatning ijodga ta’siri haqida gap ketadigan bo‘lsa, fikrim shu: ijodning tagida aslida muhabbat yotadi.

* * *
...zamon aylanib, rost gapni – borini aytish imkoniyati ochildi.
Bu – yozuvchi uchun baxt!
Axir yozuvchiga nima kerak? Ana shu erkinlik-da! Yozuvchining vazifasi nima? Haqiqatni aytish-da!
Shuning uchun bo‘lsa kerak, dunyo adiblari o‘rtasida tarqalgan qadim bir gap bor: yozuvchining Xudosi – haqiqat emish.
Endi shunday muhitda yeng shimarib, ishga kirishmaslik – gunohi azim.

* * *
...muammolarning muammosi – odam. Odamni chinakamiga aks ettirar ekansiz, uning qilmish-qidirmishlaridan muammolar kelib chiqaveradi. O‘sha muammolarni hal etish esa... sening ishing emas: uni hayot hal etadi va pirovardi, o‘sha «hal etilish» jarayoni yana adabiyotda aks etishi mumkin.

* * *
...uslubda hamma narsa mujassam: dunyoqarashdan tortib, nuqta qo‘yishgacha...

* * *
...men uchun asl muddao – izhori dil. Ammo buning tagida menga bog‘liq bo‘lmagan... tashviqot yotadi. Ha-a, adib oxir-oqibat nimanidir tashviq qiladi.

* * *
...Abdulla Qahhor hikoyalari hozirgi kun adiblari, xususan, hikoyanavislari uchun tom ma’noda bir maktab, milliy maktabdir.

* * *
...Abdulla Qahhorni yo‘q deb, ya’ni hayotga kelmagan, hikoyalar ham bitmagan, qissalari, «Sarob» ham – bizning xayol, deb ko‘zimni yumdim. Dunyo qorong‘i bo‘lib qoldi. O‘zim ham... yo‘q bo‘ldim. Ko‘zimni ochsam, u – qarshimda. Demak, o‘zim ham borman.

* * *
...hikoyada yechim yozuvchining dunyoni zuhur etishi, inson ruhining ichki va sirtqi qonuniyatlarini nechog‘lik bilishi, qolaversa – mahorat-professionallik, ijod texnikasini qanchalik egallagani bilan bog‘liq masaladir.

* * * 
...anchayin materialdan ham usta adib yaxshi hikoya yaratishi mumkin.

* * *
...asar, har qalay, o‘zi uchun o‘zi javob berishi kerak: san’at haqiqati hayot haqiqatidan sal-pal baland turmasa, u san’at bo‘lib nima bo‘ldi?

* * *
...haqiqiy adib mukofot uchun yozmaydi va yozmasligi kerak.

* * *
...bulbul nega sayraydi? «Biz uchun!» deb o‘rgatishgan bizga. Holbuki, u o‘zi uchun – ya’ni, sayrashi kerakligi uchun sayraydi: illo, sayramasa – o‘ladi.
Yozuvchilik ham – shu!

* * *
...shaxs inson sifatida kamol topishni istar ekan, va ayni chog‘da o‘ziga xos jihatlarniyam qo‘ldan chiqazmas ekan, demak... u shaxsning navbatdagi asarlari ham uning o‘zi bilan birga shakllanib boraveradi. Va oqibat shaxs qanday Inson bo‘lsa, uning asarlariyam shunday San’at bo‘ladi.

* * *
…yozuvchi qandaydir bir mavzuni olib, qandaydir qahramonlar yo‘nalgan maqsad sari qalam tebratadi. U nega bu ishni qilyapti? U kitobxonga nimadir demoqchi, unga o‘zi uchun aziz-muqaddas bo‘lgan bir nimalarni aytmoqchi, pirovardi, unga bir nima bermoqchi, uning ma’lum bir masalaga munosabatini o‘zgartirmoqchi yoki o‘sha masalaga yangicha nazar bilan qarashini istab shu ishni qilyapti.

* * *
...biz bitta adabiy tilni qabul qilganmiz. Haqiqiy adabiy tilimiz Cho‘lponning tili. Men yozganimda hamma vaqt muallif tilidan, adabiy tilda yozishga harakat qilaman. Ammo qahramonlarim o‘z-o‘zicha. Shuning uchun adabiy tilga har narsani tiqishtirib, talaffuzini buzib yurishni yoqtirmayman.

Otabek Safarov nashrga tayyorladi.

«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 9-sonidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.