OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kiyimingizdagi qanday yozuvlar?

Kunlar isigach, yubkalardan birinchi tizzalar yorib chiqa boshlaydi. Bu hol kurtaklar oftobga intilganidek odatiy bo‘lsa-da, u qadar yoqimli emas. Mini yubkalarning kelib chiqishi o‘tgan asrning boshlariga borib taqaladi. Eng avval ularni jamiyatning qaysi qatlami iste'molga kiritganini anglash qiyin emas. Mini yubkalar e'tiborni jalb etish vositasi hisoblangan. Kiyim inson haqida biz o‘ylagandan ham ko‘proq ma'lumot berishi mumkin. Masalan, ilgari, kiyimga qarab odamning moddiy, ma'naviy va ijtimoiy darajasini bemalol anglash imkoniyati bor edi. Boy va nochor, ilmli va omi, yosh va keksa kishilar, boringki ayol va erkakni ham ularning libosi orqali ajratish juda oson bo‘lgan. Bugun milliy kiyimlarimizdan ko‘ra ommaviyroq va mashhurroq bo‘lgan jinsilardan ilk bor Frantsiya kemalari uchun yelkan tayyorlashda foydalanilgan. Keyinchalik jinsilarning arzon va chidamliligi zavod va korxona ishchilariga maxsus ishchi kiyimini shu matodan tikish g‘oyasining yuzaga kelishiga turtki bo‘lgan. Ayollarning shim kiyishi ham o‘sha davrlarda ommaviy tus olgan edi.

Aslida kiyim insonni sharmandalikdan saqlashi kerak, sharmanda qilishi emas. Vaqt o‘tib, odamlarning libos haqidagi tasavvuri shu qadar o‘zgarib ketdiki, hozirgi kunda buning aksi kuzatilyapti. Bir qarashda ahmoqona ko‘ringan har qanday "modaning so‘nggi qiyqirig‘i"ni ertasi kuniyoq odamlarning egnida ko‘rib, beixtiyor hayratlanishdan boshqa chora qolmayapti. Futbolkalar faqat futbolchilar uchun, krossovkalar esa uzoq masofaga yuguruvchilarga mo‘ljallangan, degan qarashlar juda kulgili. Ular haqiqatan ham qulay va hammaga birdek ma'qul keladi. Yodingizda bo‘lsa, bundan bir necha yillar burun odatda mahbuslar yoki dengizchilar kiyadigan yo‘l-yo‘l chiziqli kiyimlar, keyinchalik harbiylar formasini yodga soluvchi liboslar yoshlar orasida urf bo‘lgan edi. Taassufki, yoshlar har doim yangi narsaga ko‘r-ko‘rona ergashib ketaveradi. Orqa-oldiga ingliz tilidagi har xil so‘zlar yozilgan kiyim-kechaklar nafaqat yoshlar, balki katta yoshdagilar tomonidan ham ulkan mamnuniyat bilan kutib olindi.

Futbolkangizda yoki shimingizda arzimagan bir-ikkita yozuv bor ekan, buning nimasi yomon? Hech kim ularni o‘qimaydi-ku! Ammo ayollarni "Yomon qiz", yo‘q, yaxshisi, original holatini keltira qolay "Bad girl",  "Kiss me", "Danger" va shunga o‘xshash  "eslatma" va  "iltimos"lar yozilgan kiyimlarni kiyib yurishga nima majbur qiladi?  Ba'zan erkaklarning futbolkasida ularning deyarli tarjimai holi bayon etilgan holatlarni uchratish mumkin. Masalan, "Ya ne idiot". Kayfiyatni ko‘taruvchi, hazilomuz qaydlar ham bor:  "Don't worry, be happy!", "Ryadom so mnoy stoit chudovi?e" va boshqalar.

"Go‘zallik ortiqcha hashamga muhtoj emas, unga ko‘proq odmilik yarashadi", degan edi I. Gerder. Leonardo da Vinchining  "Yal-yal yongan yoshlik husni ortiqcha pardoz-andoz kasridan gullagan paytidayoq xazon bo‘ladi" deya bildirgan fikri esa, bugungi yoshlarimizning holatiga ko‘proq mos keladi. Kiyim-kechak va pardozga asosiy vaqtni sarf etayotgan qizlar, butun yoshligi, keyin esa butun umri salonlarda, toshoyna qarshisida o‘ziga mahliyo bo‘lgancha o‘tib ketganligini sezmay qoladi. Inson qadri esa hech qachon uning kiyimiga qarab belgilanmaydi. Kiyimga qarab insonning axloqi, ma'naviyati haqida xulosa chiqarish mumkin. Ba'zi qizlarga qarab, nahotki egnidagi kiyim ularga umuman yarashmaganini yoki bor go‘zallligi va sharm-hayosini ham yo‘qqa chiqarayotganini sezmasa, deb o‘ylab qolasan kishi.

«Dolge &  Gabbana»dan kiyim xarid qilasizmi, «Armani»danmi, odamlarning siz haqingizdagi fikrini o‘zgartira olmaysiz. Hamma millatda va har doim birinchi o‘rinda umuminsoniy qadriyatlar turadi. Libosni ko‘z-ko‘z qilish uchun maxsus joylar bor...

Visola Qarshiboyeva
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.