OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Geografiya: Shimoliy Muz okeani

Shimoliy muz okeani dunyodagi eng kichik ummondir. U avvallari Shimoliy Qutbiy dengiz, Shimoliy Muz dengizi nomlari bilan ham yuritilgan. Okean Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikaning shimoliy qirg‘oqlari oralig‘ida joylashgan. Ushbu ummon bo‘g‘ozlar orqali Atlantika va Tinch okeanlari bilan tutashgan. U Dunyo okeanining 2,8 foizini tashkil etadi. Maydoni — 14,75 million km. kv. 
Suv hajmi — 18 million km. kub. 
O‘rtacha chuqurligi — 1220 metr
Eng chuqur joyi — 5527 metr (Grenlandiya dengizining shimoli-sharqiy qismi)

Shimoliy muz okeani orollar soni bo‘yicha Tinch okeanidan so‘ng ikkinchi o‘rinni egallaydi. Eng yirik orol va arxipelaglari: Kanada Arktika arxipelagi, Grenlandiya, Shpitsbergen, Frants-Iosif Yeri, Yangi Yer, Shimoliy Yer, Novosibirsk, Vrangel. 

Ushbu okean mustaqil ummon sifatida 1650 yilda golland geografi B.Varenius tomonidan ajratilgan va o‘sha davrda Giperborey okeani deb atalgan. 1845 yilda uni London geografiya jamiyati Shimoliy Muz okeani deb atadi. 

Iqlimi


Shimoliy muz okeani iqlimi Arktika iqlimiga mansub. Qishda okean markaziy qismi ustida Arktika antitsikloni (yuqori bosimli oblast), yozda past bosimli oblast joylashadi. Qishi juda sovuq va shamolli, havo harorati markaziy qismida o‘rtacha –28 dan –30 darajagacha. Shamol tezligi ba’zan bir soniyada 25 metrgacha yetishi mumkin. Yozi ham sovuq. Katta qismida havo harorati –10 dan -12 gacha, g‘arbiy chekka qismida qisqa muddat -6, -8 gacha ko‘tariladi. Bulutli va tumanli kunlar ko‘p bo‘ladi. Yog‘in, asosan, qor shaklida yog‘adi.

O‘simliklari va hayvonot dunyosi


Bu yerda fauna va flora turlari qutbga tomon kamayib boradi. Biroq hamma joyda diatom fitoplanktonlar jadal rivojlanadi, xususan, Arktika havzasi muzlarida ham. Shimoliy Yevropa havzasida hayvonot dunyosi turli-tuman bo‘lib, ularning turi 2000 dan oshadi. Baliqlardan seld, treska, dengiz olabug‘asi, piksha va boshqalar ko‘p uchraydi. Arktika havzasida oq ayiq, morj, tyulen, narval, beluxa va boshqalar yashaydi. 

Muzliklari


Shimoiy muz okeanining eng muhim gidrologik xususiyatlaridan biri qishda uning o‘ndan to‘qqiz qismi muz bilan qoplanishidir. Baffin va Grenlandiya dengizlarida aysberglar bo‘ladi. Okeanning markaziy qismida 3-4 metr qalinlikdagi ko‘p yillik muz (pak) maydonlari uchraydi.  Muzliklarning umumiy maydoni taxminan 26 ming km. kubni tashkil etadi. Arktika havzasida ko‘chib yuruvchi muz orollari ham bor. Ularning qalinligi 30-35 metrni tashkil etadi. Biroq so‘nggi vaqtlarda jahon olimlari tomonidan okeandagi muzliklar maydoni tobora qisqarib borayotgani aytilmoqda. Xususan, Kolorado universiteti tomonidan sun’iy yo‘ldosh orqali amalga oshirilgan tahlil ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, muz maydonlar o‘rtacha hisobdan 14 foizga qisqargan. Agar vaziyat shu tarzda  davom etaversa, 2070 yilga borib qutb muzliklari yoz davrida butunlay yo‘qolib ketishi bashorat qilinmoqda. 

Iqtisodiy jihatlar 


Shimoliy muz okeanidagi noqulay ob-havo sharoiti uning iqtisodiyotiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Ummonning jahon xo‘jaligidagi rolining oshishi uning materikka yaqin yerlaridagi tabiiy resurslardan keng foydalanish bilan bog‘liq. Okean dengizlarida baliqning 150 va sut emizuvchilarning 17 turi yashaydi. Shuningdek, baliqlardan tashqari, okeandan dengiz hayvonlari ham ovlanadi. Oq dengizdan suv o‘tlar hamda qo‘rg‘oshin, rux, temir, molibden kabi foydali qazilmalar olinadi. Qolaversa, suv ostidan neft-gaz olish ham rivojlangan. 
Okeanning yirik dengizlari orqali uch asosiy yo‘nalishda suv yo‘llari o‘tadi. Yirik portlari: Murmansk, Belomorsk, Arxangelsk, Dikson, Tiksi, Pevek (Rossiya); Tromsyo, Tronxeym (Norvegiya); Cherchill (Kanada).

Okeanga tahdid


Shimoliy muz okeani dunyoning eng kichik ummoni bo‘lsa-da, jahonning eng xavfli okeaniga aylanib bormoqda. Bunga sabab shuki, u «sovuq urush» davrida radiatsion chiqindilar makoniga aylanib qolgan edi. Shu sababli endi okean kimyoviy bombaga aylanib borayapti. Bu haqda Butunjahon tabiatni muhofaza qilish jamg‘armasi (WWF) ma’lum qilgan.
So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, shimoliy muz okeanida DDT (dixlordifeniltrixlormetilmetan) ga o‘xshash taqiqlangan pestitsidlar, uni ishlab chiqaruvchi mamlakatlardagiga nisbatan ancha ko‘pligi aniqlangan. Shuningdek, ayrim zararli kimyoviy moddalar muzlar tarkibida mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Bunday moddalar baliqlar, tyulen va hatto kitlar yog‘idan ham topilgan. 

WWFning ta’kidlashicha, zararli kimyoviy moddalar oqimlar bilan shimol tomonga harakatlanmoqda. U yerda esa mazkur moddalar muzlab, ma’lum muddatdan  so‘ng erigach, atrof-muhitni zaharlayapti. 

Aziz mushtariy, shu bilan dunyo okeanlari haqida berib borilayotgan ma’lumotlar o‘z nihoyasiga yetdi. Gazetamizning navbatdagi sonlarida qit’alar to‘g‘risidagi maqolalarni o‘qishingiz mumkin. 

Nargiza To‘xliyeva tayyorladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.