OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Murod Muhammad Do'st: "Yutuq ham, yutqiziq ham o‘zimniki..." (2012)

 Murod MUHAMMAD DO'ST bilan suhbat
- Murod aka, O'zingiz ham bilasiz, yetmishinchi-saksoninchi yillarda nom taratgan aksariyat yaxshi-yaxshi yozuvchilar keyingi yillarda go‘yoki chetga chiqib qoldi. Adabiyot gazetasida bir yosh qalamkashning imzosini uchratib, "Bilmas ekanman, kim bu?" deb so‘raganingizda, yoningizdagilar "Adabiyotga yangi kirib kelgan yoshlardan" desa, Siz "Ha-a, biz chiqib ketgandan keyin kirganlardan bo‘lsa kerak-da" deya mutoyiba qilgan ekansiz.  

Xo‘sh, sizlar nimaga "chiqib" ketdilaring? Adabiyotga nisbatan umumiy rag‘bat susaygani uchunmi yoki bunga ijtimoiy-shaxsiy mayllar sabab bo‘ldimi?

- Mutoyiba bo‘lgani rost, lekin unga ramz tugul, anchayin ma'no ham yuklanmagan edi. Kimdir eslab qolgan ekan - shunisiga shukr. Oz-moz istehzo bo‘lishi mumkin, ammo u, ya'niki istehzo, "yangi kirib kelgan" yosh yozuvchiga ham, "chiqib ketgan" yozuvchi - o‘zimga ham taalluqli emas. Chamasi, adabiyotni baland devor bilan o‘rab, darvoza oldida darbonlik qilib, kirib kelayotganu chiqib ketayotgan bandalarni sanab o‘tirishni ilm deb biladigan "tadqiqotchi-olim" akaxonlarimizning lahjasidan g‘ijingan bo‘lsam kerak.

Maktabda harbiy mashq o‘rgatadigan Salim aka Ro‘ziev degan muallimimiz bo‘lardi. Tahsildan bir necha yil keyin uchrashganimizda u Adham Rahmatning kitobini qo‘limga tutdi. Varaqlab ko‘rdim. "Podachining o‘g‘li" deb nomlangan lavha tepasiga Salim Ro‘zievning yoshlikdagi surati bosilib, uning urushda ko‘rsatgan jasorati maqtalgan ekan. O'qib chiqqanimdan so‘ng muallim kitobni yana qo‘liga oldi, muqovasini mehr bilan silab, "Mana, biz ham tarixda qoldik", dedi.

Muallimim soddaroq kishi edi. Oniy quvonchdan mast bo‘lib, urushda o‘zi-ga o‘xshagan millionlab odam ishtirok etganiyu ular haqida milliardlab sahifa maqtov yozilgani va yana yozilajagini xayoliga keltirmasdi.

Bugun, yoshlik zavqidan uzoqlashib, o‘z imkonimning cheku chegarasini nadomat aralash anglagan chog‘imda, adabiyotga "kirish-chiqish" haqida gap ketarkan, rahmatli Salim Ro‘ziev yodimga tushaveradi. Tanqidchilarimiz navbatdagi shoir yoki yozuvchiga "adabiyotga yorug‘ yulduz kabi yonib kirdi" deya chapak chalganida ichimda bir kulgi uyg‘onadi. Bular bari - tashbeh, tuzukroq matn o‘qilganida dimog‘ achishib, o‘pka ham to‘lishganida og‘izdan chiqib ketadigan arzonbaho sifatlar, xolos. Tarixda qoladigan mingdan, yo‘q, milyondan bitta bo‘ladi. Ijod kishisi o‘ziga eng yorug‘ narsalarni, deylik, chaqmoqni, yashinni, vulqonni taxallus qilib olishi, o‘nlab, hattoki yuzlab kitob yozishi mumkin, lekin xudoning nazari tushmasa - hammasi bekor. O'lasanu o‘chasan.

Xullas, gap adabiyotga kirishda emas, adabiyotda qolishda. Bunda vaqt va ma'rifatli o‘quvchidan o‘zga hech kim va hech narsa hakamlik qilolmaydi.

Yana qiziq bir tarix yodimga tushdi. Yigirma yilcha burun edi. Bo‘riyu tulki, toychog‘u xo‘tik, to‘ng‘izu tovushqonlarga "qiron keltirib" yuradigan bir masalnavis akamiz nasrga ham tajovuz qilib, bir-ikki asarini "Sharq yulduzi»ga olib keldi. Rad javobidan og‘rindi. "Uka, - dedi jahl bilan, - afsuski, odam ikki marta yashamaydi. Agar yana yuz yildan keyin qayta tirilib kelsak edi, xalq kimning asarini o‘qiyotganini ko‘rardik". Manmanlik qursin, men ham chinoqlikka bordim, masalnavis akamizga qayta tirilib kelolmasligi uchun shukr qilishni maslahat berdim.

Albatta, o‘sha suhbatdan beri o‘tgan yigirma yilni chegirma qilsak, yana sakson yildan keyin xalq mening yoki masalnavis akamizning asarlarini o‘qishidan o‘qimasligi aniqroqqa o‘xshaydi.

U kishining ko‘nglini og‘ritganimdan bugun juda afsuslanaman. O'tgan davr mobaynida u jisman keksaygan bo‘lishi mumkin, lekin ruhan bag‘oyat tetik, mangulik saodatiga ishonchi ham zarracha o‘zgarmagan. Bugun men masalnavis akamizning o‘ziga bo‘lgan ishonchiga hasad qilaman.

Ana endi rag‘bat haqida gaplashsak yarashadi.

Birinchi rag‘bat - yozuvchining o‘ziga, o‘z kuchi va qobiliyatiga ishonchi.

Ikkinchisi - yozuvchining dardi, gardaniga olgan burchga sodiqligi. Betartib, behalovat yashasa ham, umrining oxirgi kunlariga qadar adabiyotimizga qulday xizmat qilgan rahmatli Shukur Xolmirzaevni, tani taslim bo‘lsayam ruhi taslim bo‘lmasdan, so‘nggi lahzalarini ham she'riyatga bag‘ishlagan do‘stimiz Shavkat Rahmonni yodga olaylik. Ularda adabiyotga muhabbatdan, burchga sadoqatdan o‘zga qanday rag‘bat bor edi?

Umumiy rag‘batlarga kelsak, hozir bu borada taqchillik seziladi. Eski zamonlarni qo‘msaydigan odamlar davlatning adabiyotga rag‘bati sustligidan, o‘zlarining iborasi bilan aytganda, "muayyan adabiy siyosat" yo‘qligidan noliydi. Lekin ming-ming yillik tarix davomida davlat haqiqiy adabiyotga rag‘bat ko‘rsatmagan, u adabiyotni faqat boshqarishga intilgan va tuzukkina boshqargan ham. Davlat yetaklagan adabiyotda maddohlikdan o‘zga barcha janrlar tanazzulga yuz tutadi.

Jamiyatning adabiyotga rag‘bati haqida gapirsak, ha, uning susaygani rost. Kitob o‘qimaslik bo‘yicha dunyoning peshqadam mamlakatlari - Amerikaga, Angliyaga va hokazo davlatlarga yetay deb qoldik. Albatta, buning ob'ektiv sabablari bor. Olimlar texnikaviy inqilob, axborot inqilobi va odamni san'atdan chalg‘itadigan yana ko‘plab narsalardan soatlab ma'ruza o‘qishi mumkin, ammo ma'ruza bilan ahvolni o‘zgartirish qiyin, dildagi hasrat ziyoda bo‘ladi, xolos.

Yetmishinchi-saksoninchi yillarda nom taratgan yaxshi-yaxshi yozuvchilarning chetga chiqib qolgani esa nisbiy tushuncha. Bilasiz, zamon keskin o‘zgardi, yo‘nalish va marralar o‘zgardi, tug‘laru shiorlarning rangi va aksar hollarda mazmuni ham o‘zgardi, "Ibrohimdan qolg‘on ul eski do‘kon"da qad rostlab turgan butlar sindirildi, yangi ma'budlar va yangi avliyolar xutbaga qo‘shildi. Tarixdan ma'lumki, jamiyat qurumi o‘zgargan chog‘da ko‘pincha maddohlar va yallachilarning kuni tug‘adi-yu, ozgina vijdoni bor yozuvchi va shoirlar dabdurustdan gangib qoladi. Yangi davr va yangi munosabatlarni idrok etish, tugal anglab olish uchun, umuman, eski zamon bilan vidolashuv uchun ancha vaqt kerak bo‘ladi. Menimcha, siz nazarda tutgan adiblar bugun hamma o‘yini o‘ylab bo‘ldi. Endi ular yana yozayotgan bo‘lsa yoki yana yoza boshlasa ham ajab emas...

-Ma'naviyat-ma'rifat, adabiyotu san'at deymiz. Inson shularsiz yashay olmaydi deya bong uramiz. Holbuki, ana, atrofga qarang, umrida qo‘liga kitob ushlamaganlar ham bippa-binoyi kunini ko‘rib yuribdi. Ma'naviyatu ma'rifat deganlari rostdan ham shunchalik zarurmi yoki u jamiyatni axloqan tutib turish uchun o‘ylab topilgan bir vosita, anchayin "o‘yin qoidasi"mi?

- Rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev bir hamkasbiga "pasportiniyam oxirigacha o‘qimagan" deya ta'rif bergan ekan. Topqirligi uchun Bahodir muallimga rahmatlar aytish kerak. Lekin odamninrma'naviy qiyofasini uning savod darajasi, ya'niki nechta kitob o‘qigani bilan belgilash nojoizday tuyuladi. Albatta, adabiyotdan, san'atdan ommaviy savod qanchalik baland bo‘lsa, jamiyatning ma'naviy qiyofasi ham shunga yarasha bo‘ladi. Biroq hammamiz bilamizki, kitob o‘qimasdan yoki kino ko‘rmasdan ham yaxshi odam bo‘lish mumkin. Odatda sizu biz nazarga ilmaydigan, besavod deb hisoblaydigan, ammo dunyoni faylasufona idrok etishga qodir didli-farosatli podachi yoki mirob, duradgor yoki temirchilarni qayga qo‘yamiz? Alpomishu Barchinoylarni bizga in'om etgan necha-necha avlodlarga mansub baxshilarning birortasida biz bugun ko‘zga surtayotgan savod bo‘lgan deya kim kafillik beradi?!

Demak, dunyoda harfni harfga urib o‘qish, harfni harfga ulab yozishdan boshqa, minglab darslik va risolalarda bitilgan ma'lumotlardan o‘zga haqiqatlar ham ko‘p!

Albatta, jamiyat ma'rifatsiz yashay olmaydi. Ma'naviyat xususida boshqa gapirmaylik, bu - shunchaki atama, ma'rifatning astari, xolos. Lekin, baribir, qaytarib aytaman: biz maorifning, adabiyotning, san'atning, boringki, dinning ham ta'siriga ortiqcha baho berib yuboramiz, pirovard ularning ildiz-ildizida yotgan ma'naviy poydevor - millatning adabu axloq aqidasi, zamonaviy ibora bilan aytganda - tizimi nazardan chetda qoladi. Aslida xalqni, jamiyatni yuz va ming yillar davomida omon saqlab kelayotgan narsa - shu.

Umrida qo‘liga kitob ushlamay bippa-binoyi kun ko‘rayotgan" va tabiiyki, ko‘pchilikning, shu jumladan, "Tafakkur"ning ham g‘ashini keltiradigan bandalarga nisbatan sal kenglik qilishimiz kerakka o‘xshaydi. To‘g‘risini aytsam, nazarda tutilmish "zamon boyvachchalari" mening zavqimni keltiradi. Ular juda epchil, juda g‘ayratli.

Sizu biz mudrab mahalla to‘yxonasiga borib kelgunimizcha, ular Mag‘ribu Mashriqni ikki marta kezib chiqishi, milyon-milyon pul topishi mumkin. Ba'zilari yo‘l-yo‘lakay haj qilib olishga ham ulguradi (ham ziyorat, ham tijorat!). Albatta, tujjorning taqvosi o‘ta nisbiy gap. U orttirgan savoblar vaqti-vaqti bilan "kuyib" turadi. Lekin boyvachcha noumid bo‘lmaydi, masjidga katta bir gilam, imomga yuz do‘llar hadya qiladi, bu bilan ham ko‘ngli taskin topmasa, yangi haj mavsumidan yarim yil oldin (ya'niki - arzon narxda!) Jidda shahriga yana bitta chipta olib qo‘yadi.

Bu toifa boyvachchaning manmanligi, bosar-tusarini bilmasligi nafaqat biz «yo‘qsil»larning, balki o‘zini tutib olgan, dunyoning pastu balandini teran anglaydigan, kamtarin bo‘lishga "huquq" beradigan darajada kattagina mol-mulk to‘plab ulgurgan vazmin boylarga ham yoqmaydi. Lekin, jamiki to‘pori va besavod kimsalar kabi, boyvachcha xalqi ham ko‘pincha o‘zida nimadir yetishmayotganidan siqiladi, ich-ichida "o‘qigan odam"ga havas qiladi, shu sabab, o‘g‘lini, qizini, nevaralarini o‘qitadi, o‘qitganda ham yaxshi-yaxshi maktablarda, mashhur universitetlarda o‘qitadi. Va tabiiyki, xudo yo‘lini o‘nglasa, o‘shanday maktabda, nomdor universitetda o‘qigan bola yoki nevara o‘zining to‘pori otasi yoki bobosi tasavvur ham etolmaydigan juda ko‘p yaxshi narsalarni o‘rganadi.

- Bir tanqidchimiz "Inson - mukarram zot, uning ustidan kulib yozish noravodir" deb, bunga Siz yaxshi ko‘rgan buyuk Gogolning umri poyonidagi bir ikrorini dalil keltirgan edi. "Galatepaga qaytish", "Mustafo", "Iste'fo", "Birtoychoqning xuni" va nihoyat "Lolazor" singari ajabtovur asarlarida hayot voqeligiga, adabiy qaxramonlarga goho yumor, goho achchiq kinoya, istehzo bilan yondashgan adib sifatida Siz shu fikrga nima deyciz?

- Buyuk Gogolning iqrori, ya'niki yozgan asarlari uchun umri oxirida tavba-tazarru qilgani bor gap. Lekin, xayriyatki, u vaqtga kelib Gogolning barcha go‘zal asarlari yozilgan va chop etilgan edi. "O'lik jonlar"ning ikkinchi jildi zikr etilmish iqror ta'sirida yoqilgani hammaga ma'lum.

Menimcha, odam ustidan kulib bo‘ladimi, degan savolning o‘zi noravo. Odamzodni yaxshi ko‘rib bo‘ladimi, deb so‘rash hech kimning xayoliga kelmaydi-ku! Qolaversa, hamma odamni ulgurjisiga mukarram zot hisobiga qo‘shaversak, oxiratda do‘zaxning keragi bo‘lmay qoladi. Muttaham - mukarram, riyokor - mukarram, johil - mukarram... Nahotki, Ollohning karami shu qadar keng bo‘lsa?!

Mayli, diniy-axloqiy jihatlarni tinch qo‘yaylik. Inson ustidan kulib yozish noravo ekan deb, shu kundan boshlab "kulib yozish"ni yig‘ishtiraylik. Navbatdagi vazifa - hazrat Navoiy ("Majolis un-nafois"dagi lavhalarni bir eslang!), Rable, Servantes, Gogol, Saltikov-Shchedrin, Sholom-Aleyxem, Gulxaniy, Qodiriy, Qaxhor, G'afur G'ulom - xullas, inson fe'lini qalamga olib, miyig‘ida jilmaygan yozuvchi zoti borki, xammasini noravo ko‘rishmi?

Qahrning aksi nima o‘zi? Balli, qahr bilan mehr doimo yonma-yon yuradi. Gogol jami qahramonlarini, hattoki Plyushkin yoki Sobakevichni ham o‘zicha yaxshi ko‘rgan. Qodiriy ham Solih mahdum yoki Kalvak mahzum "zamzama"laridan o‘zgacha bir zavq olgani tabiiy. Jiddiy yozish yoki mutoyibat aralash yozish - bunisi endi har bir yozuvchining o‘ziga bog‘liq. Mutoyiba, kinoya, istehzo uslubining qiyin tarafi shuki, ba'zida muallif o‘zini tutolmay qoladi, yozganlariga goho qahr, zarda aralashadi - shunisi chatoq!

Yozuvchi salbiy qahramonni ro‘parasiga o‘tqazib qo‘yib, bo‘ralab so‘ka boshlasa, bas, ana endi xudo urdi, deyavering! O'quvchi salbiy qahramonni emas, yozuvchining o‘zini yomon ko‘rib qoladi.

Dunyo adabiyotidagi eng jozibali adabiy qahramonlardan biri bo‘lmish Ostap Benderning siri nimada? Uning "o‘z ixtiyoriga tashlab qo‘yilgani"da emasmi?

Bir zamonlar rahmatli Akmal Po‘lat o‘zidan nuqson axtargan qaysidir tanqidchiga zarba berarkan, "Ey, manga qara, man saning obraz-pobrazingni bilmayman, man pramoy yozaman!" degan ekan. Ravomi yoki noravomi, sonming yozuvchi mukarram insonni ulug‘lab turgan chog‘da bizga o‘xshagan bir hovuch g‘arib qalamkash ozgina kulgi va mutoyiba, kinoya va istehzo aralashtirib yozsa, adabiyotning muazzam osmoni uzilib tushmas?..

- Bugun "bozor adabiyoti", "bozor san'ati" degan gaplar chiqib turibdi, xabaringiz bor. Siz, bu xil qarashlardan yiroq o‘tgan asr adabiyoti an'analari ruhida shakllangan adib, shunga qanday qaraysiz? Munosabatingiz o‘zgarib qolmaganmi?

- Hammasidan xabarim bor. Bugun turli arzonbaho ishqiy yoki detektiv sarguzashtlarning bozori chaqqon. Qo‘shiqqa o‘xshatib aytsa bo‘ladigan she'rnamo matohlarning ham ketishi yaxshi. Lekin, afsuski, shoirlar she'r yetkazib berolmayapti, shu sabab, yallachilarning o‘zi "she'r" ijod qilyapti. Didsiz, saviyasiz, "millati"ning tayini yo‘q "badiiy" filmlar (rahmatli Rauf Parfi "badiiy pul" deb ataydigan narsalar) ham ko‘payib ketgan. «Bozor san'ati» deganda, birinchi navbatda, ana shunaqa filmlar va bayram sahnalarida qarsillatib aytiladigan yangroq ashulalar esga tushadi. Kattayu kichik ekranlarni, chop etilayotgan kitoblar sahifasini arzonchi shoir va yozuvchilar, yoppasiga "xushovoz" yallachilar egalladi.

Chalamullalarning va'z-nasihatlari janozayu aqiqalardan "empe-3" formatiga ko‘chdi va endi videodiskalarda ming-ming nusxalarda urchitib sotilmoqda. Quddusi sharif, Makkai mukarrama, Madinai munavvara yoki Mashhadda bo‘lgani kabi,   bizda ham din sanoyisi shakllanib ulgurdi.

Pana-pasqamda biqinib yotgan diydiyo "janr"ining bozori yana qizigan.

Muborak ISTIQLOL so‘zi pivo etiketkasiga, magazinu restoranlarning peshtoqiga ko‘chdi. Yana bir nav pivomiz - rahmatli Rauf Parfining hurmati uchunmi yoinki u qo‘llagan poetik usulga azbaroyi ehtirom yuzasidanmi - «Sarbast» de-gan nom oldi.

Shaharning qoq o‘rtasida, avtobekat peshtoqida kattakon shior osilib turibdi: «MILLIY ISTIQLOL - XALQIMIZNING ASRIY ORZUSI!» Mustaqil bo‘lganimizdan beri o‘tgan o‘n yetti yil bilan ishimiz yo‘q. Muhimi - «milliy» va «istiqlol» degan so‘zlar. Shuni yozsak, saltanat sarvarlariga yoqamiz deb o‘ylaymiz.

Yana bir katta ko‘chamizda, Shahidlar xiyoboni yonida «XALQ XOTIRASI OLDIDA TA'ZIM QILAMIZ!» degan yozuvni ko‘rasiz. Avvalroq bu yozuv shahar markazida edi. Bir do‘stimiz mafkura mutasaddilariga xudoning zorini qilib, o‘v akaxonlar, butun bir xalqni eltib go‘rga tiqmanglar, hali tuproqdan tashqarida yurganlari ham bor, deya oldirib tashlagan edi. Hozir turgan joyiga qaraganda, shior mualliflari «shahidlar nomi xalq xotirasida abadiy yashaydi, ularning ruhi oldida ta'zim qilamiz» demoqchi bo‘lganini tusmol qilish mumkin. Lekin shiorlarimizda bu tusmol qurg‘urga aniqroq bir ma'no bersa - salkam o‘ttiz millionli xalqni "narigi dunyodan qaytarib olsa" bo‘lmasmikan?..

Aytishlaricha, o‘sha nomda butun boshli kitob ham nashr qilingan emish!

«Jannatmonand» degan tashbeh qazo topgan nek bandalarni eslab ishlatiladigan «jannatmakon» iborasiga joyini bo‘shatib berdi. Shu ibora bugun yurtimiz nomidan oldin ishlatiladigan asosiy nisbaga aylandi.

Nazarimda, zamona mardumini so‘zning mazmuni emas, jarang-jurungi qiziqtiradi: JANNATMAKON O'ZBYeKISTON!

Shu bois, «O'zbegim taronasi» degan radio yoki «Sutim» degan sut borligiga hech kim ajablanmaydi. Ilgari sho‘xroq yigitlar do‘kondagi sotuvchi qizdan «lozimingiz bormi?» deb so‘rashdan tap tortmasdi, lekin, baribir, «sutingiz bormi?» demoqdan iymanardi, lekin endi - mumkin...

Zamon ahlining umumiy savod va bilim darajasi keng ko‘lamli islohotlar va aholining real daromadlariga mos ravishda tobora yuksalib borayotganini zarracha inkor etmasdan, ming-ming taassuf bilan aytamizki, bugung‘i ilg‘or jamiyatimiz xaridorbop brendlar (masalan, «O'zbegim» - muhtaram usto-zimiz Erkin Vohidovning mashhur she'ri tufayli dunyo ko‘rgan brend) ortidan ko‘r-ko‘rona quvib, goho me'yor tuyg‘usi, fahmu farosat va kamtarlikni unutib qo‘yayotganday tuyuladi.

Maktablarda, universitetlarda milliy mustaqillik g‘oyasidan saboq beramiz. Mantiqan qarasak, bu g‘oya - ne-ne yuraklarni yondirgan muqaddas orzu! - o‘n yetti yil burun amalga oshgan. Lekin negadir uning tarixga aylangisi yo‘q - minbardan minbarga ko‘chib yuribdi.

O', birodarlar, milliy mustaqillikka allaqachon erishib bo‘lganmiz. Endi uni tinch qo‘yaylik, endi farzandlarimizga navbatdagi buyuk va dolzarb g‘oya - milliy taraqqiyot g‘oyasidan, ma'naviy va iqtisodiy taraqqiyot mavzularidan odam tushunadigan tilda saboq beraylik, deb aytish fursati kel-madimi?!

Albatta, fahmu farosat bo‘yicha darslik yo‘q, bo‘lmaydi ham. Bu xislat barcha davrlarda ham ibrat ta'sirida shakllangan. Nahotki, bugungi ilg‘or zamonda ibrat olsa arziydigan mardum qolmagan bo‘lsa?..

Jannatmakon Kibriyo Qahhorova opamizdan qolgan an'anaviy nutqodobi mashqlarini shu joyda to‘xtatib, yana o‘zimizning «bozor»ga qaytsak. Xayriyatki, bir qator jiddiy gazetlar, jiddiy jurnallar "yovvoyi" bozor izmiga o‘tgani yo‘q. Ularda talab va tahrir degan narsalar ham saqlanib qolgan.

«Bozor adabiyoti» va «bozor san'ati»ga nisbatan qanday munosabat bo‘lishi mumkin. Ularni o‘qimaslik, ko‘rmaslik kerak, vassalom!

Shunday deb yozdim-u, lekin ko‘ngilga ishtiboh tushdi: ochiq ko‘z - ko‘rar, teshik quloq - eshitar, balki xudodan jonimizga to‘zim tilagan ma'qulrokdir?..

- Adabiyotga munosabat xiyla o‘zgargan bugungi zamonda, Sizningcha, u saviya jihatdan o‘syaptimi yoki orqaga ketyaptimi?

-Adabiyotning saviyasi eng yaxshi asarlarning badiiy qiymati bilan o‘lchanadi. Bugun saviya tugul, yangi asarning o‘zi yo‘q hisobi. Yaxshi she'rlar, yaxshi tadqiqotlar (tabiiyki, ko‘proq tarixiy mavzuda) chiqyapti. Yaxshi nasr esa o‘ta kamyob. Shu sabab, milliy adabiyotimiz o‘tgan asr oxirida erishgan g‘animat bir saviyada mahkam turibdi, deb aytgan ma'qulroq ko‘rinadi.

O'tgan asrda yaratilgan ko‘pdan-ko‘p "dolzarb" kitoblar hozirgi kunda "makalatura mulki"ga aylanib qolgan, ko‘rib turibmiz. Ba'zi mualliflar zamona zayliga moslab bitgan o‘sha asarlaridan bugun o‘zlari ham xijolatda. Sizda bunday pushaymonlik bo‘lmasa kerak. Chunki...

-    Yana o‘tgan asr oxiriga qaytishga to‘g‘ri kelyapti. "Dolzarb" mavzularda yozilgan, ya'niki tuzumga maddohlikdan iborat har qanday kitobning umri qisqa. Bunday asarlarning unutilishi uchun maqtalgan muayyan tuzum yakson bo‘lishi shart emas. O'tmish tuzumda, sotsializm sharoitida yozilgan go‘zal kitoblar ham
borki, bugun ularga mafkuraviy boykot e'lon qilish kaltabinlik bo‘ladi. Ochiqdan-ochiq, uyat-andishani unutib maddohlik qilgan yozuvchilarimizning fojiasi juda katta bo‘ldi. Kufr tuyulmasin-u, lekin istiqlol davriga qadar qazo
etib ulgurgan mafkuraparast yozuvchilar (shoirlar, olimlar, bastakorlar, rassomlar), bir hisobda, yutdi. Bugun yashab yurgan, sig‘ingan sanamlariyu ishongan haqiqatlari chippakka chiqqan damlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan ijod ahliga qi-
yin bo‘ldi. Bir tanishim o‘shanday ustozlardan birini ziyorat qilganini so‘zlab bergan edi. Eski zamonda eng ko‘p e'zozlangan ustozimiz javonga terilgan zarhal muqovali o‘n besh jildga ishora qilib, cheksiz nadomat bilan "E, o‘g‘lim, bularni endi birov o‘qimaydi-da", deb aytgan ekan.

Bugunga kelib eski zamon zayliga boqib yozgan yozuvchi va shoirlarning ko‘pchiligi dunyodan o‘tib ketdi va adabiyot maydonini yangi zamon shunqorlari egalladi.

Savol mavzuiga qaytsak, yozgan bo‘sh va sayoz narsalarimdan pushaymon qilgan paytlarim ko‘p bo‘lgan. Nedir qutqu ta'siriga berilib, ayrim yaxshi odamlar haqida badbinlik bilan o‘ylaganim yoki yozganimni eslab uyalaman. Jamiyat ravnaqi haqidagi orzularimizni real haqiqatga yo‘yib yurgan chog‘larimizni xotirlash ham xiyla azobli, Taskin beradigan tarafi shuki, men muayyan zamon haqida emas, balki ko‘proq o‘zim bilgan odamlar haqida yozishni o‘ylaganman.

- Kitob kam o‘qilayotganiga bir sabab... adabiyotning o‘zi emasmi? U bugungi kitobxonning ko‘nglini topolmayotgandir balki? Binobarin, yangi zamon adabiyoti, san'ati qanday bo‘lmog‘i kerak? Sizningcha, bunda nimalar o‘zgarmog‘i darkor: mavzumi, qahramonga munosabatmi, ifoda usullarimi nima? Bilamiz, "yamon yozmaysiz", lekin ayting-chi, bugun qanday yozgan bo‘lardingiz?

- Kitob yaxshi bo‘lsa, uni o‘qiydigan odam topiladi. Adabiyotning aybi, balki, yangi va yaxshi kitoblarning kamligidadir. Bugungi kitobxonning ko‘nglida nima borligini men shaxsan yaxshi bilmayman. Har holda, kitobxon yozuvchi akalarimiz menga mana shu va yana mana shu mavzularda kitob yozib berishi kerak, deb o‘ylamasligi aniq. Yangi zamon adabiyoti va san'ati qanday bo‘lishi kerakligi - mafkuraviy masala. U hakda qilni qirq yoradigan olimlar, faylasuflar bosh qotirgani ma'qul.

Umuman, mavzu, qahramonga munosabat va tasvir usullarini muayyan bir qolip-andozaga solib bo‘lmaydi. Adabiyot turli liboslarga burkanishi mumkin, lekin mavzu - abadiy, ya'niki: oq - qora, yaxshi - yomon, boy - kambag‘al, adolat - zulm va hokazo. Hech narsa o‘zgarmagan va endi ham o‘zgarmaydi. Har bir tuzum mangu mavzular o‘ynalayotgan sahnaga yangicha dekoratsiyalar qurishi mumkin, xolos. Sahnada o‘ynayotgan (aniqrog‘i - yashayotgan) aktyorlar o‘zgarishi tabiiy, ammo syujet o‘sha-o‘sha eskiligicha qolaveradi.

Men bugun ham, bundan yigirma-o‘ttiz yil oldindagiday - siyosiy va mafkuraviy qoliplarga moslashmasdan rost gapni yozish tarafdoriman.

- Oxirgi savol. Mas'ul lavozimlarda xizmat qilganingizda adabiyotdan, yozuvchilikdan bir qadar uzoqlashgandek ko‘rindingiz. Bu hol yozuvchi mardumga yutuq ekanmi yoki yutqiziq shuni ham bilsak...

- Oxirgi savolning oldinroqqa qo‘yilmaganiga shukr. Batafsil va jo‘yali javob yozaman deb, boshqa mavzularga joy topilmay qolardi. Xullas, javobim imkon qadar muxtasar bo‘ladi.

Mas'ul lavozimlarda xizmat qilgan chog‘imda yozuvchilikdan ancha uzoqlashdim, to‘g‘ri, lekin adabiyotdan uzilganim yo‘q. Ul dargoh kutubxonasida yangi kitoblar, yangi adabiy jurnallar juda ko‘p, binobarin, bor savodni yanada oshirish imkoniyati ham yetarli edi. Safar va ziyoratlar - dunyo mamlakatlariga sayohat borasida sobiq amaldor bir adibimizdan oldingi yoki undan keyingi, ya'niki ikkinchi o‘rinni olsam kerak (shu tobda o‘zimning "Lolazor"dagi rahmatli Nazar Yaxshiboevga o‘xshab ketayotganimni sezib qoldim). Juda ko‘p voqealarni, juda ko‘p odamlarni ko‘rdimki, har biri bitta asarga qahramon bo‘lsa arziydi. Ayniqsa, mansabdor kishilar xarakterini, ularning turlanishu tovlanishlarini kuzatish maroqli edi. Ammo maroqqa berilib ketib, hayrat degan tuyg‘udan ajralishimga bir bahya qolgan ekan. Bilasiz, hayratdan benasib odam tuzukroq narsa yozishi qiyin. Kino-pino uchun yozilgan librettolar hisob emas, ular adabiyotning "a"siga ham arzimaydi!

Orttirgan hikmatim shuki, bir muddat siyosatga aralashib, keyin chetga chiqqan odam "men toza edim" deb aytsa, unga ishonmaslik kerak.

Yutqiziq - mansabga uchib boy berilgan o‘n besh-yigirma yillik yozuvchi umri.

Yutuq - boy berilgan umr davomida ko‘rgan-bilgan narsalarni endi yozilajak narsalarga o‘rish yoki arqoq qilib olish imkoni.

Turgan gapki, men endi ko‘proq o‘zimning ustimdan kulib yozaman. Siz esa, inson ustidan kulib yozish noravo, deysiz...

"Tafakkur" jurnalidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.