OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tohir Malik. Qarg‘ish (hikoya)

Bola o‘lik tug‘ildi. Bir kun o‘tmay xotini ham jon berdi. Janoza kuni shomdan keyin tug‘ruqxonaning bosh vrachidan elchi kelib, bir qop sabzi-piyoz, yarim qop guruch, qo‘yning son go‘shtini tashlab ketdi. Ertalab paydo bo‘lgan ikkinchi elchi bosh vrachning hukumat mukofotiga nomzodi qo‘yilganini aytib, “g‘alva chiqarmay o‘tiring, xo‘pmi”, deb ketdi. Tayinlamasa ham “yaxshi qaramaganliklaring uchun o‘ldi”, deb tug‘ruqxonadagilarga da’vo qilish niyati yo‘q edi. U yerdagilarga pul berishga qo‘li kaltalik qilgan edi, endi da’volashishga tili kaltalik qildi.
Xotini “To‘rtinchi bolani tuqqanimdan keyin to‘xtatamiz. Shularni eplab boqib, katta qilib olsak ham katta gap”, degan edi. To‘rtinchisini tug‘di ham, o‘zi bilan olib ketdi ham... Uchtasini boqib, katta qilishni uning zimmasiga yuklab ketdi... Kattasi o‘n uchda, kichigi hali ikki yoshga ham to‘lmovdi. Birovlar xotinining dunyoni erta tark etganiga, yana birovlar uning o‘ziga achinishdi. Bu dunyodan ketganlarning qabrdagi hayotini ko‘pchilik o‘ylamaydi, to‘g‘rirog‘i, bilmaydi. U hayot Yaratganning O‘zigagina ma’lum. Ammo uch bola bilan beva qolgan erning taqdirini o‘ylovchi yaqinlari uning ertangi kunidan, norasidalarning qismatidan tashvishlanishdi.
Beva erning muammosini hal etish osonday tuyuladi. Birontasiga uylansa yana baxtini topganday bo‘ladi. Lekin bolalarning baxt topishlari mushkul. Uylariga dunyodagi eng mehribon o‘gay ona kirib kelsa ham kemtik baxtlarining o‘rni to‘lmaydi.
Ergashning uylanishiga doir fikrlar yaqinlarining xayolida janoza kuniyoq uyg‘ongan bo‘lsa-da, marhumaning qirqidan keyin tilga ko‘chdi. Ergash tabiatan yalqovroq bo‘lgani uchun ro‘zg‘or tashvishlarining bir uchini emas, asosiy qismini xotini ko‘tarardi. Tomorqani ham eplardi, to‘yi bo‘layotgan kelinlarning kiyimlarini tikib berishga ham ulgurardi. Chevarligi atrof qishloqlarga tarqagani uchun, ayniqsa to‘y mavsumlari qo‘li-qo‘liga tegmasdi.
Xotinidan keyin tomorqa ham qarovsiz qoldi. Bolalarning betlaridan qon qochib, sarg‘aya boshlashdi. Qishloq odatiga ko‘ra, beva erning bir yil davomida uylanishi ayb sanalsa-da, qarindoshlar kengashib, bu muddatni ikki oyga keltirishdi. Ayollar zimmalaridagi vazifalarini tez bajarishdi – shaharga yaqinroq qishloqda yashovchi xotinning chiroyi ko‘ngilga chiroq yoqa oladigan darajada bo‘lmasa-da, ikki marta turmush qurib farzand ko‘rmagani uchun, Ergashga ma’qul keldi. Qarindoshlar yig‘ilishib, nikohlab qo‘yishdi. Rahimaning qo‘l-oyog‘i chaqqongina edi. Ro‘zg‘or tashvishlarini zimmasiga oldi. Ammo qo‘l-oyog‘iga mos ravishda tili ham chaqqon edi. Bir haftadan keyin yalqov erini gap o‘tida qovurishni boshladi. Tig‘li gaplari Ergashga ta’sir etmagach, zahrini bolalarga socha boshladi. Ergash uning farzandsizligini eshitganida “tirnoqqa zor bo‘lsa bolalarimga mehr qilar”, deb o‘ylagandi. Chindan ham Alloh tirnoqqa zor ayollar qalbiga yetimlarga nisbatan mehrni mo‘l-mo‘l beradi. Lekin bunday ayollar orasida yuragini mehr emas, alamzadalik zahri bilan to‘ldirganlari ham uchraydi. Bu xotinning ismi jismiga, ayniqsa ruhiga mos emas, “Rahima” atalgani bilan qalbida rahm-shafqat ozroq edi. Agar ro‘zg‘orni Ergashnig o‘zi tebratganida ehtimol, uning tili ham, qo‘li ham uzun bo‘lmasmidi... Bir tarafdan farzandsizlik alami, ikkinchi tomondan erning dangasaligi, g‘ayratsizligi undagi g‘azab dengizini to‘ldirib-toshirib yuborardi.
Rahima birinchi erini yaxshi ko‘rardi. Na qilsin u bechora, shirin turmushi besh yil davom etdi. Ikkinchi eri ham yomon emasdi. Lekin u ham farzand talabida edi. Bunisida bunday talab yo‘q, faqat qorin g‘ami bor. Rahima qismatiga shukr qiluvchilardan emasdi, o‘z taqdirini la’natlashga qoniqmay, erini, keyin bolalarni ham qarg‘ay boshladi. Qarg‘ab-qarg‘ab urgani bilan, bolalarni och-nahor tashlab qo‘ymasdi. Kichkintoyning ishtonlarini yuvishdan irganmasdi. Ergash shuning uchun ham uning zaharliklariga chidadi.
U-ku chidadi, biroq, bolalarning chidashi qiyin edi. Bu uydan chiqadigan har bir tovushga ziyraklik bilan quloq tutuvchi xolalarning chidamlari ham uzoqqa bormadi. Ergashning katta qayin egachisi bolalarni ko‘rgani kelgan kuni o‘rtancha o‘g‘il dasturxonga choy to‘kib yubordi. Rahima “ha, shumgina yetim!” deb qarg‘andi-yu chap qo‘li bilan tarsaki tushirdi. O‘rtada qiyomat g‘alvasi boshlanishi uchun shuning o‘zi kifoya qildi. Bir-birlarining sochlarini yulishmadi-yu, biroq, tillari bilan bir-birlariga kafan bichishdi. Oxiri Rahima “Bolalarga rahming kelsa, olib ket!” deb hayqirdi. Xola esa “Olib ketaman, Xudo bekorga seni urib qo‘ymagan ekan!” deb javob qildi.
Bu onda Ergash choyxonada ulfatlari davrasida yayrab o‘tirgan edi. Uyga xuftonda shirakayf holda qaytib, g‘alati manzaraga duch keldi: xotini ayvonda o‘tirib olib qo‘l-oyoqlari yulib tashlangan qo‘g‘irchoqning boshiga ignalar sanchardi. Bu uyda o‘g‘il bolalar qo‘g‘irchoq o‘ynashmasdi, qaydan topdi ekan, deb o‘ylamadi. U xotinining harakatiga tushunmay angrayib qoldi. Rahima erining kelganini ko‘rsa ham, o‘rnidan jilmay, ishini davom ettirdi. Eridan “Nima qilyapsan?” degan savolni kutdi. Ergash anqayib turavergach:
-Ha, ko‘cha xandon, uy zindon, keldingizmi?-deb ming‘irladi.
-Keldim,-dedi Ergash.-Nima qilyapsan?
-Ilmu amal qilyapman.
-Bu nima deganing?
-Hali qaynagachingiz kelib sasib-sasib ketdi. Jiyanlariga achinib, olib ketmoqchi. Mening yaxshiligimni bilishmadi, urug‘laringiz. Siz ham bilmaysiz. Xudo olsin, hammalaringni. Meni yomon deganlaring uchun, endi yomonlik qanaqa bo‘lishini mendan ko‘rasanlar. Bolalaringizni mana shunaqa jodu qilyapman. Agar xolasi ertaga olib ketmasa, uchchalasi birin-ketin til tortmay o‘ladi. Endi bolalaringizning bu uyda turishlari mumkinmas, hatto shu ko‘chadan o‘tishsa ham o‘lishadi. Meni haydayman, deb ovora bo‘lmang, folbin jodu qilib qo‘ydi: bu uydan chiqib ketgan kunim bolalaringiz o‘lishni boshlaydi. Menga endi baribir, nima qilsangiz qilavering.
Bu gaplarni eshitib, Ergashning butun badani muzlab ketdi. Xotini oxirgi gapni aytmaganida mushtini ishga solishi, keyin uni haydab solishi aniq edi. Ergash chorasiz qoldi. Xotinini so‘kishga ham tili bormadi. Taqdirini la’natladi-yu hovliga chiqib bir pas turib qoldi. Keyin bojasinikiga qarab yurdi. Qayin egachisi uni noxush kayfiyatda qarshiladi. Bir-ikki piyola choy ichilib, bolalar qismatidan gap ochilgach, kun bo‘yi to‘plagan barcha zahrini Ergashga socha qoldi. Ergash “Menda nima ayb? Bu xotinni o‘zim topib uylanibmanmi?” desa ham oson qutula olmadi. Yaxshiki Rahimaning jodu haqidagi gaplarini aytmadi. Aytganida balolar do‘li ostida qolib ketishi aniq edi. Ergash “Xotinim insofga kirib qolgunicha bolalar sizlarnikida tursa bo‘larmikin?”, deb iltimos qilishga og‘iz juftlaganida qayin egachisi bolalarni ertalab olib kelishini bildirib, mushkulini osonlashtirdi. Bu qarorga bojasi monelik qilmadi.
-Yetimlarning rizqlari o‘zlari bilan bo‘ladi. Bu qismat barchamizga bir sinov, yetimlar bahonasida savob amallarimizni ko‘paytirib olamiz,-dedi. O‘zining to‘rt farzandi yoniga na uch yetimning qo‘shilishi oqibatida tirikchilik aravasini tortish mushkullashishi haqida gap ochmadi. Faqat Ergashni kuzatish chog‘ida “Ahli ayolingizga nasihat qilishdan charchamang, yetimlarning ko‘nglini og‘ritib, gunohkor bo‘lib qolmasin, buning jazosi og‘ir bo‘ladi”, deb qo‘ydi. “Bu gunohga siz ham sheriksiz”, demoqchi bo‘ldi-yu bojalik hurmatini saqlab, tilini tiya qoldi. Ergash esa bojasining ogohlantirishini unutib yuboriladigan oddiy bir gap o‘rnida qabul qildi.
Rahima bolalarni chiqarib yuborishni istayotgan bo‘lgani bilan ularning bu uyda o‘lishlarini xohlamas edi. Erini qo‘rqitish uchungina aytgandi. Lekin qo‘g‘irchoqning boshiga ignalar sanchayotganini katta o‘g‘il – Yo‘ldosh eshik tirqishidan ko‘rib o‘tirgandi. O‘smirlik ostonasida turgan bola o‘gay onasining gaplarini eshitib titrab ketdi. Jodu va o‘lim haqidagi gap Ergashning badanini muzlatgan bo‘lsa, Yo‘ldoshni hushidan ketgizay dedi. Onasining o‘limi fojiasidan hali o‘ziga kelmagan bola ukalarining ham o‘lib qolishini tasavvur etib, qo‘rqib ketdi. Yarim kechasi ukalarini uyg‘otib, uydan qochishni ham o‘yladi. Lekin xolasining “senlarni ertaga olib ketaman”, degan gapiga ishonib, fikridan qaytdi.
Xolasi aldamadi. Nonushta paytida keldi. Yo‘ldosh o‘gay onasining urishib berishidan qo‘rqib, ishtahasi bo‘lmasa ham non chaynab o‘tirgan edi. Xolasini ko‘rib, qafasdan qutilgan qush shodligida yengil tortdi. Baxtiga, xolasi o‘tirmadi, kechagi janjalni davom ettirmaslik uchun “Yo‘ldoshjon, bolam, narsalaringni tezroq yig‘ishtir”, dedi. Yo‘ldosh olib ketadigan kiyim-kechak, daftar-kitoblarini kechasi tayyorlab qo‘ygandi. Ukalariga “xolamnikiga borib o‘ynab kelamiz”, degach ular quvnashdi. O‘zining nazarida onasining ruhi kezib yuradigan, onasining hidi anqib turadigan bu uyni, bu muqaddas go‘shani butunlay tark etayotganini bilgani uchun yuragini birov yulib olganday bo‘ldi.
...kechalari onasi kelganday bo‘lardi. Oq sharpa ko‘rinishida kirib kelgan onasining bag‘riga o‘zini otardi. Onasi bilan gaplashardi...
...endi... onasi kirib kelganda uni kim kutib oladi? Onasi ularni qidirib bo‘zlamaydimi?..
Ko‘chaga chiqib, yigirma qadamlar yurgach, ortiga qaradi. O‘gay onasining darvoza oldini supurayotganini ko‘rib ajablandi. Bu onda xolasi ham qaradi-yu, supurishdan maqsadini fahmlab “Ha, qilig‘ing qursin!” deb qo‘ydi. Biron bir yoqimsiz mehmonning yana qaytib kelishini istamagan ayol uning ketidan supurardi yoki mayda tosh otib qo‘yardi. Rahimaning supura turib izlaridan mayda tosh otganini ketuvchilar bilishmadi.
Bolaning hayolot olami g‘oyat boy bo‘ladi. Kattalar eng yaqinlarining o‘limiga tez ko‘nikishadi, hatto unuta boshlashadi. Bola ko‘nika olmaydi. Marhum ularning hayol olamida yashayveradi.
Xolasinikiga ko‘chib borishgach, birinchi tunda Yo‘ldosh bezgakka uchragan kabi to‘lg‘onib chiqdi. Onasini bu uyga ham kirib kelishini kutdi. Necha bor qaddini ko‘tarib, ukalariga tikilib o‘tirdi. O‘gay onasining jodu haqidagi gaplarini eslab, yana titradi.
Ertasiga maktabga otlanayotanida ukalariga “uyimizga bormalaring, ko‘chamizdan ham o‘tmalaring”, deb tayinladi. Kenjatoy uning gapiga tushunmadi. Bosh irg‘ab qo‘ya qoldi. Ammo o‘rtancha o‘g‘il “Nimaga?” deb so‘radi. Yo‘ldosh “Agar o‘gay onamiz ko‘rib qolsa, do‘pposlaydi”, deb uni qo‘rqitdi.
Kunlar o‘taverdi. Yo‘ldosh adasini sog‘inganida choyxonaga qarab o‘tardi. Bora-bora adasini kamroq ko‘rishga o‘zi ham, ukalari ham ko‘nikishdi. Dastlabki kunlari “adamga boraylik”, deb yalinadigan ukalari harhasha qilmay qo‘yishdi.
Bunga Ergash ham ko‘nikdi. Bojasining uyi uzoq emasdi, bolalarini har kuni kelib ko‘rib tursa ham bo‘lardi. Rahima bilib qolgan taqdirda ham “nega bolalarga serqatnov bo‘lib qoldingiz!” deb to‘palon qilmasdi. Quruq kirib borishdan uyalish bahona bo‘lib, uzoqlashaverdi. Choyxonaga bir kun chiqmasa gangib qolardi, hayotini choyxonadagi ulfatlarisiz tasavvur qila olmasdi. Lekin bolalarini uzoq vaqt ko‘rmay, sog‘inchsiz yashay olishi mumkin edi...
Ota shunday bo‘lgach, bolada sog‘inch qoladimi? Yo‘ldosh otasiz yashashga o‘rgana bordi. Biroq, onasiz yashashga ko‘nikishi og‘irroq bo‘ldi. Otani sog‘inmay yashash mumkin, lekin uy sog‘inchiga chidash mushkulroq ekan. Yo‘ldosh payt poylab, o‘gay onasi yo‘qligida uyga kirib chiqishni ham o‘yladi-yu, jodu va o‘lim haqidagi gapni eslab qo‘rqdi. Bir kuni kenjatoy o‘zboshimchalik qilib uyiga bormoqchi bo‘libdi. Arang ushlab qolishibdi. Maktabdan kelib, bu xabarni eshitgan Yo‘ldosh battar qo‘rqdi.
“Endi bolalaringizning bu uyda turishlari mumkinmas, hatto shu ko‘chadan o‘tishsa ham o‘lishadi...”
Yo‘ldosh shunday bo‘lishiga, ko‘chalarida o‘zinimi yo ukalarinimi ajal poylab turganiga ishonardi. Dardini xolasiga aytsa, u borib Rahima bilan janjallashardi, o‘gay ona esa yana qarg‘ardi... Yo‘ldosh shunisidan cho‘chidi. O‘ylay-o‘ylay, jodudan qutilish chorasini topdi: yarim kechada turdi-da, “O‘lsam o‘zim o‘lib qo‘ya qolay, ukalarimga tegmasin”, degan qarorda uyiga qarab yurdi. Qo‘rqa-pisa qadam bosdi. Darvozasi qarshisida picha turdi. Qo‘shqanot temir darvoza o‘rtasidagi eshik g‘iyqillab ochilib, o‘gay ona ko‘rinishidagi ajalning tashlanib qolishidan qo‘rqib, titradi. Yo‘q, eshik ochilmadi. Ajal hujum qilmadi. Aksincha, hovli yorishganday, darvoza ortida onasi yurganday bo‘ldi. Beixtiyor ravishda eshikka qo‘l uzatdi. Onasi tirikligida eshikni sira tambalamasdi. Aksincha, erta sahar turib, “xonadonimizga Xudo baraka kiritsin”, degan niyatda eshikni qiyalab ochib qo‘yardi. Rahima kelgach, shom qorong‘usi tushishi bilan eshik tambalanadigan bo‘lgan edi. Bir kuni Ergash “namuncha qo‘rqasan, bo‘ri yeydimi?”deb tanbeh berganida “o‘rislarning maqoli bor: “O‘zingni ehtiyot qilsang, Xudo ham seni saqlaydi”, deb javob qaytargandi.
Yo‘ldosh bu tun o‘gay onasining odatini unutib, eshikni ochmoqchi bo‘lgan edi...
O‘sha tun ajal chang solmagan bo‘lsa-da, kun davomida qo‘rquvdan qutulmay yurdi. Rangi oqarganini, ishtahasi tortilganini xolasi sezib, “kasalmisan?” deb peshonasini ushladi, keyin betidan o‘pdi.
Ikki kundan keyin ko‘chasiga yana bordi. Bu safar ko‘pam qo‘rqmadi. “O‘gay onamning qarg‘ishi menga ura qolsin”, deb Xudodan so‘radi.
Shundan so‘ng uyqusi o‘chgan tunlari o‘rnidan turib, uyi atrofini aylanib kelishni odat qildi. Bir kuni xolasidan “Birov birovni qarg‘asa, bu qarg‘ish necha kundan keyin uradi?” deb so‘radi. Xolasi ziyrak ayol edi. Uning maqsadini anglab, boshini siladi:
-Yashshamagur o‘gay onang qarg‘aganmidi? Qo‘rqma, uning qarg‘ishi o‘tmaydi,-dedi.
-Nega?-deb ajablandi Yo‘ldosh.
-Xudo uni yomon ko‘radi, yomon ko‘rgani uchun ham shunaqa yomon qilib yaratgan. Bunaqalarning qarg‘ishi o‘ziga uradi. Xudo qarg‘ovchi odamlarni yoqtirmaydi. Boshqalarga yaxshilik tilagan odamlarni yaxshi ko‘radi. Bolam, sen katta bo‘lib qolding, ukalaring tushunishmaydi. O‘gay onang yomon bo‘lsa ham, sen unga yomonlik tilama. Shunda Xudo ham seni yaxshi ko‘radi...
Onasi ham “Kim yaxshilik qilsa, Xudo uni yaxshi ko‘radi”, derdi. O‘limidan ikki hafta oldin bir qizning kelinlik sarpolarini tikib bergandi. Tikuvchilik bu qishloqda o‘g‘il bolaning hunari hisoblanmasa-da, Yo‘ldosh onasiga ko‘maklashishni yoqtirardi. Ayrim ishlarga qo‘li ham kelib qolgandi. Bo‘lajak kelin kelib, tayyor bo‘lgan sarpolarini kiyib ko‘rgach, ko‘zlari yoshlandi. Onasi ajablandi. “Kuyov bolaga ko‘nglingiz yo‘qmi, zo‘rlab uzatishyaptimi?” deb so‘radi. Qiz pastki labini tishlab, yoshli ko‘zlarini javdiratib turaverdi. Onasi “Hozir yoqmasa, keyin ko‘nglingiz yumshaydi, tashvishlanmang. Qiz bolaning taqdiri shunaqa og‘irroq bo‘ladi”, deb unga dalda bergan bo‘ldi. Shunda qiz yig‘i sababini aytdi: tikuvchining haqini berishga nochorligini bildirganida onasi uni quchib, peshonasidan o‘pdi-da: “singiljonim, bu tikkanlarim to‘yingizga xolis bir xizmat. Mendan sizga to‘yona. Xudo menga bu safar qiz bersa, uni uzatayotganimda siz ham to‘yona qilib uzarsiz”, dedi. Qiz quvonib, rahmat ayta-ayta ketgach, onasi “Bizning rizqimizni Xudoning O‘zi beradi. Yaxshilik qilib, Xudoning muhabbatiga yetish mumkin ekan”, degan edi.
“Hammaga yaxshilik qilaverganlari uchun Xudo yaxshi ko‘rib, chaqirib oldimikin?”
Dunyo va oxirat savdolaridan bexabar bolaning ongi shu fikr bilan band edi.
Xolasi nasihat qilmasa ham, Yo‘ldosh o‘gay onasiga yomonlik tilamayotgan edi. U adasining bu xotinni haydab yuborishini, ukalari bilan uylariga qaytib, to‘rtovlon baxtli-saodatli yashashlarini istardi xalos...
Yo‘ldoshning ilmga muhabbati zo‘r edi. Muallimlari uni maqtay-maqtay, shahardagi litseyga yuborishni ta’kidlayverishgach, xolasi ko‘ndi. Shaharda o‘qishning harajati oilaning moddiy ahvoliga ta’sir etsa ham, singlisining arvohi xotirasi uchun bu zahmatni ham bo‘yniga oldi. Bu zahmat uch-to‘rt haftagina davom etdi. Xolasini kutilgan qiyinchiliklardan Yo‘ldoshning odobi, zehni xalos qildi. Badavlat oilaning yolg‘iz farzandi bilan yonma-yon o‘tirib, do‘stlashib qolgan Yo‘ldosh uning dars tayyorlashiga yordamlashdi. Hatto qo‘shimcha dars beruvchi zukko muallimiga aylandi. O‘zini tutishi bu bolaning ota-onasiga ham ma’qul kelib, uylaridan bir xonani ajratib berishdi. Ularning “Yetimga qarash savob”, degan tushunchalariga, Yo‘ldoshning erkatoy o‘g‘ilga har tomonlama dalda ekanidan qanoatlanish hissi qo‘shildi. Garchi xizmatkor bo‘lsa-da, hovlining yumushlarini Yo‘ldosh o‘z zimmasiga olib, ularni quvontirdi.
Ikki yil davomida Yo‘ldosh bu oilaning farzandi martabasidagi izzatga erishdi. Erkatoyning ilm olishga zehni o‘tkir bo‘lmasa-da, intilishi bor edi. Uning kamchiliklarini Yo‘ldosh to‘ldirib, institutga ham birga kirishdi. Tahsilning uchinchi yili horij dorilfununi ko‘rigi talablarini hamjihatlikda bajarib, o‘qishga birgalashib ketishdi.
Yo‘ldosh inglis tilini yaxshi bilgani uchun horijdagi talabalar bilan tez do‘stlashdi. Do‘stiga “chet eldagi o‘qishni bitirib kelgan” degan nomning o‘zi kifoya qilgani uchun, ilm olishga qattiq kirishmadi. Bir go‘zalga ishqi tushgach, dars tayyorlashga toqati yetmay, Yo‘ldoshni o‘z holiga qo‘ydi.
Yotoqlari o‘rmonga yaqin bo‘lgani uchun Yo‘ldosh bo‘sh vaqtini, ayniqsa yakshanba kunini daraxtzorda yolg‘iz o‘tkazardi. O‘shanday kunlarning birida o‘rmonga o‘t tushdi. Yer yuzida shunday balo ofati bo‘lishi mumkinligini u tasavvur ham qilmagan edi. Kattalarning “Ey Allohim, suv balosi, o‘t balosi, quruq tuhmat balosidan O‘zing asra!” deb duo qilishlari bejiz emasligini shu yong‘inni ko‘rib angladi. Suv balosi – sel o‘zining yurtida ham bo‘lib turardi. Garchi o‘zi duch kelmagan bo‘lsa-da, tuhmat balosining qanday fojialar yog‘dirishini eshitgan, o‘qigan. Lekin bunaqa o‘t balosining dahshatiga endi duch kelishi edi. Nazarida o‘rmonga yuz boshli ajdaho makon qurib olib, tinmay o‘t purkayotganday edi. Ertalab esayotgan mayin shabada qaerdandir kuch olib, shamolga aylangan, olov alangasini u daraxtdan olib, bunisiga urardi. Bir necha haftalik suvsizlikdan holsizlangan daraxt shoxlari olov tiliga dosh berolmay tezlik bilan yona boshlardi. Olov daraxtlar orasidagi uylarni ham yamlab-yamlab olg‘a intilaverardi. Aholining chaqqonrog‘i qochishga ulgurgan, qolganlari tiriklayin kuyardi.
Bu dahshatdan gangib qolgan Yo‘ldosh kelgan yo‘liga qarab qocha boshladi. Yonayotgan bir uy yaqinidan o‘tayotganida qiz bolaning chinqirig‘ini eshitdi. O‘zining joni ham qil ustida turganiga qaramay, u to‘xtadi. Alangladi. Alanga tillari yamlayotgan deraza ortida o‘smir qizning dahshatdan chaqchaygan ko‘zlarini ko‘rib, o‘sha tomon tashlandi. Atrofi yona boshlagan eshik qulflog‘liq edi. Yo‘ldosh eshikni tepa-tepa ochdi. Ichkariga otilib kirdi-da, tutundan bo‘g‘ilib hushsizlangan qizni ko‘targanicha iziga qaytdi. Hozirgina kirib kelgan eshik og‘zi alanga bilan to‘silgan edi. O‘ylashga, chora izlashga fursat yo‘q edi. U tavakkaliga o‘zini alanga og‘ziga urdi. Tashqariga chiqqanida o‘zining ham, qizning ham kiyimlari yona boshlagan edi. Yuzlari achishib, ko‘ngli aynidi, boshi aylandi. Kimningdir qorasi ko‘rindi...
Bu onda uy sohibi kelib qolib, uni yerga yiqitganicha olovni o‘chirganini, mashinasiga o‘tqizib bu do‘zah balosidan qutqarib olib chiqib ketganini shifoxonada hushiga kelgach bildi. Qizning bobosi o‘zini mister Belden deb tanishtirib, dunyodagi yolg‘iz yupanchini o‘limdan saqlab qolgani uchun rahmat aytdi. Mister Belden shifoxonaga kunda ikki marta kelib, Yo‘ldoshning holidan xabar olar, iziga qaytishga shoshilmay, suhbatlashib o‘tirardi. Shunday suhbatlarning birida o‘g‘li bilan kelinining yo‘l fojiasida halok bo‘lganini, o‘zi nabirasi bilan yolg‘iz qolganini aytdi. Yo‘ldosh o‘zining harakatini qahramonlikka yo‘ymagan, choldan bir nima tama’ ham qilmagan edi. Hatto qimmatbaho shifoxonadagi muolaja haqini to‘laganini bilib ozgina hijolat ham bo‘ldi. Yo‘ldosh shifoxonadan chiqqach, mister Belden uni shahar markazidagi qasrmonand uyiga taklif qildi. Yo‘ldoshning kuygan yuzidagi dog‘larni ketgazish uchun shifokor bilan gaplashib qo‘yganini aytdi. Keyin “Mening mulkim nabiramga atalgan edi, sen uni saqlab qoding. Endi merosga teng sheriksan”, deb Yo‘ldoshni hayratga soldi. Yo‘ldosh bunday marhamatni qabul qila olmasligini aytsa ham, u o‘z qarori qat’iy ekanini bildirdi-da, o‘zi va oilasi haqida batafsil gapirib berishni talab qildi. Yo‘ldosh boshidan o‘tganlarning hammasini hasrat dasturxoniga to‘kmadi. “Onam vafot etganlaridan keyin otam uylandilar, ikki ukam bilan xolamnikida yashadik. Ukalarim hozir ham o‘sha yerda”, deyish bilan cheklandi. Shunda mister Belden xolasining manzilini aytishni talab qildi. “Minnatdorligimni bayon qilib, ukalaringga sovg‘a yuboraman”, dedi. Yo‘ldosh aytdi, lekin bu odamning ko‘p miqdorda pul yuborishini o‘ylab ham ko‘rmadi.
Yo‘ldoshning dalasidan narida nimalar bo‘layotganidan bexabar pochchasi ummon ortidagi mamlakatdan bir necha ming dollarni bu qishloqqa bir necha soatda yetkazib beruvchi tezkor moliyaviy xizmat turi mavjudligini tasavvur ham qila olmas edi. Shu bois shaharga tushib pul olishi shartligini bilgach, avval ishonmadi. Keyin o‘ylanib qoldi. Bu xabarni Yo‘ldoshning shaharda birga o‘qigan do‘sti yetkazgan edi. Pul nima sababdan yuborilganini u ham aniq bilmasdi. Pochchani havotir seli bosa boshladi. Bolaligi, yoshligida chet el josuslari haqida ko‘p eshitardi. Xayoliga kelgan birinchi gumon shu tomondan bo‘ldi. “Yo‘ldosh josuslik qilayotgan bo‘lsa pul berishgandir” deb o‘ylab, shaharga borishdan bosh tortdi. Qarorini xotiniga aytgan edi, u ham tasdiqladi. Er-xotin tashvish to‘riga o‘ralganicha qolaverishdi. Yo‘ldoshning do‘sti uyga qaytgach, bu voqeani internet orqali ma’lum qildi. Shundan keyin Yo‘ldosh yong‘in voqeasini bayon qilmay turib, bu yurtda himmatli bir odamga duch kelganini, yuborilgan pul halol ekanini qisqagina qilib tushuntirib, bu mablag‘ni uylarni ta’mirlashga ishlatish mumkinligini aytdi. Do‘sti buni yozuv diskiga muhrlab, yengil kompyuterini ko‘targanicha qishloqqa bordi. Diskni qo‘yib berdi. Kichik patnis hajmidagi qutichaning mo‘‘jiza ko‘rsatishi Yo‘ldoshning xolasiga ham, pochchasiga ham ajabtovur edi.
Xullas, shaharga tushib, pul olindi. Uning dovrug‘i o‘sha kuniyoq qishloqqa yoyildi. Shubhasizki, Rahimaning qulog‘iga ham yetdi.
-Voy, savil!-dedi u g‘ijinib.-Otasi tirik turib pulni nimaga pochchasiga yuboradi!
Shunday dedi-yu, miyasida sanchiq turdi. Dori ichganidan so‘ng, og‘riq sal bosilganday bo‘lgach, diydiyosini davom ettirdi:
-Boring, lallayib o‘tirmang! Otaning haqini cho‘zib qo‘yishsin.
Rahima hadeb siltalayvergach, Ergash erinibgina o‘rnidan turdi. Qosh qoraymagan edi. “Bojam daladan qaytmagandir”, degan o‘yda choyxonaga kirdi. U yerdagilar ham gapni pul haqidagi xabardan boshlashdi:
-O‘g‘ling toparmon-tutarmon bo‘lib ketibdi-yu, pismayib yurasan-a!
-Tekin oshni paqqos tushirishni biladi u! Ertangi osh harajati to‘laligicha shuning bo‘ynida!
-Bojang ellik ming dollar olibdi, senga qanchasi tegadi?
Shu gap g‘alati bo‘ldi. Uning uyiga yetib kelgan xabarda pulning miqdori yigirma ming dollar edi. Xotinlardan eshitgan xabardan ko‘ra choyxonada aytilgan gap Ergash uchun haqiqat edi. Shu sababli shom qorong‘usi tushishini kutishga toqati yetmay, ellik mingning yarmini undirish maqsadida o‘rnidan turdi. Bojasi hovlidagi so‘rida yotgan ekan, o‘rnidan turib ko‘rishdi. Oshxonadan chiqib kelgan qayin egachisi uning kelishdan maqsadini anglab, qo‘lini sochiqqa artganicha so‘riga yaqinlashdi. Salomlashib, so‘rashdi-yu, lekin erkaklarning yoniga chiqib o‘tirmadi. Gap poylash xunuk odat ekanini bilsa ham, turaverdi. Eri gapni cho‘zmadi:
-Oqshom siznikiga o‘zim o‘tmoqchi edim, Yo‘ldoshboydan yaxshi xabar kelib qoldi.
-Eshitdim... Pul yuborganmish. Aqlli bola-da, mening o‘g‘lim...
Bu gapi qayin egachisiga yoqmadi. Qo‘lidagi sochiqni so‘ri suyanchig‘iga tashlab, unga g‘azabli nigohini qadadi:
-Pul yuborgani uchun endi sizning aqlli o‘g‘lingiz bo‘lib qoldimi? Har holda bu yoqqa xotiningiz yuborgandir? Haqingizni talab qiling, degandir, a?
Ergash “ha” deyishini ham, “yo‘q” deyishini ham bilolmay qoldi.
-Haqni talab qilishmas-ku... lekin ozgina kamchiqimligimiz bor...-dedi chaynalib.
Qayin egachisi yana gapirmoqchi edi, bojasi tomoq qirib uni to‘xtatdi.
-Ergashboy, kamchiqim bo‘lasizmi yo ko‘pchiqimmisiz, baribir bu puldan sizga berolmayman.
-Ie, hammasini o‘zingiz yeb ketmoqchimisiz?-deb yubordi Ergash.
-Shuni gap deb gapiryapsizmi, boja?! Men birovning haqidan hazar qilaman. Bu pulni tiyiniga ham xiyonat qilmay saqlab turaman. Yo‘ldoshboy kelganida nima qilishni o‘zi biladi. Xohlasa, hammasini sizga beradi. Menimcha, shunday qilgani durust bo‘ladi.
-Nega durust bo‘larkan?-dedi xotin bu qarordan norozi bo‘lib.
-Sen gapga aralashmay, ishingni qil. Har qanday holatda ham otaning haqi ulug‘ligicha qoladi. Sen jiyaningni boqqaningni minnat qilma. Biz savobtalab odamlarmiz, buni unutma.
-Otaning haqi ulug‘ bo‘lsa, otaligini qilmaydimi?
-Bor, ishingni qil!
Bojasi yaxshi gapirgani bilan, ahdida qattiq turib, pul bermadi.
Erining quruq qaytganidan g‘azablangan Rahimaning bosh og‘rig‘i kuchaydi. Og‘riq ertasiga ham to‘xtamadi. Indiniga ham... Keyin vrachga uchradi. Yozib bergan dorilarini ichdi, foydasi bo‘lmadi. Shahar markazidagi vrachga ham uchradi. Bir vrach ikkinchisiga yubordi, tekshir-tekshir haftalab davom etaverdi, shifodan esa darak bo‘lmadi. Ergash dori-darmonga pul zarur deb, yana bojasiga yo‘liqdi. O‘jar bojasi Yo‘ldosh yuborgan puldan bermadi, o‘zining asrab qo‘ygan mablag‘idan berdi. Bu orada Yo‘ldosh ta’tilga chiqib, uyiga qaytdi. Mister Belden katta jomadonga joylagan sovg‘a-salomlardan qarindoshlar mamnun bo‘ldilar. Yo‘qlovchilar ketishgach, Yo‘ldosh pochchasining ko‘ziga qaramaslikka harakat qilib so‘radi:
-Uylarni yangilamabsiz-ku?
-Uyni yangilash qochmaydi, sen avval menga buncha pulni qaerdan olganingni ayt. Harom aralashgan bo‘lsa sendan rozimasman.
Qat’iy ohangda aytilgan bu so‘zdan keyin Yo‘ldosh yong‘in voqeasini so‘zladi-da, mister Belden berib yuborgan pulni olib, unga uzatdi:
-Uylarni tuzatib, akamni uylaylik, opalarimni uzataylik,-dedi.
-Akang bilan opalaringning rizqlari o‘zi bilan. Bu pulga o‘zingga, ukalaringga uy solamiz. O‘zlaringni uylaymiz, Xudo xohlasa. Sen hozir otangni yolg‘izlatma. O‘gay onangning tobi yo‘qroq emish. Otang kamchiqimroqqa o‘xshaydi. Unga yordam berishing kerak.
Ergash o‘g‘lining qaytganini eshitsa ham ko‘rgani kelmagan edi. Yo‘ldosh ertasiga choy, shirinliklardan xaltaga solib, to‘g‘ri choyxonaga bordi. Ayni damda Ergash o‘g‘lining mehrsizligidan nolib, ulfatlariga hasrat qilayotgan edi. Eshikdan kirib kelgan o‘g‘lini ko‘rdi-yu, gapi og‘zida qoldi. Yo‘ldosh salom bergach, xaltani choyxonachiga uzatib, barcha bilan alohida-alohida so‘rashdi. Keyin yana choyxonachiga yuzlanib:
-Amak, bitta osh damlaysiz endi. Bu yerlarning oshini sog‘inganman. Osh pishguncha dadam bilan shifoxonaga borib kelamiz,-dedi.
Shifoxonada miyadagi og‘riq azobida to‘lg‘onib yotgan Rahima Yo‘ldoshni ko‘rgach, ko‘zlarini yumib oldi. Og‘riqqa chidolmay shunday qildimi yo Yo‘ldoshni ko‘rishni istamadimi yoinki undan uyaldimi – bilish mumkin emasdi. Aslida ko‘zlarning yumib olinishida uchchala sabab ham mujassam bo‘lgandi. Hol-ahvol so‘ralganda, agar bemor tildan qolmagan bo‘lsa, “Xudoga shukur” deb qo‘yguvchi edi. Tildan qolgan og‘ir bemor ham ko‘z ishoralari bilan shukronasini bayon qilardi. Rahimaning miyasi og‘riyotgan bo‘lsa-da, tili biyronligiga qaramay, javob bermadi. Ko‘zlarini ham ochmadi. Yo‘ldosh bir necha daqiqa sukutda o‘tirgach, dahlizga chiqib, bosh vrach xonasi tomon yurdi.
-Miyada o‘simta paydo bo‘lgan, tobora ichkariga qarab o‘syapti. Birdan bir chora – operatsiya. Lekin otangiz ham, onangiz ham ko‘nishmayapti,-dedi bosh vrach norozi ohangda.
-Nega?-deb ajablandi Yo‘ldosh.
-Yuz foiz kafolatni talab qilishyapti. Bunday kafolatni hech kim berolmaydi.
-Chet elga olib borsak-chi?
Bu savol bosh vrachga yoqmay, qoshlarini chimirdi. Charm muqovali daftarni stoli ustidan olib, unga uzatdi.
-Bu nima?-dedi Yo‘ldosh ajablanib.
-Ishlarimiz natijasi. Siz aytgan chet eldagi bemorlar bizga kelishyapti. O‘qimishli yigitga o‘xshaysiz. Istasangiz internet orqali surishtiring,-shunday deb sayt nomini aytdi-da, qo‘shib qo‘ydi:-Men sizni tashviqot qilmoqchi emasman. Bemorning hayoti uchun har bir kun emas, har bir soat g‘animat. Chet elga olib borguningizcha masalasi hal bo‘ladi.
Yo‘ldosh otasini bu suhbatdan ogoh qilmadi. Shaharlik do‘stinikiga bordi-da, kompyuter orqali bu xastalikka doir ma’lumotlarni aniqladi. Dunyodagi eng kuchli klinikalar ro‘yxatida bu shahardagi shifoxona nomini o‘qigach, bosh vrachni ranjitganini fahmlab afsuslandi. Undan uzr so‘rash uchun iziga qaytdi. So‘ng otasini bu gaplardan xabardor qildi. Operatsiyaning bo‘lish-bo‘lmasligi Ergash uchun ahamiyatsiz edi. “O‘ladigan ham o‘zi, tirik qoladigan ham o‘zi, aperaysa bo‘ladimi bo‘lmaydimi, o‘zi hal qilaversin”, degan to‘xtamda qat’iy edi. Uni ko‘proq bu muolajaning chiqimi qiziqtirardi. Yo‘ldoshdan “Bu xotin bizga onalik qilmadi, bizni haydab chiqardi, endi nega men davolatishim kerak?” degan da’voni kutib, havotirlandi. Yo‘ldosh o‘tgan zulmni eslamadi, ta’na ham qilmadi. Uzoq yillar davomida yuragini tirnab kelgan mash’um xotira tirnoqlarini yuzaga chiqarishga urinmadi. Aksincha, davolash uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni amalga oshirishga tayyor ekanini aytib, uni tinchitdi. Vrachlar tavsiya etishsa, chet elga olib borish imkoniyati ham mavjudligini bildirdi.
Ergash o‘sha kuniyoq bu xabarni xotiniga yetkazdi. Bundan Rahima quvonishi kerak edi. Lekin ko‘ngli battar g‘ashlandi. O‘gay o‘g‘ilning marhamatini qabul qilishni istamadi.
-Bojangizga boring,-dedi ingrab.- Pulni Yo‘ldosh kelganida beraman, deganmidi? Ana, keldi. Haqingizni oling. Menga sadaqalari kerakmas.
Yomonligi uchun yaxshilik qaytayotganini uning qashshoq qalbi qabul qilolmayotgan edi. Miya og‘rig‘iga endi vijdon og‘rig‘i ham qo‘shilgandi. “Dorilar ta’sir qilib, tuzalib ketaman”, degan umidda yana bir necha kun yotdi. Kuchli dorilar ham og‘riqni qoldirishga ojizlik qilib qolgach, operatsiyaga rozilik berdi. Oxirgi tekshiruv natijalarini ko‘rgan vrach bosh chayqadi. Endi operatsiyadan umid yo‘qligini bildirdi.
Shifodan umid bo‘lmagani bilan ajal ham uzoqda edi. Rahima o‘lishni, bu azoblardan tezroq qutulishni istardi. Lekin bu dunyo oxirati uning istagi bilan hisoblashmasdi...
O‘gay onasining ko‘rishni xohlamayotganini bilgan Yo‘ldosh o‘zini tortdi. Pochchasining talabiga itoat etib, pulning bir qismini otasiga berdi. “Uyga ham qarab qo‘ying, hammasini sovurib yubormang”, demadi. “Nima qilsangiz – ihtiyoringiz”, dedi. Otasiga insof berishni Xudodan so‘radi. Farzandning duo qilishi albatta yaxshi. Lekin Alloh bandasining qalbini muhrlab qo‘ygan bo‘lsa-yu, bandaning o‘zida hidoyatga intilish ko‘rinmasa yurakdagi qulfning duo bilan yechilishi qiyin ekan. Ergash bemorning dardiga sherik bo‘lib o‘tiradigan mehrli erlardan emasdi. Uning mehribonligi dori-darmon olib kelish bilan cheklanardi. Rahima shifoxonadan olib kelingach, avvaliga qarindoshlari galma-galdan qarab turishdi. Qaysidir nodon “Kasalning o‘lgani yaxshi, boshqalarning qutilgani yaxshi”, deb bekorga aytmagan ekan. Rahimaning kasali cho‘zilgach, qarindoshlarning mehribonlik dengizi ham sayozlashaverdi. Rahimaning uyda yolg‘iz qolishi odatiy holga aylandi. Bundan xabar topgan Yo‘ldosh o‘gay onasiga, hatto otasiga bildirmay qo‘shni ayolni enaga vazifasiga yolladi.
Yo‘ldoshning ta’tili nihoyasiga yetib, safarga otlanish oldidan uyiga bordi. Onasining izlari qolgan uy havosi uning qalbidagi ham shirin, ham zaharli xotiralarni uyg‘otdi. Rahima hushsiz edi, uning kirganini, salomlashganini, so‘ng shifo tilab xayrlashganini bilmadi.
Kichik jomadonini bojxona ko‘rigidan o‘tkazayotganida Yo‘ldoshning yon telefoni jiringladi. Ko‘ngli bir xiralikni sezib, telefonni qulog‘iga tutdi.
-Hali uchganing yo‘qmi?-deb so‘radi do‘sti.
-Yo‘q... Tinchlikmi?
-Bilmadim... Dadang kelib-ketdilar. “Bir-ikki kun ketmay tursa bo‘lardi”, dedilar. O‘gay onang og‘ir shekilli. Nima qilasan?
Yo‘ldosh ko‘p o‘ylanmadi. Yukini oldi-da, qishloqqa qaytdi. Xolasi uni ko‘riboq:
-Otang chaqirtirib oldimi? –dedi norozi ohangda. Keyin noroziligi boisini bildirdi:-Bekorga qaytibsan, orqaga qaytishning hosiyati yo‘q. Xotini o‘lsa, ko‘mishning harajatini o‘zimiz ko‘tarardik. Sening turishing shart emasdi...
Xolasini tinchitish uchun Yo‘ldosh yolg‘on gapirdi:
-O‘qishimga telefon qiluvdim, ta’tilni cho‘zishibdi...
Xolasi yolg‘onga ishonganday “yaxshi bo‘libdi”, deb qo‘ydi. Yo‘ldosh hovli o‘rtasida turib qolgan edi. Xolasi uning niyatini angladi. “To‘xtab tur, birga boramiz, kuni bitgan bo‘lsa rozi-rizolik so‘rab qolaylik. Mayli-da, yomon bo‘lsa ham Xudoning bir bandasi edi...” deb ichkariga kirib ketdi.
Rahima yotgan uyda uning ikki qarindoshi past ovozda gaplashib o‘tirardi. Rahimaning tanasi harakatsiz, rangida ham hayot nishonasi qolmagan edi. Faqat ahyon-ahyonda ko‘zlarini katta-katta ochib, alahsirab qo‘yardi. Xolasi qarindoshlar bilan so‘rashayotganida Rahima yana alahsiradi:
-Qo‘g‘irchog‘im qani, qo‘g‘irchog‘imni ber...
Shunday deb ingradi. Qarindoshlaridan biri kaftini uning peshonasiga qo‘ydi.
-Ertalabdan beri qo‘g‘irchog‘ini so‘raydi,-dedi qarindoshlardan ikkinchisi.-Bolaligini eslayapti shekilli...
Rahimaning alahsirashi sababini Yo‘ldosh angladi. Ko‘p yillar muqaddam xuddi shu uyda qo‘l-oyog‘i uzib tashlangan qo‘g‘irchoqning boshiga ignalar sanchayotgan Rahima ko‘z oldiga keldi. Uning “Bolalaringizni mana shunaqa jodu qilyapman. Agar xolasi ertaga olib ketmasa, uchchalasi birin-ketin til tortmay o‘ladi. Endi bolalaringizning bu uyda turishlari mumkinmas, hatto shu ko‘chadan o‘tishsa ham o‘lishadi...” degan gaplari quloqlari ostida jaranglab, aks-sado berganday bo‘ldi. Ko‘zlari tinib, boshi aylanib, qo‘l-oyog‘i bo‘shashdi. Bu uyda yana bir daqiqa tursa ham hushidan ketishi mumkinligini anglab, tashqariga shoshildi. Zanglab ketgan temir so‘riga omonat o‘tirdi. Hammasini esladi...
Ichkaridan chinqiriq ovozi keldi:
-Qo‘g‘irchog‘im qani, qo‘g‘irchog‘imni ber...
Rahima go‘yo Yo‘ldoshning chiqib ketganini bilganday chinqirgan edi.
Bir oz nafas rostlagach, Yo‘ldosh ichkariga qaytdi. Ayollar jon taslim qilsa jag‘i, oyoqlarini bog‘lash uchun oq ro‘molni shaylab o‘tirishardi. Xolasi nima uchundir bemorning oyoq tomonida o‘tirardi.
Rahima yana ingrab qo‘g‘irchog‘ini so‘radi. Xolasi savol nazari bilan Yo‘ldoshga qaradi. Onasi tirikligida hammalari shu uyda yashashardi. Bir qator bo‘lib yotishardi. Onasi vafot etib, Rahima kelgach, yondagi hujra uychaga aylantirilib, uch o‘g‘ilga joy qilib berilgandi. Yo‘ldosh tunov kuni xayrlashgani kirganida ixtiyorsiz ravishda shu hujra eshigini ochib qaragandi. Bolalik xotiralarini uyg‘otuvchi barcha narsalar shu hujrada ayqash-uyqash bo‘lib yotgandi. Hozir bu hujra tomon beihtiyor yurdi. Eshikni ochib, boshlariga igna sanchilgan o‘sha qo‘g‘irchoqni buyumlar orasidan izladi. Oradan yillar o‘tgan bo‘lsa-da, bu boshning shu yerda yotganiga ishondi. Ishonchi aldamadi. Eski kiyimlar tagida yotgan qo‘g‘irchoqning boshini qo‘liga oldi. Boshga uchta igna sanchilgan edi. Olib tashlashni ham, tashlamaslikni ham bilmay garangsib, xolasi tomon o‘girilib qaradi. Xolasiga aytishni istamadi. Xolasi uning qilig‘iga tushunmay hayratlanganicha tikilib o‘tirgan edi. O‘rnidan turib kelib, igna sanchilgan boshni ko‘rdi-yu, hammasini angladi. Boshni uning qo‘lidan oldi.
-Sug‘urib tashlaymi?-deb pichirlab so‘radi Yo‘ldosh.
-Sen tegma. Bor, otangni topib kel,-deb buyurdi xolasi.
Yo‘ldosh chiqib ketishi bilan qo‘g‘irchoqning boshidagi ignalarni olib tashladi. Shu payt Rahimaning qarindoshlaridan biri uni chaqirdi:
-Opa, keling, uzildilar shekilli...
-Xudoga shukur, azoblaridan qutuldi,-dedi ikkinchsi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.