background
logotype

Yohann Volfgang Gyote hikmatlari

http://www.ziyouz.com/images/Johann-Goethe.jpgYuksak maqsadlar yuzaga chiqmay qolgan taqdirda ham - biz uchun amalga oshgan ikkinchi darajali maqsadlardan ko‘ra qimmatliroqdir.

* * *

Maqsadga yaqinlashgan sayin mashaqqat ortib boradi. Lekin har bir kishi yulduzlarga o‘xshab sokinlik bilan, shoshmasdan, biroq belgilangan maqsad sari uzluksiz intilgan holda, o‘z yo‘llarini bosib o‘tishi kerak.

* * *

Inson bo‘lish  -  kurashchi bo‘lmoqlikdir.

* * *

Natija - ishga berilgan baho.

* * *

Eng kulgili xohish, - bu barchaga yoqish istagi.

* * *

Ishontirish - har qanday ilmning ibtidosi emas, balki intihosidir.

* * *

Janjallashayotgan ikki kishining qaysi biri aqlliroq bo‘lsa, o‘sha aybdor.

* * *

Hech narsa yo‘qotmaydigan odam bo‘lish - o‘ta dahshatlidir.

* * *

Donishmandlik - faqat haqiqatda.

* * *

Hayot, garchi u lahza bo‘lsa ham, burch­dir.

* * *

Bekor o‘tgan umr, bu - barvaqt o‘lim topish demakdir.

* * *

Tajribalar - bizning abadiy hayot muallimimiz.

* * *

Izlagan odam adashishi mumkin.

* * *

Kimki ko‘p narsaga erishmoqchi bo‘lsa, o‘z oldiga katta talablar qo‘yishi lozim.

* * *

Begona yurt Vatan bo‘la olmaydi.

* * *

Mukammal san'at asari, bu - inson ruhiy olamining in'ikosidir, u shu ma'noda tabiat farzandi hisoblanadi.

* * *

Agar tuturiqsiz narsa did bilan tasvirlangan bo‘lsa, u ham zavq uyg‘otadi, ham nafrat.

* * *

Nimaiki o‘ziga jalb etmas ekan, u jonsizdir.

* * *

G‘azab uchun dalilning keragi yo‘q. U faqat sabab axtaradi.

* * *

Aqlli kishilar-bebaho qomus.

* * *

Faol johillikdan dahshatliroq narsa yo‘q.

* * *

Kim sabrli bo‘lsa-o‘sha haqdir.

* * *

Inson dunyoni qanchalik bilsa, o‘zligini ham shunchalik anglaydi.

* * *

Inson tushunib bo‘lmaydigan narsalarni ham tushunishi mumkinligiga inonmog‘i lozim, aks holda, u bular haqida fikr yuritmay qo‘ygan bo‘lur edi.

* * *

Turli-tuman tarbiyaviy hikoyatlar va hikmatli so‘zlarni to‘plash tengsiz davlatdir.

* * *

Har kuni aqalli bitta qo‘shiq eshitish, yaxshi rasm ko‘rish va iloji bo‘lsa, istagan bir hikmatli so‘zni o‘qib olish darkor.

* * *

Kishi uzlatda yashay olmaydi, unga jamoat kerak.

* * *

Faqat odamlar orasidagina kishi o‘z-o‘zini anglashga qodir.

* * *

Kishining tanho qolishi, ayniqsa, u yakka o‘zi ishlasa, behad yomon; agar u biron-bir narsaga erishmoqchi bo‘lsa, unga hamdardlik va ma'naviy yordam kerak.

* * *

Aynan boshqalarning xayrixohligidan bahra topgan holdagina hayot nash'ali bo‘ladi.

* * *

Hamisha qahramon bo‘lish mumkin emasdir, lekin hamisha inson bo‘lib qolish mumkin.

* * *

O‘zi haqida hukm chiqarishni o‘rganmagan odam boshqalar haqida hukm chiqarolmaydi.

* * *

Yaqin kishilarimizga o‘zlariga munosib muomala qilib, biz ularni battar buzamiz. Agar biz ularga o‘zlaridan ko‘ra yaxshiroq odamlar, deya yondashsak, ularni biz yanada yaxshiroq bo‘lishga majbur etamiz.

* * *

Barcha kamchiliklaridan qat'i nazar, odamlar har narsadan ham ko‘proq mehrga sazovordirlar.

* * *

Go‘zallik -har yerda orzu qilingan mehmon.

* * *

Benaf yashashdan bevaqt o‘lim afzal.

* * *

Kimki kurashsa gar erk va hayot deb, o‘shanga loyiqdir erk ham, hayot ham.

* * *

Ayniqsa, vaqtni boy berish bilimdon odamga qimmatga tushadi.

* * *

Hadeb o‘ylayvergan odam hamisha ham to‘g‘ri qarorga kelavermaydi.

* * *

Na bo‘ysunishga, na o‘zining nimaga qodirligini ko‘rsatish uchun buyruq berishga ehtiyoji yo‘q kishigina chinakam baxtiyor va ulug‘vordir.

* * *

Zo‘r quvonchga faqat katta mehnat bilan erishish mumkin.

* * *

Hatto qabr yoqasida ham umid yashaydi.

* * *

Inson o‘z burchini bajarar ekan, o‘zi majburan qilayotgan ishiga ham muhabbat bilan qaraydi.

* * *

Qo‘lidan keladigan ishga emas, o‘zi tushunmaydigan ishga qo‘l urgan kishi baxtsizdir.

* * *

Hech qanday ishga dabdaba bilan kirishmaslik kerak: tantanavorlik ish tugaganda yarashadi.

* * *

Hali yosh ekanmiz, xato ham foydadan xoli emas, faqat uni to qariguncha sudrab yurmasak bo‘lgani.

* * *

Narsalarga qiziqishing yo‘qolsa, xotirangdan ham ayrilasan.

* * *

Xursand odamga butun olam quvnoq ko‘rinadi.

* * *

O‘zini aqlli ko‘rsatishga uringan ahmoqdan ham xatarliroq kimsa yo‘q.

* * *

Kimki o‘zga tillarni bilmasa, o‘z tilini ham yaxshi tushunmaydi.

* * *

Ishonch bilan gapir, ana shunda so‘z ham, tinglovchilarni mahliyo etish ham o‘z-o‘zidan kela qoladi.

* * *

Muxolifing bilan bahslasha turib, o‘z ojizligingni anglay boshladingmi, bahsni to‘xtat, aks holda, qancha ko‘p gapirganing sayin battar bema'ni ahvolga tushaverasan.

* * *

Eng yaxshi san'at asarlarini vaqt-vaqti bilan takror sinchiklab ko‘rib turmoq zarur; ularda ko‘z ilg‘amas teranlik yashiringan bo‘ladi.

* * *

O‘rtamiyona kitoblarni keragidan ortiq o‘qib, behuda vaqt sarflaydilar. Aslida hayratlangan narsangnigina o‘qishing lozim.

* * *

Hayotga inon, axir u har qanday kitobdan ham yaxshiroq ta'lim beradi-ku.

* * *

Mehnatsiz chinakam buyuklik bo‘lishi mumkin emas.

* * *

Faqat tajribagina bizni hayot ne'matlarini qadrlashga o‘rgatadi.

* * *

Buyuk odamdan biz, avvalo, haqiqatga muhabbatni talab qilamiz.

* * *

Davlatingdan ayrilsang - ko‘p narsa yo‘qotasan,

Nomusingdan ayrilsang - ko‘p narsa yo‘qotasan,

Mardligingdan ayrilsang - hamma narsangni yo‘qotasan.

* * *

O‘z nomukammalligingni anglashing kamolotga yetaklaydi.

* * *

Kimki dunyoda o‘z do‘stlari borligini bilmas ekan, dunyo ham uni bilishi shart emas.

* * *

Chinakam maslakdoshlar uzoq vaqt achchiqlashib yurolmaydilar; ular axir bir kun yarashib oladilar.

* * *

Ota dunyodan ko‘z yumganda, bolalariga ota o‘rnini bosa oladigan ayol chinakam onadir.

* * *

Oshiqlar visoliga hamisha vaqt yetmaydi.

* * *

Ajdodlar hurmatini chin qalbdan bajo keltiruvchi kishi baxtlidir.

* * *

O‘zingni o‘z qobiliyatingdan ustun qo‘yishing ham, o‘zingni kamsitishing ham yaramaydi.

* * *

Har qanday kishi ham o‘zi tushunadigan narsaga quloq soladi.

* * *

Qo‘rqoq xavf o‘tganidan keyingina do‘q-po‘pisa qiladi.

* * *

Kamchiligi, ayniqsa, ruhiy kamchiligi bor kishilar doimo o‘zlari haqida yuqori fikrda bo‘ladilar. Go‘yo saxiy tabiat kimni boshida aqldan qisgan bo‘lsa, o‘sha kamchilikni to‘ldirish uchun manmanlikni qo‘shimcha chora sifatida yuborgandek.

* * *

O‘limdan qo‘rqish ham, qo‘rqmaslik ham mumkin, u - muqarrar narsa.

* * *

Nahot muhabbat bilan aql o‘rtasida biron-bir umumiylik bo‘lsa!

* * *

Ziddiyat va xushomad bor joyda suhbat qovushmaydi.

* * *

Ishqibozlik-qusur yoki fazilatning yuqori darajadagi ko‘rinishidir.

* * *

Bizning mayl-havaslarimizni Qaqnus qushga o‘xshatish mumkin. Biri yonib bitsa, shu zahoti kul ichidan yana yangisi chiqib kelaveradi.

* * *

Ixtiyoriy bog‘liqlik eng go‘zal holatdir, uni muhabbatsiz qanday tasavvur qilish mumkin?!

* * *

San'at qiyin va ezgu ishlar bilan shug‘ullanadi.

* * *

Manzilga yaqinlashganing sayin qiyinchiliklar yanada orta boradi.

* * *

Eng ingichka soch tolasining ham soyasi bor.

* * *

Agar inson tabiatan olijanob bo‘lmaganida, u yer yuzidagi eng ulug‘ mavjudot bo‘la olmas edi.

* * *

Kimki o‘z umri intihosini ibtidosi bilan bog‘lay olsa, u eng baxtiyor insondir.

Olmon tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi.
«Ma'rifat» gazetasidan olindi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.