OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Internet hamlasi: xavf va himoya

Ayonki, texnik taraqqiyotni to‘xtatish mumkin emas: biz buni xohlaymizmi-yo‘qmi, kompyuter texnologiyalari hayotimizda mustahkam o‘ringa ega, kompyuter savodxonligi ko‘rsatkichi esa ko‘p hollarda insonning yuqori saviyasini belgilab beruvchi omilga aylanib bormoqda. Bugun kompyuterda ishlashni bilmaydigan xodimni yaxshi mutaxassis deyish qiyin. Agar o‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalarida yoshlarning eng sevimli mashg‘ulotlari musiqa tinglash va teleko‘rsatuvlar ko‘rish bo‘lsa, ayni kunda esa kompyuter va internet avvalgi qiziqishlarni yosh avlod hayotidan siqib chiqardi.

Hozirgi zamon yoshlarining 70 foizi o‘z qiziqish va sevimli mashg‘ulotlari haqida so‘z yuritganda sport, do‘stlar bilan suhbatlashish, ma'naviy va madaniy hordiq chiqarish chiqarish bilan bir qatorda kompyuter texnologiyalari, internetga bo‘lgan qiziqishini birinchi o‘rinda tilga oladi.

Onlayn hayot vakillari

 

 Nielsen/Net Ratings kompaniyasi o‘tkazgan so‘nggi ilmiy tekshiruvlar natijalariga ko‘ra, butun dunyo tarmog‘iga ulanayotgan yosh bolalarning soni kun emas, soat sayin oshmoqda: birgina 2007 yili Yevropada o‘sib kelayotgan yosh avlod vakilining uchdan bir qismi onlayn tizimida bo‘lishi kuzatildi. O‘tgan yili dunyo tarmog‘ida 10 million yoshlar "sayr qilgan" bo‘lsa, hozirda ularning soni allaqachon 13 millionga yetdi. Mutaxassislarning fikricha, bu - tabiiy holat. Negaki, kundan-kunga internetdan foydalanayotgan oilalar, demak, undan foydalanayotgan farzandlar soni kupaymoqda. Bunday onlayn hayotda yashaydigan yoshlarning katta qismi - 4,5 millioni Buyuk Britaniyaga to‘g‘ri keladi. Ular har kuni elektron manzillarini tekshiradi, turli xil saytlardan ma'lumot izlaydi va chat (global tarmoqdagi suhbatxona)lar orqali muloqotda bo‘lishadi. Germaniyada hozircha 3 va Fransiyada 1,5 million yoshlar vaqtini asosan onlayn tizimida o‘tkazadi. Bir yildan so‘ng esa bu ko‘rsatkich ikki baravarga oshishi kutilmoqda.    

Darhaqiqat, XXI asr zamonaviy yoshlar hayotiga sezilarli chizgilarni kiritdi. O‘tgan asr bolalari maktab, turli to‘garak va sport sektsiyalariga chopgan bo‘lsa, bugun ular o‘zaro disklar, fleshkalar va axborotni saqlovchi shu kabi boshqa vositalardan imkon boricha tez foydalanishga shoshiladi. Yosh avlodning ota-onalariga nisbatan kompyuter savodxonligi baland, ko‘pgina olti yashar bolalar blyutuz (bluetooth) va spam nimaligini kattalarga nisbatan yaxshi biladi.

Dunyoning rivojlangan mamlakatlaridan biri Kanadada o‘n yetti yoshgacha bo‘lgan 6 ming bola o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, ular sodda ota-onalari o‘ylaganidek, internetdan aksariyat, hollarda axborot olish maqsadida foydalanmas ekan. So‘rovda ishtirok etganlarning 99 foizi internetdan foydalanishini, ularning har o‘n nafaridan sakkiz nafari uyda ulanish imkoniyatiga ega ekanini bildirdi. Kanada yoshlarining yarmidan ko‘pi internet va kompyuter texnologiyalarni ota-onalaridan yaxshiroq bilishini aytgan. Ularning 80 foizi mustaqil ravishda internetga ulanishini, ota-onalari kompyuterga himoya vositasi bo‘lgan «filtrlash» dasturini o‘rnatib qo‘ymaganliklari va farzandlari qanday saytlarga kirishini nazorat qilmasligini tan olishdi. Umuman olganda, ota-onalarning aksariyat qismi, aniqrog‘i, 65 foizi farzandlari internetdan faqat uy vazifasini tayyorlash uchun foydalanadi, degan fikrda, yoshlar esa ilm olishni eng oxirgi o‘ringa qo‘yadilar. Ular asosan internet orqali musiqa tinglaydi, elektron manzilni tekshiradi, xullas, vaqtini chog‘ o‘tkazadi. Yoshlarning uchdan ikki qismi internetga yangi do‘stlar orttirish va kim bilandir suhbatlashish maqsadida ulanadi, ularning 15 foizi keyinchalik bu munosabatlarni real hayotda davom ettirar ekan.

Muloqotning bu kabi shakllari yaxshi, albatta. Biroq masalaning ikkinchi tomoni ham borki, unga chuqurroq nazar tashlash lozim. Alohida e'tibor talab etadigan jihat esa internet orqali ta'qib deb nomlanadi.

Virtual ta'qib ommalashmoqda

 

Tadqiqotlar natijalaridan ma'lum bo‘ldiki, hozirda maktab yoshidagi bolalar internetdan tobora erta foydalana boshlamoqdalar. Masalan, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bemalol maktab yon atrofidagi kafe yoki klubga kirib, internetdan foydalanishi mumkin. Shu bois ular uyda ham internetga ulanish imkoni bo‘lishini xohlashi tabiiy. Lekin, mutaxassislarning fikricha, yoshi o‘nga yetmagan bola odatda mustaqil ravishda internetdan foydalanish uchun zarur bo‘lgan tanqidiy fikrlash va shu asnoda ma'lumotlarni farqlash, ularni ajrata bilish, boshqacha qilib aytganda, «filtrlay» olish qobiliyatiga ega emas. Shu sabab, internetdan yolg‘iz qolganda ham foydalanish ehtimoli bo‘lgan bolani qattiq nazorat ostiga olish kerak, unga o‘zi haqidagi shaxsiy ma'lumotlarni internet orqali tanishgan odamlarga aytmaslikni o‘rgatish zarur.

Biroq dunyo tarmog‘idagi qanday axborot maktab yoshidagi bolalar uchun foydali bo‘lishi mumkin? Kuniga bir necha soatlab kiber makonda «sayohat qiladigan» o‘smirlar aslida nima bilan shug‘ullanadi va bu holat ularning dunyoqarashi, xarakterida qanday aks etadi? Zarur hollarda o‘smirlarning axborot xavfsizligini qay usulda ta'minlash mumkin? Mazkur savollar ko‘pchilik ota-onalar hamda yoshlar muammolari bilan shug‘ullanuvchi tashkilot xodimlarini tobora ko‘proq tashvishga solayapti va o‘ylantirmoqda. Bunga jiddiy asos ham bor.

So‘nggi paytlarda internet orqali ta'qib etish yoki ilmiy tilda aytadigan bo‘lsak, grifingholatlari ko‘p kuzatilmoqda. Bu kabi tarmoq bezoriligining eng birinchi qurbonlari aynan yoshlar qatlami, xususan, o‘smirlar hisoblanadi. Sababi, shu yoshda bolalar tabiatan ochiq bo‘ladi hamda dunyoga faqat ijobiy nuqtai nazar bilan qaraydi. Ular o‘zlari erishgan yutuqlari bilan o‘rtoqlashishni, o‘z fikrlarini birovlarga bayon etishni, g‘oyalari bilan bo‘lishishni xohlaydilar. O‘smirlar o‘ta ishonuvchan, kompyuter o‘yinlariga qobiliyatli, buyruqlarni osonlikcha bajaradigan bo‘ladilar. Atrofdagilar bilan ko‘proq muloqotda bo‘lib, yangidan-yangi fikr-g‘oyalarni o‘rtaga tashlaydilar, ularni amalda qo‘llashga intiladilar, biroq bu borada ularga hayotiy tajriba yetishmaydi. Shuning uchun ham ular saytlarda qidiruvni amalga oshirayotganda, axborotni qabul qilishda yoki elektron pochta manzilidan foydalanayotganda kattalar yordamiga muhtoj. Chunki bir qarashda beozor tuyulgan chat xonalar yoki maxsus muloqot dasturlari orqali kechadigan suhbatlar tafakkuri endi shakllanayotgan bolalarni oxir-oqibat jinoyatgacha yetaklab borayotgani hayotiy haqiqat. Grifing bilan shug‘ullanuvchilar yoki grifyorlarzamonaviy yoshlarning qiziqishlaridan juda yaxshi xabardor bo‘lib, onlayn konferentsiya, forum xonalarida istalgan mavzuda suhbat yuritishi, o‘zlarini ularning muammolarini tushunadigan odamlar sifatida ko‘rsatishi mumkin, buning ustiga veb tarmoqda anonimlikni saqlash xususiyati qisqa fursat ichida ishonchga kirib olishga imkon yaratadi.

Qarshi kurash choralariga kelsak...

 

Grifing bilan kurashishning eng oddiy usuli - kompyuterga maxsus taqiqlov dasturlari (eng mashhurlari Kiberpatrul yoki Kidskontrol)ni o‘rnatish. Shunda o‘sha foydalanuvchidan keladigan barcha xabarlar avtomatik tarzda filtrlanadi yoki dasturga ota-onalar tomonidan kiritilgan cheklov tufayli bolaning o‘zi qiziqib nojo‘ya axborotni olmoqchi bo‘lganda avtomatik taqiq ishga tushadi. Ayni paytda mazkur dasturlar ham to‘liq xafvsizlikni kafolatlay olmaydi, chunki ba'zida ular foydali axborotni cheklab qo‘yishi yoki keraksizini o‘tkazib yuborishi mumkin.

Hozirgi kunda ko‘plab mamlakatlarda internetdan foydalanish darslari fakultativ sifatida maktab dasturiga kiritila boshlandi. Buni ham grifingga qarshi kurashishning o‘ziga xos usuli sifatida ko‘rsatish mumkin. Negaki, fakultativ darslar orqali bolalar internetdan olinadigan ma'lumotlarning haqqoniy va to‘g‘riligini tekshirishga o‘rgatiladi. Bunday darslar ayniqsa, o‘smirlar uchun zarur.

Internetda grifingdan tashqari aynan o‘smir yoshdagilar uchun yana bir qancha xavflar ham bor. Vaqt o‘tgani sayin bolalar va internet muammosi tobora chuqurlashib borayotgan bir paytda, global tarmoqning yashirin xavflariga faqatgina ta'sir tushib qolishni emas, balki ekstremistik xarakterdagi, sekta va turli xil uyushmalar saytlarining foydalanishga ochiqligini, virtual firibgarlikka keng yo‘l qo‘yilganlikni ham ko‘rsatish mumkin. Bolalarning qiziquvchan tabiati ularni yuqorida tilga olingan turdagi saytlarga yetaklashi, bu veb sahifalarda ularning ruhiy yoki jismoniy sog‘lig‘iga xavf soluvchi ma'lumotlarni ko‘rishiga olib kelishi tabiiy. Elektron pochta manzillari orqali olingan xabarlar kuchli ruhiy ta'sir o‘tkazib, bolalarni internet doirasida va undan tashqarida ham jinoyatga undashi hech gap emas. Bank yoki kredit kartochkasidagi hisob raqamlarni bilgan bolakaylar onlayn savdolarda qatnashish imkoni bilan birga kichik o‘yinchoqdan tortib to eng so‘nggi rusumdagi mashina sotib olish huquqiga ega degani. Bu narsa ularni virtual firibgarlarning nishoniga aylantiradi.

Shu sabab, global tarmoq foydalanuvchilari ko‘p bo‘lgan Belorusiyada bu kabi muammolar qator yangi kasblarning vujudga kelishiga ham turtki bo‘ldi. Mazkur yangi turdagi mutaxassislarining vazifasi oilada internetdan foydalanish madaniyatini joriy etadigan hamda bolalarga psixologik, ma'naviy hamda jismoniy zarar yetkazmaydigan ochiq va xavfsiz axborot makonini yaratishdan iborat.

Shuningdek, ko‘plab jamoat tashkilotlari, nodavlat tashkilotlar va xususiy kompaniyalar o‘z faoliyatini internetning bolalarga ta'siri va bundan bo‘ladigan zararning oldini olish usullarini o‘rganishga qaratgan. Jumladan, internet mazmunini baholash assotsiatsiyasi (ICRA) mustaqil xalqaro tashkilot bo‘lib, asosiy vazifasi ota-onalarni ularning farzandlarini tarmoqda kutayotgan ko‘ngilsizliklar va xavfli munosabatlar haqida ogohlantirish, kiber makonda bolalarni noto‘g‘ri axborotlardan himoyalash va so‘z erkinligini ta'minlashdan iborat. Ota-onalarga ko‘rilayotgan muammolar yuzasidan maslahat, ko‘mak beruvchi Kiberfarishtalar (Cyberangels) - internetda bolalar huquqini himoya qilishga yo‘naltirilgan Yevropadagi ilk tashkilotga 1995 yili asos solindi va ayni paytda AQSh, Kanada kabi davlatlar ham a'zolar safidan o‘rin oldi.

Muammolar chuqurlashgani sayin bu kabi tashkilotlar ham keng ko‘lamda tadqiqotlar o‘tkazish va xavflarga qarshi kurash choralari ishlab chiqishni kuchaytirmoqda. Xususan, Bolalarni asraylik (Save the Children) xalqaro huquqiy tashkiloti o‘tgazgan so‘rovnomalar natijasida ma'lum bo‘ldiki, AQShdagi 15-17 yashar o‘smirlarning 85 foizi, Kanada yoshlarining 93 foizi muntazam ravishda internetdan foydalanadi. Kommunikatsiya vositalari tadqiqoti assotsiatsiyasi (Association for the Research of Communication Media) olgan natijalarga ko‘ra esa, o‘smirlar katta yoshlilarni 2004 yildayoq internetdan foydalanish bo‘yicha ortda qoldirgan.

Ispaniyaning Bolalarni himoya qilish agentligi (Child Protection Agency) tadqiqotlari natijalari shuni ko‘rsatdiki, internetdan doimiy ravishda foydalanuvchi bolalarning 44 foizi virtual muloqot paytida hech bo‘lmaganda bir marta, 11 foizi esa bir necha bor ta'qib ostiga olingan. E'tiborli tomoni, so‘rovlarda ishtirok etgan yoshlarning 14,5 foizi internet orqali notanish odamlar bilan uchrashuv belgilagan, 10 foizi bunday uchrashuvlarga yolg‘iz borgan, 7 foizi bu haqda hech kimga hech narsa aytmagan. Dunyo miqyosida esa 38 foiz bolalar zo‘ravonlik ruhidagi saytlarni, 26 foizi millatchilik xarakteridagi veb sahifalarni muntazam kuzatib borishi ma'lum bo‘ldi.

O‘tgan yilning oxirgi oylarida dunyoning eng mashhur kompaniyalaridan biri «Maykrosoft» (Microsoft) 28 davlatda o‘zining chat xonalarini yopishini e'lon qildi. Bu harakat bolalar muammolari bilan shug‘ullanuvchi huquq-tartibot hamda xayriya tashkilotlari tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi, chunki erkin va nazoratsiz forum xonalar spam, virus va axloqsiz axborotni tarqatish manbaiga aylanib qolgandi. Shu tariqa, MSN tekin chatlari Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasining ko‘plab mamlakatlarida o‘z faoliyatini to‘xtatdi. O‘rniga Microsoft Messenger tezkor xabar almashinish tizimi joriy qilindiki, endilikda bu xizmatdan foydalanish uchun shaxsiy ma'lumotlarni kiritish asosida ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi. Chunki o‘tgan yili Buyuk Britaniyada shov-shuvga sabab bo‘lgan zo‘ravonlar ustidan o‘tkazilgan sud jarayonlarining kamida 26 holatida qurbonga aylangan bolalar ta'qibchilar bilan virtual muloqot orqali tanishgani aniqlandi.

Xulosa o‘rnida

 

Zamonaviy texnologiyalarning tez sur'atlarda o‘sishiga qaramay, ba'zan odamlar ulardan oqilona foydalanish qanday kechishi kerakligini to‘liq anglab yetmaydi. Kompyuter va internetgacha bo‘lgan davrda o‘sib-ulg‘aygan ko‘plab ota-onalar va muallimlarning katta qismi, agar bola internetdan foydalana boshlasa, buning, albatta, foydasidan zarari ko‘proq, deb o‘ylaydi. Bolani kompyuter yoki internetdan chalg‘itish harakati zamirida aslida boshqa bir muammo, ya'ni kattalarning bu masalada nisbatan savodsiz ekani aniqlandi. Biroq agar ular o‘zlari avval texnologiyalar savodsizligi masalasiga jiddiyroq yondashib, uni bartaraf etishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Negaki, savodsizlik masalasidan qochish orqali bolani texnologiyalardan ajratib qo‘yish to‘g‘ri emas. Buning ustiga yana bir jihat e'tiborga loyiq: aynan kattalarning tutgan yo‘lidan kelib chiqqan holda bolalarda kibernetik do‘stiga nisbatan munosabat shakllanadi.

Shubhasiz, internet bilim va kerakli axborotni olish uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi, biroq tarmoqqa joylashtiriladigan katta hamjdagi axborotning barchasini ham ishonchli va foydali deb bo‘lmaydi. Foydalanuvchilar ma'lumotlarning to‘g‘riligini aniq ajrata bilishi uchun tanqidiy fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lishi talab etilarkan, bu jihat «Internetda bo‘lsa, demak, to‘g‘ri» deya fikrlaydigan bolalarga ham tegishlidir. Bu borada ularga internetda xohlagan inson o‘z sahifasini yaratishi, unga har qanday ma'lumotni joylashtirishi va bunda unga hech kim to‘siqlik qila olmasligini vaqtida tushuntirish zarur. Bolalarga keng doiradagi manbalardan foydalanishga yo‘naltirish natijasida faktlarni fikrlardan farqlashga, to‘g‘riligi tasdiqlanmagan axborotdan himoyalanishga ularni o‘rgatish mumkin.

Nargiza Ibrohimova
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.