OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ixtilof davri o‘tdi. Endi muloqotga!

Bu hodisa ko‘pdan beri kutilayotgandi va u yaqin muddat ichida ro‘y berishi shart edi. Negaki, bir yarim milliardlik Islom dunyosi o‘z savollariga javob istayotgandi. Aks holda, G‘arb va Islom dunyosi o‘rtasidagi yuzaga kelgan jarlik chuqurlashishda davom etishi aniq edi. Tarixiy vazifani amalga oshirish esa Amerikaning birinchi qora tanli prezideti Barak Obama zimmasiga tushdi va u, kuzatuvchilarga ta'biriga ko‘ra, missiyani muvaffaqiyatli uddaladi. 

Iroq, Afg‘oniston va Falastin jumbog‘i

Prezident Barak Obama Yaqin Sharqqa safari chog‘ida - 4 iyun kuni Misr poytaxti Qohirada nutq irod qildi. Oq uy sohibi aksariyat siyosatdonlar tomonidan "halol va oshkora chiqish" deya baholanayotgan ma'ruzasida so‘nggi yillarda Amerika va islom dunyosi o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyatlarni ochiq tan olgan holda, ixtiloflarni bartaraf etish va yakdil bo‘lib hamkorlik qilishga chaqirdi.

Obama 2008 yilgi saylov kampaniyasi davridayoq tashqi siyosatdagi muvaffaqiyatsizlikka chek qo‘yish uchun musulmon davlatlardan birida Islom olamiga murojaat qilish va Amerikadan qo‘rqish emas, uni yaxshi ko‘rish kerakligini tushuntirishga va'da bergandi. Bir yarim milliardlik musulmon dunyosiga murojaat qaysi davlatda yangraydi? Bu masalada turli taxminlar aytilgani rost. Kimdir Barak Obamaning tarixiy ma'ruzasi yangraydigan davlat sifatida Turkiyani, kimdir Indoneziyani, yana kimdir Saudiya Arabistonini tilga oldi. Biroq pirovardida Barak Obama Misrni - musulmon olamining qadimiy va shavkatli markazi bo‘lgan go‘shani tanladi.

Oq uy rahbari Qohiraning nomdor Al-Azhar dorilfununidagi chiqishi chog‘ida Iroq masalasiga to‘xtalarkan, «Bizning oldimizda ikki vazifa turibdi: Iroqning yorqin kelajagi uchun ko‘mak berish va mamlakatni o‘z egalariga topshirish», deya vaziyatga oydinlik kiritdi. Shuningdek, Obama Amerika Iroqda ham, Afg‘onistonda ham doimiy harbiy baza qurmoqchi emasligini ta'kidladi.

Prezident tomonidan Falastin-Isroil ixtilofi masalasida aytilgan mulohazalar Islom dunyosida, xususan, chorak asr davomida tahlika ichida hayot kechirayotgan falastinliklar qalbidagi so‘nayotgan umid uchqunlarini olovlantirdi.  Obama millionlab yahudiy Ikkinchi jahon urushi davrida qirg‘inga uchraganini inkor etib bo‘lmasligi, ammo 60 yil davomida qochoqlar lagerida hayot kechirayotgan vatangado falastinliklar dardini ham tushunish kerakligini urg‘uladi. Ushbu da'vat bilan Amerika rahbari o‘zaro qirg‘inbarotga kirishib ketgan Falastin milliy muxtoriyatini yakdil bo‘lish va o‘z davlatiga asos solish uchun dadil harakatga undagandek bo‘ldi.

Oq uy yetakchisi Isroilning Falastin yerlarida manzilgohlar qurish harakatini tanqid qilib o‘tdi va bu Vashington tomonidan ortiq dastaklanmasligini tushuntirdi. O‘z navbatida, u AQSh va Isroil munosabatlari avvalgidek qolishi, Falastin tomoni zo‘rovonlik yo‘lidan voz kechishi zarurligini ham eslatib o‘tdi.

"Insoniyat Islom tamadduni oldida qarzdor"

Prezident Amerika va Islom munosabatlariga alohida e'tibor qaratdi. Obama joriy yilning aprelida Turkiyaga qilgan safari chog‘ida ham Qo‘shma Shtatlarni xristian sivilizatsiyasi deb atash to‘g‘ri emasligini aytgandi. Oq uy rahbari Qohirada mazkur fikrning mantiqiy davomi sifatida Islom allaqachon Amerikaning ajralmas tarkibiy qismiga aylangani, ushbu ulkan mamlakatda musulmonlar allaqachon o‘z o‘rinlarini topganlarini ta'kidladi. Amerika yetakchisi butun insoniyat Islom tamadduni oldida qarzdor ekanini, Yevropani halokatdan olib chiqqan Uyg‘onish va Ma'rifatparvarlik harakati musulmon madaniyatidan ozuqlanganini yodga soldi.

"Musulmon jamiyatlarining ilg‘orlik ruhi tufayli algebra tartib-qoidalari, magnitli kompass va navigatsiya uskunalari, yozuv mahorati va nashriyotga ega bo‘ldik, kasalliklar tarqalishi va ularni davolash yo‘llari haqida tushuncha hosil qildik. Islom tamadduni bizga ulug‘vor arkalar va baland minoralar, vaqt hukmiga bo‘ysunmaydigan she'riyat va jozibali musiqa, husni hattotlik va huzur-halovat ila taffakur qilish imkonlarini berdi. Tarix davomida islom so‘z va amal bilan diniy bag‘rikenglik va irqiy tenglik imkoniyatlarini namoyish etdi" dedi Oq uy yetakchisi.

Ayni paytda Eron atom dasturi xalqaro siyosatning eng nozik masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu borada o‘z munosabatini ochiqlagan Amerika yetakchisi Eron tinch atom dasturini bemalol amalga oshirishi mumkinligi, ammo buning uchun rasmiy Tehron yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi xalqaro hujjatlarga qat'iy rioya etishi shartligini bayon qildi.

Eron ko‘p yillar davomida Amerikaning raqibi bo‘lganini e'tirof etgan Obama o‘tmishga emas, kelajakka qarab ish tutish zarurligi, Vashington o‘zaro hurmat asosida munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishga tayyorligini izhor qildi. Albatta, tahlilchilar ta'kidlaganidek, Vashington-Tehron munosabatlaridagi tugunlarning birdaniga yechilishi - amri mahol. Ammo Amerika rahbarining birinchi bo‘lib do‘stlik qo‘lini cho‘zgani va munosabatlarni o‘zaro hurmat asosida qayta ko‘rib chiqishga chaqirgani - muhim o‘zgarish. 

"Salb yurishi"dan - ochiq muloqotga!

2001 yil 11 sentyabr voqealaridan keyin G‘arb dunyosida Islomga nisbatan noto‘g‘ri qarashlar ildiz otdi. Qo‘shma Shtatlarning oldingi ma'muriyati tomonidan e'lon qilingan terrorga qarshi urush taktikasi mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘siga soya solgani, Iroq va Afg‘onistondagi operatsiyalar "yangi salb yurishi" deya izohlangani ham bor gap. Ushbu qarashlar oxir-oqibat bir-biriga quloq osmaslik va o‘zaro nafratga aylanib ketayozdi. Barak Obama ham G‘arb va Islom dunyosi oxirgi yillarda bir-biriga o‘ta ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lganini tan oldi. Ammo bu faqatgina g‘arazli maqsadlarni ko‘zlagan ekstremistlarga qo‘l kelishi, ular musulmonlarning G‘arbga nisbatan salbiy kayfiyatidan foydalanib qolishga urinayotganlaridan ogohlantirdi.

«Ishonchsizlik va ixtiloflar davri yakunlanishi kerak, amerikaliklar va musulmonlar ekstremizmning barcha shakllariga qarshi birgalikda kurashishi lozim», - dedi demokratlar vakili.

Musulmon dunyosi vakillari tomonidan alohida e'tirof etilayotganidek, Barak Obama ma'muriyati dastlabki davrdanoq Islom diniga nisbatan shakllangan noto‘g‘ri stereotiplarni o‘zgartirishga urinyapti. Masalan, joriy yilning fevralida Amerikaning bosh diplomati Hillari Klinton Islom dinini terrorizm bilan yonma-yon qo‘yish butkul qabul qilib bo‘lmas holatligini ta'kidladi, Qo‘shma Shtatlar bilan Islom dunyo birlashuvi zaruratiga urg‘u berdi.

Barak Obama Al-Azhardagi chiqishida demokratiya masalasiga ham e'tibor qaratdi. Amerika buyuk davlatchilik da'vosida emasligini ta'kidlagan prezident "Hech qanday hukumat tizimi bir davlat tomonidan boshqa bir davlat uchun belgilab berilmaydi va bunday bo‘lmasligi ham lozim", deya suverenitet g‘oyasini yoqladi. U shu bilan birga dunyoning har bir millati so‘z va fikr erkinligi, qonun ustuvorligi, amallari shaffof bo‘lgan va xalq boyligini o‘g‘irlamaydigan hukumatni orzu qilishini bayon qilarkan, ana shu orzular ro‘yobi yo‘lida Amerika ko‘magiga va'da qildi.

Ammo vaziyatga real baho berib yillar davomida ildiz otgan murakkablik bir kechada, birgina nutq bilan hal bo‘lib qolmasligini, buning uchun muloqotni davom ettirish, faqatgina rost va ochiqchasiga so‘zlashish zarurligini e'tirof etdi.

Amerika rahbari ehromlar yurtidagi chiqishida ko‘pchilikni o‘ylantirib kelgan dolzarb savollarga javob berishga urindi. Eng muhimi, Vashington birinchi bo‘lib do‘stlik qo‘lini cho‘zgan holda Islom olamiga yuz burdi. Bu esa G‘arb va Islom dunyosi munosabatlarida yangi davrga qadam qo‘yilayotgani mujdasini bermoqda.

Barak Obama... O‘zbekistonni ham eslagan!

Barak Obamaning ma'ruzasiga izoh berib o‘tgan Amerikaning Toshkentdagi elchisi Richard Norland: "Aksariyat aholisi musulmon bo‘lgan O‘zbekistondagi ko‘plab odamlar mazkur nutqda aytib o‘tilgan mavzularga qiziqish bildirishadi" deb aytgan.

Yuqorida zikr etganimizdek, Oq rahbari Obama insoniyat tarixida musulmonlarning ilm-fan, tibbiyot, san'at, riyoziyot va adabiyot sohalaridagi  ulkan roli haqida gapirib o‘tdi. Amerika elchisining aytishicha, ushbu sohalarning eng yorqin namoyandalari O‘zbekiston va Markaziy Osiyodan yetishib chiqqanlar: IX asr riyoziyot olimi Muhammad al-Xorazmiy, uning ismidan "algebra" va "algoritm" istilohlari paydo bo‘lgan; Buxoro yaqinida tavallud topgan va G‘arbda Avitsenna nomi bilan tanilgan XI asr tabibi va faylasufi Abu Ali ibn Sino; XV asrda Samarqandda yashagan hukmdor va zamonaviy astronomiya hamda riyoziyot otasi deb hisoblanadigan Mirzo Ulug‘bek; turkiy tillar, jumladan o‘zbek tilini mo‘'tabar adabiyot tillari darajasiga ko‘targan XV asr shoiri Alisher Navoiy.

AQSh elchisi Richard Norland Islom dunyosiga qarata qilingan murojaatni tarixiy hodisa der ekan, O‘zbekistondagi do‘stlari va hamkasblarining bu boradagi fikr-mulohazalari va munosabatlarini intiqlik bilan kutishini aytgan.  

Amerika elchisi e'tirof qilganidek, Barak Obamaning mazkur chiqishiga dunyo siyosatdonlari va diplomatlar allaqachon o‘z munosabatlarini izhor etmoqdalar. Xususan, Amerika rahbari nutqiga munosabat bildirgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi AQShning yangi ma'muriyati tashqi siyosiy yondashuvda realizm va pragmatizmga ustuvor ahamiyat qaratayotganini ijobiy baholagan. Rasmiy Toshkent Oq uy rahbari chiqishini "tinchlik, adolatparvarlik va taraqqiyot yo‘lida AQSh bilan dunyo musulmonlari o‘rtasida hamkorlikning yangi yo‘llarini izlash borasidagi intilish" deb atagan.

Sobirjon Yoqubov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.