OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

02.05.2007. Iroq: Qo`shin miqdori siyosiy jarayonga bog`liq

Iroqdagi vaziyat xavotirli bo‘lib turgan bir paytda ketma-ket ro‘y berayotgan portlashlar, begunoh insonlar hayotiga zomin bo‘layotgan teraktlar vaziyatni battar izdan chiqarmoqda. Ana shunday murakkab vaziyatda jahon matbuotida AQSh harbiylarining Iroqdagi faoliyati masalasi keng muhokama qilinyapti. Xo‘sh, Iroqda faoliyat yuritayotgan Amerika askarlari soni oshadimi? Qo‘shma Shtatlar harbiylarining arab davlatidagi xizmati qachongacha davom etadi? 
Yaqinda Iroqda tashrif bilan bo‘lgan AQSh mudofaa vaziri Robert Geyts bu kabi savollarga oydinlik kiritdi. Pentagon rahbarining bildirishicha, Iroqdagi Amerika askarlarining miqdori ko‘p jihatdan mamlakatdagi siyosiy vaziyatning nechog‘li barqarorligiga bog‘liq. Qo‘shma Shtatlar mintaqadagi ittifoqchi sifatida Iroq davlati oldida ma’lum majburiyatlarga ega ekanini urg‘ulagan mudofaa vaziri mamlakat rahbariyatini sunniy-shia mojarolarining bartaraf etish borasidagi faol harakatga chorladi. Shu bilan birga Pentagon yetakchisi AQShning Iroqdagi harbiy ko‘magi abadiy emasligini ham ta’kidladi.

Xabaringiz bor, ayni paytda Iroqda diniy asosdagi nizo tufayli kuniga o‘nlab insonlar qurbon bo‘lyati. Arab mamlakatidagi vaziyatning murakkablashishi munosabati bilan AQSh prezidenti Jorj Bush u yerdagi harbiy xizmatchilar sonini oshirish borasida taklif bilan chiqqandi. Bunga ko‘ra, Iroqning Bag‘dod va Anbar shaharlaridagi xavfsizlikni ta’minlashga yordam berish maqsadida 27500 harbiy xizmatchi yuborilishi ko‘zda tutilgandi. Biroq harbiy xarajatlarni tasdiqlash vakolatiga ega bo‘lgan Kongressda mazkur g‘oya hozircha to‘la qo‘llab-quvvatlanmayapti.

Iroqdagi tashrif davomida mudofaa vaziri Robert Geyts Birlashgan shtab raisi, general Piter Peys bilan ham uchrashdi. Amerika generali Iroqdagi qurolli to‘qnashuv va portlashlarni kamaytirish bo‘yicha amaliy usullar ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi. Pentagon rahbari esa Iroqdagi vaziyatni yaxshilash borasida kunlar, haftalar emas, oylar kerak bo‘lishini ta’kidladi.

Ayni paytda Iroq parlamenti — Vakillar palatasi tomonidan mahalliy hududlarda saylovlar o‘tkazish, neft sanoatiga xorij sarmoyasi kiritishni tartibga solish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ko‘rib chiqilyapti. Pentagon rahbari Iroqda davom etayotgan portlashlar mamlakat parlamentining to‘laqonli ishlashi, jumladan, zikr qilingan qonunlarni qabul qilishiga xalaqit bermasligi kerakligini ta’kidladi.

Abdul Sobir

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.