OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Alisher Bek

SHOIR TAQDIRI
Shoir Muhammad Yusufni eslab

Olloh dardni berib shoirga 
Taqdiriga yozib qo'yarmish: 
Qachon dardin she'r qila olsa 
Shundagina shoir o'larmish...

Sarosima qilmang shoirlar, 
Dardimiz ming yilga yetadi. 
Faqat dardin bir baytga bitgan 
Muhammadlar o'lib ketadi. 

4 sentabr, 2004 yil.

********************

MUHABBAT ORTIGA QAYTMADI...

Bog'imga qaytganda sabolar, 
Qaytadan yaraldi navolar. 
Shabnamga to'yganda havolar 
Muhabbat ortiga qaytmadi, 
Qayerda qolganin aytmadi...

Kelganda g'uncha deb uzmadim 
Yurakning zulfinin buzmadim 
Muhabbat ekanin sezmadim 
Adashdim. Ketdi-yu, qaytmadi... 
Sevgilim ekanin aytmadi...

Zor bo'lib kutganim yetmasdan 
O'zgaga parvo ham etmasdan 
Ortidan ergashib ketmasdan 
Qolgandim. U esa qaytmadi... 
"Yur birga ketdik" - deb aytmadi...

Ajib so'qmoqlarda qoqindi yurak 
Muhabbat bog'ida yolg'onchi tilak 
Bo'lganda men emas, u menga kerak 
Muhabbat ortiga qaytmadi. 
Qaytsa ham, manzilin aytmadi...

Azimga aylandi nozik bo'y nihol: 
Bir umr xijronda to'lg'onib behol, 
Bo'lganda dilpora yetishmay visol 
Muhabbat ortiga qaytmadi... 
Ortiga qaytmasin aytmadi... 

14 avgust, 2001 yil

********************

MUHABBATNING ORZULARI

Muhabbatga zorlanadi tashna yuragim, 
Topolmayin ishq saxrosi ichra bir buloq. 
Sarson yurar visol izlab tunamoq uchun, 
Yo'llarida vafo bo'lib yastanar qumloq.

Orzularga zorlanadi xasta bu ko'nglim. 
Yor vaslini saroblardan topolmay nochor. 
Kunlar quyosh sirdosh bo'lmish armonlariga, 
Tunlar dardin xilolaga etadi izxor.

Armonlarga zorlanadi jonsiz vujudim, 
Ko'z yoshlari qum bag'riga singmagan daryo. 
Tushunmaydi, yolg'izlikdan ko'r bo'lgan qalbim, 
Muhabbatning orzulari armonli dunyo. 

9-Sentabr, 2003 yil.

********************

NOMA YOZDIM ONAJONIMGA...

Noma yozdim Onajonimga, 
Sabolardan yo'lladim, biroq, 
Topolmadi borar manzilin, 
Yod ayladi uni bo'z tuproq.

Salom yozdim Onajonimga. 
Qalbim yarim, armonim butun. 
Kunduz mehrim tushgan qog'ozga 
Ko'z yoshini artdi qora tun.

Sog'inch yozdim Onajonimga. 
Har so'ziga urdi yuragim 
To'lmay turib sarg'aydi varaq, 
Xazon bo'lib qoldi tilagim.

Armon yozdim Onajonimga. 
Yoshim siyox, ko'zim siyoxdon, 
Yurak bo'ldi erib bitgan sham, 
Qalbim esa qop-qora shamdon.

Dardim yozdim Onajonimga. 
Darddan sinib qoldi qalamim, 
Satrlarga sig'a olmagan 
Shum taqdirda qoldi tilagim. 

2003-2004 yillar.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.