OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Do‘stbek Sulaymonov. Salom qani? (hajviya)

— Hoy bola, to‘xta-chi, menga nega salom bermading?
— Ie, amaki, nega salom berishim kerak ekan? Biron narsa qilib berasizmi yo biron narsa olib berasizmi?
— Uyqusirayapsanmi, hov bola, men bir nima beraman deb o‘lib turganim yo‘q. Saloming qani deb so‘rayapman? Salomingni pishirib yeganmisan?
— Salom ber deysizmi?! Katta bo‘lsangiz o‘zingizga, xo‘pmi? Boshimni qotirmang.
— Avval salom, keyin kalom degan gapni eshitmaganmisan? Yo muallimlaring "O‘zingdan kattani ko‘rsang salom ber" deb o‘rgatishmaganmi?
— Nasihatingizni borib o‘g‘illaringizga ayting, xo‘pmi?
— Hoy bola, o‘pkangni bos, buncha talashasan? Nechanchi sinfda o‘qiysan?
— O‘pkamni bosamanmi, yo‘qmi, salom bermayman. Oltinchi sinfda o‘qiyman.
— Sababini ayt-chi, odamni toza xit qilding-ku?
— Amaki, hali ko‘p narsani bilmas ekansiz. Salom duch kelgan odamga berilavermaydi.
— Unda kimga beriladi? Katta xolanggami? Bunday ochiqroq ayt-da, saqichga o‘xshab cho‘zavermay?
— Endi, amaki, gapni dangalini aytadigan bo‘lsam, men sizga salom bermayman, bundan keyin yo‘lda tag‘in to‘xtatib boshimni qotirmang.
— Xo‘p, gapni ko‘paytirma, biron kishiga salom berasanmi o‘zi? Yoki suruvdan qolib ketgan takaday zipillab o‘taverasanmi u yoqdan-bu yoqqa?
— Men kimga salom berishimni aytishim shunchalik sizga kerakmi? Unda eshiting: qornim ochib oshxonaga kirsam oshpazga, pulim tugab kassaga borsam kassirga, uyga borsam dadam bilan oyimga salom beraman. Oshpaz ovqat, kassir pul beradi. Dadam bilan oyimning-ku topgani meniki. Siz nuqul salom-salom deb boshni qotirasiz?
— Bo‘ldi-bo‘ldi, tushundim, ko‘p gapirma, o‘zi kimning o‘g‘lisan?
— U yoqdan ko‘rinib turgan magazinning orqa tarafida turadigan Bozorboy akaning o‘g‘liman. Otim Savdobek.
— Savdobek, qiziq bo‘ldi-yu, shunaqa ism ham bo‘larkanmi, yo hazillashyapsanmi?
— Dadam bilan oyim men tug‘ilmasdan oldin ham magazinda ishlashgan ekan. Men tug‘ilganda savdoimiz yurishib ketsin deb shu ismimni qo‘yishgan ekan.
— Hm, Savdobek uka, shunday de?
— Shunday, siz ham magazinda ishlaysizmi?
— Yo‘q, bor-yo‘g‘i bir bekorchiman. Demak, senga pul bersa salom berasan, shundaymi?
— Tushungan odamning sadag‘asi ketsang arziydi.
— Mening bir salom eshitgim keldi, mana tanishib oldik. Endi salom berasanmi?
— Pul berasizmi, amaki, tekinga hatto mushuklar oftobga chiqmayapti hozir.
— Ana shu savildan yo‘q edi-da.
—Unda salomni katta amakingizning nevarasidan eshiting.
— Mening qo‘ylarim bor. Agar ular qo‘zilasa senga bitta qo‘zi beraman.
— Qachon? Hozirmi?
— Qo‘ylarim qo‘zilasa deyapman-ku!
— Nasiyani o‘g‘riga chiqargan.
— Hoy bola, to‘xta qarzga bo‘lsayam salom berib ket.
— Dadam qarzga hech narsa berma degan.
— Xo‘p, mayli, xayr.
—Qiziq odam ekansiz-ku, salomni ololmadingiz-ku, xayrni qanday olasiz?

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.