OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Po'lat Hamdam. Bir xonalik uy (hajviya)

Qishloq maktabida hurmatga sazovor va e’tiborli o‘qituvchi edim. Olimpiadami,  «Quvnoq start»larmi, anjumanlarmi, xullas, hammasiga taklif qilishardi, unutishmasdi. Mendan zo‘rroq adabiyotchi yo‘q emish. Kallam durust ishlaydi, shekilli. Oddiy qishloq o‘qituvchisi bo‘laturib, domla G‘ovlaganov qanoti ostida shoir Tarsakiy haqida ilmiy ish ham yoqlab qo‘yganman.
Ishdan horib uyga qaytsam, ilmiy ishim tepasida telegramma turgan ekan. Unda «Siz shahardagi maktablarning biriga direktor qilib tayinlandingiz», deyilgan. Imzo ta’lim boshqarmasi rahbarlaridan biri Sokinbekovniki edi. Uch-to‘rt kun ichida kattakon hovlimizni, bog‘imizni voyaga yetgan farzandlarimizga hadya qilib qoldirdik. Bir olam quvonch ila xotinim Iltijo bilan orziqib kutilgan betakror shaharga yetib keldik. Ko‘chimiz ham yo‘lda, yuk mashinasida kelyapti.
— Dollarmisiz, buncha noyobsiz, topib bo‘lmaydi, direktorlikka buyruq chiqqaniga bir oy bo‘lyapti, — dedi meni kutib olgan boshliq muovini. — Uy ham tayyor! Mana order,  Intizor ko‘chasidan sizga bir xonalik uy ajratdik. Shaharning eng bahavo joyidan. Mazza qilasizlar, gaz, suv, bozor hammasi biqinda.
Ko‘p o‘tmay bir xonalik uyga joylashdik. Maktab direktoriman, muhr cho‘ntakda. Hayotimda galstuk taqmaganman. Endi majburman. Galstuksiz rahbar rahbarmi? Shu matohni taqamanu, bog‘lab qo‘yilgan buzoqqa o‘xshab bo‘ynimni qayirolmay qolaman. Uyga kelsam yana g‘alva.
— Men xamir qorishim kerak, kir yuvaman, oshxona va vannaxonaga sig‘may qolyapman, — deydi naqd 80 kilolik turmush o‘rtog‘im. — Siz ish rejalaringizni oshxonada yozasiz. Sho‘rvaga ham qarab qo‘yasiz, ko‘pigi toshib ketmasin.
— Bu taklifingiz bo‘lmaydi, — dedim men. —Siz sakson kilo bo‘lsangiz, men sizdan 15 kilo ziyodman! Aylanib bo‘lmaydigan oshxonangizdagi gaz va ovqat hidiga chidolmayman.
Ikkalamiz o‘rtamizda bir xonalik uy taqsimoti avj olib ketdi. Yangi uy bilan tabriklagani qarindosh-urug‘lar, yoru do‘stlar tinmay kelib turishibdi. Ularga dasturxon yozib, bir balo qilib sig‘ib turibmiz. Televizorni bir burchakka qo‘ydik, orqasiga bir qop kartoshka joylashtirdik. Telefonni osma soatimiz yoniga avaylab o‘rnatdik. Kitob javoni ortiqcha narsalarimiz saqlanayotgan boloxonaga chiqdi. Yaxshiyamki, shu joy bor ekan. Butun taqir-tuqurlarimiz o‘sha yerda dimiqib yotibdi. Eru xotin bir vaqtning o‘zida u yerga chiqmaymiz, sababi boloxona vaznimizni ko‘tarolmasligi mumkin.
Bugun dam olish kuni. Yostiqdoshim bilan miriqib, o‘rik murabbosini ermak qilib o‘tiribmiz.
— Uf, siqilib ketyapman, tars yorilamanov, — deya menga o‘qrayib qaradi xotinim. — Shu ham hayotmi?
— Nega yorilasiz, tarvuz emassiz, shekilli, — dedim maqsadni hazilga yo‘yib.
— Qishloqdan olib kelgan oziq-ovqat mahsulotlarini qaerga qo‘yamiz bu o‘ymoqday joyda. Guruchni qopi bilan eshik orqasiga joyladim, eshikning tepa qismiga kiyimlarimizni osib qo‘yish uchun mixlarni qoqib chiqdim. Sabzi vannaxonada, piyoz balkonda, paxta yog‘i paqiri bilan siz ishlayotgan stol tagida. Endi yuvilgan kir-chirlarimizni qaerga ilamiz? Siz ham bunday kallani ishlating, axir.
— Kalla molda bo‘ladi, menda xudoga shukr bosh, — dedim fig‘onim falakka chiqib
Tadbirkorligimiz g‘ovlab ketib, ikkalamiz boloxonadan to oshxonagacha o‘rilgan arqonni tortib chiqdik. Shuni o‘ylab topganimizga ham shukr. Endi osig‘lik shim, kuylak va hokazo kiyim-kechaklar orasidan boshimizni egib yuramiz. O‘tgan kuni bizni yangi uy bilan qutlab, qishloqdan hamkasblar ham kelishdi. Baxtimizga oralarida xotin kishi yo‘q ekan. Farosat bo‘lmasa qiyin-da, tor joyni yana hamtor qilib, shu yerda tunab qolishdi-ya. O‘zimiz yotadigan yagona xonani ularga bo‘shatib berdik. O‘zimiz esa oshxonada idish-tovoqlar orasida mijja qoqmay chiqdik. Bundan tashqari kasbdoshim Maqombekov xurrakni shunday gumbirlatdiki, hatto qo‘shnilarimiz ham bezovtalanganini sezdim. Qarang-a, yigirma yil birga ishlab, bu azamatning xurrak otishini bilmagan ekanman. To‘g‘ri-da qaerdan ham bilay, men u bilan biron marta bir joyda yotmagan bo‘lsam.
Xayriyat, mehmonlarni zo‘raki tabassum bilan kuzatdik.
— Xudoga shukr, endi bir shiringina dam olamiz, — dedi xotinim kechagi qolgan lag‘monni gaz plitaga qo‘yarkan.
Birdan eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoldi.
— Obbo, yana kim bo‘ldi, — deya erinibgina eshikni ochdim. Ro‘paramda singlim Tozagul turardi. Yon-qavatida xonaga shu zahotiyoq otilib kiraman, deb olti nafar bolalari ham qator turishardi.
— Akajon, omonmisizlar, sog‘inib keldik, — deya u loyga botgan kalishini ham yechmasdan o‘zini ichkariga urdi, ketidan bolalari!
— Singlim, bugun tunab qolarsizlar-a, — so‘radim boshim qotib. Xotinim ham unga bir ho‘mrayib qaradi.
— Ie, aka, qiziqsiz-a, tunamay bo‘ladimi? Kelinimiz bilan gaplashadigan bir qop gapimiz bor. Keyin bolakaylar ham sizni juda-juda sog‘inishgan.
— Jon, Tozagulim, bolalarning yarmini qishloqda qoldirib kelmabsiz-da, — sukunatni buzdi xotinim. — Ko‘rib turibsiz, joyimiz ham tor.
— Yurak keng bo‘lsin, kelinposhsho, sig‘amiz. Bolalarni tashlab bo‘ladimi? Ertaga opamlar ham sakkizta farzandini yetaklab kelyapti Hurmat qilganimizdan so‘ng, shunaqa bo‘ladi-da, kelinposhsho!
Eru xotin yana mijja qoqmay chiqdik. Ish rejam gaz plita ustida, kostyumim kapgir ilingan mixga osig‘lik, shlyapam manti qozon qopqog‘ida.  Botinkam tikuv mashinasi tagida. Erta tongdanoq singlimni bolalari bilan shaharga chiqarib yubordik. Bozorni tomosha qilarmishlar. Vaqt ziq, ishga kech qolyapman. Ko‘zoynagimni topolmayapman.
— Uf, yana o‘sha gap. Kecha shimingizni qidirgandingiz. Yo‘qotgan buyumingizni doim mendan so‘raysiz. Bunday qo‘ygan joyingizni eslab qoling-da, xo‘jayinjon. Ana, ko‘zoynagingiz telefonning yonida turibdi.
— Voy, igna bilan o‘ymoqni qaerga qo‘ydim-a, — dedi Iltijo menga umid bilan qararkan. — Kostyumingiz tugmasini yangilamoqchi edim.
— Men ishga shoshyapman, — dedim men tutoqib. — Siz shu paytda o‘ymoq surishtiryapsiz. Shu bir xonalik uyda ham narsa yo‘qotib bo‘ladimi-a? Ana, igna bilan o‘ymoq atlas kuylagingiz ustida turibdi.
Maktabga yetib keldimu hamon xayolim o‘sha bir xonalik uyda. Odamni jazolash kerak bo‘lsa, urug‘-purug‘, oshna-poshna, do‘stu birodari bilan bir xonalik uyga joylash kerak ekan. Bir pudlik xotinim navnihol bo‘lib qoldi. Men esa mayin shabadada tebranib turibman. Qadringa yetdim, dov-daraxtlarga ko‘milgan, otajonimdan qolgan, oyog‘ingni bemalol uzatadigan mehmondo‘st hovlim. Birodar, qishloqdan shaharga kelib bir xonalik uyda yashaganmisiz? Mabodo ko‘chib kelmoqchi bo‘lsangiz, bizga zudlik bilan uchrashing, tajriba almashamiz.

Po‘lat Hamdam
"Ma'rifat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.