OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asror Allayorov. Shunday bo‘lishi kerak (hikoya)

“To‘qqiz, sakkiz, yetti, olti, besh, to‘rt, uch, ikki. Yo‘q. Avval o‘ylab ko‘rish kerak” 
Buxoro amirlari barpo etgan tarixiy Sitorai Mohi Xossa saroyidagi o‘rindiqlardan birida o‘tirgan yigit ko‘zlarini yonidagi sevgilisiga tikdi. Sevinchdan yal-yal yonayotgan nigohlar unga anchadan buyon tikilib turardi. Qizning yuzidagi baxtiyor kulgu yigitning yuragini yondirib yuborayozdi. 
– Yaxshilab o‘ylab olish kerak, – xayol surardi yigit. – Buning uchun hammasiga tayyor bo‘lish lozim. Hatto gunoh qilishga ham. Hayotni oldindan tasavvur qilib bo‘lmaydi. Buni faqat o‘sha hayot boshlangach, his etish mumkin. Ehtimol o‘zim kutmagan xiyonatga duch kelarman. Yoki meni butunlay mahv etishadi. Meni o‘z izmiga bo‘ysundirib olishadi. Yo‘q. Hech qachon bunday bo‘lmaydi.” 
Yigit deyarli ikki yarim soatdan buyon bir qarorga kelolmas, butun dunyo ana shu ikkilanishning qarshisida tiz cho‘kib turardi go‘yo. 
Yigit o‘rnidan turib ketdi. U o‘zini chalg‘itish maqsadida bir vaqtlar bu yerda mavjud bo‘lgan jannatmonand bog‘dan qolgan yagona jonzotlar – tovuslarning yoniga bordi. Qiz ham yigitning ortidan yurdi. Ular bu go‘zal mavjudotlarga don berishdi. 
So‘ngra Italiya elchisi tomonidan Buxoro amiriga sovg‘a qilingan Venetsiya ko‘zgularini tomosha qilishdi. Qiz ulardan biriga bir yarim daqiqa kiprik qoqmay tikilib turdi. 
– Qara, men yana bir necha yilga yoshardim, – dedi qiz ortida xayolchan unga tikilib turgan yigitga. –Ammo sen qaraganing bilan foydasi yo‘q. Bu sehrli qudrat faqat ayollar uchun. Shunday bo‘lsa-da yaqinroq kel. O‘zingni qirq tomonda ko‘rasan. So‘ngra orzu qil. 
Ular yana saroy hovlisidagi o‘rindiqlardan biriga borib o‘tirishdi. Yigit o‘yga cho‘mdi. 
“Keyin u meni butun umr tinch qo‘ymaydi. U menga shu qadar yaqinlashib oladiki, hatto Xudoni unutib qo‘yaman. Romanlarim yillab to‘xtab qoladi, qo‘lyozmalarim qaerdadir yo‘qolib ketadi, buning ustiga bedorlik, bu ishni qilmaslik kerak, – xayol surardi u. Ammo nachora. Agar hozir voz kechsam butun umr dunyoning eng sirli tilsimini bilmay o‘tib ketaman.” 
Nihoyat yigit kutilmagan jur’at bilan o‘ng yoniga burildi. Qiz anchadan buyon davom etayotgan bunday harakatlardan ajablanmay qo‘ygandi. U zavq bilan tovuslarga don sochayotgan frantsuz ayolini kuzatardi. Yigit qizning boshini qo‘llari bilan burib, o‘ziga qaratdi. Nimadir demoqchi edi, gapirolmadi. U cho‘ntagidan mahbubasiga atalgan uzukni olib uning barmog‘iga taqib qo‘ydi. Birozdan keyin qiz yigitning yuziga labini bosdi. Shundagina u adashmaganini his etdi. 
Frantsuz ayolining atrofini tovuslar qurshab olgandi. 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.