background
logotype

Tilab Mahmudov. Olimlari xor mamlakatning istiqboli bo‘lmaydi

To‘g‘ri so‘zda dalolat bor,
Egri so‘zda malomat bor.

***
Uzun arqon – ishga yarar,
Uzun tiling – boshni yorar.

***
Shirin so‘z shirindir qandu asaldan,
Odamni qutqarar og‘ir kasaldan.

***
Shirin jazing bermasang ham, shirin so‘zing ayama.

***
Hamma a’zo bir vazifa bajarar,
Tilim qurg‘ur birda asal, birda zahar chiqarar.

***
To‘g‘ri so‘zning tig‘i bor,
Tig‘ uchida tug‘i bor.

***
Ko‘mirdir xom go‘shtni kabob qilguvchi,
Qo‘pol so‘z odamni xarob qilguvchi.

***
Hayvonlar hid bilan bir-birin topar,
Odamlar so‘z bilan bir-birin qopar.

***
Yog‘li go‘shtning hazmidan, dog‘li so‘zning hazmi og‘ir.

***
Insonni g‘aflat uyqusidan faqat haq so‘z uyg‘ota oladi.

***
Qisqa yozish ona tili kambag‘alligidan emas, boyligidan nishonadir;
Pala-partish gapirmoq yo fikr tarqoqligini yo aql aynoqligini bildiradi.

***
Bahsda bir tomonning sukuti yo nafrat, yo donishmandlik belgisidir.

***
Tishing qimirlasa, olib qutilding,
Tiling qimirlasa, o‘qqa tutilding.

***
Yo‘lingda qoqilsang, mumkin turishing,
Tilingdan qoqilsang, og‘ir mushkiling.

***
Pichoq tig‘i bittadir.
Tilning tig‘i mingtadir.

***
So‘zda fikrgina emas, qalb ham aks etib turadi.

***
Tilni tiygan tiyrakdir, ko‘p tinglagan ziyrakdir.

***
Yubileylarda aytiladigan so‘zlar yurakdan emas, o‘pkadan chiqqan bo‘ladi.

***
Yaxshi gapning o‘lchovi yo‘q.

***
Tiling bilan itingni qutirishga yo‘l qo‘yma, aks holda, ikkalasi ham o‘zingni nobud qiladi.

***
Tog‘ ham yemirilar seldan, jaladan,
Zahar til odamni qilgay chalajon.

***
Aqling yetmas kasbga qarab yugurma,
Teshik jomga suv to‘ldiray, deb yurma.

***
Bilimim misoli gugurt bo‘lsaydi,
Odamlar ko‘nglida chiroq yoqsaydi.

***
Aqli raso o‘qiydi, aqli raso bo‘lay, deb,
Aqli sayoz o‘qiydi o‘zni ko‘z-ko‘z qilay, deb.

***
“Himoya” paytida kim jim o‘tirdi,
Yashirin ovozda “ishin” bitirdi.

***
Ilmli odamlar og‘ir bo‘ladi,
Ilmsiz odamlar olg‘ir bo‘ladi.

***
Mevasi mo‘l daraxt yerga egilar,
Bilimdon odamlar elga egilar.

***
Birovga yozdirib olim bo‘lganlar,
Oxiri iymonsiz bo‘lib o‘lganlar.

***
Tusmollab devorga mix qoqilmaydi,
Tajriba orttirgan hech qoqilmaydi.

***
Neki bildim – olovlandim,
Neki bilmam – kalovlandim.

***
Shogird ustoz tanlaganda emas, ustoz shogird tanlaganda haqiqiy olim voyaga yetadi. Ko‘pincha, shogirdlar ustoz obro‘si, mansabini ko‘zda tutib, nomi chiqqan ustoz etagiga yopishadi. Aslida, bilim yo‘nalishi haqiqiy ustoz- shogird aloqadorligini belgilashi kerak.

***
Ilmsizlar ilmli odamlarni o‘z foydasiga ishlatishni biladi.

***
Zamon ilmga tobe’ bo‘lsa – el yashnaydi,
Ilm zamonga tobe’ bo‘lsa – qaqshaydi.

***
Ilmli odam bilan badavlat odam tabiatida mushtaraklik bor – olimning ilmga, boyning molu dunyoga to‘ymasligidir.

***
Ilmga yo‘l bermaslik – jaholatga qo‘l berishlikdir.
Olimi ehtiromsiz yurtda odam e’tiborsizdir.

***
Ilmi bo‘lmay turib ulug‘ sanalgan odam qordan yasalgan qasrga o‘xshaydi: uning shuhrati qor umriday qisqa bo‘ladi.

***
Ilmsizning birovga aql o‘rgatishi, ko‘rning tabiat ranglaridan va’z o‘qishiga o‘xshaydi.

***
Ilm shunday yukki, u qanchalik ko‘paysa, uni ko‘tarib yurgan odamning qadam tashlashi shunchalik yengillashib boradi.

***
Umr bo‘yi bir mavzuni chaynagan olim yantoqdan bo‘lak o‘t yemaydigan tuyaga o‘xshaydi.

***
Ilmda baxillik olimlar ahilligining kushandasidir.

***
Olimlari xor mamlakatning istiqboli bo‘lmaydi.

***
Qancha ko‘p o‘qiganim sari bilim daryosiga sho‘ng‘ib, undan suzib chiqish mushkulligidan  shunchalik azoblanaman.

***
Faylasuflar ruhoniylar bilan dunyoviylar orasida ming yillardan buyon sovchilik qilib keladilar.

 ***
Faylasuflar borliq haqida qanchalik chuqur xayolga tolsalar, shunchalik borliqda o‘zlarini yo‘qotadilar.

***
Odamzod bilim egallashda ishni hayratdan boshlab, g‘ayratga yetib kelgan.

***
Ilmli – ildam, ilmsiz imillagandir.

***
Ilmli elning qo‘ynida don bo‘ladi.
Ilmsiz elning ko‘ngliga qon to‘ladi.

***
Odamlar hayotini ko‘kda quyosh, yerda olimlar yoritadi.

***
Adabiy ijodga ixlosmand o‘z faoliyatini tarjimadan boshlagani ma’qul: lug‘atlar titkilaydi, so‘z boyligi oshadi, yaxshi asar yozish yo‘l-yo‘riqlari bo‘yicha tasavvuri kengayadi, didi shakllanadi. Mabodo, mustaqil ijod qilolmagan taqdirda ham, yaxshi tanqidchi bo‘lishi mumkin.

***
Teatr sahnasi – inson hayotining tasviriy maketi.

***
Har kimning o‘z tabiatiga monand fantaziyasi bo‘ladi.

***
Vijdon bilan asar yozsang, fikring seni kelajakka uzatar,
Nima yozsang haqni yozgin, to‘rt ko‘z bo‘lib hamma seni kuzatar.

***
O‘z davrida mukofotlar olganlar,
Vaqti kelib unutilib qolgaylar.

***
Qo‘g‘irchoqlar asli o‘yinchoq erur,
Maddohlarning da’vati po‘choq erur.

***
Daraxtlar gullarini ayamasdan to‘kadi, hosil uchun yarog‘ini olib qoladi. Daraxtchalik farosati bo‘lmagan ayrim adiblar barcha yaxshi-yomon satrlaridan “Tanlangan asarlar” bitadi. Qator-qator kitob yozib, so‘ngra ulardan tanlagandan ko‘ra, o‘z vaqtida tanlab yozsa bo‘lmasmikan?!

***
Hamma odamlarda ko‘z bor, quloq bor. Ammo rassom va bastakorning ko‘zi va qulog‘i boshqalar qarab, quloq tutib, lekin ko‘rmagan va eshitmagan rang va ohanglarni idrok etadi.

***
Ko‘p yozishni emas, xo‘p yozishni mashq qilmoq kerak.

***
Dunyoga ikki yuz, uch yuzlab romanlar bitgan yozuvchilar bor, ammo Abdulla Qodiriy ikkita romani bilan ulardan ustun turadi.

***
Hayotiy asarning umri boqiydir.

***
Ta’ma siyohi bilan qog‘oz qoralagan munaqqid o‘ziga makalaturadan ko‘ylak tikkan bo‘ladi.

***
Men tirik zamondoshlarimdan emas, ilgari o‘tib ketgan ustozlar nigohi, kelajak avlod tanqidini o‘ylab qo‘limga qalam olaman.

***
Ba’zi ijodkorlarning asarini o‘qing-u, o‘zlaridan yiroq bo‘ling.

***
Avvallari buyuk adiblarning shoh asarlari “Tanlangan asarlar” shaklida nashr etilardi. Hozir adiblarning hamma qoralamalari to‘planib “Tanlangan asarlar” tarzida nashr etilishi qog‘oz narxining ko‘tarilib, kitob qadrining pasayib ketishiga sabab emasmikin?

***
Ba’zi olti yuz betlik kitobdan ikki qator xalq maqoli afzaldir.

***
Urug‘ yerda unganiday, talant muhitga bog‘liq bo‘ladi.

***
Qo‘ymijoz shoirning yozgan she’rlari
“Qo‘y”larga ma’qul-u, yoqmas sherlarga.

***
Yaxshi shoir o‘qigan she’ri bilan emas, o‘qilgan she’rlari bilan e’tibor qozonadi.

***
Ko‘p yozish emas, xo‘p yozish talant belgisi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 4-son.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.