OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mehriniso Qurbonova. Muhabbat dorisi (hajviya)

Dorixonaga o‘ttiz yoshni qoralagan, barvasta, yuz-ko‘zlarida, ochiqrog‘i, butun avzoyida karaxtlik, uyqusizlik alomatlari yaqqol sezilib turgan bir yigit kirib keldi.
— Xo‘sh, xizmat? — dedi dori sotuvchi ayol.
— Iltimosimni rad etmang. Menga oyog‘imni tinchgina uzatib o‘lishim uchun biron dori bersangiz. Qiynalmasdan jon beray...
— Siz mabodo jinnixonadan qochmaganmisiz?
— Yo‘g‘-e, Xudo asrasin. Qaysi dorixonaga kirsam, shu savolni berishayapti.
— Iltimos, dorixonadan chiqing, — dedi ayol boshiga qattiq og‘riq kirganini his qilib. — So‘ng navbatdagi mijozga yuzlandi. — Mana, onaxon, sizga oshqozon dorisi. Kuniga uch mahal ichasiz. Qaytimini oling. Arzimaydi. Xayr! Chiqing, deyapman. Siz bilan valaqlashib o‘tirishga sira toqatim yo‘q. 
— Sizga hech qanday zararim tegmaydi. Olaman-u, ko‘zdan g‘oyib bo‘laman.
— Qaysi ahmoq sizga bizning dorixonada odam o‘ldiradigan zahri qotil bor, deb aytdi?
— Yo‘g‘-e, nimalar deyapsiz, singlim. Hech kim, hech qachon bunday demagan. Iltimos, quloq soling. Sizlarda qandaydir... hm, shunaqa dori topilmaydimi?.. Bir zamonlar tabiblarda bo‘lgan-ku, masalan, Zaynab Kumushbibining ovqatiga zahar qo‘shib ichirgan, deyishadi. Ichasan-da, darhol barcha zamzamalardan qutulasan...
— Essiz?!
— Ha?
— Qodiriyni o‘qigan odam hayotning arzimas tashvishlariga chidash bera olmay, o‘lim chorasini izlab yursa? Hah, essiz odam-a... Otaxon, mana, sizga bosh og‘rig‘i dorisi. Kuniga uch mahal ichasiz. Xayr!
— Xo‘p, men ketdim. Sizdan biron yorug‘lik chiqmas ekan. 
— Hoy, shoshmang, nahotki o‘lim dorisini topishingizdan yorug‘lik chiqsa? O‘limning boshqa chorasi yo‘qmi? O‘zini o‘ldiradigan odam hech qachon dori izlab, shahar kezmaydi. Sizga o‘lim yo‘q! O‘lim sizdan qochayapti! Siz o‘limga kerak bo‘lganingizda, allaqachon o‘zi kelib, olib ketar edi...
— Balosiz! Sizga ochig‘ini aytaqolay, ba’zan shunday bo‘lib qoladi, hech qaerga sig‘mayman. Hech kimsani ko‘rgim kelmaydi. Keyin... Mana shunday dorixonalarni izlab, dori axtaraman. Kimdir kuladi, kimdir achinadi, yana birovi ko‘nglimni ko‘taradi.
— Siz yengiltak, takasaltang odamsiz! 
— Rahmat!
— Siz qo‘rqoqsiz!
— Yashang, besh ketdim!
— Siz baxtsiz odamsiz!
— Kechirasiz...
— Chiqing bu yerdan! — dedi ayolning fig‘oni falakka ko‘tarilib. — Siz bilan valaqlashishdan boshqa ishim yo‘qmi? 
Yigit ayolga bir zum sassizgina termulib turdi-da, so‘ng eshikni qarsillatib yopib chiqib ketdi. Ayol mijozni xafa qilib qo‘ygani uchun o‘zidan ranjidi va joyiga o‘tirayotib, dorilar solingan quti ustida qora charm qoplangan erkaklar sumkasini ko‘rdi. Boyagi yigit unutib qoldirgan. Ha, ana o‘zi kelayapti! U, oynavand derazadan o‘ng-so‘liga qaramay, dorixona tomonga shoshib yelardi. Shu chog‘ ayolning xayoliga nogahon bir fikr keldi-yu, uni tavakkaliga amalga oshirish mumkinmi-yo‘qligi, haqida o‘yladi.
— Mana, sumkangiz, — dedi ayol. — Unutib qoldiribsiz. Kechirasiz-u, siz bir ayolni baxtli qilishga qodir, kelishgan erkaksiz. Lekin o‘lim dorisini axtarib yurganingiz sira aqlga to‘g‘ri kelmayapti. 
— Yo‘q, men uni baxtli qila olmadim, — dedi yigit afsus bilan bosh chayqab. — Xotinimni aytayapman. U bilan uch oy ham yashamadim. U: “Siz bilan umrimni o‘tkazsam, jinni bo‘lib qolaman”, — dedi. 
— Nega?
— Men afg‘on urushi qatnashchisiman. Urushda ko‘plab odamni o‘ldirishga to‘g‘ri keldi. Urush olib qolganida... yo‘q, u men bilan birga qaytdi. Vafodor xotindek har kuni bag‘rimga boshini qo‘yib yotadi, tushlarimga kiradi, kechalari uyqu yo‘q. Dori izlab, tunlari shahar kezaman. Bu dori hech qaerda yo‘q. O‘sha yoqlarda o‘lib ketganim yaxshi edi, lekin o‘lim ham mendan qochdi. Menga otilgan o‘qlar boshqalarga tegdi, menga qazilgan chohlarga o‘zgalar yiqildi. Sho‘rlik onam mening dog‘imda o‘ldi, otam to‘shakda kasal, suygan xotinim tashlab ketdi. Ketganida ham barcha aybni o‘z bo‘yniga olib ketdi. Ko‘r bo‘lib, cho‘loq bo‘lib qaytganimda ham chidab yashar edi. Lekin o‘lim dorisini izlab yurishimga sira toqat qilolmadi.
Ayol dorilar qo‘yilgan uzun ustolni aylanib o‘tdi va yigitga bir piyola choy uzatdi. Xayolidagi rejani amalga oshirish payti tobora yaqinlashayotgan edi.
— Men sizga yordam berishim mumkin, — dedi ayol xushmuomalalik bilan. — Bizda o‘lim dorisi sotilmay qo‘yilganiga ko‘p yillar bo‘ldi. Siz o‘lim dorisini izlab, behudaga vaqtingizni o‘tkazayapsiz, yaxshi yigit. Axir, bu yerga har kuni umrni uzaytiradigan, qomatni saqlaydigan, ajin tushirmaydigan, ozish, semirishga qarshi dorilarni so‘rab, o‘nlab odamlar kelishadi. Istasangiz, men sizga kamyob bir dori topib beraman. Bu dori hayotingizni butunlay o‘zgartirib yuboradi. Urush sizni tark etadi, otangiz tuzaladi, xotiningiz bag‘ringizga qaytadi va baxtli hayot kechira boshlaysiz.
— Rostdanmi? — yigitning ko‘zlariga uchqun indi. — Sizga ishonsam bo‘ladimi? Qanday dori ekan u?
— Bu — “muhabbat dorisi”, — dedi ayol ishonch bilan. — Siz meni birpas kutib turing, xo‘pmi?
Ayol shoshib ichkari xonaga kirdi. Dorilar hidi gupirib turgan xona o‘rtasida bosh changallab, bir zum serrayib turdi. Nima uchun shu ishni qilayotganiga sira aqli yetmas, birovni ko‘r-ko‘rona ishontirishga urinayotganidan o‘zi sarosimaga tushayotgan edi. Biroz o‘ziga kelgach, doridan bo‘shagan bo‘sh shishani olib, sovuq suvga to‘ldirdi. Bolalarning shirin hapdorisidan ikkitasini qog‘ozda yaxshilab ezib, shishaga soldi. “Uni faqat shu yo‘l bilan davolash mumkin, — dedi ayol ichida. — Ey Xudo o‘zing kechir, uning dardiga davo ber”, — deya tavallo qildi.
— Mana, sizga o‘sha dori, — dedi ayol yigitning yoniga qaytib. — Har kuni uyqudan oldin ichasiz.
— Men sizga qanday minnatdorchilik bildirsam ekan? — dedi yigit kalovlanib. — Bahosi necha so‘m?
— Uyqudan oldin dorini ichayotganingizda, hamma narsani unuting, — dedi ayol. — Ko‘z o‘ngingizda faqat suygan ayolingiz namoyon bo‘ladi. 
— Xo‘p, — dedi yigit. — Bahosini ayting.
— Urush qatnashchilariga tekinga beriladi, — dedi ayol qat’iyatlik bilan. — Esingizda bo‘lsin, faqat bir marta beriladi.
Yigit o‘jarlik qilib: “Bepul olmayman”, — deb turib oldi. Shundan so‘ng ayol og‘ziga kelgan arzimas bahoni aytishga majbur bo‘ldi. 
Bir haftadan so‘ng dorixona eshigi yonida “muhabbat dorisi”ni sotib olgan yigit paydo bo‘ldi. Qo‘lida chiroyli guldasta. Yigit hayajonini bosishga urinib, ichkariga kirdi va peshtaxta ortida unga “muhabbat dorisi”ni taqdim etgan lobar ayol o‘rnida yuzlarini ajin qoplagan, sochlari oqarib ketgan keksa xotinga ko‘zi tushdi. Ayol boshini egib, nimadir tikibmi, o‘qibmi o‘tirgancha, loaqal yigitga razm ham solmadi. 
— Kechirasiz, onaxon, bir hafta ilgari kelganimda, bir yosh ayol bor edi. U — bugun kelmadimi?
— Yo‘q, — dedi ayol bosh ko‘tarmay. — U endi kelmaydi. 
— Bo‘shab ketdimi? — dedi yigit astoydil kuyunib. — Manzilini bilmaysizmi?
— Yo‘q! — dedi ayol yana bosh ko‘tarmay.
— Agar u kelsa, iltimos, manovi guldastani unga bering. Bir hafta mobaynida “muhabbat dorisi”ni ichib bo‘lgandan so‘ng... xotinimni emas, faqat uni o‘yladim. Unga ayting, o‘zimni juda yaxshi his qilayapman. Unga... uni yaxshi ko‘rishimni va izlayotganimni ayting. Aytasizmi? 
— Aytaman, — dedi ayol titroq ovozda. — Albatta aytaman!..

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.