background
logotype

Insonparvarlik haqida

Odamlar, insonparvar bo‘ling! Bu sizning birinchi burchingiz.
J.J. RUSSO

Inson odamlarni sevishi kerak. Agar u odamlarni sevsa, yashashi oson bo‘ladi, quvnoqroq yashaydi, chunki jahonda hech kim odamovilardek miskin umr kechirmaydi.
M. I. KALININ

Barcha kamchiliklaridan qat’iy nazar, odamlar har narsadan ham ko‘ra ko‘proq mehrga loyiq.
I. GYOTE

Odamlarga mehr — bu shunday qanotdirki, u bilan inson eng yuksakka parvoz qiladi.
M. GORKIY

Menimcha, inson to tirik ekan, u sevadi, agar u odamlarni sevmasa, uning nima keragi bor!
M. GORKIY

Odamning hayoti uning sahovati bilan teppateng.
R.EMERSON

Yo‘qlik qa’riga ketgan xalqlar va taraqqiyotdan qolgan yagona meros — ehtimol insonparvarlikdir, bu demak — kitoblar, xalq naqllari, marmar obidalar va me’morchilik yodgorliklaridir.
L. N. TOLSTOY

El g‘ussasini singurmaging maqsud et,
Bu sheva bilan oqibating mahmud et.
A. NAVOIY

Davron elining jismida ham jon bo‘lg‘il,
Ham jonlariga moyai darmon bo‘lgil.
A. NAVOIY

Nekim o‘z qoshingda erur noravo,
Ulusqa oni ko‘rma aslo ravo.
A. NAVOIY

Naf’ing agar xalqqa beshak erur,
Balki bu naf o‘zingga ko‘prak erur.
A. NAVOIY

Odamzodning tabiiy intilishlarini oddiygina xulosa qilib, ikki og‘iz so‘z bilan: «Hamma ham yaxshi yashasin», deya ifodalash mumkin.
N. A. DOBROLYUBOV

Ezgulik insonning ma’naviy olamidagi quyoshdir.
V. GYUGO

Hayotimining abadiy va oliy maqsadi – ezgulikdir. Yaxshilikni biz qanday tushunmaylik, hayotimizning o‘zi yaxshilikka intilishdan boshqa narsa emas.
L.N.TOLSTOY

Inson tani uchun sihat-salomatlik qanchalik zarur bo‘lsa, qalb uchun ezgulik ham shunchalik muhim: ezguliging bo‘lsa, u har ishda muvaffaqiyat keltirsa, uni sezmaysan ham.
L. N. TOLSTOY

Ulug‘ muhabbat teran aql bilan uzviy bog‘langan; aqlning kengligi qalbning teranligiga teng. Shuning uchun ham insonparvarlik cho‘qqisini buyuk qalb egalari zabt etadilar: chunki ular — buyuk aql egalari hamdirlar.
I. A. GONCHAROV

Men ezgulikdan boshqa biror afzallikni bilmayman.
L. BETXOVEN

Ezgulikni nafrat yoki, ayniqsa, adovat bilan yuzaga chiqarib bo‘lmaydi. U faqat muhabbatdan tug‘iladi.
J. RESKIN

Inson qanchalik dono va saxovatli bo‘lsa, u kishilardagi yaxshilikni shunchalik ko‘proq payqaydi.
B. PASKAL

Baxtli onlarimizda biz hamisha saxovatlimiz, lekin yaxshilik qilganimizda hamisha ham baxtiyor bo‘lavermaymiz.
O.    UAYLD

Kim chinakam qalb egasi bo‘lmasa, u ezgulik qilishga qodir emas: faqat xushfe’l bo‘la olishi mumkin.
N. SHAMFOR

Ezgulik — hech eskirmaydigan birdan-bir libosdir.
G. TORO

Yaxshilik — ko‘p bo‘lsa ham zarar keltirmaydigan fazilatdir.
J. GOLSUORSI

Ezgulik — shunday bir lisonki, u orqali soqovlar tilga kirib, karlar eshitishi mumkin.
K. BOUVI

Biror-bir kimsaga yaxshilik qilsang, shuni bilki, sening saxovatingdan u behad shod bo‘lgani kabi, senga ham shunchalik zavq nasib etadi.
QOBUS

Boshqalarga shodlik ato etish — eng noyob shodlikdir.
J. LABRUYER

Yaxshilik qilgan chog‘ingda ko‘ksing qandaydir tog‘dek ko‘tarilib, qonuniy g‘ururlanasan, sof vijdonli odamdagina shunday bo‘ladi.
M. MONTEN

Birovga qilingan yaxshilik kishinn shunisi bilan rom etadiki, u shafaqqa o‘xshab oxiri o‘chib ketmaydi, qaytaga yanada yorqinlashib o‘zimizga qaytib keladi.
V. GYUGO

Boshiga kulfat tushgan odamga yaxshi so‘z bilan tasalli berish — ko‘pincha temir yo‘ldagi ko‘rsatkichni vaqtida to‘g‘rilab qo‘yishdek muhimdir: ravon va xavfsiz hayot yo‘lini atigi bir qarichgina masofa ajratib turadi.
G. BICHER

Boshqalarni deb jon kuydirib yurgan kishi o‘zining adolat uchun kurashayotganiga qat’iyan ishonadi; o‘zi uchun nimanidir tilagan odam esa xuddi gadoydek orlanib, uyatga qoladi.
J. LABRUYER

Yaxshilik qilish har qanday yuksaklik sari tashlangan qadamdir; ezgulik qilmasang, bir kunmas-bir kun tubanlik seni o‘z qa’riga tortadi, yaxshilik o‘rniga yomonlik qilasan.
J.RESKIN.

Qaysidir bir odamning muayyan baxtsizligiga sherik bo‘la olgan kishigina ko‘pchilik g‘amini ham his qila oladi.
F. E. DZERJINSKIY

Vatanning shodligi va qayg‘usini ko‘ngliga yaqin olgan kishi har qanaday odamning qayg‘u va shodligiga ham befarq qaray olmaydi.
V. A. SUXOMLINSKIY

Ayrim kishilarning qalbi suvqog‘ozga o‘xshaydi: yaqin kishilarining ko‘z yoshi ularga singmay, dumalab tushib ketaveradi.
P. A. VYAZEMSKIY

Yaxshilik qilishni biladigan odam emas, birovga yomonlikni ravo ko‘rmaydigan kishi saxovat egasidir.
V. O. KLUCHEVSKIY

Ezgu ish mashaqqat mahsuli, lekin bu bir necha bor takrorlansa ko‘nikmaga aylanadi.
L. N. TOLSTOY

Haqiqiy insonparvarlik eng avvalo adolatdir.
V. A. SUXOMLINSKIY

Payti kelganda qattiqqo‘l bo‘lishga qurbi yetadigan odamgina ezguligi uchun maqtovga sazovardir: aks holda, irodaning bo‘shligi yoki faolsizligidan kelib chiqadigan muloyimlik ham ezgulik bo‘lib tuyulishi mumkin.
F. LAROSHFUKO

Shunday odamlar borki, ularga odamday muomala qila boshlasang, maxluqqa aylanib ketadilar.
V. O. KLUCHEVSKIY

Ezgulik — ilm emas, u faoliyatdir.
R. ROLLAN

O‘ylagan ishing yaxshilikka olib kelmasa, barcha ezgu orzularing behudadir.
J. JUBER

Ko‘rsatma bo‘yicha qilingan yaxshilik — yaxshilik emas.
I. S. TURGENEV

Majburan qilingan yaxshilikning qimmati yo‘q.
D. I. PISAREV

Yasama ezgulikdan yomoni yo‘q. Oshkora yomonlikdan ko‘ra odam yasama ezgulikdan ko‘proq nafratlanadi.
L. N. TOLSTOY

Saxiylik ko‘p ehson berishda emas, balki uni o‘z vaqtida berishdadir.
J. LABRUYER

Kimki yaxshilik qilaman deb haddan tashqari uzoq muhokama yuritsa, yaxshilik qilishga vaqti qolmaydi.
R. TAGOR

Ezgu ishni hech qachon keyinga qoldirmaslik kerak: har qanday paysalga solish bema’nilik va ko‘pincha xavflidir.
M. SERVANTES

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.