OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yoshin Hakimov. Xotinning zo’ri (hajviya)

Rajab aka uylanguniga qadar bo‘lajak jufti haloli Sharifaga atab bir necha she’r yozgan ekan. Qarasa, binoyidek qo‘li kelishyapti. Kel, yaxshisi shoir bo‘laman, deb Sharifaxonning ilkiga o‘tgandan so‘ng ham mashqni avjiga chiqaribdi.
Ammo yozganlari ancha-muncha ko‘payib, bir qalin daftar yarimlab qolgach, maqtov eshitgisi kelib xotiniga ko‘rsatdi-yu... baloga qoldi. Axir zahmatli kechalarda bitilgan misralardagi "xipcha bel", "shahlo ko‘z", "qirq kokil" kabi sifatlarning birortasi ham xotinida yo‘q edi-da!
— Ha, ko‘nglingiz shunaqasini tusab qoldimi? Kimga atab yozdingiz? — deya hurpaydi yanga.
Shoir u dedi bo‘lmadi, bu dedi, ko‘nmadi. "E, bor-e!" deb akamiz shoirlikdan voz kechdi.
Ammo ancha-muncha gapni qofiyalashtirib gapiradigan Rajab aka qishloq to‘ylarida davrakashlik qilib yurardi. Bir gal mahalladagi to‘yda raqqosa sha’niga tantanali maqtovlar aytib, davrani qizdirib,o‘yinchining o‘yinga tushishini madh etayotgan edi, yanga shartta kelib qo‘lidan mikrofonni tortib oldi.
— Namuncha unga qarab suzilmasangiz? Erkaklarga so‘z berganda qiyshanglamaysiz-ku! Qani, oldimga tushing.
Musiqa jaranglab turgan bo‘lsa-da, qo‘lidagi ovoz kuchaytirgich Sharifaxonning eriga aytgan bu "olqishlari"ni hammaga oshkor qildi. Bo‘ldi kulgu, bo‘ldi tomosha!
Rajab aka esa shu-shu — davra boshqarishdan ham mahrum. Boz ustiga avvallari ozoda kiyinib, soch-soqolini tartibga keltirib yuradigan Rajabboy uylanib, bu baxtdan ham bebahra qoldi. Bir-ikki marta o‘ziga oro berayotganini ko‘rgan xotini, "Ha, kimga yoqish uchun bu harakat?"— deya zahrini sochdi.
— Senga xotin.
— Bo‘lmagan gap. Dod, bir gapingiz bor sizning.
— E, o‘chir-e! Mana, sochimni taramadim, bo‘ldimi?
Rajabboy jahl bilan chiqib ketib, qiziq ustida sochini qirdirib tashladi. Jangari xotinning jag‘i shundayam tinmadi. Nima emish, eri qizlar ko‘p joyda ishlarmish. Noiloj qolgan Rajab aka tuppa-tuzuk ishidan bo‘shab, faqat erkaklar ishlaydigan joyga o‘tdi. U dargohning nomi "garaj" ekan. Mashinalarni tuzatarmish!
Shu tariqa shoirlikni havas qilib, kam bo‘lmagan Rajabboy aka endi alamli she’rlar aytadi. Ammo yozishga qo‘rqadi. Mabodo, bu ishidan ajralib qolsa, holi nima kechadi?

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.