background
logotype

Muhabbat qirralari

Sevgi erkinlik yo‘lida qurbon bo‘lishga ham tayyor.
F. SHILLER

Muhabbatdangina muhabbat tug‘iladi.

V. G. BELINSKIY

Oshiqning o‘zi uzsin mo‘habbatning gulini,
Axir bu noyob tuyg‘u boshdan-oxir, batamom,
Faqat uning o‘ziga mangu etilgan in’om.

F. SHILLER

Bir boqishda tug‘ilgan muhabbatning davosini topish ayniqsa qiyin.
J. LABRUYER

Oshiq va ma’shuqlar bir-birlari bilan uchrashganlarida mutlaqo zerikmasliklarining boisi shundaki, ular to‘xtovsiz ravishda o‘zlari haqida gapiradilar.
F. LAROSHFUKO

Olamda sevgilingning siymosidan zeboroq chehra, uning ovozidan ham yoqimliroq musiqa yo‘q.
J. LABRUYER

Hamma ovozlar ichida eng yoqimlisi — bu biz sevgan ayolning ovozidir.
J. LABRUYER

Oshiqlar visoliga hamisha vaqt yetmaydi.
I. GYOTE

Hayotga muhabbat uyg‘otmoq uchun ozgina umidning o‘zi kifoya. Ikki-uch kundan so‘ng esa umid yo‘qolishi mumkinu, ammo o‘rtada muhabbat tug‘ilib qoladi.
STENDAL

Boshqa bir odam qalbidagi muhabbatni mahv etishdan ham og‘ir va kechirilmas gunoh yo‘q.
G. IBSEN

Dunyoda dahshatli yovuzliklar ko‘p, ammo hammasidan ham dahshatlirog‘i — muhabbatni bo‘g‘ish.
B. PRUS

Muhabbat o‘limdek kuchliligini bilamiz, ammo u shishadek mo‘rt hamdir.
G. MOPASSAN

Ko‘ngil savdosida ham yil fasllariga o‘xshab birinchi ayozlar nihoyatda sezilarli bo‘ladi.
P. BUAST

Muhabbat jarohatlari hammavaqt ham o‘ldirmagani bilan baribir hech qachon bitib ham ketmaydi.
J. BAYRON

Agar sevgini o‘lchab bo‘lsa, u qashshoq sevgidir.
V. SHEKSPIR

O‘z muhabbati haqida shovqin-suron ko‘tarishni yaxshi ko‘radigan odamgina seva oladi, deyish xato; aqlli odamning his-tuyg‘ulari so‘zida ham, ishida ham aks etib turadi, yana ba’zilarida bu faqat amalda bo‘ladiki, ehtimol, shu indamasligi uchun ham ularnin tuyg‘usi kuchlidir.
N. G. CHERNISHEVSKIY

O‘z muhabbatingni chuchmal maqtovlardan ko‘ra, foydali ish bilan izhor etganing ma’qul.
 D. I. PISAREV

Chin muhabbatning tili lol, sababi, haqiqiy his-tuyg‘ular so‘zdan ko‘ra amalda ko‘proq zohir bo‘ladi.
V. SHEKSPIR

Ma’shuqa turgan joyda har qanday so‘zamol og‘izlar ham gung-soqov bo‘lib qoladi, aytishni shu qadar xohlaganidan ayni tilning uchida turgan gaplar ayniqsa esdan chiqadi.
 M. SERVANTES

Ehtiros aql ishlatib o‘tirmaydi.
O. BALZAK

Yuragi qanchalik kuyayotganini gapirib bera olgan odam u qadar kuymayotgan bo‘ladi.
PETRARKA

Uncha sevmagan odamgina o‘z muhabbatini izohlab bera oladi.
PETRARKA

Muhabbat haqida dono gapirgan erkak u qadar sevmaydi.
J. SAND

Muhabbat haqida hammaga jar solgan odam — ishqsiz odam.
V. SHEKSPIR

O‘zing his etmagan muhabbatnigina batafsil gapirib berishing mumkin.
A. KARR

Jamiki oshiqlar o‘zlari uddalay olmaydigan ishlarni qilishga ham qasam ichadilaru aslida imkoniyatlari doirasidagi ishni ham qilmaydilar.
V. SHEKSPIR

Kimki sadoqat haqida hech vaqt ont ichmagan bo‘lsa, u hech qachon ontini buzmaydi.
AFLOTUN

Ma’lumki, o‘tli tuyg‘ular lo‘nda, ammo kuchli ifoda etiladi.
G.R. DERJAVIN

Sevib qolgan yigitni ayblash, biror kishiga kasalligini yuziga solib, ta’na qilish bilan bab-baravardir.
Sh. DUKLA

Ilk marta sevib qolgan odamdan bu haqda og‘iz ochmaslikni talab qilib bo‘lmaydi. Ilk muhabbatga shu qadar toshqin quvonch hamroh bo‘ladiki, u bo‘shalib turishi kerak, aks holda, oshiqni bo‘g‘ib qo‘yadi.
A. DYUMA

Sevgi yoki do‘stlik bobidagi qo‘rqoqlik bema’nilik va buning ustiga shaxsiyatparastlikdan iborat bo‘lur edi, eng avvalo o‘zimizdagi, qolaversa, sevganimiz insondagi barcha tuyg‘ularni mahv etgan bo‘lur edi.
J. SAND

Muhabbatda ham xuddi san’atdagiga o‘xshab boshqalar tomonidan aytilgan gapni takrorlamaslik kerak; o‘zing his etgannigina so‘zlashing lozim; bo‘lmasa-yu, gapirishga shoshilsa, o‘zi uchun bir umr gapirolmay o‘tish xavfini tug‘diradi.
R. ROLLAN

Do‘stlik va muhabbatda biz o‘zimiz bilgan narsalardan ko‘ra bilmagan narsalarimizdan ko‘proq baxtiyorlikka erishamiz.
F. LAROSHFUKO

Muhabbat — shunday bir soxta tanga yasovchiki, u tinim bilmay misni oltinga aylantiruvchigina bo‘lib qolmay, vaqti-vaqti bilan oltinni misga aylantirib turuvchi hamdir.
O. BALZAK

Sevgi nigohi shundayki, unga mis — oltin bo‘lib, qashshoqlik — boylik bo‘lib, yilt etgan uchqun — dur bo‘lib ko‘rinadi.
M. SERVANTES

Sen mening qiyofamda sevgan odam, so‘zsiz, mendan yaxshi; men unchalik emasman. Lekin sen meni sev, shunda men o‘zimdan ko‘ra yaxshiroq bo‘lishga intilaman.
M. M. PRISHVIN

Muhabbat sevikli kishida unda yo‘q fazilatpi ko‘rib ko‘pincha yanglishadi, lekin ba’zan shu muhabbatning o‘zi unda aql va ko‘z ilg‘ay olmaydigan go‘zallik yoki buyuklikni ham kashf etadi.
V. G. BELINSKIY

Ko‘pincha, erkak bir holatda-yu, ayol esa suxsurdayligini ko‘ramiz. Demak, biz erkakning ayol qadrlagan yashirin fazilatlarini bilmaymiz: bu kun«Sevaman» degan so‘z sekin va jo‘n aytilgandagina ayol bunga ishonadi.
Ya. GALAN

Yuraklar muhabbat bilan limmo-lim bo‘lsa va visol onlaridan hijron chog‘larigacha gupillab ursa, odam bir-birining dilidagini shunchaki bir ishora bilan ham anglay ola biladi.
R. TAGOR

Sevgi hamisha unga bo‘lgan ishonchdan ko‘ra ustun turadi. Har kuni takrorlanadigan. «Seni qanday sevishimni bilsang edi!»— degan so‘zlarga naqadar teran va cheksiz-chegarasiz haqiqat jamlangan.
V. GUMBOLDT

Hech bir narsa muhabbatni qattiq monelikdek alangalata olmaydi.
LOPE DE VEGA

Sevgi yo‘lidagi har qanday g‘ov uni faqat kuchaytiradi.
V. SHEKSPIR

Qarshilikdan qo‘rqqan sevgi — sevgi emas.
J. GOLSUORSI

Hijron tuyg‘ularni o‘chirmay, aksincha, alanga oldiradi.
M. RUSINEK

Ayriliq muhabbat uchun baayni olovga tekkan shamolday gap: u kuchsiz olovni o‘chiradi, kattasini esa guvillatib yuboradi.
R. BUSSI

Ko‘ngil bog‘lash uchun o‘ta sinchkovlik shart emas, muhabbat esa oshirib ko‘rsatadigan ko‘zgu yordamida paydo bo‘ladi.
T.BRAUN

Eng dono kishi ham sevib qolgach, endi hech bir narsani asl holatida ko‘ra olmaydi... Uncha ko‘zga tashlanmay yurgan ayol ham butunlay boshqacha ko‘rinib, bittayu bitta zot bo‘lib qoladi.
 STENDAL

Savdoyi qizni sevib qolgan odam unga benihoya qizg‘in, kuchli ehtiros bilan talpinadi, bu xil muhabbatning sababi — yo oshiq tabiatidagi g‘alati tantiqlik, yo bo‘lmasa ma’shuqada husn sehru jodusidan ko‘ra qudratliroq bo‘lgan sirli sehru joduning mavjudligidir.
 J. LABRUYER

Sevganimizda hech narsani ko‘rmaymiz.
LOPE DE VEGA

Oshiqqa xunuk narsa ham ko‘pincha chiroyli ko‘rinadi.
FYeOKRIT

Oshiqqa ma’shuqaning qusuri bilinmaydi.
FARRUXIY

O‘z sevgilisining kamchiliklarini ham ardoqlamagan odam o‘zini chinakam oshiq deyolmaydi.
P. KALDERON

Ayolning ayolligini o‘sha ayol qanday erkakni sevganida bilsa bo‘ladi.
V. G. BELINSKIY

Agar sevsang, muhabbatingga arziydiganni sev. Sevilgan odam Ptolomey yoki Aflotun darajasida bo‘lishi shart emas, lekin oz bo‘lsa-da, idrok egasi bo‘lmog‘i kerak.
QOBUS

Erkak kishi tanlagan qayliqqa qarab turib, u odamning kimligi, o‘z qadr-qimmatini biladimi-yo‘qmi, osongina bilsa bo‘ladi.
I. GYOTE

Hayotni idrok etish va uni boshqa bir zot siymosida sevish — insonning vazifasi ham, iste’dodi ham mana shundadir: har bir kishi o‘zini boshdan-oxir bitta odamgagina bagishlay olishi mumkin.
A. BARBYUS

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.