OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umr bo‘yi davom etadigan sinov (Ozod Sharafiddinov va Ortiqboy Abdullayev suhbati) (1988)

http://ziyouz.uz/images/adiblar/abdulla_qahhor/abdulla_qahhor10.jpg

— Ozod aka, ijozatingiz bilan suhbatimizni bolalik, o‘quvchilik yillaringizdan boshlasak. Sababi, chinakam ijod urug‘i aslida inson qalbiga bolalik yillarida tugiladi va odam ulg‘aygan sari uni bezovta qilib, vujudida ajib bir tug‘yonga, g‘alayonga aylanib boradi. Shundan bo‘lsa kerak, bolaligida loaqal o‘zicha to‘rt satr «she’r» to‘qimagan, o‘zicha ashula xirgoyi qilmagan yoki «aji-buji» rasmlar chizmagan o‘quvchini topib bo‘lmaydi.

— Bajonidil, suhbatni bolalik yillaridan boshlaylik. Chunki bolalik yillari qanday kechmasin, har bir odamning hayotidagi eng baxtiyor yillar bo‘lar ekan. Shuning uchun uni eslash hamisha maroqli. Ammo men savolingizni «bolalikdagi baxtiyor damlaringizni aytib bering» degan ma’noda anglamadim. Aftidan «qalbimga ijod urug‘i» qanday tushganini so‘rayapsiz, shekilli. To‘g‘risini aytsam, buni bilmayman. Aniq bilganim shuki, 10—11 yoshimda birinchi o‘qigan asarim menda juda chuqur taassurot qoldirdi, Bu — arman yozuvchisi Ovanes To‘manyanning «Chinor» degan romani edi. Bunda bir yetim bolaning bag‘oyat achchiq va alamli sarguzashtlari bayon qilingan edi. Hikoyani o‘qib, o‘sha mushtipar yetimchaning qismatidan achchiq-achchiq yig‘laganman. Shu-shu kitob o‘qiydigan bo‘lib qoldim. Oradan ko‘p o‘tmay, bu ishtiyoq yengib bo‘lmaydigan ehtirosga aylandi. Yuqori sinflarga o‘tganimda 30- va 40-yillarda o‘zbek tilida chiqqan hamma badiiy asarlarni o‘qib chiqib bo‘lgan edim. Xullas, maktabda o‘qib yurgan kezlarimdayoq adabiyotchi bo‘lishni aniq his qilgan edim. Faqat o‘qishga havas qachon va qanday qilib ijodga yo‘l boshlaganini aniq ayta olmayman. Maktabda she’rlar yozar edim, ammo studentlik yillarimda ularni juda bo‘shligini fahmlab qoldim. Birinchi «maqolam» 1950 yilda «Pioner» jurnalida bosildi. Bu Mayakovskiyning bolalarga atalgan she’rlar kitobiga taqriz edi. O‘shanda shapaloqdek taqrizga 10 so‘m (!) qalam haqi to‘lashganini ko‘rib hayron qolgandim. Nazarimda, maqolani bosishgani uchun jurnalga men haq to‘lashim kerakday edi.

— Sizning o‘quvchilik yillaringiz sovet kishilari hayotida jiddiy o‘zgarishlar yuz berayotgan paytlarga duch keladi. Bir tomonda qutb qahramonlari: Papaninchilar, Chelyuskinchilarning jasoratlari, Chkalovning AQShga qilgan tarixiy parvozi; bir tomonda esa millionlab begunoh kishilariing har xil uydirma siyosiy ayblar tamg‘asi ostida repressiyaga duchor qilinishi... Albatta, yosh o‘quvchi bu murakkab hodisalarii birdaniga anglab, mohiyatini tushunishi qiyin. Shunday bo‘lsa ham, murg‘ak qalb bilan kishi nimalarnidir sezishi, iztirobga tushishi, qiynalishi tabiiy. Siz ana shu murakkab hodisalarni qanday qabul qilgansiz! Bir eslab ko‘ring-chi?!

— Gapingiz to‘g‘ri, men tengi odamlarning bolalik yillari juda murakkab, ziddiyatli davrga to‘g‘ri kelgan edi. Ammo, aytishim kerakki, shaxsan men bolalik yillarimdagi fojiali hodisalarni anglagan emasman. Mening bolaligim — men tengi boshqa millionlab odamlarning bolaligi kabi «Baxtli bolaligimiz uchun dohiy Stalinga rahmat!» degan shior ostida o‘tgan. Biz o‘sha yillarda sodir bo‘lgan voqealarning hammasini zavq-shavq bilan, iftixor bilan qarshi olardik. Biron narsaga shak keltirish, biron narsadan gumon qilish bizga yot edi, Siz aytgan Chelyuskinchilar epopeyasi, Papaninchilar, Chkalovlar, Osipenkolar qalbimizni iftixor tuyg‘usiga to‘ldirardi. Ularning yoniga staxanovchilik harakatini, DneproGESni, Katta Farg‘ona kanalini qo‘yish mumkin. Biz uchun dunyoda mamlakatimizdan ko‘ra qudratliroq, buyukroq mamlakat yo‘q edi. Eng sevgan qo‘shig‘imiz «Ertaga urush bo‘lsa...» edi. Dushman zotiki bor, uning hammasini bir hamla bilan mahv etishga qodirdek edik. 1941 yilda urush boshlanganda men pioner lagerida edim, shunda bolalar o‘rtasida katta nizo chiqqan. Ular ikki guruhga ajrab ketgan edi, chunki birinchi guruh «bizning qo‘shinlar uch haftada g‘alaba qozonadi» desa, ikkinchi guruh «bo‘lmagan gap, urush bir haftada g‘alabamiz bilan tamom bo‘ladi», deb bong urishgan edi. Qiziq, o‘shanda 12 yoshda edim.

— Yaqinda «Ogonyok» jurnalida akademik V. I. Goldanskiynnng suhbati e’lon qilindi. Yoshligida tarixchi bo‘lishni orzu qilgan olim bundan ellik yillar oldin maktablarda tarix fani qanday o‘qitilganini xotirlar ekan, darslarda bilim olish o‘rniga SSSR tarixi darsligidagi qaysi suratlarni yirtib tashlash yoki qaysi familiyalar ustiga qora siyoh surkash asosiy mashg‘ulotga aylanib qolganini afsus bilan eslaydi. Shunga yaqin fikrlarni mashhur kinorejissyor A. Dovjenko ham ta’kidlaydi. Uning yon daftarida qayd etilishicha, 40-yillarda tarix fakultetlariga kirib o‘qishni hech kim xohlamas ekan, bu soha olimlari, professor va o‘qituvchilarining hadeb qamalaverishi hammani bezdirib qo‘ygan ekan. Hozir shu davrga oid faktlar, hujjatlar kun sayin oydinlashib, ildizlari, sabablari ochilib bormoqda. Bugun hammamiz bilamizki, shaxsga sig‘inish yillarida adabiyot, ayniqsa, o‘zbek adabiyoti katta zarar ko‘rgan.

Shunga qaraganda, akademik Goldanskiy tarix darslarida duch kelgan hodisaga Siz adabiyot darslarida har qadamda to‘qnashgan bo‘lsangiz kerak?

— Repressiyalar... Albatta, ular ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lgandi. Albatta, har kuni o‘nlab «xalq dushmanlari» qamalayotganini eshitib, hayron bo‘lardik. Lekin ochig‘ini aytganda, xursand ham bo‘lganmiz. Chunki sinfiy dushmanlarimiz borligiga, ichimizda bizni ko‘rolmaydigan, payimizni qirqishga urinadigan zararkunandalar ko‘pligiga astoydil ishonardik. Ular qo‘lga olinsa, yaxshi-da. Dushman kamayadi, yo‘limiz ravon bo‘ladi. Har bir qamalgan dushman bizga, «jonajon otamiz, xalqlar Dohiysi» Stalinning bugak g‘alabasiday, uning beqiyos donoligining yangi daliliday tuyulardi. Shuning uchun maktabda darsliklarimizdan, daftarlarimizdan «xalq dushmanlari»ning suratlarini, nomlarini qora siyohlar bilan o‘chirib tashlardik. Ularni tilga olmaslikka, ular haqida gapirmaslikka urinardik. Hatto o‘zimiz ham har xil yozuvlardan, shiorlardan, suratlardan zararkunandalik belgilarini qidirib topardik.

— Shumday g‘alati voqea mening ham esimda qolgan. 1952 yilning ko‘klam payti edi, shekilli. O‘rtancha opam 7-sinfda o‘qirdi. Butun sinf rayon gazetasiga obuna bo‘lgan ekan. Gazetaning yangi sonini sinf boshlig‘i bittadan tarqatib berayotganda opamga yirtilgan nusxa tegib qolibdi. «Boshqasini ber», desa, sinfkom unamabdi. Opam gazetani ochib ko‘rmasdan turib: «Yirtiq gazetangni keragi yo‘q. O‘zing o‘qiyver» — deb achchiq qilib ikkiga bo‘lib tashlabdi. Gazetaning ichki sahifasida Staliining katta rasmi bor ekan, qoq o‘rtasidan yirtilib ketibdi. Ana shundan keyingi to‘polonni ko‘rsangiz! «Palonchining qizi dohiy Stalinning rasmini yirtib tashlabdi!», «Buzg‘unchi!», «Dushman!» degan shov-shuvlar, pichir-pichirlar... «Faol», «hushyor» o‘quvchilarning bir guruhi shu zahotiyoq «masalasi muhokama qilinsin!», «maktabdan haydalsin!» deb maktab ma’muriyatiga ariza berishgan... Butun maktab oyoqqa turgan. Oilada hammaning quti o‘chib ketgan. Opam bechorani har kuni turtkilashadi, qarg‘ab-so‘kishadi. Xayriyatki, xolam Mahmudova O‘g‘iloy maktab direktori edi. Adamning kommunistligiyu kolxozdagi xizmatlarini hamda xolamning kafolatini hisobga olishib, vigovor berish bilan bu ishni amallab tinchitishgan edi. Shu misolning o‘ziyoq vaziyat qanchalik murakkab bo‘lganini ko‘rsatadi.

— Repressiya yillaridan xotiramga bir manzara muhrlanib qolgan. Biz u paytlarda Oxunguzar bilan Qozi ko‘chaning o‘rtasida, g‘isht ko‘prik degan joyda turardik. Buxarin, Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jaev va boshqalar ustidan sud boshlanganidan keyin, uydagilar har kuni ertalab meni Eski Juvadagi gazeta do‘koniga yuborishardi. O‘shanda odamlar gazeta kelmasidan bir-ikki soat avval do‘kon yonida uzundan-uzoq navbatga turishardi. Bunaqa katta ocheredlarni keyinchalik urush yillarida non do‘koni yonidagina ko‘rganman. Ochereddagilar juda batartib turishardi, janjal-to‘polon, ur-surlar bo‘lmasdi, lekin ko‘pchilikning gazi tund, qovog‘i soliq ekani, odamlar o‘zaro juda kam gaplashgani esimda.

Xullas, bolalik yillarimda repressiyalar fojiasini yurakdan chuqur his etmagan edim.

Qama-qamalarda allaqanday g‘ayri tabiiylik borligi haqida, qandaydir adolatsizlikka yo‘l qo‘yilayotgani to‘g‘risida birinchi marta 50-yillarning boshidagi repressiyadan keyin o‘ylay boshladim. Ayniqsa, Shayxzoda va Said Ahmad qamalgandan keyin. Axir, ularni shaxsan tanir edim. Bir necha marta Shayxzodaning suhbatlarini, lektsiyalarini eshitib, bu odamning donoligiga, bilimdonligiga qoyil qolgan edim. Ayniqsa, uning samimiyatini aytmaysizmi! Urush paytlarida esa bu odamning «Kurash nechun?», «Kapitan Gastello», «Semenchenko, ofarin!», «To‘pchi Muhammad» kabi o‘nlab she’rlarini yodlab, ko‘pchilik oldida deklamatsiya qilib aytib yurardim. Shunday odamning xalq dushmani ekaniga, biror aksilinqilobiy tashkilotga a’zo ekaniga, O‘zbekistonni chet el imperializmiga necha so‘mgadir sotmoqchi bo‘lganiga aql bovar qilmas edi.

Said Ahmad-chi? U bizdan bir-ikki ko‘ylakni ko‘proq yirtgan bo‘lsada, biz ancha yaqin edik. Biz boshlovchi-havaskorlar bo‘lsak, Said Ahmad ikki-uchta kitob chiqargan yosh yozuvchi edi. Endigina 30 ga kirgan Said Ahmad juda quvnoq, o‘ta hazilkash, har qanday davrani yayratib yuboradigan iqtidorga ega edi. Shu xususiyatlari asarlarida ham mana man deb ko‘rinib turardi. Uning ustiga yaqindagina shoira Saidaga uylanib, oilaviy hayotning sururini endigina totib ko‘ra boshlagan edi.

O‘zimiz bilgan Said Ahmadki «xalq dushmani» bo‘lsa, odamlarning sog‘i yo‘q ekan-da? Lekin bu gal ham bunaqa shubha-gumonlar bizni ko‘p ham o‘rtagani yo‘q. Biz o‘sha kezlarda universitetda o‘qir edik — avji erk haqida, adolat haqida, yaxshilik va yomonlik, olijanoblik va razillik to‘g‘risida bir-birimizga gap bermay tortishib yurgan kezlarimiz. Lekin buni qarangki, birontamiz o‘shanda ovozimizni ko‘taribroq: «nimalar bo‘lyapti o‘zi? Biz bilgan o‘rtoqlarimiz, akalarimiz, ustozlarimizning gunohi nima? Aytinglar, biz ham bilib qo‘yaylik!» deyishga yaramabmiz. Aksincha, jinday hayron bo‘lib yurgandan keyin, o‘sha paytda keng tarqagan tasalli bilan o‘zimizni ovutib qo‘ya qolganmiz: «Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi. Bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq na qilur? Aybi bo‘lmasa, begunoh odamni qamamaydi». Yana qayta-qayta bir gapni duoday takrorlayverganmiz: «Donolarning donosi, bashariyat quyoshi Stalin hammamizning baxtimizni o‘ylaydi. Uning davrida hech qanaqa adolatsizlikka yo‘l qo‘yilmaydi».

«Shaxsga sig‘inish» deb atalgan razolatning butun dahshatini partiyamizning XX s’ezdidan keyingina tushuna boshladik. Uning hamma zararlarini anglash jarayoni shu yillar davomida bir lahza ham to‘xtagani yo‘q, hozir ham davom etmoqda.

— Universitetdagi lektsiyalaringizdan birida urush paytida sharoit og‘irligiga qaramay, kitob o‘qishga ishtiyoqingiz pasaymaganini aytgan edingiz. Hozirgi fursatdan foydalanib, shu yillar haqida, ilk ustozlariigiz, do‘stlaringiz haqida batafsilroq gapirib bersangiz. Shuningdek, siz Moskvada aspiranturada o‘qib, adabiy tahsilni qiyomiga yetkazgan baxtli olimlardan biri sanalasiz. Poytaxt adabiy muhiti, ustozlar ibrati, rus yozuvchi va olimlari bilan shaxsiy muloqot va do‘stlik, fikr almashishlar, tanqidchi sifatida shakllanishiigizda katta rol o‘ynagani shubhasiz. Harholda, bular haqida o‘zingiz gapirib bersangiz yaxshi bo‘lardi.

— Albatta, har qanday odamning o‘sishida, balog‘atga yetishida ustozlarning roli katta. Men birinchi ustozim sifatida o‘rta maktabda dars bergan o‘qituvchim Qudrat Ahmedovni bilaman. Hozir u kishi filologiya fanlari kandidati, Nizomiy nomidagi Davlat pedagogika institutining dotsenti, respublikaning taniqli metodistlaridan. Qudrat Ahmedov juda g‘amxo‘r va mehribon o‘qituvchi, ayni chog‘da bilimdon murabbiy edi. Men u kishidan adabiyotning alifbesini o‘rganganman. Klassiklarimizning buyukligi nimada ekanligini adabiyotning nafosati qanaqa bo‘lishini o‘rganganman. U kishidan avval mening adabiyotga muhabbatim stixiyali bir tuyg‘u bo‘lgan bo‘lsa, Qudrat Ahmedov tufayli bu tuyg‘u sarishta bir shaklga kirdi, muayyan maqsad kashf etdi. Qudrat aka ustozlarim ichida birinchi bo‘lib, menga o‘zbek adabiyoti uchun iftixor tuyg‘usini singdirdi.

Oliy o‘quv yurtidagi ustozlarim ham ko‘p narsa berishdi. Ayniqsa, G‘ulom Karimov, Subutoy Dolimov, Homil Yoqubov, N. Krepentsev, M. M. Saksonova, D. Ya. Vifleemskiy kabi olimlar adabiyot olamidagi bilimlarimni chuqurlashtirishga katta yordam berishgan. Shundoq bo‘lsa-da, Moskvadagi ustozlarim mening olim sifatida shakllanishimda favqulodda rol o‘ynashdi. Bular K. L. Zelinskiy, M. K. Dobrinin, M. I. Ritman-Fetisov, M. I. Bogdanova, G. I. Lomidze kabi atoqli olimlardir. Ular birgalikda menga ilmiy tafakkur sirlarini o‘rgatishdi. Buning qanday bo‘lishini konkret tasavvur qilishingiz uchun bir misol keltiraman: men o‘ninchi sinfni bitirib, «Yetuklik attestatini» olganimda, ochig‘ini aytsam, o‘zimga-o‘zim juda buyuk ko‘rinib ketgan edim. Nazarimda, miyamga ilm sig‘may ketgan edi. Go‘yo hazrat Navoiy menga atalgan misralarini adashib Farhod haqida aytib yuborganday:

Dunyoda qolmadi ul bilmagan ilm,

Bilib tahqiqini kasb etmagan ilm.

Shu kayfiyat bilan universitetga kelib, besh yil o‘qidim. Qarasam, hali biz bilmagan ilm ancha ekan. O‘shalarni qunt qilib o‘rgansa, dunyodagi eng bilimdon odamga aylanish mumkin. Universitetni bitirib, Moskvaga aspiranturaga borganda garchi bilimim besh yil avvalgidan mukammal bo‘lmasa-da, hali ham chakki emas edi. Burnim ko‘tarilgan, uncha-muncha tengqurlarni emas, ba’zi bir domlalarni ham mensimas edim. Dissertatsiya yozishga kirishdim. Bilimim «haddan ziyod ko‘p bo‘lganligi» uchun, dissertatsiyaning ham bir bobini hash-pash deguncha yozib tashladim-da, ilmiy rahbarim K. L. Zelinskiyga ko‘rsatdim. U kishi apil-tapil varaqlab ko‘rdi-da, «bo‘pti, yozavering, bo‘ladi» deb oq fotiha berdi. Yeng shimarib ishning davomini yozishga kirishdim. Yana hash-pash deguncha 50—60 betni qoralab qo‘ydim. Qoraladim-u, ish sustlashdi, so‘ng ko‘p o‘tmay butunlay to‘xtab qoldi. Negaki, yozganlarimdan o‘zim hayron edim. Yotog‘imiz to‘la aspirant, ammo bir yarim yil davomida men «ishim yaxshi ketyapti, muddatida dissertatsiyamni tugataman» degan bironta ham aspirantni uchratmadim. Aksincha, kim bilan gaplashmay, hammaning hasratidan chang chiqadi: «yozish qiyin, uch kun o‘tirib yarim bet yozolmadim, ish yurishmayapti». Qiziq, nahotki bir yotoq aspirantning ishi yurishmasa-yu, yolg‘iz meniki yurishsa? Nahotki, shuncha odam ichida yolg‘iz o‘zim qobiliyatli bo‘lsam? Bunday o‘ylar yozilgan narsani tuzukroq tahlil qilishga olib keldi. Ikkinchi bob «O‘zbek liriqkasida Vatan mavzui» deb atalardi. O‘ylab qarasam, binoyidek yozilgan: chiroyli jumlalar, tsitatalar, siyosiy jihatdan to‘g‘ri tezislar... Ammo biroz quruqligi ham bor, aravani shaldiratib olib qochilgan joylari ham ko‘p. Ancha joyda biror she’r tilga olinadi-da, keyin uning mazmuni bayon qilib beriladi, shundan so‘ng Vatan haqida, uni sevish to‘g‘risida dabdabali gaplar boshlanadi. Nima bo‘pti, boshqalarda ham, hatto tajribali adabiyotshunoslarda ham bunaqa gaplar ko‘p-ku! O‘zimga-o‘zim tasalli berdim-u, lekin baribir bo‘lmadi. Shundan keyin bir satr ham yozolmadim. Nihoyat aspirantura tugashiga besh-olti oy vaqt qoldi. Ilmdan esa darak yo‘q. Shunday kunlarning birida domlam yo‘qlab qoldi. Darhol institutga yetib bordim. U ishning birinchi bobini sinchiklab o‘qib chiqibdi. Jindek zarda bilan 120 sahifali bobni qo‘limga qaytarib berdi: «Bo‘lmadi, — dedi u. — Bunda ilmning «i» harfi ham yo‘q. Uchiga chiqqan deklarativlik, ritorika. Fikr yo‘q. Quruq gap. Faqat poemalarga bag‘ishlangan so‘nggi sahifalardagina jinday jon borga o‘xshaydi». Bu gapni eshitdimu lol bo‘lib qoldim. Go‘yo domla «Munkarnakir»ning to‘qson botmonlik gurzisi bilan boshimga bir urib, meni tariqday tirqiratib yuborgan edi. Yotoqqa kelib, qo‘lyozmani varaqladim. Unda tagiga chizilmagan jumla, yoniga so‘roq alomati qo‘yilmagan yoxud «bo‘lmaydi», «rasvo», «es bormi?», «nimalar deyapsiz?», «qayoqdan tushgansiz?» kabi iboralar yozilmagan sahifa yo‘q edi. Avval juda qahrim keldi. Bir necha kungacha uxlamay to‘lg‘onib chiqdim. Lekin sekin-sekin tanamga o‘ylab qarasam, o‘sha gaplarning hammasi to‘g‘ri. Axir, ilm degani men o‘ylaganimcha oson bo‘lsa, hamma yoppasiga olim bo‘lib ketmasmidi? Domlaning qo‘lyozma hoshiyasiga yozgan mulohazalari menga ilmiy tafakkur qanday bo‘lishini ko‘rsatib berdi, ilmdagi safsatadan qochishga undadi. Qahr o‘rnini minnatdorlik tuyg‘usi egalladi. O‘sha qo‘lyozmani men hozirgacha asrayman va tez-tez varaqlab turaman.

Xullas, moskvalik olimlar yordamida men yana bir haqiqatni kashf etdim — o‘zimdagi bilim deb hisoblab yurganlarning ko‘p qismi oddiy ko‘pik ekan, men bilgan narsalar bilishim kerak bo‘lgan narsalar oldida dengizdan bir tomchi ekan. Shu tarzda hech narsa bilmasligimni bilib oldim. Bilim degani bir granit qoya ekanki, uni odam umrbod kemirib o‘tishi kerak ekan. Mana, 30 yildirki, hamon kemirib yotibmiz.

— Rus revolyutsion-demokrat tanqidchilarining ijodingizga ta’siri qanday bo‘lgan? Siz ayni zamonda Belinskiy, Dobrolyubov asarlarining tarjimonlaridan biri sifatida ham e’tirof etilasiz...

— Ustozlar haqida gap ketganda, men rus revolyutsion demokratlarini va, ayniqsa, N. A. Dobrolyubovni tilga olmay o‘tsam bo‘lmas. Ularning kitoblari bamisoli bir xazina, xazina bo‘lganda ham tuganmas xazina. Men 1957 yilda Dobrolyubov maqolalarini tarjima qildim va uning tanlangan asarlarini nashrga tayyorlash baxtiga muyassar bo‘ldim. Shunda men bu daho yigitning ichqi laboratoriyasiga yaqindan kirganday bo‘ldim, uning g‘oyalari ohanrabosini yaqqol his qildim. O‘sha yillardagi ba’zi bir maqolalarimda hatto Dobrolyubovga oshkora taqlid qilishga urinish bor. Hozir ham ustozlarim ko‘p. Yevropa olimlari ichida ham, rus sovet adabiyotshunoslari orasida ham. Bugun o‘zim qatori qalam tebratayotgan o‘zbek munaqqidlaridan ham ancha narsa o‘rganyapman.

Adabiy tanqid — mangu sinov. Unga ilova qilib, ijod butun umr davomida amal qiladigan shogirdlik hamdir desa bo‘ladi.

— O‘zbek yozuvchilarmning tanqidchilik faoliyatingizdagi roli qanday? Men she’riyat haqidagi ayrim maqolalaringizda xassos shoir va olim Maqsud Shayxzodaning ilmiy asarlariga xos ehtiros izlarini sezganday bo‘lgan edim... Bu gapni aytishimga sabab yana shu narsaki, ayrim hamkasblarimiz yozgan maqolalarni o‘qiganda odam juda qiynalib ketadi. Mazmunni, yangicha nigohniku qo‘yaveraylik, fikr ifodasida ham shira, ehtirosni izlab topolmaysiz...

— Mening tanqidchi sifatida shakllanishimda o‘zbek adiblari va shoirlarining roli benihoya katta, albatta. Mana, yosh ham bir joyga borib qoldi, ijod olamiga kirib kelganimga ham o‘ttiz besh yil bo‘ldi. Shu yillar mobaynida o‘zbek yozuvchilarining ko‘pchiligi bilan birda ota-boladek, birda aka-ukadek, birda ustoz va shogirddek muomalada bo‘lib keldim, Shu yillar mobaynida menga kuch bergan ham, qo‘llab-quvvatlagan ham, xatolar va adashishlardan ogoh qilgan ham, jamiki ishlarimdan xabardor bo‘lib meni parvarishlab kelganlar ham shular. O‘zbek yozuvchilarisiz men hayotimni tasavvur qilolmayman. Ular ichida birinchi ustozim deb Abdulla Qahhorni bilaman. Bu to‘g‘rida matbuotda bir necha marotaba yozganim uchun, bu yerda batafsilroq to‘xtab o‘tirmayman.

Mening adabiy tanqid bilan jiddiyroq shug‘ullanishimga birinchi bo‘lib undagan, undagangina emas, tepamda turib, birinchi jiddiy maqolamni yozishga majbur qilgan, keyin ko‘rib chiqib, maslahatlar bergan, maqola uzil-kesil tayyor bo‘lgach, uni «Sharq yulduzi» jurnaliga jo‘natgan, maqola e’lon qilingach, men bilan baravar quvongan odam Pirimqul Qodirov edi. Gap «Badiiy tarjimaning ba’zi printsiplari» degan maqola haqida ketyapti. Bu voqea 1953 yilda sodir bo‘lgan edi. O‘shanda men Moskvada Jahon adabiyoti institutida aspirant edim. Pirimqul esa SSSR Yozuvchilar soyuzida o‘zbek adabiyotidan konsultant va ayni choqda, Adabiyot institutida aspirant edi. U tez-tez bizning yotoqqa kelib turar, men ham uning uyiga borib turishni kanda qilmasdim. Biz nima mavzularda gaplashmaylik, Pirimqul gapni aylantirib, nega yozmasligim masalasiga burardi. Va har gal juda qat’iy ohangda yozishim kerakligini ta’kidlar edi. Ochig‘ini aytganda, Pirimqulni ko‘p javratmaslik uchunoq boyagi maqolani yozishga kirishdim. Ammo maqolani yozish jarayonida bu ish o‘zimga ham juda yoqib qoldi. Ayniqsa maqola bosilib chiqqach, Toshkentdan, jurnal redaktsiyasidan, ba’zi bir yozuvchilardan maqola muayyan qiziqish uyg‘otgani haqidagi xabarlarni eshitib, ancha ko‘nglim ko‘tarildi. Shunday qilib, Pirimqul meni tanqidchi sifatida yo‘rgaklab olgan edi, desam bo‘ladi.

Keyinchalik Toshkentda Mamarasul Boboev, Mirtemir, Zulfiya kabi shoirlar bilan, Odil Yoqubov, Said Ahmad kabi prozaiklar bilan do‘stlashib qoldim. Ular va yana ancha-muncha boshqa yozuvchilar mening tanqidiy faoliyatimning ro‘yobga chiqishida katta rol o‘ynagan. Men hozirga qadar nosir va shoir do‘stlarimning menga xayrihoh munosabatini juda qadrlayman.

— Chinakam ijod tabiatida turg‘unlik, hamma ko‘nikib qolgan shablon — sxemalarini inkor etish, yaxshi ma’nodagi isyonkorlik mavjud bo‘ladi. Adabiyot olamida bunga minglab misollar keltirish mumkin. Loaqal Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfilarning she’riyat olamiga kirib kelishini yoki hozir faol ijod qilayotgan Muhammad Solih, Shavkat Rahmon, Usmon Azimovlar ijodini eslash kifoya. Shu ma’noda men 50-yillarning ikkinchi yarmida yozilgan lirika haqida maqolalaringiz va «Zamon, qalb, poeziya» to‘plamingizni o‘ziga xos jasorat namunasi deb bilaman. Unda siz tanqidchilarimizdan birinchi bo‘lib she’riyatdagi quruq ritorika, dabdababozlik, qofiyabozlikka qarshi, kitobiylikka qarshi o‘t ochgan va adabiyotda iste’dodsiz odamlarga o‘rin yo‘qligini isbotlab bergan, hatto kazo-kazo shoirlar ijodidan misollar keltirib, ular she’r emasligini dangal aytgan edingiz. «To‘g‘ri gap tuqqaningga ham yoqmaydi» degan gap bor. Bunday adolatli achchiq gaplar qanday reaktsiya berganini bugungi kunda biz faqat tasavvur qila olamiz. Siz esa o‘z nuqtai nazaringizni himoya qilish uchun murosasiz kurashgansiz. Bu oson bo‘lmagandir? Axir shu yillarda «bolta ko‘tarib» tikka tashlanganlar ham ko‘p bo‘lgan chiqar?

— Albatta, do‘stlarimning ko‘pchiligiga, ularning doimiy madadiga qaramasdan, mening ijoddagi yo‘lim silliq, ravon, oson kechgan emas. Bu yo‘l poyondozlar to‘shalgan yo‘l emasdi, menga kam gul tutishgan, menga ko‘proq gulning tikani nasib bo‘lgan. Meni ko‘p marta matbuot orqali yoki har xil adabiy anjumanlarda tanqid qilishgan. Bu, albatta, tabiiy hol — ijodda doimo tortishuvlaru bahslar, munozaralar bo‘lib turadi, doimiy ravishda fikr almashuv jarayoni davom etadi va shundan haqiqat tug‘iladi. Ammo ancha-muncha hollarda tanqid niqobi ostida ochiqdan-ochiq meni yomonotliq qilishga, yo‘q gunohlarni ustimga ag‘darishga urinishlar bo‘lgan. Bunday tanqidchilar ko‘pincha jazavaga tushib ketib, ta’nayu dashnomlarda har qanday chegaradan chiqib ketishadi va shunaqa bema’ni gaplarni ayta boshlashadiki, ular bilan munozara qilib o‘tirishga ham hojat qolmaydi. Men bunday nochor va noshud «tanqidchilarvga ro‘para kelganimda, ularga achinib ketaman. Ammo boshqa bir toifa tanqidchilar bor — bunday tanqidchilar sira ham yuzma-yuz maydonga tushishga jur’at etolmaydi. O‘z da’vosini ko‘pchilik oldida ro‘yi-rost aytmaydi, buning ustiga orqavorotdan «falonchi unday ekan», «falonchi bunday ekan» degan ig‘volar tarqatadi. Yana bir toifa adabiyotchilar borki, ular yanada ustalik bilan ish tutishadi — undaylar rosa payt poylashadi va o‘rni kelganda biror «siyosiy ayb»ni taqishadi-yu, sizni jamoatchilikka yomon ko‘rsatishadi. Bundan tashqari, sizni qo‘rqitib, o‘zlariga tobe qilib olishga, aytgan yo‘llariga yurishga majbur qilishga urinishadi. Adabiyotga yangi kirib kelgan kezlarimda shunday bo‘lgan edi. Endigina bir-ikkita maqolam chiqqan, bir kuni poeziya sektsiyasining boshlig‘i Mamarasul Boboev meni chaqirib olib, bir shoirning tanlangan asarlari qo‘lyozmasi haqida doklad qilishni menga topshirdi. Hali yoshman, ya’ni g‘o‘rman, birovni tanqid qilsam, oqibati yomon bo‘lishi mumkin, deb o‘ylashni bilmaydigan paytlarim. Xullas, dokladda qo‘lyozma sira ayamasdan tanqid qilindi. Albatta, men har bir tanqidiy mulohazani faktlar bilan dalillashga, isbot qilib berishga uringan edim. Doklad «qo‘lyozma bosib chiqarishga yaramaydi» degan xulosa bilan tugallandi. Dokladning xulosasini to‘g‘ri deb topishdi. Hech kim unga qarshi chiqqani yo‘q. Men ham o‘sha kuni Yozuvchilar soyuzidan o‘z vazifasini do‘ndirib ado etgan odamday mamnun bir holatda ketgan edim. Keyin bir necha muddat yuragim po‘killab yurdi. Har holda taniqli bir shoirning butun ijodini «bo‘lmaydi»ga chiqardim, qandoq bo‘larkin? Yo‘q, hech narsa bo‘lmadi. Oradan biror yil o‘tgandan so‘ng o‘sha «Tanlangan asarlar» deyarli o‘zgarishsiz nashr etilganini aytmaganda, hech narsa bo‘lmadi. Men hatto tanqidga bunaqa mardona munosabatni ko‘rib, o‘sha avtorga hurmatim osha boshladi. Momaqaldiroq sira kutilmaganda gumbirladi. Oradan anchagina vaqt o‘tgach, O‘zbekiston ziyolilarining qurultoyi bo‘ldi. Bu anjuman nechog‘lik mo‘‘tabar ekanini, unga o‘zbek ziyolilarining guli to‘planganini aytmasa ham bo‘ladi. Majlis davomida o‘sha qo‘lyozmasi haqida men doklad qilgan shoirga ham so‘z berildi. U gapi davomida birdan meni tilga oldi. Nima dedi deng? «Yosh tanqidchi falonchi fistonchiev faol ishlayapti-yu, ammo adabiyotni tanqid qilishga berilib ketyapti. U adabiyotimizning yutuqlarini ko‘rolmayapti. Unda nigilizm kuchli!» Bu so‘zlarni qo‘shtirnoq ichiga olgan bo‘lsam-da, ular stenogrammadan olingan tsitata emas. Men notiq gapining mazmunini aytayapman. Ko‘rib turibsizki, bu tanqid emas edi. Chunki «nigilist» degani oshkora siyosiy ayb edi. Sovet madaniyatining, sovet tuzumining yutuqlarini ko‘rolmay, ularni kamsitadigan, ularga atayin qora surkaydigan odam shunday deb ataladi. Majlisda hech kim notiqni qo‘llagani ham, ma’qullagani ham yo‘q. Lekin shunga qaramay, muayyan doiralarda ancha yilgacha shu tamg‘a ortimdan soyadek ergashib yurdi. Menga taalluqli biror masala hal qilinadigan bo‘lsa, hal qiluvchi o‘rtoq «falonchiev deysizmi? Bu qaysi falonchiev?» deb so‘raydi. «Qaysi bo‘lardi, anavi nigilist-da» — deb javob berishadi. «Keling, qo‘yib turing o‘shaningizni», deb xulosa chiqariladi. Shu tarzda meni «qayirib» olishga urinishlar ko‘p bo‘lgan. Meni g‘oyasizlikda ham ayblashgan, millatchi deb ham ko‘rishgan, kimlarningdir dumi deb atashgan va hokazo...

Bunday odamlar kurashda doimo g‘irrom yo‘llardan borishadi. Yana bir misol: bilamiz, Abdulla Qahhorning «Tobutdan tovush» komediyasi qo‘yilgandan keyin bir yarim yil o‘tgach, uning to‘g‘risida keskin tanqidiy maqola e’lon qilindi. Bu maqola nazariy jihatdan ham, amaliy jihatdan ham noto‘g‘ri edi. Bu adolatsizlik bilan yozilgan, nima qilib bo‘lsa-da, Abdulla Qahhorga qora chaplash maqsad qilib olingan edi. Maqolaning oxirida mening sha’nimga ham juda qattiq gaplar aytilgan edi. (Mening komediya haqidagi «G‘azabli qahqaha» degan taqrizim munosabati bilan). Tabiiyki, «zamona zo‘rniki» deb qilingan bunaqa «hujumlar» sira ham asabni mustahkamlashga xizmat qilmadi. Men Yozuvchilar soyuziga murojaat qildim — mudhish bir adolatsizlik ro‘y berganini, maqola boshdan-oyoq bo‘htondan iborat ekanini aytib, uni oshkora muhokama qilishni talab qildim. O‘shanda imonim komil ediki, muhokama o‘tkazilsa, adabiy jamoatchilik maqolaning haqiqiy bahosini berardi. Soyuzimizning o‘sha paytdagi rahbari mening qo‘ynimni puch yong‘oqqa to‘ldirib chiqarib yubordi. U muhokama masalasini o‘ylab ko‘rish kerakligini aytdi-yu, ammo bu masalaga qaytmadi.

Hozir zamon o‘zgardi — oshkoralik, demokratiya zamoni boshlandi. Albatta, endilikda bunaqa insofsizliklar ancha barham topdi. Ammo ular butunlay yo‘qoldi deb quvonishga hali erta. Hozir ham ahyon-ahyonda bo‘lsa-da, tanqiddan sub’ektiv maqsadlarda foydalanish, uni birovdan o‘ch olish quroliga aylantirish hollari uchrab turipti. Masalan, 1987 yilda e’lon qilingan «Adabiyot va san’at» degan to‘plamda Asqarali Sharopovning maqolasi bor. Maqola avtori tanqidchi Abdug‘afur Rasulevning «Tanqidchilik ufqlari» degan kitobini tanqid qilib, changini chiqarib yuborgan. Men bu o‘rinda Asqarali Sharopov bilan munozaraga kirishmoqchi emasman — buni boshqa joyda, boshqa munosabat bilan qilarmiz. Harholda, A. Sharopovning «tanqid»ida xolislikdan ko‘ra boshqa niyatlar ko‘rinyapti, shekilli.

Men yuqorida bosib o‘tilgan yo‘lning ba’zi bir mushkulotlarini tilga olar ekanman, buni «ko‘rib qo‘yinglar bizni» degan maqsad bilan maqtanish uchun qilganim yo‘q. Qayta qurish davrida biz bosib o‘tilgan yo‘lni mufassal tahlil qilib, undagi ijobiy tajribani qabul qilish bilan birga, o‘sishimizga xalaqit bergan, oyog‘imizga kishan bo‘lib osilib turgan, asabimizni buzib, salomatligimizni kemirgan barcha illatlarni itqitib ham tashlashimiz kerak. Tanqidchiligimiz ham ertangi kunga hamma kirlaridan poklanib kirsin.

— Badiiy ijod sohasida muvaffaqiyat qozona olmagan odamlar tanqidchi, adabiyotshunos bo‘ladi degan gap bir vaqtlar qulog‘imga chalinganda ochig‘ini aytsam, xafa bo‘lgan edim. Harholda har bir kasb, hunarning o‘ziga xos sir-asrori, baland-pasti bo‘ladi. Adabiy tanqidchi bo‘lish — ba’zilar o‘ylagandek judayam oson emas: go‘yo sen hammadan baland turasan, yozuvchilar, shoirlar hukmingga muntazir; xohlasang ko‘kka ko‘tarib qo‘yasan, xohlasang yerga urib chil-parchin qilasan... Menga qolsa, «Chidaganga chiqargan» degan gap aynan tanqidchilik haqida aytilgandek tuyuladi.

— Gapingiz juda to‘g‘ri, Ortiqboy! Adabiy tanqid adabiyotning o‘ziga xos mustaqil sohasi ekanini, tanqidchi bo‘lish oson ish emasligini men avvallari ham bir necha marta ta’kidlagan edim. Ba’zilar «tanqidchi o‘zi asar yozolmaydi-yu, boshqalarning yozgani haqida fikr yuritadi», deb ta’na qilishadi. Bundaylarga nisbatan bir tanqidchi «quymoqning yaxshi-yomonligini aytish uchun odam o‘zi tuxum qilishi shart emas» deb javob bergan ekan. Bu — hazil, albatta. Ammo chiniga ko‘chsak, ko‘ramizki, adabiy tanqid badiiy ijodning eng qiyin sohasidir. Tanqidchi bo‘lish uchun o‘ziga xos betakror iste’dodga, yuksak didga, o‘tkir qalamga ega bo‘lish kerak. Afsuski, bizda tanqidning muqaddasligini, murakkabligini uncha tushunmaydigan yoki tushunishni istamaydigan «tanqidchilar» ham ko‘p. Ular tanqidchining ishini juda jo‘n tasavvur qilyshadi — biron asarni o‘qib chiqishadi-da, uning mazmunini bayon qilib berishadi va «asarning falon jihati aktual ahamiyatga ega», syujeti pishiq, o‘zi yaxshi deb yoxud, aksincha, cho‘zilib ketgan, falon voqeasi ortiqcha, falon qahramon kerak emas, deb hukm chiqaradi. Tabiiyki, bunaqa tanqiddan na yozuvchiga, na kitobxonga foyda bor. Bunaqa «tanqidchi» hech kimning hurmatini qozona olmaydi ham.

Haqiqiy tanqidchi badiiy asar bag‘riga yashiringan chinakam go‘zallikning kashshofi bo‘lishi kerak. Bu go‘zallik asarda olg‘a surilgan yangi va dadil fikrda ham, kitobxonni olg‘a yetaklovchi umumlashmalarda ham, uning to‘qimasiga singib ketgan nafosatda ham mujassam topgan bo‘ladi. Tabiiyki, bunday kashshof bo‘lish uchun chuqur bilimga va o‘tkir fikrga ega bo‘lish shart.

Hozir tanqidchilik kasbini eng qiyin kasblardan biriga aylantirgan yana bir omil haqida gaplashaylik. Yozuvchi ham, tanqidchi ham ijodkor bo‘lsalar-da, ularning o‘rtasida katta farq bor: yozuvchi asarini ko‘pchilikka atab yozadi, kitobxon uni o‘qiydi, uning fikrlariga qo‘shiladi yo qo‘shilmaydi, o‘zicha mulohaza yuritadi, muayyan xulosalar chiqarib oladi. Tanqidchining ishi boshqacharoq. U yozilgan asarni tahlil qilar ekan, uning fazilatlarini maqtaydi, o‘ziga nuqson bo‘lib tuyilgan o‘rinlarni tanqid qiladi. Qizig‘i shundaki, uning maqtovi asar avtorida, albatta, ijobiy emotsiyalar qo‘zg‘aydi — maqtov hammaga ham yog‘day yoqadi, ammo tanqidiy fikrlari yozuvchining g‘azabiga sazovor bo‘ladi. Uning sochi tik bo‘lib, tanqidchini changitib so‘ka boshlaydi, uni nodonlikda, adabiyotni tushunmaslikda, bag‘ri toshlikda, qora yuraklikda va hokazo va hokazo gunohlarda ayblaydi. Shunchaki ayblab qo‘yaqolsa ham mayli-ya, uni o‘zining eng ashaddiy dushmani deb hisoblay boshlaydi, har majlisda uning sha’niga og‘ir botadigan gaplar aytadi, ochiq xatlar

yozib, bo‘lar-bo‘lmas ayblar yog‘diradi. Bunday hujumlarga bardosh berish juda qiyin, albatta. Ularning ta’sirida bir tomonlama bo‘lib qolish, faqat madhi sano aytish yo‘liga o‘tib olish oson. Ammo tanqidchiga hurmat olib keladigan faqat bir narsa bor — u hamisha ob’ektiv bo‘lishi, o‘z qalamini halollik bilan tebratishi kerak. Har qancha qiyin bo‘lmasin, u haqiqatni gapirishi, adolatli bo‘lishi shart. Tanqidchi haqiqatning fidokor xizmatkori bo‘lgandagina mayda-chuyda imtiyozlar uchun, o‘tkinchi mukofotlaru rag‘batlar uchun tovusdek tovlanavermasdan, printsipial mavqelarda izchil tura olsagina uning ovozi muayyan salmoq kasb etadi. Bu esa juda qiyin, butun umrni talab qiladi. Shunday qilib, tanqid umrbod davom etadigan sinovdir.

— Hozir qayta qurish shabadalari hayotimizning barcha sohalariga yangi havo olib kirmoqda. Turg‘unlik yillarida depsinib qolgan barcha muammolar baralla muhokama qilinmoqda, ularni bartaraf etish yo‘llari izlanmoqda. Lekin muammolar shunchalik ko‘pki... Keling, adabiyot sohasida ko‘nglimizda tugun bo‘lib yotgan masalalar ustida gaplashaylik. Bugungi oshkoralik va demokratiya zamonida tanqidchiligimiz oldida turgan eng dolzarb vazifa nima deb hisoblaysiz?

— Keyingi paytlarda o‘zbek tanqidchiligi haqida juda keskin fikrlar aytish rasm bo‘lib borayapti. Hatto uni adabiyotimizdagi hamma nuqsonlarning yagona sababchisi sifatida ko‘rsatishga urinuvchilar ham bor. Ba’zi birbvlar esa turg‘unlik yillarida sodir bo‘lgan hayotdagi ko‘pgina salbiy hodisalarni ham adabiy tanqidning passivligi, unda ofarinbozlikning avj olgani bilan izohlashdan toymaydi. To‘g‘ri, adabiy tanqidchiligimizda nuqson ko‘p. Haqiqatan, turg‘unlik yillarida uning nuqsonlari jiddiy illatlarga aylanib ketdi - tanqid o‘zining grajdanlik pozitsiyasini boy bera boshladi, uning ijtimoiy-estetik missiyasi ancha susayib qoldi, ayrim nopok «tanqidchilar» esa tanqidni xushomad va laganbardorlik quroliga aylantirib, undan ta’magir niyatlarda foydalanish avj oldi. Bular hammasi to‘g‘ri, lekin shu bilan birga tanqidni hamma illatlarning yagona sababchisi qilib ko‘rsatib bo‘lmaydi. Hamma illatlari va nuqsonlariga qaramay, o‘zbek tanqidchiligi turg‘unlik yillarida yo‘qolib ketdi yoki rivojlanishdan butunlay to‘xtab qoldi deb bo‘lmaydi. O‘zbek sovet tanqidchiligi xalqimiz revolyutsiya tufayli erishgan jiddiy yutuqlardan biridir. To‘g‘ri, uning taraqqiyot yo‘li oson kechgani yo‘q — unda dramatik sahifalar, qayg‘uli adashishlar, alamli yo‘qotishlar ko‘p bo‘lgan. Lekin shundoq bo‘lsa-da, tanqidchiligimiz mashaqqatlarni, xatolarni yenga borib, adabiyotimizning mustaqil sohalaridan biri darajasiga ko‘tarildi. Turg‘unlik yillarida ham tanqidchilikning olg‘a siljishi to‘xtab qolgani yo‘q — juda oz miqdorda bo‘lsa-da, adabiy jarayonga foydasi tegadigan, kitobxonlarning didini, adabiyot haqidagi tushunchalarini shakllantirishda ijobiy rol o‘ynagan tanqidchilar va tanqidiy asarlar bor edi. Jumladan, 1967 yilda bosilgan «Adabiyotimizning yarim asri» degan to‘plam yoxud «Inqilob va adabiyot» degan kitob shunday asarlar jumlasidandir. Lekin shu ayrim yutuqlarga qaramay, biz tanqidchiligimizning umumiy ahvolidan mamnun bo‘lolmaymiz. Hali adabiy jarayonning deyarli hamma muammolari o‘zining tanqidchisini kutib yotibdi. Tanqidchiligimiz hamon bir qobiqqa o‘ralib yashayapti. Biz faqat o‘zbek adabiyotiga taalluqli juz’iyroq masalalar bilan o‘ralashib qolib, ittifoq miqyosiga deyarli chiqmayapmiz. Men bu o‘rinda albatta Moskvada maqola yoxud kitob e’lon qilishni nazarda tutayotganim yo‘q. Asarimiz qaerda e’lon qilinishidan qat’i nazar unda butunittifoq adabiyoti uchun muhim bo‘lgan salmoqli mazmun, o‘tkir va samarali fikrlar bo‘lmog‘i zarurligini ko‘zda tutyapman. Ha, bugungi tanqidchiligimizda juda ko‘p nuqsonlarni tug‘dirayotgan, uning tez ilgarilashiga jiddiy xalaqit berayotgan bosh sabab — fikrning defitsitligidir. Tanqidchiligimizda voqea va hodisalarning mohiyatiga kirib boruvchi, hayot va adabiyotdagi insonning muhim ma’naviy-psixologik muammolarini zamon kontekstida butun murakkabligi bilan ochib beruvchi baquvvat umumlashtiruvchi quvvatga ega bo‘lgan, yozuvchini ham, kitobxonni ham o‘ylashga undovchi original, mustaqil, samarali fikr yo‘q hisobi. Shuning uchun ham tanqidiy asarlarimiz muttasil bosilib turganiga qaramay, uning foydali harakat koeffitsienti deyarli nolga teng.

Xo‘sh, nega shunday? Axir o‘zbek tanqidchilari orasida chinakam iste’dod egalari ham kam emasku? Buning ustiga ular salmoqli ijodiy tajribaga ega, bilimlari ham ancha-muncha puxta. Nega shunday bo‘laturib, har qanday tanqidiy asarning birlamchi negizini tashkil qiluvchi fikr bobida bu qadar keskin tanqislik mavjud? Buning boisi bor, albatta. Nazarimda biz tanqidchilar uchun ichki erkinlik yetishmaydi. Ha, biz yozayotganimizda adabiyotga aloqador masalalardan tashqari yana ming xil narsani o‘ylaymiz va eng muhimi, «falon narsani falon desak, oxiri nima bo‘larkin? Ketidan bir narsa chiqmasmikin? Muharrir qanday qararkin? Yozganimni o‘tkazarmikin? Yo‘qmi?» deganga o‘xshagan xavotirliklar ko‘ngildagi gaplarni ro‘y-rost aytishga yo‘l qo‘ymaydi. Yaqinda bir redaktsiyada shunday voqea bo‘ldi: muharrir o‘ziga qaltisroq tuyulgan bir asarni bosishdan bosh tortdi va buni shunday izohladi; «Hech kim bizdan falonday asarni nega bosmading deb ta’na qilmaydi, lekin bunaqa asarni nega bosding deydiganlar albatta topiladi». Afsuski, bizning qo‘rqoqligimizdangina dalolat beruvchi bunday mantiq faqat muharrirlargagina xos emas. Har birimizning ichimizda shunaqa bir muharrir o‘tiradi va u hamisha jilovimizdan mahkam tortib turadi.

Bunday jur’atsizlik, original va keskin fikr aytishdan qochish, sixni ham, kabobni ham kuydirmay ish yuritishga moyillik, ichki erksizlik muhit va sharoitning zabonsiz mute bir quli tarzida fikrlashdan nariga o‘tmaslik va o‘tolmaslik ijodkorda shaxsga sig‘inish tufayli tug‘ilib, qon-qoniga singib ketgan xususiyatdir.

Lekin shaxsga sig‘inishning jamiki zarari, dahshatli oqibatlari millionlab odamlarning qamalgani-yu, halok qilingani emas. Shaxsga sig‘inish qamalmay ochiqda qolgan odamlarni ham chetlab o‘tgani yo‘q — ularni ham ruhan mayib qilib ketdi. O‘tgan yili atoqli sovet yozuvchisi Anatoliy Ribakovning «Arbat farzandlari» degan romani e’lon qilindi. Bu asar                 faqat     adabiyotda emas, umuman, ijtimoiy-madaniy hayotimizda juda katta voqea bo‘ldi. Menimcha, bu asarda avvalgi ko‘p asarlardan farq qilaroq, Stalinning tom ma’noda to‘la qonli, ko‘pqirrali badiiy obrazi yaratilgan. Unda repressiyalarga murojaat qilishning ijtimoiy va sub’ektiv sabablari psixologik jihatdan chuqur dalillangan holda ochib berilgan. U 20-yillarning boshida davlat tepasiga kelishi bilanoq hokimi mutlaqlik uchun kurasha boshlagan. Tabiiyki, mustaqil fikrlashga o‘rganib qolgan va o‘z fikrini har qanday sharoitda ham ro‘yi-rost aytishdan cho‘chimaydigan odamlar — Lenin gvardiyasining jangchilari unga o‘z hokimiyatini o‘rnatishda jiddiy xalaqit berardilar. Shuning uchun Stalin ishni ularni tor-mor qilishdan boshladi. Keyin tarixni qaytadan to‘qib-bichib chiqdi, revolyutsiya ishida xizmati singgan ko‘pgina odamlarning nomini o‘chirib, ularning o‘rniga o‘zining nomini qo‘yib chiqdi. Keyinchalik esa, mustaqil fikrlashi mumkin bo‘lgan ziyolilarning qaysi toifaga mansubligidan qat’i nazar, ko‘pini repressiyaga duchor qildi. Repressiya balosidan faqat ruslargina emas, ukrain va beloruslar ham, gruzin va ozarbayjonlar ham, o‘zbek va qozoqlar ham, boshqa xalqlar ham katta talofat ko‘rishdi. Aftidan, unga og‘zidan chiqqan har bir gapni ma’qullab turadigan, har qanday mustaqil fikrdan mahrum bo‘lgan, «o‘ylab nima qilaman, men uchun Stalin o‘ylayapti-ku!» degan printsip bilan hayot kechiradigan, har qanday farmonni o‘ylab-netib o‘tirmasdan qoyillatib o‘rinlatadigan, yaxshi ko‘rinish uchun do‘ppi olib kel desa, kallani olib keladigan odamlar kerak edi. Bunday sharoitda ruhiyat masalalari orqaga chekinadi, vijdon hayqirig‘i susayadi. Faqat qorin tashvishi, nima qilib bo‘lsa-da, tirik qolish tashvishi birinchi o‘ringa chiqadi. Bunday sharoitda manqurtlar urchiydi. Stalin repressiyalardan tashqari mamlakatning har go‘shasida qo‘rquv hukmron bo‘lishiga intilgan va bunga erishgan ham. Bu yillarni hech ikkilanmay, «qo‘rquv saltanati» deb atasa bo‘ladi. Shunisi qiziqki, qo‘rquv tuyg‘usi kattalarnigina majruh qilib qo‘ya qolmagan, balki 30-yillarda va undan keyin bolalarning ham vujud-vujudiga singdi. Qanday qilib deysizmi? Mana bunday qilib: men maktabda o‘qib yurgan yillarimdayoq, buvimdan ham, onamdan ham bitta gapni ko‘p eshitardim: «ehtiyot bo‘l, dushmaning ko‘p, ular payingni qirqishadi!» Men bu gaplarga kulib qo‘yaqolardim — yosh bolaning qanaqa dushmani bo‘ladi? Yana har qadamda «tilingga ehtiyot bo‘l, dilingdagini yuzaga chiqarma, bu zamonda chap ko‘zing o‘ng ko‘zingga dushman, devorning ham qulog‘i bor, ishonmagin do‘stingga, somon tiqar po‘stingga» qabilidagi gaplar yangrab turardi. Bularning bari birlashib, asta-sekin miyaga singib borar va huda-behudaga qamalganlar haqidagi xabarlar qo‘shilib, qo‘rquv tuyg‘usini qalbdagi hukmron tuyg‘uga aylantirardi. Shu tarzda hali oqni qoradan tuzukroq ajrata olmaydigan murg‘ak bola ham har bir gapida, har bir ishida ehtiyot bo‘lishga, hadiksirashga, ko‘p gapini yuzaga chiqarmay, ichiga yutishga majbur bo‘lardi.

Vaqti-soati kelib, shaxsga sig‘inish fosh qilindi, Stalin davrida yo‘l qo‘yilgan adolatsizliklarga barham berildi, hayotimizda lenincha normalar qayta tiklana boshladi. Bularning hammasi yaxshi, albatta. Lekin yuqorida ko‘rganimizdek, shaxsga sig‘inishning hujayralarga singib ketgan jihatlari borki, uni yo‘q qilish oson ko‘chayotgani yo‘q. Mana, shaxsga sig‘inishning fosh qilinganiga 30 yildan oshmoqda. Qayta qurish davriga qadam qo‘yganimizga ham ikki-uch yil bo‘lib qoldi. Lekin shunga qaramasdan, fikrlashdagi mahdudlik, ichki erksizlik avvalgi kuchida to‘la saqlanib qolgan bo‘lmasa-da, hamon yashashda davom etyapti, hamon ichki muharrir tizginimizni bo‘shatmay tortib turibdi. Aftidan, bundan qutulish jarayoni ancha cho‘ziladiganga o‘xshaydi. Harholda, biz manqurtlik illatidan butunlay qutulmay turib, ichimizdagi «qul»ni jinday-jindaydan sitib chiqarmay turib, tom ma’nodagi ruhiy erkinlikka erisha olmaymiz. Busiz esa, bemalol erkin fikrlash ham yo‘q. Bularga demokratiyani izchillik bilan rivojlantirish orqali erishiladi. Shaxsga sig‘inishga qarshi kurash ham yana davom etishi kerak. Buni ta’kidlayotganimning sababi shundaki, biz bu kurashni sababsiz bo‘shashtirib yubordik. Hatto 60-yillarning o‘rtalaridan boshlab, matbuot sahifalarida, kitoblarda yana «shaxsga sig‘inish» degan ibora uchramay qoldi — uni tilga olish man etildi. Endi hozirgi yoshlarning ahvolini oling. Ular «shaxsga sig‘inish nima, uning mohiyati qanaqa, oqibati nima bo‘ldi?» deganga o‘xshash masalalardan butunlay bexabar. Bu gaplar lektsiyalarda aytilmaydi, aytilsa ham, uzuq-yuluq tarzda, qimtinib turib aytiladi; kitoblarda yozilmaydi, darsliklarda tilga olinmaydi, holbuki, bugungi illatlarning ildizi ko‘p hollarda shaxsga sig‘inishga borib taqalyapti-ku! Binobarin, bu masaladagi targ‘ibot, tashviqot ishlarini sira ham yig‘ib qo‘yib bo‘lmaydi. «Kommunist» jurnalining 1987 yil 7-sonida jurnalxonlarning xatlariga obzor berilgan. Xatlardan birida KPSS Markaziy Komitetining «Shaxsga sig‘inish masalasi»da chiqargan ma’lum qarorini bugun yangi tahrirda qabul qilish zarurligi aytilgan. Bu fikrga to‘la qo‘shilish kerak.

— Chingiz Aytmatov «Ogonyok» jurnalidagi suhbatida uzoq vaqtlar millatlar o‘rtasidagi munosbatlar tilga olinmay kelingani va oqibatda biz ko‘p narsalarni yo‘qotganimizni afsus bilan ta’kidladi. Bu suhbatni yaqinginada «Literaturnaya gazeta» sahifalarida Yanis Peters ham eslab o‘tdi. Millatlararo chinakam do‘stlik — internatsionalizm eng avvalo tenglik — bir-birini hurmat qilish asosidagina rivojlanadi. Bu o‘rinda millatlarni bir-biri bilan tutashtiruvchi tilga munosabat hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Ammo til sohasidagi ishlarimiz, ayniqsa, ona tiliga e’tibor yetarli deb bo‘lmaydi.

— To‘g‘ri aytasiz, til borasida, til madaniyati, tilga munosabat masalalarida gaplashib oladigan muammolar ko‘payib qolgan. Turg‘unlik yillarida til sohasida ham ancha-muncha salbiy hodisalar sodir bo‘ldi. Til xo‘jaligimiz qarovsiz qoldi. Tasodif emaski, bundan chorak asr muqaddam til sohasidagi noxush hodisalardan ranjigan Abdulla Qahhor tashvish bilan yozgan edi: «Ko‘chada biron kimsa harakat qoidasini buzsa, darhol militsioner hushtak chalib to‘xtatadi, ammo butun boshli bir xalq tilining qoidalari buzilsa, bunga mensimay munosabatda bo‘lsa, hech kimning parvoyiga kelmaydi». Chindan ham, til sohasidagi loqaydligimiz, ba’zan esa, soxta faolligimiz shunday oqibatlarga olib keldiki, ular umumiy madaniy rivojimizga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bugungi qayta qurish davrining ruhi ularga barham berishni taqozo etmoqda. Har holda, til xo‘jaligimizda ham qayta qurish lozim bo‘lgan ancha-muncha masalalar bor.

— Men keyingi 20—30 yil ichida ona tilimizning qadri, ahamiyatini targ‘ib qiluvchi biron jiddiy asar e’lon qilingani yoki katta bir yig‘ilish yoki tadbir o‘tkazilganini eslolmayman.

— Gapni rus tilidan boshlay qolaylik. Bugungi kunda respublikamizda rus tilining ahamiyatini tushunmaydigan odam yo‘q deyish mumkin. Biz rus tilini haqli ravishda ikkinchi ona tilimiz deb bilamiz. Bizning ko‘pmillatli mamlakatimizda rus tili allaqachon xalqlar do‘stligining qudratli quroliga aylangan. Xalqlar rus tili orqali o‘zaro aloqa qiladi, bir-birining madaniy-ma’naviy boyliklaridan bahramand bo‘ladi. Bugungi kunda odam qaysi sohada ishlamasin, rus tilini bilmasa, o‘z sohasida biron-bir jiddiy muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Shuning uchun ham har bir o‘zbek uchun rus tilini mukammal bilish ham farz, ham qarz, katta hayotiy zaruriyat. Ammo, afsuski, biz turg‘unlik yillarida rus tili haqida uzundan-uzoq ma’ruzalar qilib, uning sha’niga maqtovlar yog‘dirib yuravergan ekanmiz-u, amalda rus tilini o‘rganish o‘lda-jo‘lda ekani parvoyimizga ham kelmagan ekan. Bu sohada ham, boshqa ko‘p sohalardagidek, gapimiz boshqa-yu, ishimiz boshqa ekan. Bugungi yoshlar o‘rtasida, ayniqsa, qishloq yoshlari o‘rtasida rus tilini «tvoya, moya» darajasidan ortiqroq biladiganlari, fikrini rus tilida og‘zaki va yozma tarzda bemalol bayon qilib beradiganlari juda kam. Shunisi achinarliki, hatto oliy o‘quv yurti talabalari o‘rtasida ham rus tilida bemalol kitob o‘qiy oladiganlari juda kam. Bu muammoning qirralari ko‘p. Men bu o‘rinda ular haqida batafsil gapirmoqchi emasman. Men faqat bir masalaga diqqatni jalb qilaman. Bizdagi yoshlarning ko‘pchiligi o‘rta maktabni tugatgan yoxud maxsus o‘rta bilim yurtlarini, har xil hunar-texnika o‘quv yurtlarini bitirgan. Binobarin, ular o‘n yil davrmida rus tilidan tahsil ko‘rgan. Shunday ekan, nega endi ko‘pchilik yoshlar rus tilini yaxshi bilmaydi? Buning sabablaridan biri shundaki, biz rus tilini o‘qitish sohasida allaqachon eskirib ketgan samarasiz metodlar asosida ish olib boramiz. O‘qitish metodimiz ham eski, o‘quv planlari ham eski, o‘quv qurollari, darsliklar ham eski. Ular tilni yillar mobaynida shoshilmay, asta-sekin hijjalab o‘rganishga mo‘ljallangan. Holbuki, bugungi kunda ilm-texnika rivojlangan bir sharoitda, til o‘rganish borasida ko‘plab texnik vositalar maydonga kelgan, kompyuterlar, televidenie xizmatga shay turgan sharoitda o‘rtacha qobiliyatli odam istagan tilni bir-ikki yil ichida o‘rganib olishi mumkinligi isbot qilingan. Afsuski, bular to‘g‘risida gap ketganda mutasaddi muassasalar quloqlariga paxta tiqib oladilar. Hozir maktab islohot davrini kechiryapti. Yslohot maktab hayotining yuza qatlamlarigagina aloqador bo‘lib qolmasdan, ayrim fanlarni, shu jumladan, rus tilini o‘qitishni ilmiy asosda tubdan yaxshilashi kerak. Hozir ayrim o‘rtoqlar, bu vazifani rus tili va adabiyotiga ajratilgan soatlarini ko‘paytirish yo‘li bilan hal qilmoqchi bo‘lyaptilar. Bunaqa jo‘n arifmetik yo‘l masalani mutlaqo hal qilmaydi. Shunga erishmoq kerakki, o‘quvchi 6—7-sinfdayoq rus tilida bemalol gapiradigan, o‘qiydigan va yozadigan bo‘lsin. Buning yana bir afzalligi shundaki, rus tilini puxta egallagan o‘quvchi yuqori sinflarda boshqa fanlardan bilimini mustahkamlashda undan samarali foydalanishi mumkin.

Rus tilini o‘rganishdagi nochorliklar menga mutlaqo tasodifiy emasdek ko‘rinadi. Buning ildizini til xo‘jaligidagi tartibsizliklardan, til madaniyatiga bepisand qarashdan izlash kerakka o‘xshaydi. Gap shundaki, rus tilini o‘rganishgina emas, ona tilini o‘rganish sohasidagi ishlarimiz ham ancha muncha nochor. Ona tili ham maktabda muntazam o‘qitilishiga qaramay, odamlar ko‘p hollarda ona tili bobida g‘irt savodsiz bo‘lib qolmoqdalar. Men bu o‘rinda maktabni bitirib chiqqan har bir odam til qoidalarini, leksika-yu fonetika, morfologiya-yu sintaksis qonuniyatlarini besh qo‘lday bilsin deyayotganim yo‘q. Ko‘pincha shunday bo‘ladiki, biron rais yo brigadir, zveno boshlig‘i yoxud oddiy kolxozchi ko‘pchilik oldida ikki og‘iz gapini eplab gapirolmaydi. Faqat ulargina emas, ayrim ziyolilar, hatto yirik-yirik olimlarning ham ona tilida duduqlanib, zo‘rg‘a gapirishini ko‘rganda odam juda ranjiydi. Ularning so‘z boyligi juda g‘arib, jumla tuzishlari esa umrida qo‘liga loy ushlamagan odamning devor urishini eslatadi. Gapning egasi bog‘dan kelsa, kesimi tog‘dan keladi.

Bunday hollarda «Savod masalasi chatoqroq-ku?» deb ta’na qilsangiz, «E, birodar, qiziq ekansiz, bizdan tilni so‘rab nima qilasiz, biz tilchi bo‘lmasak...» deb javob berishadi. Bundagi mantiqqa qarang — go‘yo tilchi bo‘lmagan odamlarning hammasi savodsiz bo‘lishga haqliday...

Ona tili bobida savodsizlik shunchaki o‘tkinchi hodisa emas, balki muntazam davom etib kelayotgan illat ekanini har yili oliy o‘quv yurtlariga bo‘ladigan kirish imtihonlari ham yaqqol isbot qiladi — unda qo‘lida yetuklik guvohnomasi bor abiturientlarning ancha-munchasi inshodan «2» oladi.

Tabiiy savol tug‘iladi — xo‘sh, nima uchun shunday bo‘lyapti? Nima uchun ahvol yildan-yilga tuzalish o‘rniga yomonlashib boryapti? Meningcha, buning asosiy sababi, ona tilini o‘rganish masalasiga bepisand qarashimizda. Ko‘pdan beri biz ona tilini o‘qitish masalasini davlat ahamiyatiga molik masala sifatida qaramay qo‘yganmiz, u bizning nazarimizda shug‘ullanmasa ham bo‘laveradigan juz’iy masala bo‘lib qolgan. Yaqin yillarda ayrim olimlar «o‘zbek tilining istiqboli yo‘q, u boshqa tillarga qo‘shilib ketadi» degan soxta «nazariya»ni olg‘a surishardi va shunga asoslanib tildan «eskigan» degan bahonada ko‘pgina so‘zlarni quvib chiqarish, ularning o‘rniga faqat sovet-internatsional so‘zlarini ishlatishni tavsiya qilishardi.

Bu esa milliy nigilistlarning til bobidagi zararli harakatlarini avj oldirdi. «Milliy nigilistlar» degan terminni muomalaga birinchi bo‘lib Chingiz Aytmatov olib kirdi. U «milliy nigilistlar» millatchilardan ham zararli toifa ekanini, chunki ular o‘zlarining xom-xatala ishlari bilan milliy tuyg‘ularni tahqirlashini ta’kidladi. Men bunga ilova qilib, ularni milliy munosabatlar bobidagi chayqovchilar, deb atar edim. Ularning eng xarakterli xususiyati shundaki, ular har qadamda o‘zlarini «ashaddiy» internatsionalistlar qilib ko‘rsatishadi. Buning oqibatida Madaniyat instituti, Teatr-rassomlik instituti, Chet tillar instituti kabi mohiyatiga ko‘ra o‘zbek tilini o‘qitish zarur bo‘lgan o‘quv yurtlarida o‘zbek tili kafedrasi yopib qo‘yiladi yoki qisqartiriladi... Xuddi shu «ashaddiy» internatsionalistlarning harakati bilan o‘rta maktablarda ona tiliga ajratilgan soatlar qisqartirildi. Bu urinishlar, ko‘pincha juda kulgili samara beradi, lekin bu ularni to‘xtatib qololmaydi. Masalan, men o‘zi rus tilini durustroq bilmasa-da, «internatsionalist» ekanini namoyish qilish uchun o‘zbek auditoriyasida majlisni rus tilida olib borgan yoki rus tilida doklad qilgan odamlarni ko‘rganman. Biroq bilmaydiki, ular o‘zlarining chalasavodligi bilan rus tilini tahqir etishgan, xolos. Bunday odamlarning yana bir «fazilati» bor. Ularning ichi qora, shubha-gumonga to‘lib ketgan. Ularning nazarida kimda-kim «ona tili» degan iborani qo‘llagan bo‘lsa, u — millatchi, shuning uchun bir qator shoirlarning ona tiliga bag‘ishlangan she’rlari ularning g‘azabini qo‘zg‘adi. Eng yomoni shunda ediki, turg‘unlik yillarida ana shunday muttahamlarga, harom yo‘llar bilan karera pillapoyalaridan ko‘tariluvchi kimsalarga qarshi oshkora e’tiroz bildirib bo‘lmas edi. Ming qatla shukurki, u zamonlar orqada qoldi. Bugun biz til bobida yana qaytadan ezgu printsiplarni barqaror qilmog‘imiz kerak. Bu printsiplar hamma tillar teng va barobar ekanini, har qanday tilning ravnaqi uchun barcha sharoit yaratilishi zarur ekanini, har qaysi xalq o‘z ona tilini rivojlantirish yo‘li bilan borishi kerakligini ta’kidlaydi. Ha, biz taraqqiyotimiz davomida ko‘pgina tuzatib bo‘lmaydigan xatolarga yo‘l qo‘ydik — Orolni quritishimizga sal qoldi, suv va havoni ancha-muncha zaharlab ulgurdik, bizning rizq-ro‘zimizni ta’minlaydigan yerni ishdan chiqaray deb qoldik, shahar qurish bahonasida ne-ne bog‘-rog‘larga bolta soldik... Endi tilimizga extiyot bo‘laylik. Asrlar davomida ota-bobolarimiz, avlod-ajdbdlarimiz gaplashib kelgan tilimizni, ming yillik madaniyatimizni asrab kelayotgan tilimizni avaylaylik. Bizdan farzandlarimizga, nevaralarimizga g‘arib va benavo bir til qolmasin...

— Abdulla Qahhorning mashhur «Sinchalak» qissasi haqidagi «Kelajakka chorlovchi povest» nomli maqolangiz e’lon qilinguncha sizni «she’riyat tanqidchisi» deb hisoblashardi. Shu vaqtlarda biz studentlar o‘rtasida «Ozod aka she’rni zo‘r tushunadi. Matyoqub aka prozani zo‘r tahlil qiladi» deganga o‘xshash qarashlar keng tarqalgan edi. Holbuki, keyinchalik she’riyat haqidagi maqolalardan tashqari A. Muxtor, O. Yoqubov, P. Qodirov va boshqa o‘nlab nasrnavislar haqida yaxshi maqolalar e’lon qildingiz. O‘zingiz shu jarayonga qanday qaraysiz? Ma’lum bir janr yoki soha bilan cheklanib qolish chinakam tanqidchining fazilati bo‘la olmasa kerak?

— Tanqidchining qiziqish doirasi keng bo‘lishi kerak—u imkoni boricha ko‘proq narsalarni qamrab olmog‘i darkor. To‘g‘ri, buni bir tomonlama tushunmaslik kerak. Butun umrini faqat Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlagan yoxud hayoti davomida faqat Gorkiyni yo Mayakovskiyni o‘rganadigan olimlar bo‘ladi. Ularning o‘z sohalarida aytadigan gaplari juda salmoqli va mo‘‘tabar. Lekin imonim komilki, bunday olimlarning qiziqish doirasi faqat bitta shoir yoki yozuvchi ijodi bilan cheklanmaydi. Akademik Lixachevni eslaylik. U asosan, qadimgi rus adabiyotidan mutaxassis. Biroq u, ayni choqda, o‘rta asrlar adabiyotini ham, XIX asr adabiyotini ham, sovet adabiyotini ham yaxshi biladi. U nazariy masalalarda qanchalik erkin qalam tebratsa, umummadaniyat masalalarida ham shunchalik bemalol fikrlaydi. Albatta, hamma ham Lixachev bo‘lavermaydi. Albatta, navoiyshunos olim faqat Navoiy ijodidan asarlar yaratish bilan cheklanishi mumkin, biroq shunda ham uning qiziqish doirasi keng bo‘lishi kerak — u sharq adabiyoti va sharq tarixini, Yevropa adabiyoti va Yevropa tarixini va yana allaqancha narsalarni bilishi kerak.

Bugungi adabiyot bilan shug‘ullanadigan munaqqid faqat proza yoxud faqat poeziya sohalari bilan cheklanishi mumkin. Biroq u o‘zini cheklamasa-yu, qardosh adabiyotlar bilan ham, rus adabiyoti bilan ham, jahon adabiyoti bilan ham shug‘ullansa, ular haqida tadqiqot xarakterida bo‘lmasa hamki, ommaviy targ‘ibot xarakteridagi maqolalar e’lon qilib tursa, nur ustiga nur bo‘lardi. Bu o‘rinda hech kimga qat’iy retsept berib bo‘lmaydi. Faqat bir narsani talab qilish mumkin — munaqqidning qiziqish doirasi keng bo‘ladimi yoki tor bo‘ladimi, undan qat’i nazar yozgani hamisha teran va qiziqarli bo‘lishi kerak.

Men qiziqish doirasining kengligi jihatidan ko‘pgina rus munaqqidlariga qoyil qolaman. Moskvada mening munaqqid do‘stim bor — Yu. I. Surovtsev. U bugungi rus adabiyoti bilan shug‘ullanadi. Undan tashqari gruzin adabiyoti haqida ham kitobi bor. Tadqiqotlaridan biri Litva adabiyotlariga bag‘ishlangan. Yana avstriya revizionistlarini fosh qiluvchi nazariy kitob ham e’lon qilgan. Albatta, kitoblar bahsli o‘rinlarga ega. Lekin hammasi ham g‘oyat teran, g‘oyat bilimdonlik bilan yozilgan. Buning ustiga Yu. I. Surovtsev SSSR Yozuvchilar soyuzining sekretarlaridan biri. Uning ishchanligiga, bilimdonligiga qoyil qolmasdan iloj bormi? Ha, o‘rganamiz desak ibrat bo‘ladigan o‘rnaklar ko‘p.

Suhbatni Ortiqboy Abdullayev olib bordi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1988 yil, 2-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.